1. Odil sudlov. Huquq-tartibotni muhofaza qilish. Adliya / Adliya organlari. Notariat. Yuridik xizmat]


Download 0.56 Mb.
bet3/6
Sana17.02.2023
Hajmi0.56 Mb.
#1205175
1   2   3   4   5   6
Bog'liq
726 18.11.2020

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Jismoniy yoki yuridik shaxs

1. Avtomototransport vositasini boshqa shaxsga o‘tkazish haqidagi bitimlarni tasdiqlash uchun notarial idoraga o‘zi kelib yoki elektron tizim (YIDXP yoki E-notarius.uz axborot portali) orqali murojaat qilish

1. Xohishiga ko‘ra.

2. Mazkur Reglamentda keltirilgan tegishli hujjatlarni notariusga taqdim qilish.

2. Murojaat qilinganda.

2-bosqich

Notarius

1. Murojaat qiluvchini qabul qilish, uning shaxsini, muomala va huquq layoqatini aniqlash.

1. Murojaat qiluvchi notarial idoraga kelganda.

2. Taqdim etilgan hujjatlarni o‘rganib chiqish, Tizim orqali taqiq yoki xatlov mavjud emasligini tekshirish.

2. Avtomatik tarzda.

3-bosqich

Notarius

1. Bitim loyihasini tayyorlash va loyihani bitim taraflariga o‘qib berish hamda bitim mazmunini taraflarga tushuntirish.
2. Bitim va bitim taraflari haqidagi ma’lumotlarni Tizimga kiritish.

Hujjatlar to‘liq o‘rganib chiqilganda 30 daqiqa ichida

5

4-bosqich

Jismoniy yoki yuridik shaxs

Notarial harakat uchun davlat boji, gerb yig‘imi hamda huquqiy va texnik tusdagi qo‘shimcha harakatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish.

To‘lov amalga oshirilgan vaqtda

5-bosqich

Notarius

To‘lov miqdori va tasdiqlash kodi kiritilgan “SMS” xabarnoma yuborish va xabarnomada keltirilgan tasdiqlash kodini Tizimga kiritish.

To‘lov amalga oshirilgan vaqtda

6-bosqich

Notarius

1. Avtomototransport vositasini boshqa shaxsga o‘tkazish haqidagi bitimni notarial tasdiqlash.
2. Avtomototransport vositasini boshqa shaxsga o‘tkazish haqidagi bitim to‘g‘risidagi ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi organlariga hisobga qo‘yish uchun Tizim orqali yuborish.

1 — 5-bosqichlar to‘liq amalga oshirilganda 15 daqiqa ichida

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-noyabrdagi 726-son qaroriga
3-ILOVA
Notariuslar tomonidan mol-mulkni garovga (ipotekaga) qo‘yish to‘g‘risidagi shartnomalarni tasdiqlashning
MA’MURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Reglament notariuslar tomonidan mol-mulkni garovga (ipotekaga) qo‘yish to‘g‘risidagi shartnomalarni (keyingi o‘rinlarda — shartnoma) tasdiqlash tartibini belgilaydi.
2. Notariuslar tomonidan shartnoma notarial idora binosida yoki murojaat qiluvchilarning talabiga ko‘ra sayyor tartibda rasmiylashtiriladi.
Shartnoma notarial idora binosidan tashqarida bajarilsa, hujjatning tasdiqlovchi yozuvida shartnoma rasmiylashtirilgan joyning manzili ko‘rsatiladi va shartnomani rasmiylashtirish hamda imzolash jarayoni majburiy audio va videoga qayd etiladi.
Shartnomani rasmiylashtirish jarayonini audio va videoda qayd etishda notarius va notarial harakatni amalga oshirishda ishtirok etuvchi shaxslar tasvirga to‘liq tushirilishi shart. Bunda, notarius tomonidan qanday turdagi notarial harakat amalga oshirilayotganligi, notarial harakat mazmuni, ahamiyati notarius tomonidan ovoz chiqarib taraflarga tushuntirib berilganligi hamda hujjat matni bilan taraflar to‘liq tanishganligi va ularning asl maqsadiga muvofiqligini tasdiqlagan holda imzolash hamda barmoq izlarini “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi (keyingi o‘rinlarda — Tizim)da skaner qilish jarayoni to‘liq audio va videoda qayd etilishi lozim.
3. “Notariat to‘g‘risida”gi Qonunning (keyingi o‘rinlarda — Qonun) 11-moddasiga asosan O‘zbekiston Respublikasida notarial harakatlar davlat tilida amalga oshiriladi. Rasmiylashtirilgan hujjat matni fuqarolarning talabiga binoan notarius tomonidan rus tilida yoki imkon bo‘lsa, boshqa maqbul tilda beriladi.
Agar shartnoma murojaat qilgan shaxs tushunmagan yoki yaxshi bilmagan tilda bajarilsa, unda hujjat matni notarius yoki murojaat qilgan shaxs taklif etgan tarjimon tomonidan og‘zaki tarjima qilinishi mumkin. Bu haqda hujjat matnida va tasdiqlovchi yozuvida kim tomonidan tarjima qilinganligi, shaxsini tasdiqlaydigan hujjatning nomi, uning raqami, berilgan sanasi va shu hujjatni bergan organning nomi hamda matn mazmuni tushuntirilganligi ko‘rsatilishi kerak. Bunday holda murojaat qilgan shaxs o‘zi biladigan tilda ismi, familiyasi, otasining ismini to‘liq yozib, imzo qo‘yadi.
4. Shartnomani tasdiqlash ushbu Reglamentga ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.
2-bob. Murojaat qilish tartibi
5. Murojaat qiluvchi shartnomani rasmiylashtirish uchun notarial idoraga o‘zi kelib murojaat qiladi yoki notarius xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yohud “E-notarius.uz” axborot portali orqali (keyingi o‘rinlarda — elektron tarmoq) ro‘yxatdan o‘tadi.
6. Notarius Tizim orqali kelib tushgan elektron murojaatlarni ko‘rib chiqishi va belgilangan muddatda murojaat qilgan shaxslarni qabul qilishi shart.
7. Murojaat qiluvchilar elektron tarmoq orqali notarius qabuliga navbatga yozilishni, shuningdek shartnoma rasmiylashtirilishi uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni jo‘natgan holda tegishli shartnoma loyihasining oldindan tayyorlab qo‘yilishini so‘rab murojaat qilishlari mumkin.
8. Murojaat qiluvchining elektron tarmoq orqali notarius qabuliga yozilish bo‘yicha yo‘llangan murojaatlari jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini navbatma-navbat qayd qilish elektron ro‘yxatiga avtomatik tarzda qayd qilinadi.
9. Murojaat qiluvchining elektron tarmoq orqali shartnoma rasmiylashtirilishi uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni oldindan jo‘natgan holda tegishli hujjatlarning tayyorlab qo‘yilishi bo‘yicha yo‘llangan murojaatlari ularning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangan bo‘lishi lozim.
Murojaat bo‘yicha shartnoma loyihasi notarius tomonidan belgilangan vaqtda oldindan tayyorlab qo‘yiladi.
10. Quyidagi hollarda shartnoma rasmiylashtirilishi uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni oldindan jo‘natgan holda tegishli hujjatlarning tayyorlab qo‘yilishi bo‘yicha elektron tarmoq orqali yo‘llangan murojaatlarni ko‘rib chiqish rad etiladi:
notarial harakat rasmiylashtirilishi uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar to‘g‘ri va to‘liq taqdim etilmagan bo‘lsa;
tegishli notarial harakat bo‘yicha mol-mulkka nisbatan taqiq (xatlov) mavjud bo‘lsa;
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi (keyingi o‘rinlarda — MIB) ma’lumotlar bazasi orqali qarzdorlik holati tekshirilishi lozim bo‘lgan hollarda qarzdorlik aniqlangan bo‘lsa;
manfaatdor shaxslarning arizalariga asosan notarial harakatlarni amalga oshirish kechiktirib yoki to‘xtatib turilgan bo‘lsa.
3-bob. Murojaat qiluvchini qabul qilish, uning shaxsini, muomala va huquq layoqatini aniqlash tartibi
11. Murojaat qiluvchi notarial idoraga bevosita o‘zi kelganda uni notarius yordamchisi qabul qiladi, notarius yordamchisi mavjud bo‘lmaganda kotib yoki notarius stajori, ular ham bo‘lmaganda notarius qabul qiladi va uning maqsadiga aniqlik kiritadi.
Bunda, notarius yordamchisi (kotib yoki notarius stajori) murojaat qiluvchini notarius qabuliga elektron navbatga yozib qo‘yadi va bu haqda notariusni xabardor qiladi, bundan notarius qabuliga navbatga yozilgan murojaat qiluvchilar mavjud bo‘lmagan hollar mustasno.
Oldingi tahrirga qarang.
12. Notarius shartnomani rasmiylashtirishni so‘rab murojaat qiluvchilarning (ularning qonuniy vakillarining, shuningdek vasiy va homiylarining) va yuridik shaxs vakillarining shaxsini aniqlaydi.
Shartnomani rasmiylashtirishni so‘rab murojaat qiluvchilarning shaxsi quyidagi hujjatlarga asosan aniqlanadi:
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari — O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining pasporti, haydovchilik guvohnomasi, ID-kartasi;
16 yoshga to‘lmagan fuqarolar — tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma;
harbiy xizmatchilar — harbiy qismlar va harbiy muassasalar qo‘mondonligi tomonidan beriladigan shaxsiy guvohnomalar yoki harbiy biletlar yoxud ID-kartalar (harbiy xizmatga majbur fuqarolarning harbiy bileti bundan mustasno);
Oldingi tahrirga qarang.
chet el fuqarolari — ularning milliy pasporti (qonunchilik hujjatlariga muvofiq chet el fuqarolari tegishli ichki ishlar organlari tomonidan ro‘yxatga olinishi lozim) yoki O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi, ID-kartasi yoxud diplomatik pasporti yoki O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilinganligini tasdiqlovchi akkreditatsiya kartochkasi;
(12-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
xorijda doimiy yashayotgan va konsullik ro‘yxatida turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari — O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasporti;
fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun — O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi yoki ID-karta.
Shartnomani rasmiylashtirishni so‘rab murojaat qilgan fuqaroning shaxsini hamda yuridik shaxsning huquq layoqatini aniqlashda notarius tegishli axborot resurslaridan foydalanadi.
(12-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-iyuldagi 464-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.07.2021-y., 09/21/464/0710-son)
13. Notarius shartnomani rasmiylashtirishni so‘rab murojaat etgan jismoniy shaxsning muomala layoqatini u bilan shaxsiy muloqot davomida aniqlaydi.
14. Notariusga murojaat etgan shaxsning ruhiy holati buzilganligi yoki aqli zaifligi oqibatida o‘z xatti-harakatlarining ahamiyatini tushuna olmaydi yoki shu harakatlarni boshqara olmaydi deb yoxud spirtli ichimliklarni yoki giyohvandlik va psixotrop moddalarni iste’mol qilishi oqibatida o‘z oilasini og‘ir moddiy ahvolga solib qo‘yadi deb hisoblash uchun asosi bo‘lsada (shubha tug‘dirsada), ammo shu fuqaroning muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklanganligi to‘g‘risida ma’lumotlar bo‘lmasa, u notarial harakatni amalga oshirishni kechiktiradi va sudning shu shaxsni muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topganligi to‘g‘risidagi qarori mavjud yoki mavjud emasligini Tizim orqali tekshiradi.
Notarius shartnomani rasmiylashtirishda ishtirok etuvchi shaxslarning bosim yoki kuchli ruhiy hayajonlanish ostida deb hisoblash uchun asosi bo‘lsa (shubha tug‘dirsa) notarial harakatni amalga oshirishni kechiktiradi va zarur hollarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar beradi.
Agar mazkur shaxs sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa, notarius notarial harakatni amalga oshirishni rad etish haqida qaror chiqaradi. Notarius ushbu qarordan norozi tomonning sudga murojaat qilish huquqini tushuntirishi lozim.
Agar mazkur shaxs sud tomonidan muomala layoqati cheklangan deb topilgan bo‘lsa, notarius notarial harakatni amalga oshirishda muomala layoqati cheklangan shaxs homiysining yozma roziligini talab etadi. Bunda, homiyning roziligi shartnomani to‘g‘ridan to‘g‘ri imzolash yoki alohida ariza taqdim etish ko‘rinishida bo‘lishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
15. Yuridik shaxslar ishtirokidagi shartnomalarni rasmiylashtirishda notarius tomonidan ularning huquq layoqati tekshiriladi. Yuridik shaxslarning huquq layoqatini tekshirish paytida yuridik shaxsning ta’sis hujjatlari bilan tanishib chiqishi, shuningdek u qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligini hamda amalga oshirilayotgan notarial harakatlar ularning ta’sis hujjatlariga muvofiq yoki muvofiq emasligini Tizim orqali tekshirishi shart.
(15-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Yuridik shaxsning ta’sis hujjatlari va yuridik shaxsning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomasi Tizim orqali chop etiladi va hujjatlar yig‘majildiga tikiladi.
16. Shartnoma vakil tomonidan tuzilgan taqdirda, uning vakolati tekshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Vakilning vakolati uning nomiga berilgan ishonchnoma va (yoki) vakolatini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar (qaror, umumiy majlis bayonnomasi, kuzatuv kengashining qarori, buyruq va h.k.) bilan tasdiqlanadi. Bunda vakolat beruvchi jismoniy shaxslarning o‘lim haqida dalolatnoma yozuvi qayd etilmaganligi “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali tekshirilib, Tizim orqali chop etiladi va hujjatlar yig‘majildiga tikiladi.
(16-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-iyuldagi 464-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.07.2021-y., 09/21/464/0710-son)
Notarius ta’sis hujjati bo‘yicha shartnomalar tuzish huquqiga ega bo‘lgan yuridik shaxslarning rahbarlaridan shartnomalar va boshqa harakatlarni bajarish uchun ishonchnoma talab qilmaydi. Bunday hollarda ularning mansab mavqeyini tasdiqlovchi hujjat talab qilinadi.
Vakil tomonidan taqdim etilgan ishonchnoma shubha tug‘dirgan taqdirda, notarius uni tasdiqlagan tegishli mansabdor shaxs (tashkilot) orqali tegishli ravishda tekshirishi lozim. Notarial tasdiqlangan ishonchnomaning bekor bo‘lgan yoki bo‘lmaganligi haqidagi ma’lumot Tizim orqali tekshiriladi.
4-bob. Voyaga yetmagan, muomala layoqati cheklangan va muomalaga layoqatsiz shaxslar ishtirokida shartnomani tasdiqlash tartibi
17. O‘n to‘rt yoshga to‘lmagan voyaga yetmaganlar (kichik yoshdagi bolalar) uchun shartnomani ularning nomidan faqat ota-onasi, farzandlikka oluvchilari yoki vasiylari tuzishi mumkin.
Vasiylik sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslarga nisbatan ham belgilanadi. Muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro nomidan shartnomalarni uning vasiysi amalga oshiradi.
O‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlar shartnomalarni o‘z ota-onalari, farzandlikka oluvchilari yoki homiylarining yozma roziligi bilan tuzadilar. Bunday shartnomalarni tuzishda ota-onaning har ikkisining roziligi talab qilinadi. Bunda ota-onaning roziligi shartnomani to‘g‘ridan to‘g‘ri imzolash yoki alohida ariza taqdim etish ko‘rinishida bo‘lishi mumkin.
Homiylik sud tomonidan muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslarga nisbatan ham belgilanadi. Muomalaga layoqati cheklangan deb topilgan fuqaro shartnomalarni homiyning yozma roziligi bilangina amalga oshiradi. Bunda homiyning roziligi shartnomani to‘g‘ridan to‘g‘ri imzolash yoki alohida ariza taqdim etish ko‘rinishida bo‘lishi mumkin.
Vasiy va homiy, ularning eri (xotini) va yaqin qarindoshlari vasiylik va homiylikdagi shaxs bilan shartnomalar tuzishga, shuningdek vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs bilan vasiy yoki homiyning eri (xotini) va yaqin qarindoshlari o‘rtasidagi sud ishlarini yuritishda vasiylik yoki homiylikdagi shaxsning vakili bo‘lishga haqli emas.
Ota-onalar, farzandlikka oluvchilar, homiylik va vasiylik qiluvchilar qandaydir sabablarga ko‘ra (xizmat safarida bo‘lish, boshqa joyda yashashi va h.k.) shartnomani tasdiqlashga rozilik bera olmasalar, shartnoma vasiylik va homiylik organi vakilining ishtirokida tasdiqlanishi mumkin. Bu holda “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 37-moddasi talablariga rioya etiladi.
Ota-ona vafot etganda, ota-onalik huquqidan mahrum etilganda, ularning ota-onalik huquqi cheklanganda, ular muomalaga layoqatsiz deb topilganda, kasal bo‘lganda, uzoq muddat bo‘lmaganda, ota-ona bolalarni tarbiyalash yoki ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdan bo‘yin tovlaganda, shu jumladan ota-ona tarbiya, davolash, aholini ijtimoiy himoyalash muassasalari va shunga o‘xshash boshqa muassasalardagi bolasini olishdan bosh tortganda, shuningdek ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan boshqa hollarda bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish vasiylik va homiylik organlari zimmasiga yuklatiladi.
Vasiylar vasiylik va homiylik organlarining ruxsati bilan vasiylikdagi shaxs nomidan shartnoma tuzishga haqli.
Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs nomidan ishonchnoma berilgan taqdirda ham vasiylik va homiylik organining ruxsati talab etiladi.
5-bob. Kar-soqovlik nuqsoni va ko‘zi ojiz bo‘lgan shaxslar ishtirokida shartnomani tasdiqlash tartibi
18. Shartnomani rasmiylashtirishni so‘rab kar-soqovlik nuqsoni (kar-soqov, kar, qulog‘i og‘ir, zaif eshituvchi), ko‘zi ojiz (ko‘r, zaif ko‘ruvchi) bo‘lgan shaxs murojaat qilsa hamda u savodsiz bo‘lsa, shartnomani tasdiqlash paytida u bilan muomala qila oladigan va shartnomaning mazmunini uning xohish-irodasiga muvofiq ekanligini o‘z imzosi bilan tasdiqlovchi surdo yoki tiflo tarjimon hozir bo‘lishi shart.
Agarda notarius kar-soqovlik nuqsoni (kar-soqov, kar, qulog‘i og‘ir, zaif eshituvchi) bo‘lgan fuqarolar bilan muloqot qila olsa va ko‘zi ojiz (ko‘r, zaif ko‘ruvchi) fuqaro uchun mo‘ljallangan moslama bilan ishlay olsa, unda surdo yoki tiflo tarjimonning ishtiroki talab etilmaydi. Bu holatda notarius o‘zi tomonidan jismoniy nuqsoni mavjud bo‘lgan fuqarolar bilan shaxsan muloqot qilganligi haqida shartnoma matni va tasdiqlovchi yozuvida yozib qo‘yadi.
Murojaat qiluvchi shartnomani o‘z qo‘li bilan imzolay olmasa, shartnoma uning topshirig‘iga ko‘ra uning o‘zi va notarius hozirligida boshqa fuqaro tomonidan imzolanishi mumkin. Bunda, notarial harakatni amalga oshirishni so‘rab murojaat qilgan fuqaroning hujjatni o‘z qo‘li bilan imzolay olmaganligi sabablari hujjat matniga va tasdiqlovchi yozuvga yozib qo‘yilishi lozim.
Notarius mazkur harakatlarni amalga oshirishda hujjatni imzolagan fuqaroning, surdo yoki tiflo tarjimonning imzosi haqiqiyligini shahodatlashni alohida notarial harakat sifatida ro‘yxatga olmaydi.
Bir shaxs hujjatni imzolovchi fuqaro, surdo yoki tiflo tarjimon sifatida notarial harakatni amalga oshirishda ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Surdo tarjimonning vakolati unga O‘zbekiston Respublikasi karlar jamiyati tomonidan va tiflo tarjimonning vakolati unga O‘zbekiston Respublikasi ko‘zi ojizlar jamiyati tomonidan berilgan ishonchnoma va xizmat guvohnomasi orqali aniqlanadi.
Kar-soqovlik nuqsoni (kar-soqov, kar, qulog‘i og‘ir, zaif eshituvchi) bo‘lgan hamda muomala layoqatiga ega savodli fuqaro notarial harakatlarni amalga oshirishni so‘rab murojaat qilsa, shartnoma uning o‘zi tomonidan va surdo tarjimon tomonidan imzolanishi mumkin.
Kar-soqovlik nuqsoni (kar-soqov, kar, qulog‘i og‘ir, zaif eshituvchi) bo‘lgan, muomala layoqatiga ega bo‘lgan, biroq surdo tarjimon bilan muloqot qila olmaydigan savodli fuqaro o‘z imzosi bilan shartnoma mazmuni o‘zining xohish-irodasiga muvofiq ekanligini notarius bilan yozma ravishda bildiradigan bo‘lsa, notarial harakatlarni amalga oshirishda surdo tarjimonning ishtiroki shart emas. Ushbu yozishmalar shartnoma bilan birga tikib qo‘yiladi.
Mazkur bandda belgilangan tartibda shartnomani imzolash jarayoni audio va videoyozuv vositalaridan foydalanilgan holda amalga oshiriladi.
Agar notarial harakatni amalga oshirishni so‘rab murojaat qilgan fuqaro savodsiz, ko‘zi ojiz (ko‘r, zaif ko‘ruvchi) bo‘lsa yoki qandaydir sabablar tufayli ko‘zi yaxshi ko‘ra olmasa, shuningdek kasalligi tufayli shartnomani o‘qiy olmasa, notarius unga hujjat matnini ovoz chiqarib o‘qib beradi va bu haqda hujjat matnida va tasdiqlovchi yozuvda qayd etadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Tarjimon yoki surdo tarjimon yoxud tiflo tarjimon hujjat tarjimasini noto‘g‘ri yoki yolg‘on tarjima qilganligi uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortilishlari haqida notarius tomonidan ogohlantiriladi va bu haqda hujjat matnida ko‘rsatiladi.
(18-bandning o‘n birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
6-bob. Shartnomani tasdiqlash uchun talab etiladigan hujjatlar va ularni ko‘rib chiqish tartibi
19. Shartnomani tasdiqlash uchun notarius quyidagilarni talab qiladi:
garov (ipoteka) narsasiga nisbatan mulk huquqini tasdiqlovchi hujjat;
kadastr ma’lumotnomasi (ko‘chmas mulklar uchun);
asosiy majburiyat haqidagi shartnoma (kredit yoki qarz shartnomasi, mahsulot yetkazib berish, kontraktatsiya, transport ekspeditsiyasi va boshqalar) nusxasi;
garovga (ipotekaga) qo‘yilgan mol-mulkning garovga oluvchi va garovga qo‘yuvchi bilan birgalikdagi tuzilgan baholash dalolatnomasi yoki baholovchi tashkilotning xulosasi;
garovga (ipotekaga) qo‘yilayotgan mol-mulk umumiy mol-mulkni (er-xotinning birgalikdagi mulki) tashkil etsa, barcha mulkdorlarning (er-xotinning) notarius, Qonunning 26-moddasida sanab o‘tilgan mansabdor shaxslar yoki O‘zbekiston Respublikasi konsullik muassasalarining konsullari tomonidan shahodatlantirilgan rozilik arizalari;
ipotekaga qo‘yilayotgan mol-mulk xususiylashtirilgan turar joy bo‘lsa O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy organlaridan (Toshkent shahrida — “Toshkent shahar uy-joylarga davlat orderlari va ma’lumotnomalar berish markazi” davlat unitar korxonasidan) olingan turar joyni xususiylashtirishga rozilik bergan shaxslar to‘g‘risida ma’lumotnoma;
xususiylashtirishda qatnashib rozilik bergan shaxslarning notarius, Qonunning 26-moddasida sanab o‘tilgan mansabdor shaxslar yoki O‘zbekiston Respublikasi konsullik muassasalarining konsullari tomonidan shahodatlantirilgan rozilik arizalari;
vasiylikdagi shaxsga qarashli bo‘lgan ko‘chmas mulk bir yildan ortiq bo‘lmagan muddatga garovga berilganda, vasiylik va homiylik organlarining roziligi;
garov (ipoteka) narsasi ashyoviy huquq bo‘lgan (operativ boshqaruv huquqi, meros qilib qoldiriladigan yer uchastkasiga umrbod egalik qilish huquqi, yer uchastkasiga doimiy egalik qilish va undan foydalanish huquqi, servitutlar va h.k.) holatda mulkdorning roziligi, qonunda va shartnomada nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Mazkur bandning uchinchi va yettinchi xatboshilarida nazarda tutilgan ma’lumotnoma notarius tomonidan kuryerlik xizmatidan foydalangan holda yoki idoralararo elektron hamkorlik yo‘li bilan Tizim orqali avtomatik tarzda olinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Notarius tomonidan mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlar talab qilib olinib o‘rganilgandan so‘ng, idoralararo elektron hamkorlik yo‘li bilan avtomatik tarzda MIB ma’lumotlar bazasi orqali jismoniy va yuridik shaxslarning ijro hujjatlari bo‘yicha qarzdorligi mavjud emasligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar olinadi. Bunda, tekshirish o‘tkazilgan sana va vaqti ko‘rsatilgan hamda maxsus QR-kodga ega bo‘lgan tekshirish natijalari to‘g‘risidagi ko‘chirma chop etiladi va tegishli hujjatlar yig‘majildi bilan birga tikiladi.
(19-bandning o‘n ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-iyuldagi 464-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.07.2021-y., 09/21/464/0710-son)
Notarial harakatni amalga oshirish uchun notarius tomonidan talab qilib olingan yuridik shaxslarning ta’sis hujjatlarning, ular vakillarining vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlarning (aniq shartnomani tuzish uchun berilgan ishonchnomalardan tashqari) asl nusxalari notarial idorada olib qolinmaydi.
Yuqorida ko‘rsatilgan hujjatlarning nusxalari ularga notariusning “asliga to‘g‘ri” degan ustxati yozilib, olib qolinadi.
20. Notariuslar tomonidan shartnomani tasdiqlash uchun taqdim etilgan hujjatlar quyidagi hollarda qabul qilinmaydi:
qirib o‘chirilgan yoki qo‘shimchalar kiritilgan, so‘zlari ustidan chizilgan va izoh berilmagan boshqa tuzatishlari bo‘lgan, shuningdek qalamda yozilgan hujjatlar;
bir necha varaqlarda bayon etilib, varaqlari raqamlanmagan va ip o‘tkazib tikilmagan hujjatlar, hujjatni bergan tashkilot mansabdor shaxsining imzosi va muhri bo‘lmagan hujjatlar;
faksimile imzo muhri qo‘yilgan hujjatlar.
21. Taqdim etilgan hujjatning aynanligiga shubha tug‘ilsa, notarius bu hujjatni olib qolib, uni ekspertizaga yuborishga haqlidir.
Notarius hujjatni ekspertizaga yuborish to‘g‘risida qaror chiqaradi va unda qaror chiqarilgan sana, qaror chiqargan notariusning familiyasi, ismi va otasining ismi, notarial idoraning nomi, hujjatning nomi, u kimning nomiga berilganligi, notarial harakatni amalga oshirish uchun hujjat kim tomonidan taqdim etilganligi (familiyasi, ismi, otasining ismi, turar joyi va shaxsini tasdiqlovchi hujjat, yuridik shaxs bo‘lsa uning nomi va joylashgan eri (pochta manzili), STIR, hujjatni ekspertizaga yuborish zaruratini keltirib chiqargan holatlar, hujjat ekspertiza qilinishi uchun qayerga (qaysi ekspertiza muassasasiga) yuborilayotganligi va ekspertiza hal etishi uchun qo‘yilayotgan savollar ko‘rsatiladi.
Notarius o‘z tashabbusi bilan yoki manfaatdor shaxslarning iltimosiga ko‘ra notarial tasdiqlab berilgan hujjatning barcha nusxalariga uning mohiyatini o‘zgartirmaydigan qo‘shimchalarni kiritishi yoki uning aniq arifmetik xatolarinigina tuzatishi mumkin.
22. Notarius amalga oshirilayotgan shartnomaning o‘zi yoki boshqa notarial idora tomonidan manfaatdor shaxslarning arizalariga asosan notarial harakatlarni amalga oshirishni kechiktirilganligi yoki to‘xtatib turilganligi haqidagi ma’lumotlarni Tizim orqali tekshiradi.
23. Shartnomani tasdiqlashda notarius garov (ipoteka) narsasi boshqa shaxsga o‘tkazish taqiqlanmaganligi va (yoki) xatlanmaganligi Tizim orqali tekshiriladi. Bunda, mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish taqiqlanmaganligi yoki xatlanmaganligi haqidagi ma’lumotnoma chop etiladi va tegishli hujjatlar yig‘majildi bilan birga tikiladi.
24. Agarda garovga (ipotekaga) qo‘yuvchiga tegishli bo‘lgan mol-mulkka nisbatan taqiq mavjud bo‘lsa, shartnomani rasmiylashtirishda kreditorning roziligi olinadi.
7-bob. Shartnoma loyihasini tayyorlash tartibi
25. Mazkur Reglamentning 5 — 24-bandlarida keltirilgan tegishli hujjatlar talab qilib olingan va ma’lumotlar tekshirilganidan so‘ng notarius, notarius yordamchisi, stajori yoki kotibi tomonidan shartnoma loyihasi tayyorlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Shartnoma loyihasi jismoniy yoki yuridik shaxslar tomonidan mustaqil tayyorlangan va notariusga taqdim etilgan hollarda esa notarius shartnoma loyihasining qonunchilik hujjatlariga muvofiqligini tekshiradi.
(25-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan taqdim qilingan shartnomaning loyihasi yoki notarial idorada tuziladigan shartnomaning loyihasi qonunchilik hujjatlariga zid bo‘lmasligi lozim.
(25-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
26. Shartnoma matni aniq va ravshan yozilgan bo‘lishi lozim, hujjatning mazmuniga taalluqli sana va muddatlar hech bo‘lmaganda bir marta so‘z bilan, hujjatning matnida baholar ko‘rsatilsa, raqam hamda so‘z bilan yozilishi, yuridik shaxslarning nomlari esa — ularning organlari joylashgan yerlarini (pochta manzilini) ko‘rsatgan holda qisqartirishlarsiz yozilishi, zarur hollarda esa bankdagi hisob raqam va soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (keyingi o‘rinlarda — STIR) ko‘rsatilishi lozim. Fuqarolarning familiyasi, ismi, otasining ismi, doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan (propiska qilingan) manzili to‘liq ko‘rsatilgan holda yozilishi, notarial harakatlarni amalga oshirishda chet el fuqarolari qatnashayotgan bo‘lsa, ularning fuqaroligi ham ko‘rsatib o‘tilishi kerak.
Bunda shartnomaning mazmuni Tizimga aniq va to‘liq kiritilishi hamda taraflarga tushuntirilishi lozim.
27. Shartnomada quyidagilar ko‘rsatiladi:
u qanday shartnoma ekanligi (shartnomaning nomi);
shartnoma tasdiqlangan notarial idoraning nomi va joylashgan eri (pochta manzili) va notariusning ismi, familiyasi, otasining ismi;
garovga (ipotekaga) oluvchi bilan garovga (ipotekaga) qo‘yuvchi haqidagi to‘liq ma’lumot, jumladan, taraflar yoki ularning vakillarining familiyasi, ismi, otasining ismi, manzili (ishonchnoma berilgan sana, uning raqami, kim tomonidan berilganligi va tasdiqlanganligi) hamda shaxsni tasdiqlovchi hujjatdagi ma’lumotlar;
turgan joyi va identifikatsiya qilish uchun yetarlicha tavsifi ko‘rsatilgan holda ipoteka narsasi, uning bahosi, mohiyati, miqdori, ipoteka bilan ta’minlanadigan majburiyatni bajarish muddati va ipotekaga qo‘yilgan mol-mulk taraflarning qaysi birida turganligi;
garov (ipoteka) narsasi bo‘lgan mol-mulk garovga (ipotekaga) qo‘yuvchiga qaysi huquqqa ko‘ra tegishli ekanligi va garovga (ipotekaga) qo‘yuvchining bu huquqini ro‘yxatdan o‘tkazgan yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri sohasidagi vakolatli organ nomi;
agar garov (ipoteka) narsasi garovga (ipotekaga) qo‘yuvchiga ijara huquqi asosida tegishli bo‘lsa, ijara muddati;
garov (ipoteka) narsasining baholanganligi haqidagi ma’lumot;
garov (ipoteka) bilan ta’minlanadigan majburiyat, uning summasi, vujudga kelish asoslari va bajarilish muddati. Bu majburiyat biron-bir boshqa shartnomaga asoslangan hollarda esa, mazkur shartnomaning taraflari, tuzilgan sanasi va joyi;
agar garov (ipoteka) bilan ta’minlanadigan majburiyat summasi kelgusida aniqlanishi lozim bo‘lsa, garov (ipoteka) bilan ta’minlanadigan majburiyat summasini aniqlash tartibi va boshqa zarur shartlar;
agar garov (ipoteka) bilan ta’minlanadigan majburiyat qismlarga bo‘lib bajarilishi lozim bo‘lsa, tegishli to‘lovlarning muddatlari (davriyligi) va ularning miqdorlari yoki bu miqdorlarni aniqlash imkoniyatini beradigan shartlar;
majburiyat ko‘rsatilgan muddatda bajarilmasligining oqibatlari;
garov (ipoteka) narsasining navbatdagi garovga (ipotekaga) qo‘yilgan yoki qo‘yilmaganligi, boshqa shaxsga o‘tkazish taqiqlanmaganligi va xatlanmaganligi;
garovga (ipotekaga) qo‘yuvchi bilan garovga (ipotekaga) oluvchilarning huquq va majburiyatlari;
shartnoma davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran tuzilgan deb hisoblanishi haqida ma’lumot;
shartnoma nusxalarining soni;
notariusning shartnomani tasdiqlaganligi haqida tasdiqlovchi yozuv;
taraflar kelishuvga erishgan boshqa ma’lumotlar;
shartnomaning mazmuni, ahamiyati notarius tomonidan tushuntirilganligi, shartnoma matni bilan taraflar to‘liq tanishganligi va taraflarning asl maqsadiga muvofiq kelishi.
Ko‘chmas mulk va avtomototransport vositalari bilan bog‘liq shartnomalarning tasdiqlovchi yozuvida gerbli (maxsus) blankaning (blankalarning) seriyasi, tartib raqami va hududiy kodi ko‘rsatilishi lozim.
Qonunda nazarda tutilgan hollarda undiruvni ipotekaga qo‘yilgan mol-mulkka qaratish notarial tartibda tasdiqlangan kelishuv asosida hal etilishi haqidagi ma’lumot ham ushbu shartnoma matnida ko‘rsatib o‘tilishi lozim.
28. Shartnoma Tizimga kiritiladi hamda har bir shartnoma alohida tartib raqami bilan ro‘yxatga olinadi va notarius tomonidan tasdiqlanadigan yoki beriladigan hujjatning tasdiqlovchi yozuvda ko‘rsatiladi.
Tizimdagi tartib raqamlari har bir kalendar yil boshida birinchi tartib raqamidan boshlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
29. Shartnomani rasmiylashtirishda Tizimga quyidagi shaxslarning jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (keyingi o‘rinlarda — JSh ShIR) kiritilishi shart:
O‘zbekiston Respublikasining biometrik pasportga yoki ID-kartaga ega bo‘lgan fuqarolari;
O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga yoki ID-kartaga ega bo‘lgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar;
JSh ShIR mavjud bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi hududida vaqtincha (doimiy) yashayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar;
JSh ShIR mavjud bo‘lgan 16 yoshga to‘lmagan fuqarolar.
16 yoshga to‘lmagan fuqarolarda JSh ShIR mavjud bo‘lmaganda Tizimga ularning tug‘ilganlik haqida guvohnomasining seriyasi va raqami kiritiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Mazkur band talablari qonunchilik hujjatlariga muvofiq yashash guvohnomasisiz va doimiy propiskasiz O‘zbekiston Respublikasi hududidan ko‘chmas mulk sotib olish huquqiga ega bo‘lgan chet el fuqarolariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
(29-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Yuridik shaxsning STIRi Tizimga kiritilishi shart.
(29-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-iyuldagi 464-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.07.2021-y., 09/21/464/0710-son)
30. Shartnomani tasdiqlashda notarius garovga (ipotekaga) qo‘yilgan mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazishga taqiq qo‘yadi.
31. Garov narsasini almashtirish zaruriyati tug‘ilgan hollarda, garov narsasi garovga (ipotekaga) oluvchining roziligi bilan almashtiriladi. Notarius garovga (ipotekaga) oluvchining garov narsasini almashtirishga roziligi haqidagi yuridik shaxsning yozma shakldagi xabarnomasi (boshqa tegishli hujjatlar), jismoniy shaxsning arizasi asosida garov narsasini almashtirish to‘g‘risida kelishuv bitimini tasdiqlaydi.
Garov bilan ta’minlanadigan majburiyatning bajarilish muddatini uzaytirish munosabati bilan garov (ipoteka) shartnomasiga o‘zgartirish kiritish haqida ham kelishuv bitim tuziladi.
8-bob. Shartnomani tasdiqlash uchun to‘lovlarni amalga oshirish tartibi
32. Shartnomani tasdiqlashda notarius tomonidan “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni bilan tasdiqlangan Davlat boji stavkalarining miqdorlariga asosan davlat boji va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilanadigan Notariuslar tomonidan amalga oshiriladigan huquqiy va texnik tusdagi qo‘shimcha harakatlar uchun undiriladigan to‘lovlar miqdorlari doirasida huquqiy va texnik tusdagi qo‘shimcha harakatlar amalga oshirilganligi uchun haq undiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Shartnoma gerbli maxsus blankada chop etilgan hollarda qonunchilik hujjatlariga muvofiq gerb yig‘imi undiriladi.
(32-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Tasdiqlanayotgan shartnoma, shu jumladan shartnomani tasdiqlash uchun murojaat qilgan shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlar Tizimga to‘liq kiritilganidan so‘ng notarial harakat uchun undiriladigan to‘lovlar miqdori Tizimda avtomatik ravishda hisoblanadi.
Shartnoma loyihasi taraflarga o‘qib tanishib chiqish uchun taqdim etilgandan keyin Tizim orqali to‘lov kvitansiyalari (invoys) shartnomani tasdiqlash uchun murojaat qilgan shaxsga chiqarib beriladi hamda uning Tizimga kiritilgan mobil telefoni raqamiga to‘lovlarning miqdori, notarial harakatni tasdiqlash kodi hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining “ishonch telefoni” raqami ko‘rsatilgan SMS xabar yo‘llanadi.
Notarial harakatni amalga oshirish uchun murojaat qilgan shaxsning mobil telefoni mavjud bo‘lmaganda, istisno tariqasida, Tizimga u tomonidan ko‘rsatilgan, notarial idoraga birga kelgan boshqa shaxsning mobil telefoni raqamini, agar faqat o‘zi kelgan bo‘lsa, notariusning mobil telefoni raqamini kiritishga ruxsat etiladi.
Shartnoma to‘lovlar amalga oshirilganligi haqidagi ma’lumotlar Tizimga kelib tushgandan hamda notarial harakatni amalga oshirish uchun murojaat qilgan shaxs notarial harakatni tasdiqlash kodini notariusga berganidan so‘ng tasdiqlanadi.
To‘lovlar amalga oshirilganligi haqidagi ma’lumot (invoys) Tizim orqali chop etiladi va hujjatlar yig‘majildiga tikiladi.
9-bob. Shartnomani taraflar tomonidan imzolash tartibi
33. To‘lovlar amalga oshirilib, shartnoma loyihasi to‘liq tayyor bo‘lgandan so‘ng, taraflar shartnomani imzolash uchun notarius huzuriga bir vaqtda taklif etiladi.
34. Shartnoma loyihasi taraflarga o‘qib tanishib chiqish uchun taqdim etiladi.
Agar notarial harakatni amalga oshirishni so‘rab murojaat qilgan fuqaro savodsiz, ko‘zi ojiz bo‘lsa yoki qandaydir sabablar tufayli ko‘zi yaxshi ko‘ra olmasa, shuningdek kasalligi tufayli shartnomani o‘qiy olmasa, notarius unga hujjat matnini ovoz chiqarib o‘qib beradi va bu haqda hujjat matnida va tasdiqlovchi yozuvda qayd etadi.
35. Shartnomaning barcha nusxalarini taraflar (ularning qonuniy vakili, vasiy yoki homiysi) familiyasi, ismi va otasining ismini to‘liq yozib notarius ishtirokida shaxsan imzolaydilar.
Agar fuqaro jismoniy nuqsoni, kasalligi, savodsizligi tufayli yoki qandaydir boshqa sabablarga ko‘ra shartnomani o‘z qo‘li bilan imzolay olmasa, shartnomani uning topshirig‘iga ko‘ra uning o‘zi va notarius hozirligida boshqa fuqaro imzolashi mumkin, bunda notarial harakatni amalga oshirishni so‘rab murojaat qilgan fuqaroning hujjatni o‘z qo‘li bilan imzolay olmaganligi sabablari hujjat matniga va tasdiqlovchi yozuvga yozib qo‘yilishi lozim. Bunday hollarda notarial harakatlarni amalga oshirish chog‘ida audio va videoyozuv vositalaridan foydalaniladi.
Fuqaro jismoniy nuqsoni, kasalligi tufayli yoki qandaydir boshqa sabablarga ko‘ra shartnomani o‘z qo‘li bilan imzolay olmaganida, shartnomani uning topshirig‘iga ko‘ra imzolagan fuqaro, hujjatni tarjima qilib bergan tarjimon (surdo yoki tiflo tarjimon) va boshqalar ham o‘zlariga ma’lum bo‘lgan axborotlarni oshkor qilishi taqiqlanadi.
36. Taraflarning kamida ikkita barmoqlari izlari maxsus moslamalarda skaner qilinadi.
Agar murojaat etuvchining jismoniy nuqsoni (barmoqlarning yo‘qligi, barmoq izlari yo‘qolganligi va boshqa) sababli maxsus moslamalarda ularning barmoq izlarini skaner qilish imkoniyati mavjud bo‘lmasa notarial harakatlarni imzolash jarayoni majburiy audio va videoyozuv vositalarida qayd etiladi hamda bu haqida shartnomaning tasdiqlovchi yozuvida qayd etiladi.
37. Shartnomaning barcha nusxalariga notarius tegishli tasdiqlovchi yozuvni yozib, Tizimda qayd qilingan tartib raqamini, undirilgan to‘lovlar (davlat boji, gerb yig‘imi hamda huquqiy va texnik tusdagi qo‘shimcha harakatlar amalga oshirilganligi uchun haq) miqdorini ko‘rsatib imzolaydi va muhrini qo‘yadi.
38. Shartnoma bir necha alohida varaqlarda bayon etilgan taqdirda, ular maxsus teshik ochgich (lyuvers) yordamida teshgan holda ip o‘tkazib tikiladi, varaqlari esa raqamlanadi, hujjatning oxirgi varag‘i yorliq bilan yelimlangan holda notariusning imzosi bilan tasdiqlanib, notarial idoraning muhri bosiladi.
10-bob. Shartnomani videokonferensaloqa rejimida tasdiqlash tartibi
39. Taraflar turli hududlarda joylashgan notarial idorada masofadan turib videokonferensaloqa rejimida shartnomani notarial tasdiqlashi mumkin va bunday shartnoma ularning birgalikdagi ishtirokisiz amalga oshirilayotgan bo‘lsa, bir vaqtning o‘zida taraflar notariuslar huzurida bo‘lishi shart.
Mazkur tartib asosida barcha turdagi shartnomalarni tasdiqlash mumkin. Bu kabi shartnomalarni tasdiqlashda tegishliligiga qarab bitimlarni tasdiqlashning umumiy qoidalari qo‘llaniladi.
Shartnomani notarial tasdiqlash taraflarning tegishli notariusga beriladigan arizasiga asosan amalga oshiriladi va ariza notarial tartibda shahodatlantirilmaydi.
Bunda shartnomaning birinchi tarafi murojaat qilgan notarius quyidagi harakatlarni amalga oshiradi:
shartnomaning birinchi tarafi tomonidan taqdim qilingan mulk huquqini tasdiqlovchi hujjat, shaxsini tasdiqlovchi (shartnomaning ikkinchi va (yoki) uchinchi tarafining shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi) va boshqa hujjatlarning qonuniyligini o‘rganib chiqadi;
videokonferensaloqa orqali shartnomani tasdiqlashda tegishli shartnoma kartochkasini yaratadi va ma’lumotlarni Tizimga kiritadi;
shartnomaning birinchi tarafi bilan o‘zaro muloqotda notarius tomonidan qanday turdagi shartnoma tuzilayotganligini, shartnomaning mazmun-mohiyati va ahamiyatini tushuntiradi, ushbu shartnoma mazmuni taraflarning asl maqsadiga mos kelish-kelmasligini va qonun talablariga zid kelish-kelmasligini tekshiradi hamda hujjat matni bilan taraflar to‘liq tanishib, notarius tomonidan ovoz chiqarib o‘qib berilgan holda shartnomaning birinchi tarafi tomonidan imzolanadi hamda barmoq izlarini skaner qilish jarayonini videokonferensaloqa orqali Tizimda to‘liq qayd etadi;
taraflar hamda ularning o‘zaro kelishilgan boshqa shartlari haqidagi ma’lumotlar asosida shartnoma loyihasini elektron shaklda tuzadi;
Tizimda joylashtirilgan shartnoma loyihasini chop etadi va shartnomaning tegishli qismiga shartnomaning birinchi tarafiga imzo qo‘ydiradi hamda barmoq izlarini skaner qilish jarayonini videokonferensaloqa orqali Tizimda to‘liq qayd etadi va shartnoma bilan birga saqlaydi.
Shartnomada tasdiqlovchi yozuv ko‘rsatilishi lozim.
Misol:
Men Toshkent viloyati, Nurafshon shahar, Tinchlik ko‘chasi, 1-uyda joylashgan, Nurafshon shahar 1-son davlat notarial idorasining notariusi R.G.V., fuqaro B.A.G.ning mening huzurimda qo‘ygan imzosini haqiqiyligini shahodatlayman.
Garovga (ipotekaga) qo‘yuvchining shaxsi aniqlandi, muomalaga layoqatliligi tekshirildi, ya’ni shaxsiy muloqot davomida uning muomalaga layoqatliligiga shubha tug‘ilmadi, notarial harakatni amalga oshirish davomida uning muomalaga layoqatsiz ekanligi haqida hech qanday ma’lumotlar mavjud emas.
Oldingi tahrirga qarang.
Shartnoma garovga (ipotekaga) qo‘yuvchining xohish-irodasi va amaldagi qonunchilik hujjatlari asosida videokonferensaloqa orqali masofadan turib rasmiylashtirilayotganligini tasdiqlayman. Mulk garovga (ipotekaga) qo‘yuvchiga tegishliligi tekshirildi, bu jarayon “Notarius” AATda videokonferensaloqa orqali to‘liq qayd etildi.
(39-bandning o‘n to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Garovga (ipotekaga) qo‘yuvchi fuqaro B.A.G. tomonidan taqdim qilingan mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlarning asl nusxalari Nurafshon shahar 1-son davlat notarial idorasida saqlanadi.
Ushbu hujjat, garov (ipoteka) shartnomasining ajralmas qismi hisoblanib, mazkur shartnoma Toshkent shahar, M. Ulug‘bek tumani, Baraka ko‘chasida joylashgan, M. Ulug‘bek tuman 1-son davlat notarial idorasi notariusi Z.G.G. tomonidan videokonferensaloqa orqali tasdiqlangan.
Notarius shartnomani imzolab, muhr bilan tasdiqlaydi va mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlar va boshqa hujjatlarni skaner qilib Tizimga joylashtiradi.
Shartnomaning ikkinchi va (yoki) uchinchi tarafi murojaat qilgan notarius quyidagi harakatlarni amalga oshiradi:
Tizimga joylashtirilgan shartnoma bilan bog‘liq hujjatlarni yuklab oladi va chop etadi;
Tizim orqali shartnomaning birinchi tarafi murojaat qilgan notarius bilan videokonferensaloqa orqali videomuloqot o‘rnatadi, bunda notarius va notarial harakatni amalga oshirishda ishtirok etuvchi taraflar tasvirga to‘liq tushirilishi shart.
Shuningdek, notarius shartnomaning ikkinchi va (yoki) uchinchi tarafiga qanday turdagi shartnoma tuzilayotganligini, shartnomaning mazmun-mohiyati va ahamiyatini tushuntiradi, ushbu shartnoma mazmuni taraflarning asl maqsadiga mos kelish-kelmasligini va qonun talablariga zid kelish-kelmasligini tekshiradi hamda hujjat matnini garovga (ipotekaga) oluvchi (va (yoki) kredit oluvchi)ga to‘liq tanishtirib, ovoz chiqarib o‘qib beradi. Shartnomaning ikkinchi va (yoki) uchinchi tarafi tomonidan shartnoma imzolangandan so‘ng, uning barmoq izlarini skaner qilish jarayoni videokonferensaloqa orqali Tizimda to‘liq qayd etiladi.
Shartnomada tasdiqlovchi yozuv ko‘rsatilishi lozim.
Misol:
Ushbu shartnomani, men Toshkent shahar, M. Ulug‘bek tumani, Baraka ko‘chasida joylashgan, M. Ulug‘bek tuman 1-son davlat notarial idorasi notariusi Z.G.G. taraflarning xohish-irodasi va amaldagi qonunlarga asosan garovga (ipotekaga) qo‘yuvchi — B.A.G. Nurafshon shahar 1-son DNIda bo‘lgan holda videokonferensaloqa orqali masofadan turib tasdiqladim. Bu jarayon “Notarius” AATda videokonferensaloqa orqali to‘liq qayd etildi.
Garovga (ipotekaga) qo‘yuvchi B.A.G.ning shaxsi Nurafshon shahar 1-son davlat notarial idorasining notariusi R.G.V. tomonidan aniqlandi va garovga (ipotekaga) oluvchi (va (yoki) kredit oluvchi) A.A.V. (va (yoki) E.M.B.)ning shaxsi men, M. Ulug‘bek tuman 1-son davlat notarial idorasi notariusi Z.G.G. aniqladim.
garovga (ipotekaga) oluvchi (va (yoki) kredit oluvchi)ning shaxsi aniqlandi, muomalaga layoqatliligi tekshirildi, ya’ni shaxsiy muloqot davomida uning muomalaga layoqatliligiga shubha tug‘ilmadi, notarial harakatni amalga oshirish davomida uning muomalaga layoqatsiz ekanligi haqida hech qanday ma’lumotlar mavjud emas.
Elektron shaklda berilgan hujjat qog‘ozda berilgan hujjat bilan teng yuridik kuchga ega.
Taraflar tomonidan imzolangan hujjatlar bitta yig‘majild shakliga keltiriladi, bunda maxsus teshik ochgich (lyuvers) yordamida teshgan holda ip o‘tkazib tikiladi, raqamlanadi, hujjatning oxirgi varag‘i yorliq bilan yelimlangan holda notariusning imzosi bilan tasdiqlanib, muhr bosiladi va tegishli yozuv kiritiladi.
Yaxlit holga keltirilgan shartnoma shartnomaning ikkinchi va (yoki) uchinchi tarafi murojaat qilgan notarius tomonidan skaner qilinib Tizimda shu reyestr raqam qayd qilingan kartochkaga joylashtiriladi.
Shartnoma uch nusxada tuziladi, bir nusxasi shartnomaning ikkinchi va (yoki) uchinchi tarafi murojaat qilgan notarial idorada saqlanadi va ikkinchi (va (yoki) uchinchi) nusxasi shartnomaning ikkinchi va (yoki) uchinchi tarafiga beriladi.
Shartnomaning ikkinchi va (yoki) uchinchi tarafiga uning so‘roviga ko‘ra shartnomaning nusxasi o‘zi murojaat qilgan notarius tomonidan chop etib berilishi mumkin.
40. O‘zbekiston Respublikasi hududida notarial tasdiqlangan arizalar, ijara shartnomalari va ishonchnomalar asosida notarial harakatni amalga oshirishda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ushbu hujjatning asl nusxasi taqdim etilmasdan, uning o‘rniga notarial harakatning noyob raqami bilan murojaat qilinganda notarius tomonidan ushbu hujjatlar Tizim orqali noyob raqam yoki murojaat qiluvchining JSh ShIR orqali tekshiriladi va shu asosda notarial harakat amalga oshiriladi.
Hujjat va uning noyob raqami shubha tug‘dirgan taqdirda notarius ushbu hujjatni tasdiqlagan notariusga yoki idoraviy notarial arxivga murojaat qilish orqali ma’lumotlarga aniqlik kiritishi mumkin.
Mazkur bandning qoidalari 2020-yil 1-yanvardan keyin tasdiqlangan hujjatlarga nisbatan amal qiladi.
11-bob. Shartnomani o‘zgartirish va bekor qilish tartibi
41. Shartnomadagi qo‘shimcha va tuzatishlar tegishli shaxslarning (shartnoma ishtirokchilarining) imzosidan oldin izohlanishi va tasdiqlovchi yozuvning oxirida notariusning imzosidan oldin takroran izohlanishi, notariusning imzosi va muhri bilan tasdiqlanishi kerak. Tasdiqlovchi yozuvdagi tuzatishlar notariusning imzosidan oldin izohlanishi va imzosi hamda muhri bilan tasdiqlanishi kerak. Bunda tuzatishlar shunday qilinishi kerakki, o‘chirilgan barcha so‘zlarni va raqamlarni boshlang‘ich matnda o‘qish imkoni bo‘lishi lozim.
42. Tasdiqlovchi yozuvning matni texnik vositalarda (kompyuterda) o‘chirilmasdan aniq yozilishi shart. Ochiq joylarga chiziq tortib qo‘yilishi, yozuvlar va boshqa tuzatishlar ushbu Reglamentning 41-bandi asosida izohlanishi kerak.
Tasdiqlovchi yozuvlarini amalga oshirish uchun tegishli yozuv matni bo‘lgan shtamplar ishlatilishi mumkin.
Tasdiqlovchi yozuv tegishli hujjatga sig‘magan taqdirda, u hujjatga biriktirib qo‘yilgan alohida qog‘oz varag‘ida davom ettirilishi yoki to‘la bayon etilishi mumkin. Bunda hujjat matni bayon etilgan varaqlar va tasdiqlovchi yozuv varaqlari maxsus teshik ochgich (lyuvers) yordamida teshgan holda ip o‘tkazib tikiladi, raqamlanadi, hujjatning oxirgi varag‘i yorliq bilan yelimlangan holda notariusning imzosi bilan tasdiqlanib, muhr bosiladi.
43. Notarial tasdiqlangan shartnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish asosiy shartnomaga qo‘shimcha kelishuv tuzish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
44. Notarial tasdiqlangan shartnomani bekor qilish uchun alohida kelishuv tuziladi. Agar shartnomada bir taraf yoki ikkala taraf yuridik shaxs bo‘lsa, shartnomani bekor qilish vaqtida yuridik shaxsning tashkiliy-huquqiy shakliga qarab shartnomani bekor qilish haqidagi qarori (kredit komissiyasining qarori, umumiy majlis bayonnomasi, kuzatuv kengashining qarori, buyrug‘i va h.k.) olinadi. Shartnomaning barcha nusxalariga shartnoma bekor qilinganligi haqida yozib qo‘yiladi hamda unga notariusning imzosi va muhri qo‘yiladi hamda Tizimga bu haqida ma’lumot kiritiladi. Shartnomaning taraflarga berilgan nusxalarini taqdim etish imkoni bo‘lmagan (yo‘qolgan yoki boshqa) hollarda bu haqida ariza olinadi.
Shartnomani bekor qilishda shartnoma predmeti ko‘chmas mulk bo‘lib davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan taqdirda, Tizim orqali yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri sohasidagi vakloatli organning bino va inshootlarning tarkibi va tegishliligi to‘g‘risidagi belgilangan namunadagi ma’lumotnomasi olinadi hamda ko‘chmas mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish taqiqlanmaganligi yoki xatlanmaganligi tekshiriladi.
Shartnomani bekor qilishda, agar mulk er-xotinning birgalikdagi mulki bo‘lsa, notarius ulardan ikkinchisining (mulk oluvchining) shartnomani bekor qilishga rozi ekanligi to‘g‘risidagi notarius, Qonunning 26-moddasida sanab o‘tilgan mansabdor shaxslar yoki O‘zbekiston Respublikasi konsullik muassasalarining konsullari tomonidan shahodatlantirilgan arizasini talab qiladi.
Notarius shartnomani haqiqiy emas deb topganligi to‘g‘risidagi sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori, ajrimini olgan taqdirda, bu haqda shartnomaning notarial idora yig‘majildlarida saqlanadigan asl nusxasiga tegishli yozuv kiritadi, o‘z imzosi va muhrini qo‘yadi va Tizimga ma’lumot kiritadi.
Shartnoma sud tomonidan haqiqiy emas deb topilganda yoki taraflarning kelishuviga ko‘ra bekor qilinganda notarial idorada saqlanayotgan shartnoma predmetiga oid mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatning kseronusxasini qoldirib, asl nusxasini mulkdorga yoki uning merosxo‘rlariga yohud vakillariga qaytarib beradi. Notarial idorada qolgan shartnomaning kseronusxasiga uning qaytarilganligi haqida hujjatni olgan shaxs imzo qo‘yadi. Shartnomaning asl nusxasi merosxo‘rlarga berilgan taqdirda, ularning merosxo‘r ekanligini tasdiqlovchi tegishli hujjatlar tekshiriladi va ularning kseronusxalari notarial idorada qoldiriladi.
Shartnoma bekor qilingan vaqtda to‘langan davlat boji, gerb yig‘imi hamda huquqiy va texnik tusdagi qo‘shimcha harakatlar amalga oshirilganligi uchun to‘lovlar qaytarilmaydi.
45. Notarius yo‘l qo‘ygan xatosi natijasida o‘zi rasmiylashtirgan shartnomaning noto‘g‘riligini bilib qolgan taqdirda, u ana shu shartnomani belgilangan tartibda bekor qilish choralarini ko‘rish uchun bu haqda prokurorga xabar qilishga majbur. Notarius prokurorni xabardor qilganligi to‘g‘risida tegishli hududiy adliya organlarini xabardor qiladi.
12-bob. Shartnomani tasdiqlashni rad qilish tartibi
46. Qonunning 38-moddasiga asosan notarius quyidagi hollarda shartnomani tasdiqlashni rad etadi, agar:
bunday shartnomani amalga oshirish qonunga zid bo‘lsa;
muomalaga layoqatsiz fuqaro yohud zarur vakolatlari bo‘lmagan vakil shartnomani tasdiqlashni so‘rab murojaat qilgan bo‘lsa;
yuridik shaxs nomidan amalga oshiriladigan shartnoma uning ustavida yoki nizomida ko‘rsatilgan maqsadlarga zid bo‘lsa;
shartnoma qonun talablariga muvofiq bo‘lmasa;
Oldingi tahrirga qarang.
shartnomani tasdiqlash uchun taqdim etilayotgan hujjatlar qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq bo‘lmasa.
(46-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Shuningdek, shartnomani tasdiqlash uchun to‘lovni to‘lamaslik shartnomani tasdiqlashni rad etish uchun asos hisoblanadi.
Shartnomani tasdiqlash rad etilgan taqdirda shartnomani tasdiqlashni rad etish haqida notarius murojaat qilingan kundan boshlab uch kundan kechiktirmasdan qaror chiqaradi.
Notarius shartnomani tasdiqlash to‘g‘risidagi murojaati rad etilgan shaxsning iltimosiga binoan rad etish sababini yozma ravishda bayon etishi va rad etish ustidan shikoyat qilish tartibini tushuntirib berishi lozim.
47. Notarius shartnomani tasdiqlashni rad etganda to‘langan davlat boji, gerb yig‘imi hamda huquqiy va texnik tusdagi qo‘shimcha harakatlar amalga oshirilganligi uchun to‘lovlar qaytariladi.
13-bob. Hujjatlarni notarial idorada saqlash va notarial arxivga topshirish
48. Qonunning 10-moddasiga asosan, notarial idora notarial ish yuritish hujjatlari va materiallarining but saqlanishini ta’minlashi, o‘z notarial arxivini yuritishi shart.
Notarial ish yuritish hujjatlari va materiallari uch yil o‘tgach adliya boshqarmalari huzuridagi idoraviy notarial arxivlarga (keyingi o‘rinlarda — notarial arxiv) topshirilishi kerak.
Notarial rasmiylashtirilgan shartnomaning elektron nusxasi Tizimda saqlanadi va elektron arxiv shakllantirib boriladi.
49. Shartnomalar yig‘majildlari notarial idora arxiviga topshirilishiga qadar changdan, quyosh nuri ta’siridan himoyalaydigan va ularning yaxshi saqlanishini ta’minlaydigan shkaflarda turadi.
Notarial harakatlarni amalga oshirish jarayoni qayd etilgan audio va videoyozuv fayli notarial harakatga Tizim tomonidan berilgan reyestr raqami bilan nomlanadi va elektron axborot tashuvchi jismlarda saqlanadi.
Kalendar yil yakunida audio va videoyozuvlar fayllari nusxalari DVD disklarga yoziladi hamda notarial idoraning temir javoni yoki seyflarida alohida saqlanadi.
Elektron axborot tashuvchi jismlarda yoki DVD disklarda saqlanayotgan audio va videoyozuvlar fayllari notarius ishdan bo‘shaganda yoki boshqa ishga o‘tkazilganda tekshirib ko‘rilgan holda dalolatnoma asosida qabul qilinib, yangi tayinlangan yoki vazifasi yuklatilgan notariusga topshiriladi.
Notarial harakatlarni amalga oshirish jarayonini qayd etilgan audio va videoyozuvlar fayllari belgilangan tartibda notarial harakatlar yig‘ma jildlari bilan idoraviy notarial arxivlarga topshirilishi kerak.
50. Yig‘majildlardan biron-bir hujjat olish va berishga yo‘l qo‘yilmaydi.
51. Kalendar yil tugashi bilan mas’ul shaxs yig‘majildlarni notarial idora arxivida saqlash uchun tayyorlaydi.
Yig‘majilddagi hujjatlar turkumlashtiriladi, rasmiylashtiriladi, tartibga keltirilib, muqovalanadi va tikiladi.
Yig‘majild oxirida alohida toza varaqqa tikilgan varaqlar soni yoziladi. Ushbu varaqqa mas’ul shaxs va notariusning imzolari hamda notariusning muhri qo‘yiladi.
Yig‘majild muqovasidagi sana hujjatlar yig‘majildini yuritish boshlangan va tugallangan kun, oy va yilga muvofiq kelishi kerak.
52. Notarial idora hujjatlar va materiallarni notarial arxivga topshirishidan oldin mas’ul shaxs ularni tayyor holga keltiradi.
53. Notarial idora tomonidan hujjatlar va materiallar notarial arxivga topshirilayotganda, ularning butligini ko‘rib chiqish adliya boshqarmasining doimiy faoliyat olib boruvchi ekspert komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
54. Ekspert komissiyasi hujjatlar va materiallarni ko‘rib chiqishda arxiv ishi to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qiladi.
(54-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
55. Ekspert komissiyasi tomonidan hujjatlar notarial arxivga topshirilishi lozim deb topilganda, ikki nusxada topshirish-qabul qilish dalolatnomasi tuziladi.
56. Dalolatnomada topshirilayotgan hujjatlar ro‘yxati to‘liq ko‘rsatilishi shart. Dalolatnoma ekspert komissiyasi a’zolari va notarial idorada rahbarlik qiluvchi notarius tomonidan imzolanadi hamda unga notariusning gerbli muhri qo‘yiladi.
57. Shartnomalar yig‘majildlari ular tasdiqlangan vaqtdan boshlab notarial arxivda 75 yil mobaynida saqlanadi.
14-bob. Yakuniy qoidalar
58. Murojaat qiluvchi notarial xizmatdan foydalanishdan uni ko‘rsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Murojaat qiluvchi notarial xizmatdan foydalanishdan bosh tortganda uning murojaati ko‘rmasdan qoldiriladi. Bunda, shartnomani tasdiqlash uchun to‘langan to‘lovlar qaytariladi.
59. Notarius o‘z faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan murojaat qiluvchilar haqidagi ma’lumotlarning sir saqlanishini ta’minlashi kerak.
60. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari hamda Notarial palata va uning hududiy boshqarmalari ushbu Reglament talablari ijrosi bo‘yicha notarial faoliyat ustidan doimiy nazoratni va monitoringni amalga oshiradilar.
Oldingi tahrirga qarang.
61. Murojaat qiluvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
(61-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
62. Mazkur Reglament talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
(62-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Notariuslar tomonidan mol-mulkni garovga (ipotekaga) qo‘yish to‘g‘risidagi shartnomalarni tasdiqlashning ma’muriy reglamentiga
ILOVA
Notariuslar tomonidan mol-mulkni garovga (ipotekaga) qo‘yish to‘g‘risidagi shartnomalarni tasdiqlash bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish
SXEMASI


Download 0.56 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling