1. Sodda va qo‘shma gaplar orasidagi sinonimiya


Download 67 Kb.
bet5/6
Sana06.05.2023
Hajmi67 Kb.
#1433649
1   2   3   4   5   6
Bog'liq
11-mavzu Qo‘shma gap lisoniy imkoniyatlarining nutqiy voqelanishi, unda lisoniy va nolisoniy omillar munosabati

Iltimosingizni bajonidil bajarardim-u, lekin bu xil masalalarni pristav janoblarining o‘zlari bajaradilar (M.Ismoiliy). Bu qo‘shma gap komponentlari orasidagi zidlovchi bog‘lovchining turini o‘zgartirib, bog‘langan qo‘shma gap variantlarini hosil qilish mumkin. Lekin uni sodda gapga aylantirib bo‘lmaydi. Buning sababi shundaki, bu qo‘shma gap komponentlari nisbiy mustaqillikka ega. Undan tashqari, har ikki komponent orqali ifodalangan fikr aniq holda ifodalangan, ularda mavhumlik sezilmaydi: bir komponent ikkinchi bir komponentning biror bo‘lagini izohlamaydi. Sodda gapga aylantirish mumkin bo‘lgan qo‘shma gaplarning bir komponenti ko‘pincha, mavhum mazmun ifodalaydi, unda nimadir yetishmaydi, izoh talab etadi, ikkinchi komponent izohlash funksiyasini bajaradi.
Qiyoslaymiz: 1. Kimki bo‘lsa dilozor, undan elu yurt bezor (Maqol). Bu qo‘shma gapning ikkinchi komponenti izoh talab etadi, chunki uning tarkibida aniq ma’noga ega bo‘lmagan «undan» bo‘lagi mavjud. Shuning uchun ham bu qo‘shma gapni sodda gapga aylantirish mumkin:
Dilozor odamdan elu yurt bezor.
Ba’zan izoh talab etuvchi bo‘lak shakliy jihatdan qo‘shma gapda ifodalanmay qolishi ham mumkin, lekin semantik jihatdan uning mavjudligi matndan anglashilib turadi:
Men ishonamanki, siz tilagingizga yetasiz (P.Tursun).
Bu qo‘shma gapning birinchi komponenti semantik jihatdan izoh talab etadi, lekin unda izoh talab etuvchi bo‘lak shakliy jihatdan ifodalanmagan bo‘lsa ham, umumiy mazmun talabi bilan uni tiklash mumkin:
Men shunga ishonamanki, …
Demak, bu qo‘shma gapni ham sodda gapga aylantirish mumkin:
Men tilagingizga yetishingizga ishonaman.
Biz yuqorida bir qismi ikkinchi qismi uchun izoh hisoblangan ergash gapli qo‘shma gaplar bo‘yicha faktlar keltirdik. Bog‘langan va bog‘lovchisiz qo‘shma gaplar bo‘yicha ham xuddi yuqoridagi fikrni aytish mumkin.
Na Botirning signali eshitiladi, na mashinaning yorug‘i ko‘rinadi (I.Rahim).
Bu qo‘shma gapda esa komponentlar mazmunan biri ikkinchisini izohlamaydi, biri ikkinchisi uchun qo‘shimcha ma’lumot tarzida reallashadi. Shuning uchun ham uning umumiy mazmunini bitta sodda gap orqali berib bo‘lmaydi. Yoki quyidagi misolni olaylik:
Kurort ora yo‘lda qoldi, eru xotin qaytib ketishdi (A.Qahhor).
Bu qo‘shma gap komponentlari tarkibida ham izoh talab qiluvchi bo‘laklar yo‘q. Komponentlar aniq mazmun ifodalaydi. Bunday qo‘shma gaplarda komponentlar semantik jihatdan nisbatan mustaqil bo‘lganliklari uchun ham, ular orqali ifodalangan mazmunni alohida-alohida olingan ikki sodda gap orqali ifodalash mumkin:

  1. Kurort ora yo‘lda qoldi.

  2. Eru xotin qaytib ketishdi.

Yuqoridagilardan ko‘rinadiki, qo‘shma gapning istalgan turi sodda gapga sinonim bo‘lavermaydi. Bunday qo‘shma gaplarga quyidagilarni kiritish mumkin:
1. Payt mazmunini ifodalagan qo‘shma gap turlarini sodda gapga aylantirib bo‘lmaydi:
a) bog‘lovchisiz qo‘shma gaplarni:
To‘plar gumburidan tindi quloqlar,
Yana yulduzlarga qaradi Vatan (M.Xalil).
b) bog‘langan qo‘shma gaplarni:
Eshik sekin ochildi-yu, Arslonbek Qalandarovning shopday, rayonga mash’ur mo‘ylovi, yuzi ko‘rindi (A.Qahhor).
v) payt ergash gapli qo‘shma gaplar:
Tong otib, shahar ertangi mashg‘ulot bilan band bo‘ldi (A.Qayumov).

  1. Biriktirish mazmunini ifodalovchi qo‘shma gaplar:

a) bog‘lovchisiz qo‘shma gaplar:
Qo‘shiqchining ko‘zlarida yosh yiltiradi, ovoziga bilinar-bilinmas titroq kirdi (O.Ergashev).
b) bog‘langan qo‘shma gaplar:
Ham kulging qistaydi, ham g‘azabing keladi bunga (I.Rahim).

  1. Shart mazmunini ifodalovchi qo‘shma gaplar:

a) bog‘lovchisiz qo‘shma gaplar:
Do‘sting kimligini ayt, sening kimligingni aytaman (Maqol).
b) shart ergash gapli qo‘shma gaplar:
El senga etsa nadomat, Dunyoda turolmassan salomat (Maqol).
a) bog‘lovchisiz qo‘shma gaplar:
Yomon kunlar yaxshi bo‘lar, yomon odam yaxshi bo‘lmas (Maqol).
O‘sma ketar, qosh qolar, Surma ketar, ko‘z qolar (Maqol).
b) bog‘langan qo‘shma gaplar:
Yoshligimizni zamon olib ketdi, ammo qarimadik, qarimaymiz ham (Uyg‘un).
v) ergash gapli qo‘shma gaplar:
Oy ming nur sochib, yog‘dular taratsa-da,
Oila karvonini er – osmon boshqaradi (E.Oxunova).
5. Qiyoslash mazmunini ifodalovchi qo‘shma gaplar:
a) bog‘lovchisiz qo‘shma gap:
Yotib yegan o‘ladi, totib yegan to‘ladi (Maqol).
b) bog‘langan qo‘shma gap:
Omon kutar Saodatini, qizdan esa kelmaydi xabar (Nazarmat).
v) ergash gapli qo‘shma gap:
Bolalarki shunday deyayotgan bo‘lsa, kattalarning ozida nima gap? (I.Rahim). Bu nom quyosh bo‘lsa, Azmiddin ko‘rshapalakdek ojiz edi. (H.G‘ulom).
6.Sabab-natija mazmunini ifodalovchi qo‘shma gaplar:
a) bog‘lovchisiz qo‘shma gaplar:
Osmonda na oy va na yulduz ko‘rinadi: havo buzuq edi. (M.Ismoiliy).
b) bog‘langan qo‘shma gap:
G‘amxonada qashshoqlik kuldi
Va oila tutday to‘kildi (H.Olimjon).
v) ergash gapli qo‘shma gaplar:
Baxtim borki, har narsa go‘zal
Ko‘rinadi mening ko‘zimga (H.Olimjon)
Mastonbibini bir boplayki, yerga kirib ketsin (S.Ahmad).
7. Ayirish mazmunini ifodalovchi qo‘shma gaplarni sodda gaplarga aylantirib bo‘lmaydi:
Bo‘yingizga bo‘ldim xumor,
Yo siz keling, yo men boray. (Qo‘shiq)
Demak, ba’zi sintaktik konstruksiyalar sinonimik qatorga ega emas. Chunki ular maxsus ekspressivlik ifodalash uchun faqat bir shaklda qurilgan, uning boshqa sinonimi yo‘q.
Xullas, sodda gaplar bilan qo‘shma gaplar orasidagi sinonimik munosabatni tekshirish natijasida shunday xulosaga keldik:
I. Sodda gaplar ko‘proq ozaki nutqda, qo‘shma gaplar, asosan, yozma nutqda qo‘llanuvchi sinonimik konstruksiyalardir.
2. Sodda va qo‘shma gaplar orasidagi sinonimik munosabat murakkab bir fikrni tilda siqiq yoki yoyiq holda ifodalashda farqli belgilarga ega bo‘lgan nutq uslublarining mavjudligi bilan xarakterlanadi.

  1. Sodda va qo‘shma gaplar orasidagi sinonimiya sintaktik vositalarda katta potensial imkoniyatlarning mavjudligiga tayanadi.

  2. Sintaktik vositalarning o‘zgarishi faqat sintaktik konstruksiyalarning grammatik strukturasigagina ta’sir etib qolmasdan, ularning sinonimik qatorini aniqlash uchun xizmat qiladi.

  3. Qo‘shma gap ko‘rinishlarining hammasi sodda gaplarga hamisha sinonim bo‘lavermaydi. Nutqimizda sinonimik qatorga ega bo‘lmagan qo‘shma gaplar ham mavjud.

Qo‘shma gaplar supersintaktik butunliklar bilan ham sinonimik munosabatga kirishadi, natijada yana bir sinonimik qator ko‘rinishi yuzaga keladi. Bunday sinonimik qatorlarga misol qilib quyidaagi sintaktik konstruksiyalarni ko‘rsatish mumkin:
Supersintaktik butunlik: Hovli tomondan kimningdir jon achchig‘ida dodlagan tovushi eshitildi. Opa-singil yugurib hovliga kirishdi (A.Qahhor).
Qo‘shma gap: Hovli tomondan kimningdir jon achchig‘ida dodlagan tovushi eshitildi, shuning uchun opa-singil yugurib hovliga kirishdi.
Quyidagi supersintaktik butunlikni murakkab qo‘shma gap holida ham berish mumkin:
Kozimbek mashinani yo‘lga chiqarib, qishloqqa tomon yurdi. Yo‘l bo‘yi ikkovi ham so‘z qotmadi. Kozimbek qilmishidan xijolat, Saida esa undan… bir og‘iz so‘z kutardi (A.Qahhor).
Kozimbek mashinani yo‘lga chiqarib, qishloqqa tomon yurdi, lekin yo‘l bo‘yi ikkovi ham so‘z qotmadi, chiunki Kozimbek qilmishidan xijolat, Saida esa undan… bir og‘iz so‘z kutardi.
Ba’zan sodda gaplarning shunday murakkab ko‘rinishlari ham uchraydiki, ularning mazmunini ixtiyoriy ravishda bir necha mustaqil sodda gaplardan tuzilgan ustama frazali sintaktik butunlik orqali ifodalash imkoniyati tug‘iladi. Natijada sodda gap hamda ustama frazali sintaktik butunlik o‘rtasida sinonimiya vujudga keladi:

  1. sodda gap: Hamidulla ro‘zg‘orni juda yaxshi bilgani va shu bilan birga, orzu-havasli erkak bo‘lgani, xotinining uyda o‘tirishini, o‘tirganda gul, yurganda tovus bo‘lishini istagani va shunga intilgani uchun kampirga juda ma’qul ekan (A.Qahhor).

  2. ustama frazali sintaktik butunlik: Hamidulla ro‘zg‘orni juda yaxshi biladi. Shu bilan birga, orzu-havasli erkak. U xotinining uyda o‘tirishini, o‘tirganda gul, yurganda tovus bo‘lishini istaydi. Shuning uchun ham Hamidulla kampirga juda ma’qul ekan.

Sinonimik konstruksiyalarning yuqoridagi tiplari nutq birligining turli ko‘rinishlarini (sodda gap va ustama frazali sintaktik butunlikdan yoki qo‘shma gap va ustama frazali sintaktik butunlikdan) iborat bo‘lgani uchun ham, bunday sintaktik sinonimlarni aralash sintaktik sinonimlar deb ham aytish mumkin.
Xullas, sinonim gaplar bir fikr ifodalashning ikki ko‘rinishi bo‘lib, ular badiiy asarlarda personajlar nutqini individuallashtirish, nutqiy baho berish uchun xizmat qiladi. Sintaktik sinonimlardan tabiat manzaralarini tasvirlashda, kishilarning ijobiy yoki salbiy xususiyatlari, qirralarini ochishda, inson ruhiy holati va his-tuyg‘ulari haqida to‘liq ma’lumot berish maqsadida foydalaniladi. Sintaktik sinonimlar ko‘proq badiiy hamda og‘zaki nutq stilida qo‘llanadi, qisman publitsistik asarlar tilida uchraydi.Yozma nutqda sintaktik sinonimlar kontekst orqali, og‘zaki nutqda esa nutq sharoiti orqali aniqlanadi.



Download 67 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling