Rasmiy uslub o‘ziga xos grammatik xususiyatlari bilan ham boshqa uslublardan ajralib turadi:
a) shaxs otlari ko‘p qo‘llaniladi: guvoh, da’vogar, tergovchi, prokuror, ijrochi, javobgar, jinoyatchi, er, xotin, Davlat maslahatchisi, vazir, Vazirlar Mahkamasining raisi;
b) fe’lning buyruq maylidagi lug‘aviy birliklar faol ishlatiladi: yuklansin, topshirilsin, aniqlansin, tayinlansin, ozod qilinsin, bajarilsin;
v) fe’lning majhul nisbatdagi shakllari ham rasmiy uslubga xosdir: ko‘riladi, tayinlanadi, saylanadi, bajariladi;
g) qisqartma otlar ham qo‘llaniladi: MDH, BMT, JK, JPK,FK, FPK, IIV, YUNESKO va b.
Rasmiy uslubning sintaktik qurilishi qat’iy va odatdagi so‘z tartibiga rioya qiladi, ya’ni ega gapning boshida kelsa, kesim gapning oxirida keladi. SHuningdek, aniqlovchi bo‘laklar aniqlanmishlardan oldin qo‘llansa, to‘ldiruvchi fe’l kesimga boshqaruv yo‘li bilan bog‘lanadi.
Rasmiy hujjatlar matni uchun asosan ikki bosh bo‘lakli sodda gaplar va murakkablashgan sintaktik butunliklar xos bo‘lib, bu gaplarning aksariyati darak hamda buyruq mazmunida bo‘ladi. Bunday gaplarning kesimi, asosan, buyruq maylida, majhul nisbatdagi fe’llar bilan ifodalanadi. Uyushiq bo‘lakli va turli murakkablashgan qurilmalar, olmoshli va bog‘lovchi sintaktik aloqalar, rasmiy-yuridik matnlarga xos (yoyiq aniqlovchilar, uyushiq bo‘laklar bilan kengayib keladigan)...ga muvofiq, -ga asosan,- binoan kabi kiritmalar rasmiy uslub sintaksisining asosiy lisoniy belgilaridir.
YUristlar amaliyotida rasmiy uslub xizmat qilishi shubhasiz. SHuning uchun bu uslubning lingvistik va ekstralingvistik (tilga bog‘liq bo‘lmagan) xususiyatlarini etarli o‘rganish ularning kelgusi ijtimoiy hayotida suv va havodek zarur. YUristlar tuzgan hujjatlarning barchasi rasmiy uslubda, adabiy til me’yorlari asosida tuzilmog‘i lozim. Bunga rioya qilmaslik uslubiy xatolarni keltirib chiqaradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |