Chun nihon qildi turunji mehr raxshon tal'atin,
Oshkor etti falak bir tavqi g'abg'ab hay'atin
Qasidadagi nasib va gurizgoh muayyan syujet asosiga qurilgan. Unga ko'ra, shoir oydin oqshomlardan birida osmonga sayr qilib, u yerda yetti qavat falakda joylashgan sayyoralar - Oy, Utorud, Zuhra, Quyosh, Mirrix, Mushtariy, Zuhalni uchratadi. Ularning har biri shohning taxtga o'tirish marosimiga hozirlik ko'rayotgan edilar. Navoiy kotiblar homiysi Utorud huzuriga borganda, Utorud unga Husayn Boyqaro madhiga bag'ishlangan she'rini o'qib beradi. Uning matla'si quyidagicha edi:
Ey, sening qoshing qilib zohir yangi oy xijlatin,
V-ey, yuzung sharmanda aylab iydi akbar tal'atin.
Ushbu matla'ni eshitgan shoirning rashki kelib, o'zining ta'bi quvvatini ko'rsatib qo'yish maqsadida ushbu matla'ni o'qiydi:
K-ey qoshingning rashki aylab xam yangi oy qomatin,
Iydi ruxsoring qilib nobud bayram ziynatin.
Utorudni xijolatda qoldirgan shoir uyga kelib, shoh marosimiga tayyorgarlik ko'rayotgan va uni kutib o'tirgan yorini uchratadi. Yoriga o'zi va Utorud yozgan she'rlarning matla'sini o'qib beradi. SHe'riy musobaqadan chetda qolishni istamagan go'zal ham qo'liga qog'oz va qalam olib, quyidagi baytni yozadi:
Key, yuzung zohir qilib bayram sabohi safvatin,
Anda qoshing aylabon paydo yangi oy hay'atin.
SHoir har uchala baytni Husayn Boyqaro hukmiga havola qilganda, shoh ularni ma'qullaydi va o'zi ham ushbu matla'larga javob yozadi:
K-ey, hiloling mayli aylab toq ko'nglum toqatin,
Jon berib, yod aylagach iydi visoling jannatin.
Shu bilan nasib va gurizgoh tugab, qasidaning asosiy qismi - madh boshlanadi. Madhda Husayn Boyqaro "shohlarning shohi" deb ta'riflanib, Navoiy o'zi orzu qilgan surati shoh-u siyrati darvesh hukmdorni Husayn Boyqaro siymosida ko'rishni istaydi. Uning adolati, saxovati, tab'i nazmi, janglardagi shijoatini baland pardalarda tasvirlaydi; tashbih, istiora, talmih, mubolag'a san'atlari vositasida shoh timsolining betakror namunasini yaratadi. Qasidaning so'nggi to'rt bayti qasd (xotima)ni o'z ichiga olib, shoir Husayn Boyqaroga niyat bildiradi: unga saodatli va uzoq umr tilaydi, yangi oy va hayit bayrami uning ikki qulluq qiluvchisi bo'lishiga umid bildiradi. Qasida janrga xos aa-ba-da... tarzidagi qofiyalanish tizimiga ega, lekin ba'zi o'rinlar, xususan Utorud, shoir, ma'Shuqa va Husayn Boyqaro tilidan matla'lari keltirilgan baytlar aa shaklida qofiyalangan, bu jihat bevosita Navoiyning turkiy tildagi qasida janriga kiritgan yangiligidir.
"Hiloliya" qasidasi Salmon Sovajiyning yangi oy ta'rifida yozilgan qasidalari uslubida va Zahir Foryobiyning Shu nomdagi qasidasi ta'sirida yozilgan bo'lib, unda ramal bahrining ramali musammani mahzuf (afoyili va taqti'i: foilotun foilotun foilotun foilun, -V- -/-V- -/-,V- -/-V-) vazni qo'llanilgan. "Xazoyin ul-maoniy" da katta hajmli she'rlardan soqiynoma ham uchraydi. Ma'lumki, soqiynoma soqiy (may quyuvchi)ga murojaat tarzida yozilgan, masnaviy shaklida qofiyalanadigan katta hajmli she'r bo'lib, bir necha bandni o'z ichiga oladi. "Xazoyin ul-maoniy" kulliyotida bitta soqiynoma mavjud bo'lib, "Favoyid ul-kibar" devoni tarkibiga kiritilgan. Alisher Navoiy soqiynomasi turli hajmdagi 32 qism(band)dan iborat. Jami 458 baytni o'z ichiga oladi. Birinchi band hajman ancha katta (41 bayt) bo'lib, quyidagi bayt bilan boshlanadi:
Do'stlaringiz bilan baham: |