Вопрос:
Tashqi migratsiyadagi vaziyat shahar joylardagi mehnat resurslarining miqdor va sifat jihatlariga o’z ta’sirini ko’rsatadi. Chunonchi, migratsiyada asosan katta yoshdagilar va malakali ishchi kadrlarning qatnashganlari sababli mehnat resurslaridan foydalanishda muvaqqat muammolar vujudga kelishi mumkin.
Aholining tabiiy va mexanik harakatidagi o’zgarishlar uning milliy, jins va yosh tarkibiga ham ta’sir ko’rsatadi. O’zbekiston ko’p millatli mamlakat, bu erda 130 dan ortiq millat va elat vakillari teng huquqli bo’lib yashaydilar. 1989 yil aholi ro’yxatiga muvofiq, o’zbeklar jami aholining 71,4 foizini tashkil etadi. 90yillarda bir vaqtlar ko’chib kelgan boshqa millat vakillarining reemigratsiya qilishi tufayli o’zbeklarning ulushi hozirgi kunda yanada ko’paygan.
O’zbekiston dunyodagi ko’p millatli respublikalardan biri. O’tgan yillar ma’lumotlari qiyoslab ko’rilganda, 1939 y.gi aholi ro’yxatida O’zbekistonda 97, 1959 y.gi ro’yxatda 113, 1979 y.gi ro’yxatda 120 dan ortiq millat va elat yashagan. 1989 y.gi aholi ro’yxatidan esa, O’zbekistonda 125 dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qilgan.
O’zbekistonning barcha hududlari ko’p millatli. Nisbatan sanoatlashgan viloyat va shaharlarda mahalliy xalqlardan tashqari boshqa millat vakillari ham ko’p (Toshkent, Navoiy viloyatlari, Toshkent, Chirchiq, Angren, Olmaliq, Zarafshon, Farg’ona va boshqa shaharlar). SHu bilan birga Xorazm viloyati aholisi asosan bir millatli–deyarli 95 foiz aholi o’zbeklardan iborat. O’zbeklarning hissasi Toshkent shahri va viloyati hamda Qoraqalpog’iston Respublikasida kamroq.
O’zbekistonda taxminan 450 ming qoraqalpoq millati mavjud. Ularning aksariyati (95 foiz) Qoraqalpog’iston Respublikasida joylashgan.
Respublikada qadimdan tojiklar ham juda ko’p (1 mln ga yaqinga). Ular asosan Samarqand, Namangan, Surxondaryo va
Farg’ona viloyatlarida joylashgan. Tojiklar shuningdek, qisman Toshkent, Buxoro, Qashqadaryo viloyatlarida ham yashaydi. Qozoqlar ko’proq Qoraqalpog’istonda, Navoiy va Toshkent viloyatlarida, qirg’izlar-Jizzax, Toshkent va Andijon viloyatlarida, turkmanlar–Surxondaryo va Qashqadaryo hamda Qoraqalpog’istonda joylashgan. Bulardan tashqari, Respublikamizda ukrain, tatar, koreyts, boshqird, arman, ozarbayjon va boshqa millat vakillari ham bor. Ularning ko’pchiligi shahar joylarga to’g’ri keladi.
Aholining jinsiy tarkibi tenglashib bormoqda. Masalan, 2018 yil ma’lumotlariga ko’ra, jami aholi tarkibida shaharliklar orasida ayollar ko’proq (50,7foiz), qishloqlarda esa jinslar o’rtasidagi farq deyarli sezilmaydi: erkaklar 49,9 va ayollar-50,1 foiz.
O’zbekistonda tug’ilish nisbatan yuqoriligi sababli aholi tarkibida yoshlar ulushi katta. Respublika aholisining taxminan 30 foizini 9 yoshgacha bo’lgan bolalar tashkil etadi. SHuning uchun davlatning ijtimoiy siyosatida sog’lom avlod tarbiyasiga, yoshlarga katta ahamiyat berilmoqda,
Respublikada mehnat resurslarining (yoki iqtisodiy faol aholining) soni ko’p, biroq ularning jami aholi tarkibidagi ulushi oz. Buning sababi tug’ilish va tabiiy ko’payishning yuqoriligidadir. Natijada «demografik yuk» yoki mehnatga layoqatli aholi bilan mehnatga layoqatsizlar nisbati o’ziga xos. Masalan, agar Baltika davlatlarida oilada 3 kishidan 2 kishi ishlasa, bizda, aksincha 6 kishidan 2 yoki 3 kishi ishlashi mumkin.
Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, 1.01.2019 yilda O’zbekistonda mehnatga layoqatlilar 18,8 mln. yoki jami aholining 56,1 foizini tashkil qiladi. SHundan 14,6 mln. kishi (77,6 foiz) iqtisodiy faol, 13,2 mln. ish bilan band, mamlakatimizda ishsizlik darajasi esa 9,3 foizga teng. Bu ko’rsatkich bo’yicha Qashqadaryo (9,7 %) va Farg’ona (9,7 %) viloyatlari eng ko’p, Toshkent shahri (7,9 %) esa eng past ekanligi bilan tavsiflanadi.
Bundan tashqari, bizning sharoitimizda «yashirin ishsizlar» bilan birga mavjud mehnat resurslaridan foydalanish holati iqtisodiy jihatdan yuqori emas (qishloq joylarda mehnat resurslari yil davomida ish bilan ta’minlanmagan).
Aholining bandlik darajasi nomoddiy sohalarda (ayniqsa sog’liqni saqlash, ta’lim, xizmat ko’rsatishda) tezroq ortib bormoqda. Moddiy tarmoqlar ichida bu jarayon qurilish va transportda ko’proq. Barcha band aholining 3/5 qismidan ko’prog’i nodavlat sektoriga to’g’ri keladi.
Qayd etilishicha, yoshlar va ayollar o’rtasidagi ishsizlik yuqoriligicha qolmoqda (mos ravishda 14,9 foiz va 12,5 foiz), ishga joylashishga muhtoj aholi soni 1,3 million kishini tashkil etgan. Ish bilan band aholi tarkibida norasmiy band kishilar ulushi (mehnat migratsiyasiz) yuqoriligicha qolib, 39,0 foizni tashkil etmoqda. Ish beruvchilar mehnat bozoriga chiqayotgan yoshlarning kasbiy malaka darajasi etarli emasligidan e’tiroz bildirmoqda.
2020 yilda 382 ming doimiy yangi ish o’rinlarini tashkil etish, mehnat organlari tomonidan 461 ming aholi bandligini ta’minlash, 605 ming o’zini o’zi mehnat daromadi olishga yo’naltirgan va yashirin ish o’rinlarida ishlayotgan shaxslarni rasmiylashtirish parametrlari rejalashtirilgan.
|