Aniqlovchi ergash gapli qo‘shma gap. Bu xil ergash gaplar bosh gap tarkibida kelib, bevosita o‘zi aniqlab kelayotgan otning oldida qo‘llanadi: Qaŋïmïz äčimiz qazğanmïš bodun atï, küsi yoq bolmazun yin türk bodun üčün tün udïmadïm, küntüz olurmadïm - otamiz, akamiz qozongan xalqning nomi, shuhrati yo‘q bo‘lmasun deb turk xalqi uchun kechasi uxlamadim, kunduzi o‘tirmadim (KT); Közün körmädük qulğaqïn äsidmädük bodunïm - ko‘z bilan ko‘rmagan, quloq bilan eshitmagan xalqim (KT). To‘ldiruvchi ergash gap bosh gap tarkibidagi olmosh-to‘ldiruvcni yoki fe’l-kesimning ma’nosini izohlaydi va bosh gap mazmunini to‘ldiradi: Äki šadulayu ini yigünim, oğlanïm, bäglärim, bodunïm közi, qašï yablaq boltačï täp, saqïntïm – ikki shad keyingi ini jiyanim, bolam, beklarim, xalqimning ko‘zi, qoshi yomon bo‘ladi deb, o‘yladim (KT).
Maqsad ergash gapli qo‘shma gapda qismlarning biri ikkinchisidan anglashilgan mazmun nima maqsadda ro‘y berishini ifodalaydi, täyin va uning variantlari vositasida bosh gapga bog‘lanadi. Masalan: Türk bodun yitmäzün täyin yoluq ärmäzün täyin üzä täŋri tär ärmiš…- turk xalqi yo‘qolmasin deb, qurbon bo‘lmasin deb, ko‘kdagi Tangri der emish ...(O‘n); Yalabačï ädgü sabï ötügi kälmäz täyin yayïn sülädim – elcnisi, ezgu so‘zi, arzi dodi kelmayapdi deb, yozda lashkar tortdim (BX).
Payt ergash gap bosh gapdan anglashilgan mazmunning ro‘y berish vaqtini ifodalaydi va bosh gapga o‘rin–payt, chiqish kelishigi shakli orqali bog‘lanadi: Äčim qağan qamšağ boltuqïnta, bodun ölüg iglig boltuqïnta Izgil bodun birlä süŋüshdimiz – amakim xoqonning davlati zaif bo‘lganda, xalq o‘lib, kasal bo‘lib turganda Izgil xalqi bilan jang qildim; Üzä kök täŋri asrayağïz yärqïlïntuqda, äkinara kisi oğlïqïlïnmïs –Yuqorida ko‘k osmon, pastda qo‘ng‘ir yer yaratilganda ikkisining o‘rtasida inson bolasi yaratilgan (KT).
Do'stlaringiz bilan baham: |