1. Samarqand vohasining eng qadimgi va qadim davri. Samarqandning vujudga kelishi va Sug‘dda ilk shahar markazlari


Makedoniyalik Aleksandrning Samarqandga yurishi


Download 41.52 Kb.
bet6/8
Sana16.02.2023
Hajmi41.52 Kb.
#1203914
1   2   3   4   5   6   7   8
Bog'liq
1-ma`ruza777

Makedoniyalik Aleksandrning Samarqandga yurishi
Miloddan avvalgi 334 yilda Aleksandr Makedonskiy Eronning hududlarini bosib olish uchun o‘zining yurishlarini boshladi. Gavgamel jangi Ahamoniylar imperiyasini taqdirini hal qilgan bo‘lsa, ammo, Bess boshchilik qilgan Baqtriya satrapligining armiyasi o‘zining harbiy qudratini yo‘qotmagan edi. Bu armiya sharq tomonga chekinib, o‘zining armiyasini dushmanga qarshi kurashga tayyorlay boshladi.
Miloddan avvalgi 329 yil Doro III o‘limidan keyin Bess o‘zini podsho deb e’lon qilib, Artakserks nomini oldi va «Osiyo podshosi» degan nomini oldi. Juda tezlik bilan jangdan qochgan askarlarni, baqtriyaliklarni, forslarni, sug‘diylar, saklar va Tanais bo‘ylab yashaydigan boshqa qabilalarni ham yordamga chaqirib, o‘z armiyasini to‘ldira boshladi. Aleksandr armiyasi esa, Kaspiy dengizi bo‘ylab yurib, biron-bir keskin qarshilikka uchramadi va natijada Parfiyani to‘liq egallab o‘z armiyasiga biroz dam bergandan keyin Baqtriya tomon yurishni boshladi.
Bess sharqiy viloyatlarning (Baqtriya Sug‘d bilan, Areya, Afg‘onistonning janubiy viloyatlari) koalitsiyasini tuzishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lsa ham, ammo Aleksandr Makedonskiyning juda katta kuchiga teng keladigan armiyani tuza olmadi.
Aleksandr Areyada tashkil etilgan qo‘zg‘olonni bostirgandan keyin Bess boshchiligidagi Baqtriyani zabt etishni boshlaydi. 329 yilning bahorida Aleksandr Hindiqush tog‘laridan oshib o‘tib Baqtriyaga kirib bordi va Drapsaku shahrini egalladi (Qunduz bo‘lishi kerak). Arrianning xabar berishicha, bu davrga kelib, Doro davrida qamalgan baqtriyalik 7000 asir ozod bo‘lib, Bess armiyasiga kelib qo‘shilishdi. Tanaisning narigi tomonidagi daxlardan ham kelishadi. Shunga qaramay Bess armiyasining umumiy soni Aleksandr armiyasidan ikki barobar kam bo‘lgan. Baqtriyaliklarning o‘zi Bessni unchalik qo‘llab-quvvatlashmagan. Bess Baqtriyani qo‘ldan boy bergandan keyin Oks daryosidan Sug‘d hududi tomon o‘tdi va bu yerdan Aleksandr armiyasiga qarshi kuch to‘playdi. Bess bilan birgalikda Oks daryosidan sug‘dlik Spitamen, baqtriya aslzodalarining vakili Oksiart, Peretakilik Katan va Tanais ortidan kelgan daxlar ham daryodan o‘tishdi. Ammo, daryodan o‘tishgandan keyin Bessning qochganligini bilishgach, u bilan kelgan barcha jangchilar ham tarqab ketishdi. Shunday qilib, Aleksandr Baqtriyani deyarli qarshiliksiz bosib oldi.
Aleksandr shundan keyin, Sug‘d tomon hujumga tayyorgarlik ko‘ra boshlaydi. Aleksandrning Baqtriya va Areyada mahalliy aholiga bo‘lgan munosabati, yunonlarning qilayotgan ishlari ahamoniylardan ham ko‘ra yomon bo‘layotganligini bilgan mahalliy aholi hamda janglarda qatnashgan boshqa xalqlar uchun katta maktab bo‘ldi. Ayniqsa, atrofdan kelgan jang qatnashchilari yunonlar armiyasining tarkibini, ularning harakat qilish, turli hiylalarni ishlatish yo‘llarini o‘rganib olishadi.
Aleksandr Makedonskiyning Sug‘d hududlaridagi harakati to‘g‘risida sharqshunos olimlardan V.V.Grigoryevning «Buyuk Aleksandrning G‘arbiy Turkistonga yurishi» asari, nemis astronomi F.Shvarsning «Yunon-Makedon armiyasining Amudaryo ortiga yurishi» nomli asari, ingliz tarixchisi V.V.Tarnning urush davrini o‘rganib sug‘diylarning xaloskori Spitamenga bergan baholari, sovetlar davri sharqshunosi K.V.Treverning O‘rta Osiyo xalqlarining yunon-makedon bosqinchilariga qarshi kurashidagi mardonavorliklari, B.A.Litvinskiyning yunon-makedon bosqini davriga oid tadqiqot va kuzatishlari alohida ahamiyat kasb etadi.
Aleksandr armiyasi Amudaryodan 5 kun muddatda o‘tadi. Teridan yasalgan meshlarga somon tiqishib, sollar yasaldi va ular yordamida barcha askarlar Amudaryoning o‘ng qirg‘og‘iga o‘tib olishdi. Ko‘p o‘tmay Bess yashiringan qal’a topilib u qo‘lga olinadi. Shundan keyin Aleksandr o‘z armiyasini mahalliy otlar bilan to‘ldirib, Sug‘dning yirik poytaxt shahri Marakanda (Samarqand) tomon yo‘l oladi.
Aleksandr qo‘shinlari Navtaka orqali Zarafshon tog‘larini janubi-g‘arbiy tomondan aylanib o‘tib Jom qishlog‘i tomondan Marakandaga borgan. Shuning uchun ham, Jom atroflaridagi dasht hududlari mahalliy aholi tomonidan «Dashti Iskandar»deb aytiladi. Kvint Kursiy Rufning yozishicha, Aleksandr Marakandani olgandan keyin u yerda harbiy qism qoldirib, atrofdagi qishloqlarning aholisini qirib, uylarini yoqib yuboradi. Marakandada garnizon qoldirib Aleksandr Ustrushana orqali Sirdaryo tomon yo‘l oladi. Ammo bu armiyani tog‘li hududlarda pistirmalar kutib turgan edi. Aleksandr katta kuchni tog‘li sug‘diylarga qaratishga majbur bo‘ladi. Tog‘lik sug‘diylar turli pistirmalardan foydalanib dushmanga qattiq qarshilik ko‘rsatishdi. Juda ko‘plari qirib tashlandi. Tog‘li qochqinlarning umumiy soni 30 000 edi. Ularning faqat 8000 tirik qolishdi. Bu urush Ustrushona tog‘larida bo‘lib o‘tdi. Ushbu hududlar manbalarda «Sug‘d tog‘lari» deb keltiriladi.
Spitamen boshchiligidagi sug‘diylar Marakanda qal’asida qoldirilgan garnizonni qurshovga olishadi. Aleksandr Spitamen bilan Kraterga murojaat qilib, aholini tinchitishda yordam berishini so‘raydi. Ammo Spitamen Aleksandrning bu iltimosi faqat hiyla ekanligini yaxshi tushunadi va bu taklifga qarshi butun aholini qo‘zg‘olon ko‘tarishga chaqiradi.
«Spitamen» nomi «yaxshi niyatlar egasi» ma’nosini bildiradi. Spitamenning qizini Aleksandr buyrug‘i bilan Selevkka xotinlikka berilganligi ma’lum. Avestoda esa, Spitama ismi doimo Zaratushtra ismi bilan birgalikda keladi. Aleksandrning Ustrushona tog‘laridagi qo‘zg‘olonidan keyin ularni ayovsiz qirganligini Spitamen ham va uning orqasidan ergashuvchilar ham yunon bosqinchilariga qarshi imkon qadar kurashish rejasini tuzishdi. Samarqandliklar bilan bir vaqtning o‘zida Sirdaryo bo‘yidagi shahar va qishloqlarning aholisi ham qo‘zg‘olon ko‘tarishdi. Sirdaryo bo‘yidagi shaharlarning biri Gaza shahri bo‘lib, bu shaharni mutaxassislar Nov shahri o‘rnida bo‘lganligi to‘g‘risida yozadilar. Shunda Aleksandr Marakanda qal’asida qurshovda qolgan harbiy kuchlarga yordam berish uchun lashkarboshilaridan Farnuk va Karen boshchiligidagi qo‘shimcha katta kuchni yuboradi. Qo‘shimcha kuch kelgunga qadar Spitamen shaharni to‘liq egallaydi.
Yaksart bo‘ylaridan Aleksandr yuborgan qo‘shimcha kuchlar nihoyatda ko‘p bo‘lganligi uchun ham Spitamen Marakandani tashlab chiqishga majbur bo‘ladi. Shunda Aleksandr qo‘shinlari Marakandani butunlay yoqib yuborishgan. Afrosiyobdagi ko‘p yillik qazishma ishlari buni isbotlaydi.
Samarqand shahrining ahamoniylar davridagi maydoni 220 gektar yerni egallagan bo‘lib, u yo‘laksimon qilib qurilgan (koridor tipidagi), usti tom shaklida yopilgan mudofaa devori bilan o‘rab olingan edi. Bundan tashqari shaharning arku-a’losi ham uning boshqa qismlaridan xuddi shunday devor bilan ajratilgan. Shaharning barcha yeridagi mudofaa devorlarida qancha arxeologlar ish olib borgan bo‘lsalar ularning hammasi devorlarining ichini xuddi tandirning ichiday bo‘lib kuyganligini yozishgan.
Yunon tarixchisi Arrianning Spitamenni «Marakandani tashlab shimolga «Sug‘d poytaxtiga» (Basileyaga) ketdi» degan xabari bor. Tarixchining aynan shu xabari to‘g‘risida juda ko‘p vaqtlardan buyon matbuotda turli darajadagi ilmiy munozaralar bo‘lib kelmoqda. Chunki bu xabardan ikki xil ma’noni anglashimiz mumkin. YO «Sug‘dda ikkita poytaxt shahar bo‘lgan», yoki «bu manbani yozishda Arrian adashgan», degan tushunchalarni olish mumkin.
Shu o‘rinda tarixchilar qoldirgan «Spitamenning Marakandani tashlab chiqib ketishi» to‘g‘risidagi epizodni eslasak, yozma manbada «Spitamen Marakandani tashlab shimol tomonga ketdi» deyilgan, «g‘arbga» emas. Haqiqatdan ham Ko‘ktepa Samarqandga nisbatan shimol tomonda joylashgan, g‘arbda, ya’ni, Buxoro tomonda emas. Xuddi shuningdek Qashqadaryo vohasidan «ikkinchi poytaxt»ni qidirishga xojat qolmaydi, chunki u mutlaqo qarama-qarshi tomonda joylashgan.
Ko‘ktepada olib borilgan arxeologik izlanishlar bu yerni miloddan avvalgi mingyillik o‘rtalariga oid yirik shahar xarobasi ekanligi, shahar tarkibiy qismlaridan yirik ibodatxona qoldig‘i, shahar hokimi saroyining o‘rni va shaharning 100 gektarga yaqin maydonni o‘rab olgan mudofaa devori topib o‘rganildi. Shularni hisobga olib, o‘sha yozma manbalarda eslatilgan «ikkinchi basileya», yoki «podsho shahri» aynan Ko‘ktepa o‘rnida bo‘lganligini ta’kidlash lozim.
Bu yerda Sug‘d davlati podshosining qarorgohi bo‘lganligi ehtimoli yuqori. Chunki Spitamen Marakandani Aleksandr qo‘shinlarining katta bosimi ostida tashlab Ko‘ktepa qal’asini, ibodatxonasini va shaharning mudofaa devorlarini mustahkam ekanligini hisobga olib, shu yerda qo‘shimcha kuch to‘plab yana jangga tayyorlanishni maqsad qilib qo‘ygan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ham yozma manbada uni «shimolga, basileyaga ketdi» deya keltiriladi. Aleksandr qo‘shinlari Spitamenni bu yerda ham tuta olmaganlaridan keyin shaharga, jumladan, mahalliy aholining eng muqaddas sig‘inadigan yeri ibodatxonaga o‘t qo‘yib yuborgan. Bu yerda qazishma ishlarini olib borish jarayonida ibodatxonaning katta yong‘in tufayli halokatga uchraganligi ma’lum bo‘ldi.
Xullas, Spitamen Aleksandrga qarshi kurashni payt poylab turib vaziyatga qarab amalga oshirishga harakat qildi. Yozma manbalarda keltirilishicha, Spitamen serdaraxt joy hisoblangan, yovvoyi hayvonlar ko‘p bo‘lgan va ov qilinadigan qo‘riqxonada pistirma qo‘yib Aleksandrni kelishini kutgan. Podsholar ov qiladigan qo‘riqxonaning o‘rni to‘g‘risida ham olimlar turlicha fikrlarni bildirishgan. Manbalarda bu yerdagi qo‘riqxonada faqat mahalliy podsholargina emas, balki Aleksandr ham ov qilganligi to‘g‘risida ma’lumot bor.
Manbalarda qo‘zg‘olon ko‘targan sug‘diylarga saklar yordamga kelganliklari va makedoniyaliklardan 2000 piyoda va 300 otliq halok bo‘lganligi keltirilgan. Shuningdek, Spitamen Samarqand yaqinidagi serdaraxt yerlardan biriga pistirma qo‘yganligi tufayli makedoniyalik askarlardan bitta katta bo‘lim askarlari halok bo‘lishgan.
Shundan keyin Aleksandr vujudga kelgan xavfli vaziyatni tushunadi va Spitamen boshchiligidagi qo‘zg‘olonchilarga qarshi qo‘shimcha kuchlarni yuboradi. Juda katta kuchni kelayotganini tushungan Spitamen Samarqand qal’asini qamalini tashlab chekinishga majbur bo‘ladi. Aleksandr qo‘zg‘olonchilar yashiringan barcha qishloqlarni yoqib, aholisini qiradi.
Miloddan avvalgi 329-328 yilgi qish faslini Aleksandr Baqtriyaning poytaxtida o‘tkazdi. Sug‘dda esa yana Spitamen boshchiligida qo‘zg‘olon ko‘tariladi, ular qal’alarni egallab Aleksandr qo‘ygan satraplarga bo‘ysunmayotganliklari to‘g‘risida xabar oladi. Bu qo‘zg‘olonchilarga Baqtriyaning bir nechta hududlari ham qo‘shiladilar. Shunda Aleksandr yana Sug‘diyonaga yo‘l oladi va qo‘zg‘olonni shafqatsizlarcha bostiradi. Qirg‘in shu darajada katta bo‘ladiki, Sug‘d shaharlari deyarli odamsiz qoladi. Diodor Sitsiliyskiyning ma’lumotiga ko‘ra, 120 000 sug‘diy o‘ldiriladi.
Odamlarsiz, katta boyliklarni ishlab chiqaradigan ishchilarsiz katta-katta yurtlarning Aleksandrga keragi yo‘q edi. Aleksandr aynan moddiy boyliklar ishlab chiqaradigan va ulardan mo‘may soliq to‘laydigan vaziyatni vujudga keltirish uchun harakat qiladi. Buning uchun o‘zining lashkarboshilaridan biri Gefestionga Baqtriya va Sug‘dda 8 ta (Arrian), Yustin ma’lumotlari bo‘yicha 12 ta shaharni qayta qurishni topshiradi.
Ko‘ktepa xarobalarining ichki mudofaa devori aynan shu Aleksandr davridagi kvadrat g‘ishtlardan tiklangan. Shuning uchun Aleksandr buyrug‘iga binoan qurilgan shaharlarning bittasi Ko‘ktepaning ichki mudofaa devori doirasida qurilgan «shahar» deb hisoblash mumkin.
Ko‘p o‘tmay Spitamen yana boshqa jang usulini o‘ylab topadi. Aleksandr Sug‘diyonada «tozalash» ishlarini o‘tkazayotgan bir vaqtda u Baqtriyada paydo bo‘ladi. Devorda poyloqchilik qilayotgan bitta harbiy qismni hiyla ishlatish yo‘li bilan yo‘q qiladi. Lekin ancha o‘ljaga ega bo‘lib qaytib kelayotgan Spitamen boshchiligidagi qo‘zg‘olonchilar oldidan Marg‘iyonadan kelayotgan Krater chiqdi va Spitamen boshchiligidagi qo‘zg‘olonchilarni tarqatib yuboradi. Ular yana cho‘lning ichiga kirib yo‘q bo‘lib ketishadi.
Aleksandr 328 yil yozini Sug‘diyonada o‘tkazdi va Nautakada qishladi. Shunda Spitamen sahrodan yana ichkariga kirib sug‘diylar bilan skif-massagetlar yerining chegarasiga joylashgan «Bagi» degan qal’aga yaqin yerga joylashdi. Yozma manbalarda Bagi «sug‘diylar bilan skif-massagetlar o‘rtasida joylashgan joydir» deb keltiriladi.
328 yil yozining oxirida Aleksandr yana Marakandaga keladi. U Zarafshon daryosida joylashgan qo‘riqxonada ov qilgandan keyin Marakandada Gefestion va Artabazni kutadi. Artabaz kelib uni bu yerning hukmdori vazifasidan ozod qilishini so‘raydi. Marakanda va uning atroflarini boshqarishni o‘zining do‘sti Klitga topshirmoqchi bo‘lganligiga qaramasdan, Klitning o‘limidan keyin bu vazifani Amintaga topshirgan.
Yozma manbalarda Aleksandr mast holda o‘zining do‘sti Klitni Marakanda qal’asida o‘ldirganligi to‘g‘risidagi lavha ham saqlagan.
328 yilning qishini Nautakada o‘tkazayotgan Aleksandr shimoldan Spitamen boshchiligida kelishi mumkin bo‘lgan xavfni qaytarish uchun Ken boshchiligidagi katta armiyani tayyorlab qo‘yadi.
Shunda Spitamen xalq orasida o‘ziga nisbatan aylanib qolgan mish-mishlarni biroz kamaytirish maqsadida saklar, baqtriyalilar va sug‘diylar bilan birga Ken armiyasiga qarshi hujum boshlaydi. Lekin juda katta qo‘shinga ega bo‘lgan Ken Spitamen boshchiligidagi qo‘zg‘olonchilarni hujumini qaytaribgina qolmasdan, balki ularga qarshi hujumga o‘tadi. Sug‘diylar va baqtriyaliklardan iborat armiya makedoniyaliklarga taslim bo‘ladi. Deyarli armiyasiz qolgan Spitamen saklarga qo‘shilib orqaga chekinadi. Saklar yo‘l-yo‘lakay qochayotgan sug‘diylarni boyligini talashdi. Bu ham yetmaganday orqalaridan «Aleksandr qo‘shinlari Spitamenni baribir quvib keladi, yaxshisi undan o‘zimiz qutulganimiz yaxshi» deb saklarning o‘zlari uning boshini tanasidan judo qilib Aleksandrga yuborishadi. Bu bilan o‘zlarini Aleksandrga taslim bo‘lganliklarini namoyish qilishadi.
Xullas, Spitamen o‘z xalqi, ona yurti ozodligi yo‘lida mardlarcha kurashgan milliy qahramon sifatida tarixga kiradi.
Qadimgi Sharqda eng yirik imperiyani tuzgan Aleksandrning O‘rta Osiyoga yurishlari, ayniqsa, Sug‘diyonani zabt etishi jarayoni va undan keyin hosil bo‘lgan madaniyat tariximizda chuqur iz qoldirgan. Ularning eng dastlabkisini Ko‘ktepaning ichki mudofaa devorini qurilishi jarayonida ko‘rish mumkin. Chunki uning qurilishi aynan Aleksandr davriga va aynan uning buyrug‘iga binoan qurilganligi yaqqol sezilib turibdi. Bu devor ichida shaharni mudofaa qilayotgan askarlar bemalol aylanib yurib tashqaridan kelayotgan dushmanni nayzasimon shaklda yasalgan tuynukdan otishi mumkin edi. Bunday mudofaa devorini arxeologlar «yo‘laksimon tipdagi devor» yoki «koridor tipidagi devor» deb ham aytishadi.
Bu davrdagi Marakandadagi hayot ham qizg‘in bo‘lgan. Bu yerda ham Ko‘ktepadagi kabi asosiy e’tiborni mudofaa istehkomlarini mustahkamlashga va katta harbiy holatlarda ishlatiladigan oziq-ovqat va boshqa zahiralarni hozirlashga harakat qilishgan. Jumladan, Afrosiyobning mudofaa devorlarida katta ta’mirlash ishlari bajariladi. Shu bilan birga uning qal’asi mustahkamlanadi.
Shaharning arku-a’losining ichida, o‘rta asrlardagi «Jome masjidi»ning ostki qatlamlari qazilganda 5-6 m. chuqurlikdan aynan ellinizm davriga oid, yirik kvadrat g‘ishtlardan tiklangan monumental 4 ta xonaning qoldig‘i topiladi. Xonalarning hammasining devorlari tandirning ichiday bo‘lib kuyib ketgan. Chunki bu xonalar g‘alla saqlanadigan omborxonalar bo‘lib, favqulodda bo‘lgan yong‘in tufayli kuyib ketgan. Yong‘inda qolgan xonalarning birida arpa, ikkinchisida tariq, uchinchisida bug‘doy kabi don mahsulotlari saqlangan. Xonalardagi saqlangan g‘allani aksariyat qismi yong‘inda kulga aylangan, lekin g‘allaning markaziy va ostki qismlari yonib tugashga ulgurmaganligi sababli kuyib ko‘mirga aylanib qolgan.
Aleksandr O‘rta Osiyo xalqlariga nisbatan bosqinchi edi. Lekin, u bosib olgan yirik imperiyasi turli mamlakatlardan va turli xalqlardan iborat ekanligini hisobga olib uni saqlash, mustahkamlash va kengaytirish uchun qo‘l ostida bo‘lgan barcha imkoniyatlardan foydalandi, turli usullarni qo‘llashga harakat qildi. Buning uchun, eng avvalo, ellinlar madaniyati bilan mahalliy aholining urf-odatlarini yaqinlashtirishga harakat qildi. Jumladan, u o‘zidan oldin hukmronlik qilgan Eron shohlari saroyidagi urf-odatlarni qabul qildirishga harakat qildi. Shunday qilsa uni barcha mahalliy hukmdorlar qo‘llab-quvvatlar edi.
Makedonlar bilan Eron zodagonlarini yanada yaqinlashtirish maqsadida o‘zi boshchiligidagi 90 ta lashkarboshisini mahalliy zodagonlarning qizlariga uylantirdi. Shu paytgacha u Baqtriyalik zodagonni qizi Ruxshonaga (Roksana) uylangan bo‘lishiga qaramasdan, eronliklarni taomiliga ko‘ra «shohlarning ko‘plab xotin olishi mumkinligi»ni ro‘kach qilib, o‘zi ham yana uylanishni afzal ko‘rdi. U qalliq sifatida Doroning katta qizini tanladi. Doroning kichik qiziga Gefestion uylanib, Aleksandrga qarindosh ham bo‘lib oldi. Doroning jiyaniga Krater uylandi va hokozo.
Baqtriyalik Spitamenning qizi (Aleksandrga qarshi kurashgan Spitamen emas) Apamaga Aleksandrning eng yirik lashkarboshilaridan biri Selevk uylandi. Keyinchalik Selevk va Apamaning nikohidan o‘g‘il tug‘ilib, unga Antiox degan ism qo‘ydilar.
Miloddan avvalgi 323 yilda Aleksandr vafotidan keyin, 301 yildan boshlab uning imperiyasiga boshchilik qilayotgan yirik lashkarboshilari (diadoxlar) hokimiyat uchun kurashni boshlashdi va natijada Aleksandr tashkil etgan butun boshli imperiya mustaqil 3 ta davlatga Makedoniya, Misr va Salavkiylar davlatiga bo‘linib ketadi.
Miloddan avvalgi 312 yilda Salavkiylar sulolasining asoschisi, baqtriyalik Spitamenning (Sug‘d xaloskori emas) kuyovi, Antioxning otasi Selevk Vavilonda bo‘lgan katta yig‘ilishda Selevkiylar davlatining satrapi sifatida tan olinadi. U Baqtriyani, Parfiya va Sug‘dni qaytadan bosib oladi. Miloddan avvalgi 293 yilda mamlakatning juda ham kattaligi uchun o‘zining o‘g‘li Antioxni (Antiox I) sharqiy o‘lkalarga, ya’ni, O‘rta Osiyo hududlariga vakil qilib yuborgan.
Antiox I hukmronligi davrida u dastlab hind uslubida tayyorlangan tanga chiqardi. Bu tanganing bir tomoniga haqiqiy podsho Selevk I nomi yozilgan bo‘lsa, uning orqa tomoniga Antiox I ning nomi yozilgan edi. Miloddan avvalgi 280 yilda Antiox otasi Selevk o‘limidan keyin yana 20 yil mobaynida mamlakatga hukmronlik qiladi va o‘zining nomidan tangalar chiqara boshlaydi. Uning hukmronligi davrida O‘rta Osiyoda hayot meyorlashib ancha izga tushadi. Hunarmandchilik, qishloq xo‘jaligi, savdo rivojlangan.
Bu kirib kelgan yangi madaniyat olimlar tomonidan umumiy nom bilan «ellinizm madaniyati», yoki «antik davr madaniyati» deb ataladi va bu madaniyat Sug‘d va Baqtriya zaminida yaqin 800 yil davom etgan.
Samarqand shahri va uning atroflariga ellinistik madaniyat kirib kelgandan keyin uning ichki va tashqi tuzulishida ham o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Ayniqsa Samarqandning arxitekturasida juda keskin o‘zgarishlar bo‘lib, mudofaa inshootlari to‘liq kvadrat shakldagi 42x42x13-14; 44x44x14 hajmli g‘ishtlardan faqat mudofaa devorlarigina emas, balki ibodatxonalar, saroylar va oddiy fuqarolarning uylari qurila boshlaydi. Ayniqsa, mudofaa inshootlari tashqi tomondan to‘g‘ri burchak shakldagi burjlar bilan mustahkamlangan bo‘lib, ular tashqi tomonga otish uchun mo‘ljallangan kamon o‘qining uchi shaklidagi nishaklar bilan bezatilgan. Xuddi shunday devor Afrosiyobning ikkinchi mudofaa devori bo‘lib, bu devor shaharning 4 ta darvozasi – janubda «Kesh darvozasi», g‘arbda «Nauvexar darvozasi», sharqda «Xitoy darvozasi», shimolda «Buxoro darvozasi» bilan mustahkam o‘rab olingan edi. Afrosiyob yodgorligida ellinizm davriga oid darvozaxona ochilgan bo‘lib, uning mudofaa devori ustida qorovul turadigan joy va xuddi shunday joy mudofaa devorining ichki qismida yasalgan.
Antik davr shahar strukturasiga shahar arkidagi yirik inshoot – davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan don saqlanadigan omborxona ham ochilgan bo‘lib, u ilk ellinizm davriga oiddir. Demak, Samarqand shahri hududiga yunonlarning madaniyati to‘liq kirib kelgan emas, balki ularning madaniyatining ayrim elementlari kirib kelgan, xolos. Shuning uchun ham bu hududlarda shakllangan madaniyatni «ellinistik madaniyat» emas, balki «ellinlashgan madaniyat» deb aytish to‘g‘riroq bo‘ladi.

Download 41.52 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling