Вопрос:
Mintaqaviy iqtisodiyot va uning tarkibiy tuzilishini shaharlar to’ri va tizimi ham yaqqol ifodalab beradi. Aksariyat hollarda shaharlar sonining ko’pligi, yirik shahar va shahar aglomeratsiyalarining mavjudligi hudud ijtimoiyiqtisodiy salohiyatining yuqoriligini ko’rsatadi. 2019 yil 1 yanvar holatida, Respublikada 119 shahar va 1071 ta shaharcha mavjud bo’lib, ularning barchasida 17,1 million aholi yashaydi. SHaharlar soni bo’yicha Qoraqalpog’iston Respublikasi (12), Qashqadaryo (12) va Toshkent (16) viloyatlari ajralib turadi. Ayni vaqtda ularning to’ri Jizzax, Xorazm va Sirdaryo viloyatlarida yaxshi rivojlanmagan.
Milliy va mintaqaviy iqtisodiyotning asosan qishloq xo’jaligi hamda qayta ishlash sanoatiga ixtisoslashganligi sababli bu erda kichik shaharlar to’ri juda keng tarqalgan. Jumladan, Respublikada kichik shaharlar (aholisi 20 ming kishigacha) jami shahar manzilgohlarining deyarli 2/3 qismini tashkil qiladi. Ammo ularda mamlakat shahar aholisining atigi 15,1 foizi yashaydi, xolos. SHuningdek, «yarim o’rta» shaharlar ham son jihatidan ko’p, bevosita o’rta miqyosdagi shaharlar esa son jihatidan ancha oz; ularning soni 16, demografik salohiyati esa-10,6 foiz. Aynan ana shu bo’g’indagi shaharlar sonining kamligi Respublikada urbanizatsiya jarayonining mukammal shaklda rivojlanmaganligidan darak beradi.
O’zbekistonda hammasi bo’lib 17 ta katta shahar mavjud bo’lib, ularga jami shahar aholisining 57,8 foizi to’g’ri keladi. Aholi soniga ko’ra Toshkentdan keyingi o’rinlarda Namangan, Samarqand, Andijon, Buxoro, Nukus, Qarshi shaharlari turadi. SHuningdek, Chirchiq, Olmaliq, Angren, Qo’qon, Marg’ilon shaharlarining ham har birida 100 mingdan ziyod aholi bor. Ayni vaqtda Sirdaryo viloyatining ma’muriy markazi–Gulistonda atigi 60,5 ming kishi yashaydi.
Shu bilan birga yirik markazlar negizida shaharlar hududiy tizimining murakkab shakllari ham vujudga kelgan. CHunonchi, Toshkent, Samarqand, Farg’ona–Marg’ilon aglomeratsiyalari shular jumlasidandir.
Boy tarixga ega bo’lgan, ishlab chiqarishning an’anaviy, «osiyocha» yoki sharqona usuli qishloq xo’jaligining sug’orma dehqonchiligi va u bilan bog’liq shaharlar to’riga asoslanadi. Binobarin, sharq tarixi va sharq madaniyatini dehqonchilik hamda qishloq va shaharlarning ajralmas birligi, urbanizatsiyaning o’ziga xos yo’nalishisiz tasavvur qilib bo’lmaydi. SHu bois ham Respublikamiz iqtisodiyoti va demografik salohiyati ko’proq qishloq xo’jaligi va qishloq aholisidan tashkil topadi.
Respublikamizda 2019 yil 1 yanvar holatida 11015 ta qishloqlar mavjud. Qishloqlar soni bo’yicha Samarqand (1849), Buxoro (1469), Qaraqalpog’iston Respublikasi (1130) va Qashqadaryo (1041) viloyatlari etakchi. Sirdaryo (257) va Namangan (391) viloyatlari qishloqlari eng kam hududlar sanaladi. Respublikamizda o’rtacha har bir qishloqqa 1515 kishi to’g’ri keladi. Bu jihatdan Buxoro (8227,2), Andijon (3263,3), Namangan (2531) va Xorazm (2262,9) viloyatlari oldinda turadi. Aholisi kam qishloqlari mavjud viloyatlar Navoiy (870,4) va Samarqand (1311,2) viloyatlari ajralib turadi.
Yuqoridagilarga mos ravishda qishloq joylarda mehnat resurslari ham ko’p va hatto ular keragidan ham ortiqcha. Ish o’rinlarining etishmasligi, ishsizlik, mehnat bozorining faol emasligi aholisi zich joylashgan voha va vodiylarda ijtimoiy muammolarning kelib chiqishiga sabab bo’ladi. Aynan shuning uchun ham Respublikada qishloq xo’jaligidagi islohotlarni chuqurlashtirishga, qishloq sanoati va infrastrukturasini rivojlantirishga katta e’tibor berilmoqda. Ushbu dolzarb masala davlatning mintaqaviy siyosatida o’z echimini topmog’i lozim. O’zbekiston aholisi asosan tabiiy ko’payish natijasida oshib boradi. Bu omilning roli hamma vaqt ham yuqori bo’lgan. Eng so’nggi yillarda esa u aholi soni o’sishining birdan bir manbai bo’lib kelmoqda. Biroq, ta’kidlash joizki, 90yillarda aholining takror barpo bo’lish jarayonida jiddiy o’zgarishlar yuz berdi; endi Respublikamizni an’anaviy holatda tug’ilish yoki tabiiy ko’payish yuqori mamlakat sifatida ta’riflash uncha to’g’ri emas.
|