Keng qatorlab ekish usulidan sug’oriladigan yerlarga qator oraliqlari b=45-90 sm kenglikda, urug’lar uzluksiz joylashtiriladi (127- e rasm). Bu usulda ekilgan ekin qator oraligʻidagi tuproqqa ishlov berish imkoni qulay bo‘ladi.
Tasmasimon qatorlab ekish usuli (127- f rasm) sug’oriladigan dehqonchilikda sabzavot, kanop, ayrim hollarda chigit ekishda ham qo‘llaniladi. Har bir tasmani 2-3 satr tashkil qiladi. Tasmadagi qatorlar soni va oralig’i hamda tasmalar oralig’i ekiladigan ekin xossalari va kultivatsiya qilish imkonini e‘tiborga olgan holda tayinlanadi. Aksariyat holda, tasmadagi satrlar oralig’i 5, 8, 10 sm, tasmalar orasi kamida 60 sm bo‘ladi.
Uyalab ekish usuli (127- g rasm) keng qatorlab ekishga nisbatan 2-3 baravar kam urug’ sarflab, rejalashtirilgan hosilni olish imkoni bo‘ladi. Urug’ joylashgan qatorlari oraliqlari b= 60-100 sm va o‘zaro parallel bo‘lgan qatorlarda yasaladi. Qatordagi uyalar orasi (c =15-30 sm) ekin yetishtirish agrotexnikasiga bog’liq holda tanlanadi. Bu usulda chigit, makkajo‘xori va boshqa ekinlar ekiladi.
Kvadrat-uyalab ekish usuli (127- h rasm) uyalab ekishning bir turi bo‘lib, qatordagi uyalar orasi c, qatorlar kengligi b ga teng qilinadi (b=c= 70-100 sm). Sug’orishdan so‘ng, bunday usul bilan ekilgan ekinzorni (paxta, makkajo‘xori) uzunasiga hamda ko‘ndalangiga kultivatsiyalab, begona o‘tlarga qarshi kurashiladi va shuning natijasi o‘laroq, qo‘l mehnati sarfi keskin kamaytiriladi.
Urug’ni donalab ekish usulida (127- irasm) qatorlar kengligi b=45-140 sm bo‘lib, qatordagi urug’lar orasi (c=5-20 sm) bir- biriga teng bo‘ladi. Bu usul bilan ekilgan ekin urug’i tejaladi, qo‘l mehnati sarfi kamayib, hosildorlik oshadi.
Urug’ni ko‘mish tartibi va usuli tuproqning xossalariga qarab tanlanadi. Ko‘pincha, chigitni tekislangan yerga, egatga, pushtaga, W simon egatga, plyonka ostiga ko‘mib ekish usullari qo‘llaniladi. Quyida, sug’oriladigan dehqonchilikda urug’ni ko‘mish usullari keltirilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |