Suv omborlarining loyqa oqiziqlar bilan to‘lib borish jadalligini baholash
Ishning maqsadi
Mazkur amaliy mashg‘ulotning maqsadi talabalarni suv omborlarini loyqa oqiziqlar bilan to‘lib borish jadalligini miqdoriy baholash usullari bilan tanishtirishdan iborat.
Ishning nazariy asoslari
Tayanch atamalar va iboralar: suv ombori, yopiq va ochiq suv omborlari, dambali va to‘g‘onli suv omborlari, suv omborlarining ko‘rsatkichlari, me’yoriy dimlanish sathi, foydasiz hajm sathi, ishchi suv sathi, foydali yoki ishchi hajm, foydasiz yoki o‘lik hajm, umumiy yoki to‘liq hajm, ishchi chuqurlik, suv omborlarining tasniflari, o‘zan suv omborlari, to‘ldiriladigan suv omborlari, suv omborlarining gidrologik rejimi, suv balansi, suv omborlarining sedimentatsiya balansi.
Daryolardagi suv miqdori yil davomida va yillararo o‘zgarib turadi. Er yuzidagi, ayniqsa, O‘rta Osiyo kabi arid iqlimli hududlardagi ba’zi bir daryolarning oqimi yil davomida shu qadar notekis va noqulay taqsimlanganki, oqibatda milliard-milliard metr kub suv xalq xo‘jaligiga hech qanday foyda keltirmasdan behuda oqib ketadi. O‘lkamiz sharoitida, qishloq xo‘jaligida suvga bo‘lgan talab ortgan mavsumlarda esa ularning suvi keskin kamayib ketadi, ayrim hollarda butunlay qurib qoladi.
Mana shunday sharoitda daryo va soylar suvidan to‘la va samarali foydalanish maqsadida ularning oqim rejimini boshqarib turish zarur. Bu muammoni daryolarda sun’iy ko‘llar-suv omborlari qurish yo‘li bilan hal etish mumkin. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra O‘rta Osiyoda suv omborlari eski eraning oxirlaridayoq qurilgan.
Suvni to‘plab, undan kelgusida foydalanishga imkon beradigan inshoot suv ombori bo‘ladi. Suvni to‘plash shart-sharoitlari, to‘g‘onining qurilishi usullari bo‘yicha suv omborlari quyidagi guruhlarga ajratiladi:
yopiq suv omborlari;
ochiq suv omborlari.
yopiq suv omborlariga suv saqlanadigan katta-kichik idishlar, rezervuarlar kiradi. Bunday suv omborlari temirdan, temir-betondan, tosh va boshqa materiallardan quriladi. Ular oqimni kunlar, hafta, oy, ba’zan mavsumlar bo‘yicha boshqarishga mo‘ljallanadi. O‘lkamizda juda qadimdan mavjud bo‘lgan sardobalarni ham ana shunday suv omborlari tipiga kiritish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |