1. Yer tuzishning maqsadi, mazmuni va vazifalari
Tuman yer tuzish chizmasi
Download 35.83 Kb.
|
2-4 mavzu
2. Tuman yer tuzish chizmasi
Yer tuzishni loyihalash tarkibida, yuqorida aytilganidek, loyiha oldi ishlari bosqichi bor. Bu bosqichda katta hududlarda yerdan samarali foydalanishni va uni muhofaza qilishni tashkil etishning yirik muammolari yechiladi. Loyiha oldi ishlari bosqichida yechiladigan masalalar tuman yer tuzish chizmasida to‘la o‘z yechimini topadi. Tuman yer tuzish chizmasi yer tuzish loyihalaridan oldin ishlanadi va ularni tuzishga asos bo‘lib xizmat qiladi. Tuman yer tuzish chizmalarini ishlash zaruratini quyidagi vaziyat va sabablar taqazo etadi: ularning yer tuzishda loyihalash, rejalash va bashoratlash ishlari orasida bog‘lovchi bo‘g‘in vazifasini bajarishi; yer tuzish fani va amaliyotini bir-biri bilan bog‘lash zarurati; tuman miqyosida bir-biri bilan bog‘liq ko‘plab yer tuzish ishlarini lokallashtirish (mustaqil yechish) imkoniyatining yaratilishi. Xo‘jaliklararo va xo‘jaliklarda ichki yer tuzish loyihalari hamda ulardagi tadbirlar uchun ishlanadigan ishchi loyihalar hududlarni tashkil etishning oxirgi mustaqil bo‘g‘inlari hisoblanadi. Ular aniq belgilangan hududlar, yer egaliklari va yerdan foydalanuvchilar, tabiiy majmualar, tabiiy va xo‘jalik sharoitlari har xil bo‘lgan ko‘plab yer uchastkalari uchun tuziladi. Shu bilan bir qatorda, korxonalar va xo‘jaliklar bir-biri bilan hududiy bog‘langan va umumiy infratizimga, servis xizmatlariga va bozorga egadirlar. Ularning bir-birlaridan ajralgan holda faoliyat ko‘rsatishlari mumkin emas. Shuning uchun ham korxonalar va xo‘jaliklarning ishlab chiqarish va boshqa faoliyatlari, belgilangan hududni tashkil etishni texnik-iqtisodiy asoslash yordamida muvofiqlashtirilishi kerak. Ko‘p yillik yer tuzish va mahalliy boshqaruv tajribasi shuni ko‘rsatadiki, fuqarolar, tashkilotlar va korxonalarning amaliy va tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha faoliyatining eng yaxshi uyg‘unlashuvini ta’minlaydigan hudud ma’muriy tuman hududidir. Shuning uchun ham tumanda yer tuzish amaliy jihatdan katta ahamiyatga ega. Tuman hududi har xil toifadagi (kategoriyadagi) yerlardan iborat bo‘lib, ular jumlasiga qishloq xo‘jaligi, shaharlar va qishloqlar, sanoat, transport, aloqa, o‘rmon va suv fondi, zahira yerlari va boshqalar kiradi. Har bir tuman rivojlanishining tashkiliy-hududiy asosi bir-birlaridan xo‘jalik yuritish usullari, xalq xo‘jaligi tarmoqlari tarkibiga kirishi va mulkchilik turlari bilan farq qiladigan yer egaliklari va yerdan foydalanuvchilar tizimi hisoblanadi. Ekologik jihatdan tuman hududi takrorlanmas tabiiy va iqtisodiy sharoitlarga, o‘ziga xos antropogen ta’siriga ega umumiy va cheklangan maydondir. Ijtimoiy omillar nuqtai nazaridan ma’muriy tumanlar aholi tizimi, demografik o‘zgarishlar, aholi tarkibi, madaniy-maishiy xizmat ko‘rsatish tizimi bilan tavsiflanadi. Shuning uchun ham tumanda yer tuzish mazmuni va amalga oshirish usullari bilan viloyatda va xo‘jalikda yer tuzish ishlaridan keskin farq qiladi. Ma’muriy tumanda yer tuzish chizmasi Respublika yer resurslaridan foydalanish va ularni muhofaza etish chizmasiga nisbatan xususiy masalalarni yechishga qaratilgan bo‘lsa, yer tuzish loyihalariga nisbatan umumiy yechimlarga ega bo‘ladi. Ular tumanda yer tuzish ishlarining strategik masalalarini yechishga qaratilgandir. Tuman yer tuzish chizmasi – bu o‘zida yerlarni tarmoqlararo, xo‘jaliklararo va xo‘jaliklarda ichki yer tuzish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalarni mujassamlagan huquqiy, iqtisodiy va texnik hujjatlar, hisoblashlar va tushuntirish xatlari majmuidir. Uni ishlashda quyidagilarni ta’minlash zarur: yerlarning agroekologik sifatini va bioiqlimiy salohiyatini hisobga olgan holda, ularni xalq xo‘jaligi tarmoqlari orasida to‘g‘ri taqsimlash va ulardan foydalanishni tashkil etish; noqishloq xo‘jalik tarmoqlarida yerdan o‘ta tejamkorlik bilan foydalanish bo‘yicha qattiq tartib o‘rnatish; mayda va o‘rta aholi yashash joylarining xo‘jalikdagi ahamiyatini oshirish; har xil mulkchilik turlaridagi va xo‘jalik yuritish shakllaridagi yer egalari va yerdan foydalanuvchilar orasidagi aloqalarni rivojlantirish; bozor xizmatlari, ishlab chiqarish va iste’molning uzviy bog‘liqligini, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini va xom ashyoni samarali qayta ishlashni, infratizimlarni rivojlantirishni ta’minlaydigan qilib qishloq xo‘jalik yerlarini qayta tuzish. Ma’muriy tuman chegaralarida yer tuzishning zarurati 20 asrning 60 yillari oxirlariga kelib to‘la anglab yetildi va u yer tuzish amaliyotiga joriy etila boshlandi. Bu ishlarning tezkorlik bilan amaliyotga joriy etilishiga o‘sha davrlarda qishloq xo‘jaligida olib boriladigan xo‘jaliklararo kooperatsiya va agrosanoat integratsiyasi asosida ishlab chiqarishni ixtisoslashtirish va yiriklashtirish jarayonlari sabab bo‘ldi. Bu davrda ilmiy muassasalar bu ishlarni bajarish uslubiyatini ishlab chiqishdi va yer tuzish tashkilotlari tomonidan 70 yillarda mamlakatimizning ko‘plab ma’muriy tumanlari uchun yer tuzish chizmalari ishlandi. Bu ishlarni bajarish tajribasi tuman yer tuzish chizmalarini ishlashni yerdan foydalanuvchilar yerlarini inventarizatsiyalash va taftish etishdan boshlash zarurligini ko‘rsatdi. Bunda, tumanda yerlardan foydalanish va uni muhofaza qilishning ahvoli tahlil etiladi, kadastr baholari asosida sug‘oriladigan o‘ta qimmatbaho va ajratilgan maqsadi bo‘yicha foydalanilmayotgan yerlar hamda sug‘orilmaydigan va kam ahamiyatli qishloq xo‘jalik yerlari tarkibidagi unumdorligi past yerlar aniqlanadi. Har xil yer toifalari (kategoriyalari), yer egaliklari va yerdan foydalanuvchilar (qaysi tarmoq tasarrufida bo‘lishidan qat’iy nazar), shaharlar, posyolkalar, qishloqlar va ovullar chegaralari aniqlanadi. Natijada ishlab chiqarishni va iqtisodiyotning har xil tarmoqlari korxonalarini joylashtirish, tuman yerdan foydalanish tizimini takomillashtirish, yerdan foydalanishni va uni muhofazalashni yaxshilashning asosiy yo‘nalishlarini belgilashning umumiy konsepsiyasi ishlab chiqiladi. Download 35.83 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling