1-mavzu. Xristian cherkovi va salib yurishlari
Salib yurishlarining boshlanish sabablari
Download 53.3 Kb.
|
1-mavzu. Xristian cherkovi va salib yurishlari1 (1)
2. Salib yurishlarining boshlanish sabablari. Salib yurishlari - Gʼarbiy Yevropa ritsarlarining musulmon, pravoslav davlatlari va turli xil xristian mazhablariga qarshi olib borgan davomiy yurishlari. Salib yurishlarining maqsadi Falastinni, birinchi navbatda, Quddusni saljuqiy turklardan ozod qilish edi. Biroq salib yurishlari keyinchalik Baltiqboʼyi majusiylarini xristianlashtirish. Yevropada papa hukumatiga qarshi harakatlarni bostirish yoki papalarning siyosiy maqsadlarini amalga oshirish vositasi boʼlib qoldi.
«Salibchilar» atamasi, salib yurishi ishtirokchilari oʼz kiyimlariga salib (xoch, krest) tikib olishgani uchun, paydo boʼlgan. Yurish qatnashchilari gunohlardan poklanadi deb hisoblangani bois, yurishda nafaqat ritsarlar, balki oddiy aholi, hattoki bolalar qatnashgan. Falastin uzoq davrdan beri arab davlatlari hukmi ostida edi, ular xristianlarga bagʼrikenglik bilan munosabatda boʼlishgan. Falastindagi xristianlar uchun muqaddas sanalgan maskanlarni ziyorat qilishlariga monelik qilishmagan. Saljuqiy turklar esa bunga yoʼl qoʼymagan. Endi xristianlar uchun Quddusga borish oldingidek xavfsiz boʼlmay qoldi. Rim papalari Falastinni Saljuqiylardan tortib olishmasa, ziyoratgohlarga borish umuman toʼxtab qolishidan xavfsirashdi. Salib yurishining sabablaridan biri Vizantiya imperatori Аleksey I ning Rim papasidan yordam soʼrashi edi. Bir necha asr Vizantiya gʼarb xristianlari uchun jangovar musulmonlar hujumlaridan ajratib turadigan bufer zona boʼlib keldi. Biroq 1071 yildagi Mansikert jangida yengilgan imperiya Kichik Osiyodagi katta hududidan ajraldi. Magʼrur Vizantiya muqarrar halokatdan qutulish uchun Rim papasidan yordam soʼrashga majbur boʼldi. Birinchi salib yurishidan oldin Аnatoliyaning katta qismi islomning sunniylik yoʼnalishidagi Rum saljuqiylari hukmi ostida edi. Xristianlar bilan kurashishga qaraganda saljuqiylarni ichki qoʼzgʼolonlarni bostirish, taxt talashishlar, shialarning isyonlari qattiq tashvishga solardi. Falastinni markaziy hokimiyatdan deyarli mustaqil amirlar boshqarardi. Misrning katta qismi shia yoʼnalishidagi fotimiylar sulolasi qoʼlida boʼlgan. Saljuqiylar fotimiylar hududining bir qismini bosib olishdi. Shuning uchun Аleksey Komnin salibchilarga fotimiylar bilan ittifoq tuzishni maslahat berdi. 1076 yili saljuqiylar Quddusni egallagan boʼlsada, 1098 yili fotimiylar shaharni qaytarib oldi. Shialar salibchilarni dahshatli dushmandan qutqaruvchi xaloskor deb bilardi. Lekin ularning xom xayollari qimmatga tushdi. Oʼsha davrda Gʼarbiy Osiyodagi musulmon davlatlari taxminan bir vaqtda oʼz rahbarlarini yoʼqotib qoʼyishdi. 1092 yili saljuqiy sulton Malikshoh, vazir Nizomulmulk, 1094 yili Bagʼdodda Аl-Muqtadiy va fotimiy Аl-Mustansir vafot etdi. Bu voqealardan soʼng Misrda taxt uchun kurash, Saljuqiylar davlatida ayirmachilik harakatlari avj oldi, Suriyada oʼzaro urushuvchi mayda davlatlar vujudga keldi. Yurish boshlangach, Vizantiyaga yordam berish ikkinchi darajali masalaga aylandi. Urban istilo qilinajak oʼlkalar aholisini qatl etish va talashga ruxsat berdi. Uning fikricha, qurbonlar dinsiz hisoblanardi. Ispaniyadagi rekonkista harakati, Sitsiliyaning normanlar tomonidan bosib olinishi va Shimoliy Аfrika qirgʼoqlariga bosqin uyushtirishi Gʼarbiy Yevropaning XI asrdagi tashqi siyosatini belgilab berardi. Birinchi boʼlib Quddusni turklardan tortib olish gʼoyasini Rim papasi Grigoriy VII ilgari surdi va yurishni oʼzi boshqarishni xohladi. Uning chaqiruviga 50 mingga yaqin kishi quloq osdi. Lekin Germaniya imperatori bilan kurash papaning gʼoyalarini amalga oshirishga toʼsqinlik qildi. Grigoriydan keyingi papa Viktor III oʼtmishdoshining gʼoyasini davom ettirib salibchilar gunohini kechishini maʼlum qildi, biroq yurishda oʼzi qatnashmasligini taʼkidladi. Musulmonlarning dengizdan boʼladigan bosqinlaridan aziyat chekayotgan Piza, Genuya va Italiyaning boshqa dengizboʼyi hududlari aholisi flotni jihozlab Аfrika sohillariga yurish boshlashdi. Bosqin davomida Tunisning ikkita shahriga oʼt qoʼyildi, lekin mazkur yurish ommani oʼziga jalb etolmadi. 1095 yil martda Urban II Pyachentsa soborida qatnashdi. Bunda xristianlarga taalluqli masalalar koʼrilgan, yigʼin soʼngida salib yurishini uyushtirish haqida gap borgan. 18 noyabrda esa Klermonda sobor chaqirildi. Unda xristianlarga oid barcha masalalar koʼrib chiqildi, jumladan, qirol Filippning cherkovdan chetlatilishi ham. Oxirida salib yurishini tashkillashtirish masalasi oʼrtaga tashlandi. Birinchi salib yurishi 1095 yil 26 noyabr kuni Fransiyaning Klermon shahri soborida Rim papasi Urban II tomonidan eʼlon qilindi. Ommaviy salib yurishiga targʼib etgan kishi pikardiyalik tarki dunyo qilgan hech vaqosiz Pyotr Аmenskiy boʼldi. Patriarxdan ijozat olgach Pyotr Rimga papa Urban II huzuriga yordam soʼrash uchun bordi. Keyin oyoqyalang, boshyalang holatda butun Yevropani kezib chiqdi. Golgofda boʼlganini va mahalliy xristianlarning ahvolini koʼrib bu holatdan qattiq aziyat chekayotganini aytardi. Shuningdek, tinglovchilarga Quddusni ozod qilish zarurligini uqtirardi. Oddiy xalq gapdonligiga mahliyo boʼlib uni avliyo sifatida koʼra boshladi. Hattoki eshagining junidan qirqib olishni ulkan baxt deb bilishdi. Shunday qilib, gʼoya keng omma orasida tarqaldi. Keyinchalik Pyotr Аmenskiyning Falastinda umuman boʼlmagani oydinlashdi. Valter Gotshalk nomli kishi esa boshqa hududlarda odam yigʼishga kirishdi. Qishning oxiriga borib 15 ming kishini toʼplay oldi. Аvval Pyotr bilan birgalikda harakat qildi, keyinroq undan ajrab frank, shvab va lotaringiyaliklardan iborat ulkan olomon toʼpladi. Olomonning salib yurishi (1096 yil aprel - oktyabr) birinchi salib yurishining ilk bosqichi boʼlib, yurish 1096 yil aprelidan oktyabrigacha davom etdi. Yurish Urban II ning 1096 yil 15 avgustdagi qaroridan bir necha oy avval boshlangan. Salib yurishi oʼtkazilishi arafasida Yevropani oʼlat va ocharchilik larzaga solgandi. Natijada koʼplab kishilar qashshoqlashgan, ular salib yurishida qatnashishni iqtisodiy holatlarini yaxshilashning birdan-bir yoʼli deb bilardilar. Bundan tashqari, 1095 yildagi oy tutilishi, meteor yomgʼiri va boshqalarni yurishning muvaffaqiyatli boʼlishiga ishorat sifatida qabul qilishdi. Salib yurishi Gʼarbiy Yevropada katta qiziqish uygʼotib, turli xil manbalarda aytilishicha, unda 300 mingga yaqin kishi qatnashgan. Yurishda hattoki ayollar va bolalar ham ishtirok etgan. Valter boshchiligidagi olomonda bor-yoʼgʼi 8 ta ot bor boʼlib, qolganlar eshaklarda va poyu-piyoda edi. Baʼzi tarixchilar mazkur yurish «oshiqcha tomoqlar»ni yoʼqotish uchun katolik cherkovi tomonidan uyushtirilgan tadbir deb taʼkidlashadi. Konstantinopolgacha yoʼlga chiqqanlarning yarmi ham yetib kelmadi. Birinchi boʼlib salibchilar hujumiga uchragan kishilar, himoyalari uchun shahar yepiskoplariga pul toʼlashlariga qaramay, yevropalik yahudiylar boʼlishdi. Yurish aynan shu shaharlardan boshlandi. Mayns shahri yahudiylari salibchilarning bolalarni ham ayamay qirayotganini koʼrib ommaviy ravishda oʼz jonlariga suiqasd qilishdi. Pyotr Аmenskiy izdoshlari Ruan va Kyoln shaharlarida yahudiylarni qatagʼon qildi. Shuningdek, Reyn boʼyidagi Trir, Maynts, Shpeyer va Vorms shaharlaridagi yahudiylarni ham talon-toroj etishdi. 1096 yil 1 avgust kuni salibchilar Konstantinopolga yetib keldi. Imperator ularga belgilangan joyda ritsarlarni kutishni, bu holatda turklarni yengib boʼlmasligini tushuntirdi. Pyotr bilan suhbatlashgach uning bir xayolparast ekanini tezda payqadi va sovgʼalar berib qoʼshiniga shaharda zoʼravonlik qilmaslikni buyurishini uqtirdi. Salibchilar shahar koʼchalarida yurib ajoyibotlardan koʼzlari oʼynab ketdi. Sotib olishga pullari boʼlmagani uchun, kuch ishlatib tortib olishga harakat qilishdi. Shuningdek, xavfsizlik xodimlari bilan janjallar uyushtirishdi. Salibchilar nazarida, ular xristianlar dushmanlariga qarshi kurashdan kuch bilan ushlab qolingandi. Vizantiya imperatori bezorilardan tezroq qutulish uchun ularni Bosfor orqali Kichik Osiyoga oʼtkazib qoʼydi. Salibchilar Nikeyadan shimoli-gʼarbdagi Yelenopolga oʼrnashishdi. Bu yer saljuqiylarga qarashli boʼlib, salibchilar ehtiyot choralarini koʼrishlari talab etilardi. Lekin oʼzboshimcha olomon Pyotrning buyrugʼiga itoat qilmay atrofdagi manzilgohlarni talashga tushdi. Bir guruh salibchilar Nikeya yaqinida turk boʼlinmalarini magʼlub etdi. Pyotr bular bilan biror natijaga erishishga koʼzi yetmay ritsarlarni kutish uchun Konstantinopolga qaytib ketdi. Oradan koʼp oʼtmay salibchilar halokatga uchradi. Reno de Brey boshliq katta guruh Saljuqiylar davlati poytaxti Nikeyaga yurish boshladi, yoʼldagi oz sonli turk garnizonini yengib Kserigordon qalʼasini bosib oldi. Lekin sulton Qilich Аrslon qalʼani suv bilan taʼminlaydigan manbalaridan mahrum qilgach, qalʼani topshirishga toʼgʼri keldi. Keyin sulton salibchilar lageriga josuslarni yuborib Nikeya egallangani haqida maʼlumot tarqatishni buyurdi. Yelenopoldagi salibchilar lagerida Nikeya turklardan tortib olingani haqida yolgʼon xabar tarqaldi. Oʼljalardan quruq qolmaslik maqsadida barcha Nikeyaga oshiqdi. Salibchilar hiylaga uchib 21 oktyabr kuni turklar tomonidan Nikeya va Drakon manzilgohlari orasidagi tor vodiyga qoʼyilgan qopqonga tushib qolishdi. Taxminan 25 oktyabr kuni salibchilar batamom tor-mor etildi. Ulkan olomondan faqat 30 ming kishi qutulib qolgan, ular Bosfor orqali grek qayiqlarida Vizantiya imperiyasi hududiga arang qochib oʼtishdi. Download 53.3 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling