1. "Men" himoyalangan, xavfsiz, sog‘lom, omadli
Maktabga tayyorlash metodikasi
Download 57.79 Kb.
|
1. Men himoyalangan, xavfsiz, sog‘lom, omadli
Maktabga tayyorlash metodikasi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 30-sentabrdagi farmonida uzluksiz ta’lim tizimining muhim bo‘g‘ini bo‘lgan maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, samarali davlat boshqaruvi tizimini yaratish, maktabgacha ta’lim muassasalari davlat va nodavlat tarmog‘ini kengaytirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash belgilab berilgan. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-iyuldagi 528-son qarori asosida “Davlat maktabgacha ta’lim muassasasi to‘g‘risida” nizom tasdiqlangan. Ushbu nizomda maktabgacha ta’lim muassasasining quyidagi vazifalari keltirilgan: – bolalarning hayotini muhofaza qilish va sog‘lig‘ini mustahkamlash; – bolalarda xalqimizning yuksak ma’naviyati va insonparvarlik an’analariga sadoqat tuyg‘ularini shakllantirish; – bolaning rivojlanishidagi (nutqi, ko‘rishi, eshitishida) yengil nuqsonlarni korreksiyalashni amalga oshirish; – ta’lim-tarbiya jarayoniga zamonaviy ta’lim dasturlari va texnologiyalarini joriy etish; – bolaning shaxsi va boshqa jihatlarini rivojlantirgan holda uni boshlang‘ich ta’limni olish va ta’limning keyingi bosqichiga tayyorlash. Shuni yoddan chiqarmaslik kerakki, maktabgacha yoshdagi bolaning qiziquvchanligi yuqori darajada bo‘lgani bilan uning tabiiy imkoniyatlari ma’lum darajada chegaralangan. Umuman, bilim berish va olish bolaning imkoniyatlari hamda qobiliyatiga mos kelishi kerak. Shu sababli ham bolani maktabga tayyorlashda ma’lum me’yor va cheklashlarni hisobga olish lozim. Maktabga tayyorlashda uning ko‘proq harakat qilishiga, beriladigan bilimlar sodda, o‘yin orqali amalga oshirilishiga e’tibor qilish maqsadga muvofiq. Agar u uzoq vaqt o‘tirib yozish, chizish bilan mashg‘ul bo‘lsa, bu holat ijobiy natija bermasligi mumkin. Shuning uchun ham bolaning rivojlanish funksiyalariga bu kabi salbiy ta’sirlar unda tez charchash, zerikish holatlarini keltirib chiqaradi. Bunday holatlarda mashg’ulotlarni turli o’yinlar orqali olib borgan ma’qul. Chunki o‘yin bolaning diqqat-e’tiborini o‘ziga tortuvchi eng ta’sirchan vositadir. Ayniqsa, mashg‘ulotlar turli xildagi erkin harakatlar, rasm chizish, musiqaga mos harakatli, konstruktorlik o‘yinlari, kichik mehnat turlarni bajarish kabilardan iborat bo‘lsa, maqsadga muvofiqdir. Mashg‘ulotlarning turlari ularning xohish-istaklariga mos kelishi, yangi bilimlarni olishi, ko‘nikmalar hosil qilish bilan birga, ularning sezgirligi, fikrlash qobiliyatlarini oshirish hamda tasavvur etish holatlarini mustahkamlashga xizmat qilsa, ta’limning keyingi bosqichiga o‘tganda, o‘qish bola uchun quvonchga aylanadi. Maktab ta’limiga tayyorlashda uning o‘yin faoliyatini mazmunli, maqsadli tarzda o‘tkazish hal qiluvchi o‘rinni egallaydi. Didaktik o‘yinlarni qonun-qoidalar asosida tashkil etish bolaning bilim olishi, tarbiyalanishi va umumiy rivojlanishida muhim jarayondir. Bunda pedagog o‘yinni tartib-qoidalar asosida bajarish, tengdoshlari harakatlarini nazorat etish, natijalarni baholay olishda muhim rol o‘ynaydi. 5–6 yoshli bolani maktabga tayyorlashda pedagoglar quyidagi vazifalarni bilishi va tizimli amalga oshirishi lozim: – bolalar o‘yin faoliyatining qonun-qoidalarini o‘zlashtirib olishi; – bolaning salomatligi va jismoniy rivojlanishi talab darajasida bo‘lishi; – bolada nutq o‘stirish, muloqotga kirisha olishini rivojlantirish; – bolaning o‘z fikrini erkin ifoda eta olishi, fazoviy tasavvur tushunchasiga ega bo‘lishi; – nafosat tarbiyasi, musiqa, ashula, she’riyat, ertak, rivoyatlardan namunalar aytish va unga qiziqish uyg‘otish; – kichik monologlar, dialog, fikr almashuv, tez kirishuvchanlikni rivojlantirish; – bolalar ongida elementar matematik savodxonlikni shakllantirish; – jonli-jonsiz tabiatga mehr, mehnat qilish tushunchasi, o‘simlik, hayvonot olamini asrab-avaylash, atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatni (ekologik madaniyatini) tarbiyalash; – boshlang‘ich sanitariya, shaxsiy gigiyena, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, o‘z salomatligini saqlay olishga o‘rgatish; – kichkintoy qalbiga milliy urf-odat, qadriyat, an’ana, bayram va tarixiy obidalarga hurmat bilan qarashni singdirish; – davlat ramzlari haqidagi boshlang‘ich tushunchalarga ega bo‘lishiga sharoit yaratib, tarbiyalash. Quyida yuqoridagilarni uzluksiz tizimli amalga oshirishda 5–6 yoshli bolalarning kichik soha rivojlanishlariga oid tavsiyalar beramiz. Kichik soha: elementar matematik ko‘nikmalar va bilimlar Talab – Bola miqdor, sonlar va sanash, geometrik shakllar to‘g‘risida o‘z bilimlarini namoyish etadi. – Bola fazoda mo‘ljal olish va vaqt bo‘yicha ilk tushunchalarga ega. Indikator – “Ko‘p” va “bitta” buyumlarni ajratadi, “ko‘p”, “kam”, “teng”, “shuncha” so‘zlarining ma’nosini tushunadi. – Tevarak-atrofdan bitta va ko‘p o‘xshash buyumlarni topa oladi. – Buyumlar o‘lchamini aytadi, “katta”, “kichik” so‘zlarining ma’nosini tushunadi. Barcha qizil, katta, kichik, yumaloq va boshqa buyumlarni ajratishni biladi. – Doira, kvadrat, uchburchak, to‘g‘ri to‘rtburchak, oval shakllarini bir-biridan farqlaydi. – Shar, kub, silindrlarning nomini ayta oladi va ularni farqlaydi. – 5 gacha sanaydi va 5 tagacha bo‘lgan ikki guruhdagi buyumlar sonini taqqoslaydi. – Buyumlarning baland-past, uzun-qisqa, qalin-yupqaligiga ko‘ra farqlaydi. – U yoki bu buyumning o‘ziga nisbatan joylashuvini so‘z bilan ifodalay oladi, “yaqin-uzoq”, “orqa-oldin”, “tepa-past”, “chap-o‘ng” so‘zlarini tushunadi. – Sutka qismlari (kun, tun, ertalab, kunduzi, kechqurun)ni farqlaydi. Kecha, bugun, ertaga, tez, sekin kabi vaqtni ifodalovchi so‘zlarni tushunadi, nutqda qo‘llaydi. – “Lego” turidagi bo‘laklardan sodda model yig‘adi va 5–8 ta qismdan pazllar yasaydi. – Qog‘ozdan buklash yo‘li (origami) orqali sodda shakllarni yasaydi; Ta’limiy yondashuv – Muloqot, o‘ynash vaqtida bolani sonlardan foydalanishga rag‘batlantiring. – Bola buyumlarning belgisi, o‘lchami, og‘irligi va boshqa xususiyatlari bo‘yicha saralaydigan o‘yinlarni tashkil eting. – Bolaning individual xususiyatlarini hisobga oling. – Bir buyum o‘rniga boshqa buyumdan foydalanishni talab qiladigan o‘rgatuvchi mashg‘ulot, o‘yinlarni o‘tkazing. – Bolaga buyumlarni kuzatish, ularning joylashuvi, belgi, o‘lchamlariga e’tibor qaratishga imkon bering. – Bolani buyumlar to‘g‘risida “ko‘proq yoki kamroq” nuqtayi nazaridan hikoya qilib berishga rag‘batlantiring (Masalan, olmalar, qo‘g‘irchoqlar ko‘proqmi yoki kamroqmi, balandligi, bo‘yi kattaroqmi yoki kichikroqmi, masofa uzoqroqmi yoki qisqaroqmi). – Boladan buyumlarning o‘lchami, shakli va rangini solishtirish hamda ularning o‘rtasidagi tafovutlar to‘g‘risida aytib berishni iltimos qiling. – Bolaga oson topshiriqlar bering (pastga qara, poldagi o‘yinchoqlarni yig‘). – Bolaga ikki-uch harakatlardan iborat topshiriq bering (Masalan, “stolning oldiga bor”, “kitobni ol” va “kerakli sahifasini varaqlab och”). – Bolaga quyidagi savol bilan murojaat eting: “O‘ng tomoningda nima joylashgan?” Xavfsiz yashash va harakatlanish – Bolalarning individual xususiyatlari va bolalar egotsentrizmini e’tiborga oling. Kichik soha: atrof olamni o‘rganish va uni anglash Talab – Bola jonli va jonsiz olamni kuzatadi, ta’riflab beradi. – Bola odam tanasining qismlarini o‘rganadi. Indikator – 3–4 xil daraxt, o‘t va o‘simliklarning nomini biladi. – Yilning barcha fasllari va ularning o‘ziga xos xususiyatlari (yoz issiq, qish sovuq, qor yog‘adi) to‘g‘risida tasavvurga ega. – Ertalab, kunduzi, kechqurun, kechasi so‘zlarining ma’nosini hamda kattalar va bolalar sutkaning turli vaqtida qanday harakat qilishlarini tushunadi. – Oddiy tajribaga asoslanib, buyumlarni o‘rganadi (cho‘kadi-cho‘kmaydi, uziladi-uzilmaydi). – Uy va yovvoyi hayvonlar bolasining nomini ayta oladi. – Yirtqichlar va qushlarni ajratadi. – Jonli olamga ta’sir ko‘rsatadigan ko‘pgina omillarni aytib beradi (ozuqa, suv, nur). – Sayr qilib yurganda, topib olgan turli buyumlarni to‘playdi. – Jonsiz olamning xususiyatlarini ajratadi (tosh qattiq, qum sochiluvchan). – O‘z ko‘rinishini ta’riflab beradi. – Tana qismlari (tirsak, iyak, yelka kabi) qayerda joylashganini ko‘rsatadi. – Odam shaklini chizadi. – Material nomi (daraxt, qog‘oz, shisha, loy), xususiyatlari (mustahkam, qattiq, yumshoq)ni aytadi. – Yaxshi tanish bo‘lgan buyumlarni guruhlarga ajratadi (choy ichish, ovqatlanish idishlari va h.k.), turkumlashtiradi (sabzavotlar, mevalar, mebel). Ta’limiy yondashuv – Bolani uning atrofidagi muhitni o‘rganish, kuzatish, o‘z fikrini bildirish va savollarni berishga odatlantiring. – Bola bilan birgalikda jonli va jonsiz tabiat obyektlarini kuzating. – Bolani birgalikda uy-ro‘zg‘or ishlarini bajarishga jalb qiling. – Bolaga tabiiy materiallardan (qum, suv) foydalanib, o‘ynashga ruxsat bering. – Bolani bog‘da ishlash, turli ishlarda ishtirok etish, o‘simliklarni sug‘orish, yer yumshatish, hayvonlarni (boqish, sovuqdan himoyalash) parvarishlashga o‘rgating. – Bolani sayr qilish vaqtida yangi buyumlarni o‘rgatishga harakat qildiring. – Bolani tashqi ko‘rinish, ichki organlarni ta’riflab berishga (mening yuragim qayerda) rag‘batlantiring. – Bolaga ichki organlar qayerda joylashganini ko‘rsating va tushuntiring. – Bu to‘g‘risida turli oddiy matnlarni o‘qib, hikoya qilib bering. – Valeologiya bo‘yicha ko‘rgazmali materiallardan foydalaning. Xavfsiz yashash va harakatlanish – Muayyan muhit bola “ko‘z-qo‘l” makonida yashash imkoniyatini ta’minlashi lozim. – Bolalar barchasiga ega bo‘la olishi va ayni paytda ular uchun xavfsiz bo‘lishi lozim. – Bolalar o‘z tajribalarini faqat kattalar ishtirokida o‘tkazishi kerak. Barcha hayvonlar ham bir xilda yoqimli bo‘lmasligi, ularning ayrimlari hamla qilishi, tishlashi mumkinligini va shuning uchun ular bilan muomala qilishda ehtiyot bo‘lish kerakligini tushuntiring. Kichik soha: ijodiy (kreativlik) qobilyatlarni shakllantirish Talab – Bola turli tovushlar va ovozlarni ajrata oladi. – Bola musiqiy faoliyatga qiziqish bildiradi. – Bola ko‘rgazmali faoliyatda ishtirok etishga qiziqish bildiradi. Indikator – Turli xil transport vositalari (yuk mashinasi, mototsikl, vertolyot) ning ovozini ajratadi va aytib beradi. – Radio, TV va SD orqali sevimli musiqani bajonidil tinglaydi. – Tanish kuylarni tinglab, ashula xirgoyi qiladi. – Ayrim cholg‘ularni farqlaydi. – Tovushlarni tembri, balandligi va registriga ko‘ra farqlaydi. – Mustaqil ravishda televizor, kompyuter, magnitofonni yoqadi va o‘chiradi. – Rangli bo‘yoqlardan foydalanadi, ranglarni mustaqil ravishda aralashtiradi. – O‘yin paytida bola ayrim narsalarni tasavvur qiladi yoki ularni ta’riflab beradi. – Yangi o‘yinlarni yaratadi va hikoyalar o‘ylab topadi. Ta’limiy yondashuv – Bola transport vositalari ovozlariga taqlid qiladigan o‘yinlarni tashkil qiling. – Radio, televizor va kompakt-disk orqali uning sevimli kuy, qo‘shiqlarini tinglashiga imkon bering. – Bolani tanish ashulalarni aytishga undang. – Musiqali mashg‘ulotlar uchun muhit yarating va bolalar bilan birga ashula ayting. – Bola mustaqil ravishda qo’shiq ayta olishi mumkin bo‘lgan o‘yinlarni tashkil qiling. – Kuylarning mazmunini izohlab bering. – Bolani rang-barang bo‘yoqlar bilan ta’minlang va aralashtirishga yordam bering. – Bolani rolli o‘yinlarga jalb eting va tasavvurlarini rivojlantirishga yordam bering. – Boladan hikoyaning yangi yakunini o‘ylab topishni iltimos qiling. – Bola uchun u tajriba o‘tkazishi va taassurotlarini qo‘llashi mumkin bo‘lgan muhitni yarating. – Bolani oddiy muammolarni hal qilishda ijodiy qarorlarni qabul qilishga rag‘batlantiring. Xavfsiz yashash va harakatlanish Bola texnik vositalardan ehtiyotkorlik bilan foydalanishini kuzating va ehtiyotsizlik qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini tushuntiring. Biz yuqorida qayd etgan tavsiyalardan quyidagicha xulosa qilamiz: Birinchidan, ta’lim jarayonini tashkil qilishda differensial yondashuvni amalga oshirish; Ikkinchidan, bolaning o‘zlashtirish darajasiga ko‘ra korreksion yondashuv, tabaqalashtirilgan dastur asosida tayyorlash; Uchinchidan, intellekt jihatdan tabaqalashgan rejimli guruhlarni tashkil etish; To‘rtinchidan, maktabgacha ta’lim muasassasi logopedi, psixologi bilan korreksiyasini tashkil etish; Beshinchidan, bola ehtiyoji va qiziqishlari, tabiati, rivojlanishiga moslashish; Oltinchidan, bolalarning intellektual bilish faoliyatini diagnostika etish asosida ular rivojlanish dinamikasini o‘rganish orqali ta’limning keyingi bosqichi bo‘lgan boshlang‘ich ta’limga yo‘naltirish. Yuqorida ko‘rsatilgan qoidalarga amal qilib tarbiyalash bolalarni boshlang‘ich sinfga tayyorlaydi, natijada ta’limning uzluksizligi ta’minlanadi. Nigora MAMATQULOVA, Guliston DU huzuridagi XTXQTMOHM o’qituvchisi. Download 57.79 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling