1. Odil sudlov. Huquq-tartibotni muhofaza qilish. Adliya / Adliya organlari. Notariat. Yuridik xizmat]


Download 0.56 Mb.
bet5/6
Sana17.02.2023
Hajmi0.56 Mb.
#1205175
1   2   3   4   5   6
Bog'liq
726 18.11.2020

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari




1-bosqich

Jismoniy yoki yuridik shaxs

1. Ishonchnomalarni tasdiqlash uchun notarial idoraga o‘zi kelib yoki elektron tizim (YIDXP yoki E-notarius.uz axborot portali) orqali murojaat qilish.

1. Xohishiga ko‘ra.

2. Mazkur Reglamentda keltirilgan tegishli hujjatlarni notariusga taqdim qilish.

2. Murojaat qilinganda.




2-bosqich

Notarius

1. Murojaat qiluvchini qabul qilish, uning shaxsini, muomala va huquq layoqatini aniqlash, taqdim etilgan hujjatlarni o‘rganib chiqish.

1. Murojaat qiluvchi notarial idoraga kelganda.

2. Ishonchnoma predmetiga nisbatan taqiq yoki xatlov mavjud emasligini aniqlash.

2. Avtomatik tarzda.




3-bosqich

Notarius

1. Ishonchnoma loyihasini tayyorlash va loyihani ishonchnoma beruvchiga o‘qib berish hamda ishonchnoma mazmunini tushuntirish.
2. Ishonchnoma va ishonchnoma beruvchi haqidagi ma’lumotlarni Tizimga kiritish.

Hujjatlar to‘liq o‘rganib chiqilganda 30 daqiqa ichida

5




4-bosqich

Jismoniy yoki yuridik shaxs

Notarial harakat uchun davlat boji, gerb yig‘imi hamda huquqiy va texnik tusdagi qo‘shimcha harakatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish

To‘lov amalga oshirilgan vaqtda




5-bosqich

Notarius

To‘lov miqdori va tasdiqlash kodi kiritilgan “SMS” xabarnoma yuborish va xabarnomada keltirilgan tasdiqlash kodini Tizimga kiritish

To‘lov amalga oshirilgan vaqtda




6-bosqich

Notarius

Ishonchnomalarni notarial tasdiqlash

1 — 5-bosqichlar to‘liq amalga oshirilganda 15 daqiqa ichida

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-noyabrdagi 726-son qaroriga
5-ILOVA
Notariuslar tomonidan merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnomani berishning
MA’MURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Reglament notariuslar tomonidan merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnomalar (keyingi o‘rinlarda — guvohnoma) berish tartibini belgilaydi.
2. Notariuslar tomonidan notarial harakatlar notarial idora binosida yoki murojaat qiluvchilarning talabiga ko‘ra sayyor tartibda rasmiylashtiriladi.
Guvohnoma berish notarial idora binosidan tashqarida bajarilsa, hujjatning matnida guvohnoma rasmiylashtirilgan joyning manzili ko‘rsatiladi va guvohnoma berishni rasmiylashtirish hamda imzolash jarayoni majburiy audio va videoga qayd etiladi.
Guvohnomani rasmiylashtirish jarayonini audio va videoga qayd etishda notarius va notarial harakatni amalga oshirishda ishtirok etuvchi shaxslar tasvirga to‘liq tushirilishi shart. Bunda, notarius tomonidan qanday turdagi notarial harakat amalga oshirilayotganligi, notarial harakat mazmuni, ahamiyati notarius tomonidan ovoz chiqarib murojaat qiluvchi(lar)ga tushuntirib berilganligi hamda hujjat matni bilan murojaat qiluvchi(lar) to‘liq tanishganligi va ularning asl maqsadiga muvofiqligini tasdiqlagan holda imzolash hamda barmoq izlarini “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi (keyingi o‘rinlarda — Tizim)da skaner qilish jarayoni to‘liq audio va videoga qayd etilishi lozim.
3. “Notariat to‘g‘risida”gi Qonunning (keyingi o‘rinlarda — Qonun) 11-moddasiga asosan O‘zbekiston Respublikasida notarial harakatlar davlat tilida amalga oshiriladi. Rasmiylashtirilgan hujjat matni fuqarolarning talabiga binoan notarius tomonidan rus tilida yoki imkon bo‘lsa, boshqa maqbul tilda beriladi.
Agar guvohnoma berish murojaat qilgan shaxs tushunmagan yoki yaxshi bilmagan tilda bajarilsa, unda hujjat matni notarius yoki murojaat qilgan shaxs taklif etgan tarjimon tomonidan og‘zaki tarjima qilinishi mumkin. Bu haqda hujjat matnida kim tomonidan tarjima qilinganligi, shaxsini tasdiqlaydigan hujjatning nomi, uning raqami, berilgan sanasi va shu hujjatni bergan organning nomi hamda matn mazmuni tushuntirilganligi ko‘rsatilishi kerak. Bunday holda murojaat qilgan shaxs o‘zi biladigan tilda ismi, familiyasi, otasining ismini to‘liq yozib, imzo qo‘yadi.
4. Guvohnoma berish ushbu Reglamentga ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.
2-bob. Murojaat qilish tartibi
5. Murojaat qiluvchi notarial idoraga o‘zi kelib yozma ariza bilan yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoxud “E-notarius.uz” axborot portali orqali (keyingi o‘rinlarda — elektron tarmoq) ro‘yxatdan o‘tgan holda elektron tarzda murojaat qiladi.
6. Murojaat qiluvchi elektron tarmoq orqali notarius qabuliga navbatga yozilishni, shuningdek guvohnoma olish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni jo‘natgan holda tegishli hujjat loyihasining oldindan tayyorlab qo‘yilishini so‘rab murojaat qilishi mumkin.
7. Murojaat qiluvchining elektron tarmoq orqali notarius qabuliga yozilish bo‘yicha yo‘llagan murojaatlari Tizimdagi jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini navbatma-navbat qayd qilish elektron ro‘yxatiga avtomatik tarzda qayd qilinadi.
8. Notarius Tizim orqali kelib tushgan elektron murojaatlarni ko‘rib chiqishi va belgilangan muddatda murojaat qiluvchi(lar)ni qabul qilishi shart.
9. Murojaat qiluvchi(lar) tomonidan elektron tarmoq orqali guvohnoma berish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni oldindan jo‘natgan holda tegishli hujjatlarning tayyorlab qo‘yilishi bo‘yicha yo‘llangan murojaatlar u(lar)ning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangan bo‘lishi lozim.
10. Quyidagi hollarda notarial harakat rasmiylashtirilishi uchun tegishli hujjatlarning oldindan tayyorlab qo‘yilishi bo‘yicha elektron tarmoq orqali yo‘llangan murojaatlarni ko‘rib chiqish rad etiladi:
notarial harakat rasmiylashtirilishi uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar to‘g‘ri va to‘liq taqdim etilmagan bo‘lsa;
manfaatdor shaxslarning arizalariga asosan notarial harakatlarni amalga oshirish kechiktirib yoki to‘xtatib turilgan bo‘lsa.
3-bob. Voyaga yetmagan, muomala layoqati cheklangan va muomalaga layoqatsiz shaxslarning murojaat qilish tartibi
11. O‘n to‘rt yoshga to‘lmagan voyaga yetmaganlar (kichik yoshdagi bolalar) uchun guvohnoma berishni so‘rab ularning nomidan faqat ota-onasi, farzandlikka oluvchilari yoki vasiylari murojaat qilishi mumkin.
Vasiylik sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslarga nisbatan ham belgilanadi. Muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro nomidan guvohnoma berish so‘rab uning vasiysi murojaat qilishi mumkin.
O‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlar, guvohnoma berishni so‘rab o‘z ota-onalari, farzandlikka oluvchilari yoki homiylarini xabardor qilgan holda murojaat qiladilar.
Homiylik sud tomonidan muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslarga nisbatan ham belgilanadi. Muomalaga layoqati cheklangan deb topilgan fuqaro guvohnoma berishni so‘rab homiyni xabardor qilgan holda murojaat qiladi.
4-bob. Kar-soqovlik nuqsoni va ko‘zi ojiz bo‘lgan shaxslarning murojaat qilish tartibi
12. Guvohnoma berishni so‘rab kar-soqovlik nuqsoni (kar-soqov, kar, qulog‘i og‘ir, zaif eshituvchi), ko‘zi ojiz (ko‘r, zaif ko‘ruvchi) bo‘lgan shaxs murojaat qilsa hamda u savodsiz bo‘lsa, guvohnoma berish paytida u bilan muomala qila oladigan va arizasining mazmunini uning xohish-irodasiga muvofiq ekanligini o‘z imzosi bilan tasdiqlovchi surdo yoki tiflo tarjimon hozir bo‘lishi shart.
Agarda notarius kar-soqovlik nuqsoni (kar-soqov, kar, qulog‘i og‘ir, zaif eshituvchi) fuqarolar bilan muloqot qila olsa va ko‘zi ojiz (ko‘r, zaif ko‘ruvchi) fuqaro uchun mo‘ljallangan moslama bilan ishlay olsa, unda surdo yoki tiflo tarjimonning ishtiroki talab etilmaydi. Bu holatda notarius o‘zi tomonidan jismoniy nuqsoni mavjud bo‘lgan fuqarolar bilan shaxsan muloqot qilganligi haqida tegishli hujjat matnida yozib qo‘yadi.
Murojaat qiluvchi guvohnoma berish haqidagi arizani o‘z qo‘li bilan imzolay olmasa, ariza uning topshirig‘iga ko‘ra uning o‘zi va notarius hozirligida boshqa fuqaro tomonidan imzolanishi mumkin. Bunda notarial harakatni amalga oshirishni so‘rab murojaat qilgan fuqaroning hujjatni o‘z qo‘li bilan imzolay olmaganligi sabablari hujjat matniga yozib qo‘yilishi lozim.
Notarius mazkur harakatlarni amalga oshirishda hujjatni imzolagan fuqaroning, surdo yoki tiflo tarjimonning imzosi haqiqiyligini shahodatlashni alohida notarial harakat sifatida ro‘yxatga olmaydi.
Bir shaxs hujjatni imzolovchi fuqaro, surdo yoki tiflo tarjimon sifatida notarial harakatni amalga oshirishda ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Surdo tarjimonning vakolati unga O‘zbekiston Respublikasi karlar jamiyati tomonidan va tiflo tarjimonning vakolati unga O‘zbekiston Respublikasi ko‘zi ojizlar jamiyati tomonidan berilgan ishonchnoma va xizmat guvohnomasi orqali aniqlanadi.
Kar-soqovlik nuqsoni (kar-soqov, kar, qulog‘i og‘ir, zaif eshituvchi) bo‘lgan hamda muomala layoqatiga ega bo‘lgan savodli fuqaro guvohnoma berishni so‘rab murojaat qilsa, ariza uning o‘zi tomonidan va surdo tarjimon tomonidan imzolanishi mumkin.
Kar-soqovlik nuqsoni (kar-soqov, kar, qulog‘i og‘ir, zaif eshituvchi) bo‘lgan, muomala layoqatiga ega bo‘lgan, biroq surdo tarjimon bilan muloqot qila olmaydigan savodli fuqaro o‘z imzosi bilan ariza mazmuni o‘zining xohish-irodasiga muvofiq ekanligini notarius bilan yozma ravishda bildiradigan bo‘lsa, notarial harakatlarni amalga oshirishda surdo tarjimonning ishtiroki shart emas. Ushbu yozishmalar ariza va boshqa hujjatlar bilan birga tikib qo‘yiladi.
Mazkur bandda belgilangan tartibda arizani imzolash jarayoni audio va videoyozuv vositalaridan foydalanilgan holda amalga oshiriladi.
Agar murojaat qiluvchi savodsiz, ko‘zi ojiz (ko‘r, zaif ko‘ruvchi) bo‘lsa yoki qandaydir sabablar tufayli ko‘zi yaxshi ko‘ra olmasa, shuningdek kasalligi tufayli hujjatni o‘qiy olmasa, notarius unga hujjat matnini ovoz chiqarib o‘qib beradi va bu haqda hujjat matnida qayd etadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Tarjimon yoki surdo tarjimon yoxud tiflo tarjimon hujjat tarjimasini noto‘g‘ri yoki yolg‘on tarjima qilganligi uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortilishlari haqida notarius tomonidan ogohlantiriladi va bu haqda hujjat matnida ko‘rsatiladi.
(12-bandning o‘n birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
5-bob. Murojaat qiluvchini qabul qilish, uning shaxsini, muomala va huquq layoqatini aniqlash tartibi
13. Murojaat qiluvchi notarial idoraga bevosita o‘zi kelganda uni notarius yordamchisi (notarius yordamchisi mavjud bo‘lmagan hollarda, notarial idora kotibi yoki notarius stajori), ular ham bo‘lmaganda notarius qabul qiladi va uning maqsadiga aniqlik kiritadi.
Bunda, notarius yordamchisi (notarial idora kotibi yoki notarius stajori) murojaat qiluvchini notarius qabuliga navbatga yozib qo‘yadi va bu haqda notariusni xabardor qiladi, bundan notarius qabuliga navbatga yozilgan murojaat qiluvchilar mavjud bo‘lmagan hollar mustasno.
Oldingi tahrirga qarang.
14. Murojaat qiluvchilarning shaxsi quyidagi hujjatlarga asosan aniqlanadi:
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari — O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining pasporti, haydovchilik guvohnomasi, ID-kartasi;
16 yoshga to‘lmagan fuqarolarning shaxsi — tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma;
harbiy xizmatchilar — harbiy qismlar va harbiy muassasalar qo‘mondonligi tomonidan beriladigan shaxsiy guvohnomalar yoki harbiy biletlar yoxud ID-kartalar (harbiy xizmatga majbur fuqarolarning harbiy bileti bundan mustasno);
Oldingi tahrirga qarang.
chet el fuqarolari — ularning milliy pasporti (qonunchilik hujjatlariga muvofiq chet el fuqarolari tegishli ichki ishlar organlari tomonidan ro‘yxatga olinishi lozim) yoki O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi, ID-kartasi yoxud diplomatik pasporti yoki O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilinganligini tasdiqlovchi akkreditatsiya kartochkasi;
(14-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
xorijda doimiy yashayotgan va konsullik ro‘yxatida turgan O‘zbekiston fuqarolarining shaxsi — O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasporti;
fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun — O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi yoki ID-karta.
Murojaat qiluvchi fuqaroning shaxsini hamda yuridik shaxsning huquq layoqatini aniqlashda notarius tegishli axborot resurslaridan foydalanadi.
(14-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-iyuldagi 464-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.07.2021-y., 09/21/464/0710-son)
15. Notarius guvohnoma berishni so‘rab murojaat etgan jismoniy shaxsning muomala layoqatini u bilan shaxsiy muloqot davomida aniqlaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
16. Meros mol-mulki mulkiy kompleks sifatida korxona yoki meros qoldiruvchining yuridik shaxslar ustav kapitalidagi (fondidagi) ulushdan iborat bo‘lsa, guvohnoma berishda notarius tomonidan ularning huquq layoqati tekshiriladi. Yuridik shaxslarning huquq layoqatini tekshirish paytida yuridik shaxsning ta’sis hujjatlari bilan tanishib chiqishi, shuningdek u qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligini hamda amalga oshirilayotgan notarial harakatlar ularning ta’sis hujjatlariga muvofiq yoki muvofiq emasligini Tizim orqali tekshirishi shart.
(16-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Yuridik shaxsning ta’sis hujjatlari va yuridik shaxsning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomasi Tizim orqali chop etiladi va hujjatlar yig‘majildiga tikiladi.
17. Guvohnoma berishni so‘rab vakil tomonidan murojaat etilgan taqdirda, uning vakolati tekshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Vakilning vakolati uning nomiga berilgan ishonchnoma bilan tasdiqlanadi. Bunda vakolat beruvchi jismoniy shaxslarning o‘lim haqida dalolatnoma yozuvi qayd etilmaganligi “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali tekshirilib, Tizim orqali chop etiladi va hujjatlar yig‘majildiga tikiladi.
(17-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-iyuldagi 464-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.07.2021-y., 09/21/464/0710-son)
Vakil tomonidan taqdim etilgan ishonchnoma shubha tug‘dirgan taqdirda, notarius uni tasdiqlagan tegishli mansabdor shaxs (tashkilot) orqali tegishli ravishda tekshirishi lozim. Notarial tasdiqlangan ishonchnomaning bekor bo‘lgan yoki bo‘lmaganligi haqidagi ma’lumot Tizim orqali tekshiriladi.
6-bob. Guvohnoma berish tartibi
18. Meros ochilgan joydagi notarius merosxo‘r(lar)ning yozma arizasiga ko‘ra guvohnoma beradi.
Merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnoma meros ochilgan kundan e’tiboran olti oy o‘tganidan keyin beriladi.
Qonun bo‘yicha meros olinganida ham, vasiyatnoma bo‘yicha meros olinganida ham, agar notarius tegishli mol-mulkka yoxud butun merosga nisbatan guvohnoma berishni so‘rab murojaat etgan shaxslardan boshqa merosxo‘rlar yo‘qligi to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘lsa, guvohnoma yuqorida ko‘rsatilgan muddat tugamasidan oldin berilishi mumkin.
19. Merosning ochilish joyi deb meros qoldiruvchining oxirgi doimiy yashab turgan (doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan) joyi hisoblanadi.
Agar meros qoldiruvchining oxirgi yashab turgan joyi noma’lum bo‘lsa, meros qoldiruvchiga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk yoki uning asosiy qismi turgan joy, ko‘chmas mulk bo‘lmagan taqdirda esa, ko‘char mulkning asosiy qismi turgan joy meros ochilgan joy deb hisoblanadi.
20. Guvohnoma matnida quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
guvohnoma nomi;
notarial okrug nomi;
guvohnoma berilgan sana (so‘zlar bilan qayd qilinadi);
guvohnoma berilgan notarial idoraning nomi va joylashgan eri (pochta manzili) va notariusning ismi, familiyasi, otasining ismi;
marhumning familiyasi, ismi, otasining ismi, vafot etgan sanasi;
qarindoshlik darajasi, merosxo‘rning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi, pasporti yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatining raqami, qachon va kim tomonidan berilganligi, merosxo‘r chet el fuqarosi bo‘lsa, uning fuqaroligi, doimiy yoki vaqtincha yashash bo‘yicha ro‘yxatga olingan manzili, STIRi;
merosxo‘r sifatida yuridik shaxs ishtirok etayotgan hollarda yuridik shaxsning to‘liq nomi, joylashgan eri (pochta manzili), soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma raqami va sanasi, davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan organning nomi;
meros mulki ko‘chmas mulk bo‘lsa, uning joylashgan manzili, tarkibi va tavsifi;
meros mulki avtomototransport vositasi bo‘lsa, uning rusumi, ishlab chiqarilgan yili, ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgisi, agregat raqamlari, avtomototransport vositasini qayd etish guvohnomasining seriyasi, raqami, davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan organning nomi;
meros mulkiga nisbatan marhumning mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqi mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlar haqida ma’lumotlar;
ko‘chmas mulk va (yoki) avtomototransport vositasi bo‘yicha ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organlar tomonidan berilgan hujjatlardagi mulkning tavsifi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
guvohnoma nechta nusxada berilganligi haqida ma’lumot;
guvohnoma berilgan reyestr raqami;
guvohnoma berganlik uchun undirilgan to‘lovlar haqida ma’lumotlar;
guvohnoma berish uchun asos bo‘lgan meros ishi raqami;
guvohnomani bergan notariusning ismi, familiyasi, otasining ismi, muhr.
Oldingi tahrirga qarang.
Merosxo‘rlar ixtiyoriga ko‘ra va (yoki) qonunchilik hujjatlariga muvofiq guvohnomada boshqa ma’lumotlar ham ko‘rsatilishi mumkin.
(20-bandning o‘n sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
21. Meros qoldiruvchining oxirgi yashagan joyi MDHga a’zo davlatlar yoki boshqa chet el davlatlaridan birida bo‘lgan taqdirda, fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha yordam hamda huquqiy munosabatlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga asosan notarius meros ochilgan joy bo‘yicha notariusga murojaat etgan merosxo‘rlar doirasini tekshirib, meros qilib qoldirilgan ko‘chmas mulk yoki uning asosiy qismi joylashgan joyi bo‘yicha guvohnoma beradi.
Meros qoldiruvchining oxirgi yashagan joyi MDHga a’zo davlatlar yoki boshqa chet el davlatlaridan birida bo‘lgan taqdirda, fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha yordam hamda huquqiy munosabatlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga asosan meros qilib qoldirilgan ko‘char mol-mulkka nisbatan guvohnoma meros qoldiruvchining oxirgi yashagan joyi bo‘yicha beriladi.
22. Agar meros qoldiruvchining merosxo‘ri meros ochilganidan keyin uni qabul qilib olishga ulgurmasdan vafot etgan bo‘lsa (transmittent), unga tegishi kerak bo‘lgan merosni qabul qilib olish huquqi uning qonun bo‘yicha (transmissar) yoki vasiyat bo‘yicha merosxo‘rlariga o‘tadi.
Meros transmissiyasi tartibida merosni qabul qilib olish huquqi bunday merosxo‘rning (transmittentning) vafotidan keyin ochilgan meros tarkibiga kirmaydi va meros qoldiruvchi vafot etgan joydagi notarius tomonidan merosxo‘rning (transmittentning) merosxo‘rlariga (transmissarlariga) guvohnoma beriladi.
Bunda, notarius vafot etgan merosxo‘rning (transmittentning) barcha meros mol-mulki vasiyat qilingan yoki yo‘qligini, merosxo‘rlar (transmissarlar) doirasini aniqlaydi.
Masalan, 2019-yilda Toshkent shahrida vafot etgan marhum A. Aliyevga tegishli meros mulkiga uning merosni qabul qilishga ulgurmasdan 2020-yilda Samarqand viloyatida vafot etgan farzandining merosxo‘rlariga Toshkent shahridagi notarius tomonidan merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma beriladi.
23. Merosxo‘rlardan biri yoki uning vakili meros qoldiruvchining vafot etganligi haqidagi guvohnoma yoki dalolatnoma yozuvidan ko‘chirmani notariusga taqdim etishi lozim.
Merosxo‘rlardan biri yoki uning vakili meros ochilgan joydagi notariusga murojaat etgan kunning o‘zida notarius Tizim orqali meros qoldiruvchining mol-mulkiga nisbatan meros ishi ochilgan yoki ochilmaganligini tekshiradi.
Meros ishi ochilmagan taqdirda murojaat etgan merosxo‘r yoki uning vakilidan merosxo‘rlar doirasi ko‘rsatilgan holda meros ishi ochish to‘g‘risida ariza olinadi va notarius Tizimga meros ishini ochish bo‘yicha ma’lumotlarni kiritadi. Bu holda, notarius merosxo‘r yoki uning vakilining shaxsini aniqlaydi va imzosi haqiqiyligini tekshiradi, bu haqda arizaga belgi qo‘yadi va shaxsini tasdiqlovchi hujjatning nomini, uning raqamini, qachon va kim tomonidan berilganligini va tug‘ilgan yilini ko‘rsatadi.
Notarius meros qoldiruvchining vafot etganligini, meros mol-mulki tarkibi va uning joylashgan joyini, vasiyatnomaning mavjudligi, meros qoldiruvchi bilan merosxo‘rlarning qarindoshlik munosabatini hamda qonun bo‘yicha merosxo‘rlar doirasini aniqlaydi.
Vasiyatnoma mavjud yoki mavjud emasligini, agar mavjud bo‘lsa, ushbu vasiyatnoma o‘zgartirilmaganligi yoki bekor qilinmaganligini Tizim orqali tekshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Notarial idoraga shaxsan kelgan merosxo‘rlardan merosni qabul qilish yoki undan voz kechish haqidagi arizalar oladi. Merosdan voz kechish haqidagi arizalar notarial tasdiqlanishi lozim.
(23-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-iyuldagi 464-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.07.2021-y., 09/21/464/0710-son)
Agarda ariza pochta orqali kelib tushgan bo‘lsa, merosxo‘rning imzosi haqiqiyligi shahodatlanmagan bo‘lsa ham ariza notarius tomonidan qabul qilinadi, merosxo‘rga esa arizani notarius yoki O‘zbekiston Respublikasi konsullik muassasalarining konsullari yoxud Qonunning 26-moddasida ko‘rsatilgan mansabdor shaxslar tomonidan shahodatlantirilgan holda yuborish yoki notarial idoraga shaxsan kelishi haqida xabarnoma yuboriladi.
Merosdan voz kechish arizalarida meros tarkibi ko‘rsatilmaydi va notarial tartibda tasdiqlanadi. Bunday arizalarni tasdiqlashdan oldin muqaddam ushbu merosxo‘r tomonidan merosdan voz kechish arizasi berilgan yoki yo‘qligi Tizim orqali tekshiriladi. Agarda merosxo‘r tomonidan muqaddam voz kechish arizasi berilgan bo‘lsa O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 1147-moddasining to‘rtinchi qismi talablari tushuntirilgan holda rad etiladi (voz kechish arizasida merosxo‘r vasiyatnoma bo‘yicha yoki qonun bo‘yicha o‘ziga tegishli bo‘lgan merosdan voz kechayotganligi aniq ko‘rsatilgan hollar bundan mustasno).
Meros qoldiruvchining eridan (xotinidan) olingan merosdan voz kechish arizasida meros qoldiruvchi bilan birgalikdagi nikoh davomida orttirilgan mulkdan o‘z ulushini ajratgan yoki ajratmagan holda voz kechayotganligi ko‘rsatiladi.
24. Notariusga murojaat etgan marhum erdan (xotindan) keyin beva qolgan xotiniga (eriga) O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 23-moddasi va Qonunning 63-moddasiga asosan meros qoldiruvchi bilan birgalikdagi nikoh davomida orttirilgan mulkdan o‘z ulushini ajratgan yoki ajratmagan holda meros qolgan mulkka nisbatan merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma berish haqida ariza olinadi. Ariza pochta orqali kelganda, marhum erdan (xotindan) keyin beva qolgan xotinga (erga) yuqorida qayd etilgan moddalar mazmuni tushuntirilgan xabarnoma yuboriladi.
25. Agar marhum erdan (xotindan) keyin xotini (eri) boshqa qayd etilgan nikohdan o‘tgan bo‘lsa ham u meros olishga chaqiriladi. Nikoh haqiqiy emas deb topilgan holatda, bunday nikohda bo‘lgan shaxslar bir-birining vafotidan keyin merosxo‘r deb hisoblanmaydilar.
26. O‘zini meros qoldiruvchining qaramog‘ida bo‘lgan deb hisoblayotgan shaxs guvohnoma berilishini so‘rab murojaat etsa, meros qoldiruvchining qaramog‘ida bo‘lganlik fakti sud hujjati bilan tasdiqlanadi.
Yoshi bo‘yicha qaramoqda bo‘lgan shaxsning mehnatga qobiliyatsizligi uning pasporti, tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi va pensiya guvohnomasi bilan aniqlanadi.
Vasiyatnoma bo‘yicha merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma berishda notarius meros qoldiruvchining merosdan majburiy ulush olish huquqiga ega bo‘lgan voyaga yetmagan yoki mehnatga qobiliyatsiz merosxo‘rlari mavjudligini aniqlaydi.
Mehnatga qobiliyatsiz shaxslarga quyidagilar kiradi:
meros ochilgan kunga kelib 55 yoshga kirgan ayollar, 60 yoshga kirgan erkaklar;
meros ochilgan kunga kelib belgilangan tartibda I yoki II nogironligi bo‘lgan deb topilgan shaxslar.
Merosdagi majburiy ulushdan voz kechish hech bir shartsiz bo‘lishi lozim. Boshqa shaxslar foydasiga majburiy ulushdan voz kechishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu holatda meros mol-mulki vasiyatnomada ko‘rsatilgan merosxo‘rlarga vasiyatnoma bo‘yicha o‘tadi.
27. Agar vasiyatnoma bo‘yicha merosxo‘rlar majburiy ulushga guvohnomani olishga qarshilik qilishsa, notarius ularning sudga murojaat etish huquqlarini tushuntiradi va majburiy ulushga guvohnomani berilishini o‘n kundan oshmagan muddatga kechiktiradi.
Agar vasiyatnoma bo‘yicha merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnomada meros qoldiruvchi bilan (merosxo‘rlarning xohishi bo‘yicha) merosxo‘rlarni qarindoshlik yoki boshqa munosabatlarini ko‘rsatib o‘tishi zarur bo‘lsa, notarius ushbu munosabatlarni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qiladi.
28. Vasiyatnoma bo‘yicha merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnomani berishda merosxo‘rlar tomonidan taqdim etilgan vasiyatnomaning asl nusxasi yoki dublikati notarial idorada qoldiriladi.
Vasiyat qiluvchi uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismi o‘tadigan merosxo‘rga bu uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini umrbod foydalanish uchun uchinchi shaxsga berish majburiyatini yuklashga haqli. Mazkur majburiyat notarius tomonidan guvohnomada yozib qo‘yiladi.
Vasiyatnomada vasiyat qiluvchi meros sifatida turar joyni oladigan merosxo‘r zimmasiga turar joyni yoki uning bir qismini boshqa shaxsga umrbod foydalanish uchun vasiyat majburiyati ko‘rsatilgan bo‘lsa notarius vasiyatnoma bo‘yicha merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnoma matnida turar joydan umrbod foydalanish huquqiga ega shaxs haqidagi ma’lumotlarni ko‘rsatadi.
29. Guvohnoma berishda notarius, qoida tariqasida, quyidagi hujjatlarni talab qiladi:
meros qoldiruvchining o‘lim haqidagi guvohnoma yoki dalolatnoma yozuvidan ko‘chirma;
meros qoldiruvchining oxirgi doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan joyi haqidagi ichki ishlar organlarining ma’lumotnomasi yoki uy daftaridan ko‘chirma;
meros tarkibining meros qoldiruvchiga tegishli ekanligini tasdiqlovchi hujjat (bunda meros mulki ko‘chmas mulk bo‘lsa, kadastr ma’lumotnomasi);
merosxo‘rlarning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalari va nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnomalari (F.I.O. o‘zgargan taqdirda) yoki dalolatnoma yozuvlaridan ko‘chirmalar yoxud qarindoshlik munosabatlarining haqiqiyligini belgilovchi sud hujjati;
merosxo‘rlar vafot etgan taqdirda o‘lim haqidagi guvohnoma yoki dalolatnoma yozuvidan ko‘chirma;
meros qoldiruvchining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi va nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnomasi (ajrashganlik haqidagi guvohnoma) yoki dalolatnoma yozuvidan ko‘chirma.
Oldingi tahrirga qarang.
Mazkur bandning beshinchi — yettinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari bilan bog‘liq ma’lumotlarni taqdim etish imkoni bo‘lmagan taqdirda, ushbu ma’lumotlar notarial idoralar tomonidan mustaqil ravishda, “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali olinishi mumkin.
Elektron tizimlarda texnik nosozliklar bo‘lganda, ushbu tashkilotlar bilan axborot almashuvi kuryerlik xizmat orqali amalga oshiriladi.
(29-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-iyuldagi 464-sonli qaroriga asosan sakkizinchi va to‘qqizinchi xatboshilar bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.07.2021-y., 09/21/464/0710-son)
Agar qonun bo‘yicha merosxo‘rlarning biri yoki bir nechtasi vorislikka chaqirishga asos bo‘ladigan munosabatlar mavjudligini isbotlaydigan hujjatlarni taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘lmasa, ular merosni qabul qilib olgan va tegishli isbotlarni taqdim etgan boshqa barcha merosxo‘rlarning yozma roziligi bilan guvohnomaga kiritilishi mumkin. Bu rozilik yozma ariza ko‘rinishida rasmiylashtiriladi. Merosxo‘rlar shaxsan o‘zlari meros ochilgan joydagi notarial idoraga kelib, arizani taqdim etgan holda, ularning imzolarining haqiqiyligini shahodatlash talab qilinmaydi. Bu holda, notarius merosxo‘rlarning shaxsini aniqlaydi va imzolari haqiqiyligini tekshiradi, bu haqda arizaga belgi qo‘yadi va shaxsini tasdiqlovchi hujjatning nomini, uning raqamini, qachon va kim tomondan berilganligini va tug‘ilgan yilini ko‘rsatadi.
Ushbu ariza notarius, Qonunning 26-moddasida sanab o‘tilgan mansabdor shaxslar yoki O‘zbekiston Respublikasi konsullik muassasalarining konsullari tomonidan shahodatlantirilgan holda taqdim etilishi mumkin.
30. Agar meros mulki tarkibiga ov miltig‘i kirsa, bunda notarius O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlari (ichki ishlar organlari) tomonidan meros qoldiruvchiga ushbu miltiqni saqlash uchun berilgan ruxsatnomani va ovchi biletini merosxo‘rdan talab qiladi.
31. Aksiyadorlik jamiyatining aksiyadorlarining meros mol-mulki tarkibiga ularga tegishli bo‘lgan aksiyalar kiradi.
Hujjatsiz shakldagi qimmatli qog‘ozlarga mulk huquqi tegishli investitsiya vositachisi yoki Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysidan olingan depo hisobvarag‘ining ko‘chirmasiga asosan tasdiqlanadi.
Meros olish tartibida nafaqat qimmatli qog‘ozlar turi sifatida aksiyalar balki to‘liq shirkat, kommandit shirkat, qo‘shimcha mas’uliyatli yoki mas’uliyati cheklangan jamiyat ishtirokchisining, ishlab chiqarish kooperativi a’zosining (ishtirokchi, hissa qo‘shuvchi, kommanditchining) ulushi (hissasi) kirsa, bunda tegishli shirkat, kooperativ, jamiyatdagi ushbu ishtirokchining (a’zoning) ustav fondidagi (kapitalidagi) ulushi (hissasi) ham kiradi. Ushbu huquqlarga meros qoldiruvchiga mulk huquqi asosida tegishliligining dalili sifatida notarius uchun tegishli tashkilotlarning ta’sis hujjatlari yoki bu haqda merosxo‘rlar tomonidan taqdim etilgan boshqa hujjatlar xizmat qiladi. Merosxo‘rlarda ushbu isbotlovchi hujjatlar mavjud bo‘lmasa, notarius ko‘rsatilgan tashkilotlarning mansabdor shaxslaridan tegishli hujjatlarni olishda ko‘mak berishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
32. Fermer xo‘jaligining mol-mulki qonunchilik hujjatlariga muvofiq meros qilib qoldiriladi.
(32-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Fermer xo‘jaligi boshlig‘i vafot etgan taqdirda, fermer xo‘jaligi mulkiy kompleks sifatida merosxo‘rlarga o‘tadi.
33. Bankda (boshqa kredit tashkilotida) saqlanayotgan omonat, meros beruvchining nomidagi qimmatli qog‘ozlar mavjudligini tasdiqlashda, notarius merosxo‘rlardan omonat daftarchasini (bank omonati shartnomasini yoki omonat mavjudligini isbotlovchi boshqa tegishli hujjatni), qimmatli qog‘ozlarga nisbatan esa tegishli investitsiya vositachisi yoki Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysining ma’lumotnomasini talab qiladi. Omonat daftarchalari nusxalari va ma’lumotnomalar meros ishiga biriktirilgan bo‘lishi kerak.
Agar meros tarkibida banklar va boshqa kredit tashkilotlarida saqlanayotgan omonat pul mablag‘lari mavjud bo‘lib, biroq merosxo‘rlar uni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘lmasalar, bu holatda notarius meros tarkibini aniqlash va uni himoya qilish uchun banklar, boshqa kredit tashkilotlari va yuridik shaxslarga ma’lumotnoma berish haqida so‘rov yuborishi mumkin.
Notarius olingan ma’lumotni faqat vasiyatni bajaruvchiga yoki merosxo‘rlarga taqdim etadi.
34. Agar meros mol-mulkiga nisbatan taqiq va xatlov qo‘yilgan bo‘lsa, taqiq va xatlov olib tashlanmagunga qadar guvohnomani berish to‘xtatib turiladi. Garov (ipoteka) shartnomasi asosida meros mol-mulkiga taqiq qo‘yilgan bo‘lsa, garovga oluvchining roziligi bilan taqiq bekor qilinmagan holda merosxo‘rlarga guvohnoma berilishi mumkin.
35. Vasiylikdagi yoki homiylikdagi merosxo‘rlarga guvohnoma berilganligi haqida notarius ularning mulkiy manfaatlarini himoya qilish uchun merosxo‘rlarning doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan manziliga ko‘ra vasiylik va homiylik organlariga xabar beradi.
36. Notarius tomonidan berilgan guvohnomada ko‘rsatilmagan boshqa meros mol-mulklari bo‘yicha merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida qo‘shimcha guvohnomalar beriladi.
Boshqa mol-mulkka qo‘shimcha merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnomani berishda ilgari berilgan guvohnomaga kiritilmagan merosxo‘rlar murojaat qilganda, ular ham umumiy asoslarda qo‘shimcha mulk bo‘yicha merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnomaga kiritiladi.
37. Ba’zi bir merosxo‘rlarning ulushlari hal etilmaganda, guvohnomada hal etilmagan ulush miqdori ko‘rsatiladi.
38. Guvohnoma Tizimga kiritiladi hamda har bir notarial harakat alohida tartib raqami bilan ro‘yxatga olinadi va notarius tomonidan tasdiqlanadigan yoki beriladigan hujjatning matnida ko‘rsatiladi.
Tizimdagi tartib raqamlari har bir kalendar yil boshida birinchi tartib raqamidan boshlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
39. Guvohnoma berishda Tizimga quyidagi shaxslarning jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (keyingi o‘rinlarda — JSh ShIR) kiritilishi shart:
O‘zbekiston Respublikasining biometrik pasportga yoki ID-kartaga ega bo‘lgan fuqarolari;
O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga yoki ID-kartaga ega bo‘lgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar;
JSh ShIR mavjud bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi hududida vaqtincha (doimiy) yashayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar;
JSh ShIR mavjud bo‘lgan 16 yoshga to‘lmagan fuqarolar.
16 yoshga to‘lmagan fuqarolarda JSh ShIR mavjud bo‘lmaganda Tizimga ularning tug‘ilganlik haqida guvohnomasining seriyasi va raqami kiritiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Mazkur band talablari qonunchilik hujjatlariga muvofiq yashash guvohnomasisiz va doimiy ro‘yxatga olinmasdan O‘zbekiston Respublikasi hududidan ko‘chmas mulk sotib olish huquqiga ega bo‘lgan chet el fuqarolariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
(39-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
7-bob. Guvohnoma berish uchun to‘lovlarni amalga oshirish tartibi
40. Guvohnoma berishda notarius tomonidan O‘zbekiston Respublikasi “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonuni bilan tasdiqlangan Davlat boji stavkalarining miqdorlariga asosan davlat boji va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilanadigan Notariuslar tomonidan amalga oshiriladigan huquqiy va texnik tusdagi qo‘shimcha harakatlar uchun undiriladigan to‘lovlar miqdorlari doirasida huquqiy va texnik tusdagi qo‘shimcha harakatlar amalga oshirilganligi uchun haq undiradi.
Guvohnoma, shu jumladan guvohnoma berishni so‘rab murojaat qilgan shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlar Tizimga to‘liq kiritilganidan so‘ng notarial harakat uchun undiriladigan to‘lovlar miqdori Tizimda avtomatik ravishda hisoblanadi.
Tizim orqali to‘lov kvitansiyalari (invoys) notarial harakatni amalga oshirish uchun murojaat qilgan shaxsga chiqarib beriladi hamda uning Tizimga kiritilgan mobil telefoni raqamiga to‘lovlarning miqdori, notarial harakatni tasdiqlash kodi hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining “ishonch telefoni” raqami ko‘rsatilgan SMS xabar yo‘llanadi.
Notarial harakatni amalga oshirish uchun murojaat qilgan shaxsning mobil telefoni mavjud bo‘lmaganda, istisno tariqasida, Tizimga u tomonidan ko‘rsatilgan, notarial idoraga birga kelgan boshqa shaxsning mobil telefoni raqamini, agar faqat o‘zi kelgan bo‘lsa, notariusning mobil telefoni raqamini kiritishga ruxsat etiladi.
Notarial harakatlar to‘lovlar amalga oshirilganligi haqidagi ma’lumotlar Tizimga kelib tushgandan hamda notarial harakatni amalga oshirish uchun murojaat qilgan shaxs notarial harakatni tasdiqlash kodini notariusga berganidan so‘ng amalga oshiriladi.
To‘lovlar amalga oshirilganligi haqidagi ma’lumot (invoys) Tizim orqali chop etiladi va hujjatlar yig‘majildiga tikiladi.
Guvohnoma davlat bojining imtiyozli to‘lanishiga huquq beruvchi merosxo‘rlarga berilayotgan bo‘lsa, ularning qarindoshligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etiladi va ularning kseronusxasi olib qolinadi.
8-bob. Guvohnomani imzolash tartibi
41. Guvohnomaga notarius Tizimga qayd qilingan tartib raqamini, undirilgan to‘lovlar (davlat boji hamda huquqiy va texnik tusdagi qo‘shimcha harakatlar amalga oshirilganligi uchun haq) miqdorini ko‘rsatib imzolaydi va muhrini qo‘yadi.
42. Guvohnoma bir necha alohida varaqlarda bayon etilgan taqdirda, ular maxsus teshik ochgich (lyuvers) yordamida teshgan holda ip o‘tkazib tikiladi, varaqlari esa raqamlanadi, hujjatning oxirgi varag‘i yorliq bilan yelimlangan holda notariusning imzosi bilan tasdiqlanib, notarial idoraning muhri bosiladi.
43. Merosxo‘rlarning xohishiga ko‘ra guvohnoma ularning har biriga alohida yoki ularning barchasiga bir nusxada beriladi. Guvohnomaning ikkinchi nusxasi notarial idorada qoldiriladi.
9-bob. Guvohnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish tartibi
44. Guvohnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar manfaatdor shaxsning murojaati yoki notariusning tashabbusiga ko‘ra kiritilishi mumkin.
Notarius o‘z tashabbusi bilan yoki merosxo‘rlarning iltimosiga ko‘ra guvohnomaning barcha nusxalariga uning mohiyatini o‘zgartirmaydigan qo‘shimchalarni kiritishi yoki uning aniq arifmetik xatolarinigina tuzatishi mumkin. Guvohnomaga notariusning tashabbusi bilan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilganda, bu haqda guvohnoma olgan shaxsga xabar qilinishi lozim.
45. Guvohnomaga qo‘shimcha va tuzatishlar notariusning imzosidan oldin izohlanishi, notariusning imzosi va muhri bilan tasdiqlanishi kerak. Matndagi tuzatishlar notariusning imzosidan oldin izohlanishi va imzosi hamda muhri bilan tasdiqlanishi kerak. Bunda, tuzatishlar shunday qilinishi kerakki, o‘chirilgan barcha so‘zlarni va raqamlarni boshlang‘ich matnda o‘qish imkoni bo‘lishi lozim.
46. Notarial tasdiqlangan guvohnoma sud tomonidan bekor qilinishi yoki haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Notarius guvohnomani haqiqiy emas deb topganligi to‘g‘risidagi sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori, ajrimini olgan taqdirda, bu haqda guvohnomaning notarial idora yig‘majildlarida saqlanadigan asl nusxasiga tegishli yozuv kiritadi, o‘z imzosi va muhrini qo‘yadi va Tizimga ma’lumot kiritadi.
Guvohnoma bekor qilingan vaqtda to‘langan davlat boji, gerb yig‘imi hamda huquqiy va texnik tusdagi qo‘shimcha harakatlar amalga oshirilganligi uchun to‘lovlar qaytarilmaydi.
47. Notarius yo‘l qo‘ygan xatosi natijasida o‘zi rasmiylashtirgan guvohnomaning noto‘g‘riligini bilib qolgan taqdirda, u ana shu guvohnomani belgilangan tartibda bekor qilish choralarini ko‘rish uchun bu haqda prokurorga darhol xabar qilishga majbur. Notarius prokurorni xabardor qilganligi to‘g‘risida shu kunning o‘zida tegishli hududiy adliya organlariga xabar beradi.
10-bob. Guvohnomani tasdiqlashni rad qilish tartibi
48. Qonunning 38-moddasiga asosan notarius quyidagi hollarda notarial harakatni tasdiqlashni rad etadi, agar:
bunday notarial harakatni amalga oshirish qonunga zid bo‘lsa;
bu notarial harakat boshqa notarius tomonidan amalga oshirilishi kerak bo‘lsa;
muomalaga layoqatsiz fuqaro yoxud zarur vakolatlari bo‘lmagan vakil notarial harakatni tasdiqlashni so‘rab murojaat qilgan bo‘lsa;
notarial harakat qonun talablariga muvofiq bo‘lmasa;
Oldingi tahrirga qarang.
notarial harakatni tasdiqlash uchun taqdim etilayotgan hujjatlar qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq bo‘lmasa.
(48-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Shuningdek, notarial harakatni tasdiqlash uchun to‘lovni to‘lamaslik notarial harakatni amalga oshirishni rad etish uchun asos hisoblanadi.
Notarial harakatni tasdiqlash rad etilgan taqdirda notarial harakatni tasdiqlashni rad etish haqida notarius murojaat qilingan kundan boshlab uch kundan kechiktirmasdan qaror chiqaradi.
Notarius notarial harakatni tasdiqlash to‘g‘risidagi murojaati rad etilgan shaxsning iltimosiga binoan rad etish sababini yozma ravishda bayon etishi va rad etish ustidan shikoyat qilish tartibini tushuntirib berishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Notarius guvohnoma berishni rad etganda to‘langan davlat boji, gerb yig‘imi hamda huquqiy va texnik tusdagi qo‘shimcha harakatlar uchun undirilgan to‘lovlar qaytarib beriladi.
(48-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-iyuldagi 464-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.07.2021-y., 09/21/464/0710-son)
11-bob. Hujjatlarni notarial idorada saqlash va notarial arxivga topshirish
49. Qonunning 10-moddasiga asosan, notarial idora notarial ish yuritish hujjatlari va materiallarining but saqlanishini ta’minlashi, o‘z notarial arxivini yuritishi shart.
Notarial ish yuritish hujjatlari va materiallari uch yil o‘tgach adliya boshqarmalari huzuridagi idoraviy notarial arxivlarga (keyingi o‘rinlarda — notarial arxiv) topshirilishi kerak.
Notarial rasmiylashtirilgan guvohnomaning elektron nusxasi Tizimda saqlanadi va elektron arxiv shakllantirib boriladi.
50. Hujjatlar yig‘majildlari notarial idora arxiviga topshirilishiga qadar changdan, quyosh nuri ta’siridan himoyalaydigan va ularning yaxshi saqlanishini ta’minlaydigan shkaflarda turadi.
Notarial harakatlarni amalga oshirish jarayoni qayd etilgan audio va videoyozuv fayli notarial harakatga Tizim tomonidan berilgan reyestr raqami bilan nomlanadi va elektron axborot tashuvchi jismlarda saqlanadi.
Kalendar yil yakunida audio va videoyozuvlar fayllari nusxalari DVD disklarga yoziladi hamda notarial idoraning temir javoni yoki seyflarida alohida saqlanadi.
Elektron axborot tashuvchi jismlarda yoki DVD disklarda saqlanayotgan audio va videoyozuvlar fayllari notarius ishdan bo‘shaganda yoki boshqa ishga o‘tkazilganda tekshirib ko‘rilgan holda dalolatnoma asosida qabul qilinib, yangi tayinlangan yoki vazifasi yuklatilgan notariusga topshiriladi.
Notarial harakatlarni amalga oshirish jarayonini qayd etilgan audio va videoyozuvlar fayllari belgilangan tartibda notarial harakatlar yig‘ma jildlari bilan idoraviy notarial arxivlarga topshirilishi kerak.
51. Yig‘majildlardan biron-bir hujjat olish va berishga yo‘l qo‘yilmaydi.
52. Kalendar yil tugashi bilan mas’ul shaxs yig‘majildlarni notarial idora arxivida saqlash uchun tayyorlaydi.
Yig‘majilddagi hujjatlar turkumlashtiriladi, rasmiylashtiriladi, tartibga keltirilib, muqovalanadi va tikiladi.
Yig‘majild oxirida alohida toza varaqqa tikilgan varaqlar soni yoziladi. Ushbu varaqqa mas’ul shaxs va notariusning imzolari hamda notariusning muhri qo‘yiladi.
Yig‘majild muqovasidagi sana hujjatlar yig‘majildini yuritish boshlangan va tugallangan kun, oy va yilga muvofiq kelishi kerak.
53. Notarial idora hujjatlar va materiallarni notarial arxivga topshirishidan oldin mas’ul shaxs ularni tayyor holga keltiradi.
54. Notarial idora tomonidan hujjatlar va materiallar notarial arxivga topshirilayotganda, ularning butligini ko‘rib chiqish adliya boshqarmasining doimiy faoliyat olib boruvchi ekspert komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
55. Ekspert komissiyasi hujjatlar va materiallarni ko‘rib chiqishda arxiv ishi to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qiladi.
(55-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
56. Ekspert komissiyasi tomonidan hujjatlar notarial arxivga topshirilishi lozim deb topilganda, ikki nusxada topshirish-qabul qilish dalolatnomasi tuziladi.
Dalolatnomada topshirilayotgan hujjatlar ro‘yxati to‘liq ko‘rsatilishi shart. Dalolatnoma ekspert komissiyasi a’zolari va notarial idorada rahbarlik qiluvchi notarius tomonidan imzolanadi hamda unga notariusning gerbli muhri qo‘yiladi.
57. Meros ishi bilan bog‘liq hujjatlar yig‘majildlari ular tasdiqlangan vaqtdan boshlab notarial arxivda 75 yil mobaynida saqlanadi.
12-bob. Yakuniy qoidalar
58. Murojaat qiluvchi notarial xizmatdan foydalanishdan uni ko‘rsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Murojaat qiluvchi notarial xizmatdan foydalanishdan bosh tortganda uning murojaati ko‘rmasdan qoldiriladi. Bunda, bitimni tasdiqlash uchun to‘langan to‘lovlar qaytariladi.
59. Notarius o‘z faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan murojaat qiluvchilar haqidagi ma’lumotlarning sir saqlanishini ta’minlashi kerak.
60. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari hamda Notarial palata va uning hududiy boshqarmalari ushbu Reglament talablari ijrosi bo‘yicha notarial faoliyat ustidan doimiy nazoratni va monitoringni amalga oshiradilar.
Oldingi tahrirga qarang.
61. Murojaat qiluvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
(61-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
62. Mazkur Reglament talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
(62-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Notariuslar tomonidan merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnomalar berishning ma’muriy reglamentiga
ILOVA
Merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnomalar berish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish
SXEMASI


Download 0.56 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling