11-Mavzu. Kredit bo‘yicha foiz stavkalar va ularga ta’sir qiluvchi omillar reja


Tijorat banklarida kredit foiz stavkalari shakllanishining huquqiy asoslari


Download 127.41 Kb.
bet9/20
Sana20.12.2022
Hajmi127.41 Kb.
#1039215
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   20
Bog'liq
Kredit bo’yicha foiz stavkalar va ularga ta’sir qiluvchi omillar

3. Tijorat banklarida kredit foiz stavkalari shakllanishining huquqiy asoslari


Bozor munosabatlarini qaror topishi va rivojlanishi bozor iqtisodiyoti infratuzilmasining muhim tarkibiy qismi hisoblangan bank tizimi va kredit munosabatlarining qonuniy asoslarini shakllantirish zaruratini keltirib chiqardi. Bank va bank faoliyatiga oid huquqiy islohotlar respublikamizda bozor iqtisodiyoti jarayonlariga moslashayotgan hozirgi rivojlanish davri bilan uzviy bog‘liq holda vujudga kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi har qanday huquq sohasining asosiy manbasi hisoblanib, jumladan kredit munosabatlariga oid qonunchilikning ham muhim manbasi va huquqiy asosi bo‘lib xizmat qiladi. Tijorat banklari va ularning kredit munosabatlarini huquqiy jihatdan tartibga solishda bank sohasiga talluqli qonunlar muhimdir.
Mamlakatimizda har qanday munosabatlarni tartibga solish borasidagi huquqiy me’yorlar va tartiblar O‘zbekiston Respublikasining Fuqorolik Kodeksida o‘z aksini topgan. Kredit munosabatlari O‘zbekiston Respublikasi Fuqorolik Kodeksiga muvofiq tartibga solinadi. Fuqorolik Kodeksining 41- bobi «Qarz va kredit» to‘g‘risida bo‘lib, uning ikki paragrafi kredit munosabatlariga bag‘ishlangan. Tijorat banklarida kreditlashni tashkil etishning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri, tomonlar o‘rtasida kredit bitimining shartnomaviy xarakterga ega ekanligidir. Kredit munosabatlarida ikki tomon, qarz oluvchi va kreditor ishtirok etib, ular o‘rtasida yuzaga keladigan o‘zaro talablar va majburiyatlar shartnoma asosida mustahkamlanishi ko‘rsatib o‘tilgan6.
«Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi qonunning 3-bobi 31-moddasiga muvofiq, banklar o‘z mijozlari bilan o‘zaro munosabatlarni shartnomalar asosida amalga oshiradi7. Kreditor va qarz oluvchi o‘rtasida tuzilgan kredit shartnomasi huquqiy-iqtisodiy shartlarni, huquq va majburiyatlarni aniqlaydi.
Qarzdor va kreditor o‘rtasida kredit shartnomasi yozma ravishda tuzilib, tomonlar o‘rtasida imzolanib huquqiy kuchga kiritiladi. Fuqarolik Kodeksining 744-moddasiga muvofiq, kredit shartnomasida bir tomon – tijorat banki yoki boshqa kredit tashkiloti (kreditor) ikkinchi sub’ektga (qarzdorga) shartnomada ko‘rsatilgan miqdorda va belgilangan shartlar asosida pul mablag‘larini (kredit) berish, qarz oluvchi esa olingan pul mablag‘larini va undan foydalanganlik uchun foizlarni qaytarish majburiyatini oladi8.
Huquqiy nuqtai-nazardan qonuniy foizlar bilan shartnomaviy foizlar farqlanadi. Qonuniy foizlar pul majburiyatlari bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda o‘rnatiladi. SHartnomaviy foizlar esa, qoidaga ko‘ra majburiyatlar o‘z vaqtida bajarilmasa va uni bajarish ma’lum bir muddatga cho‘zilgan hollarda majburiyat summasiga nisbatan foizlar belgilash tomonlar o‘rtasidagi shartnomada ko‘rsatilgan taqdirda yuzaga keladi. Qarz shartnomasi yoki mahsulot sotish va xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomalarda shartnomaviy xarakterdagi foizlarni belgilash mumkin. Bunda qarz bitimlarida foizlarni to‘lash shartnomada ko‘rsatilgandagina amalga oshiriladi. Kredit shartnomasida esa, foizlarni qonun asosda belgilanishi majburiy hisoblandi. Kreditor va qarz oluvchi kredit shartnomasida to‘lanishi lozim foizlarni kelishib belgilamasa, bunday kredit shartnomasi tuzilmagan hisoblanadi. Xuddi shu jihati bilan kredit kredit shartnomasi qarz (pullik) shartnomasidan farq qiladi. Qarz shartnomasi esa imzolangan hisoblanadi va unda foiz shartlari bo‘lmasligi mumkin. To‘lanishi lozim bo‘lgan foizlar to‘g‘risidagi shart kredit shartnomasidagi ta’minlanish xarakterini ifodalaydi.
Kredit summasiga hisoblanadigan foizlar bu kredit shartnomasidan kelib chiqqan holda kredit muddati va qarz oluvchining shartnomada qayd etilgan shartlarda va tartibda to‘lanadigan to‘lov hisoblanadi. Huquqiy tasnif nuqtai-nazaridan kredit summasi uchun foiz bu bank kreditor uchun uning ko‘rsatgan xizmatlari uchun to‘lanadigan “pul mukofoti” (kredit berilganlik uchun to‘lov) hisoblanadi. Bunday mukofotni pul mablag‘larini vaqtinchalik foydalanishga berish natijasida olinadigan bank kreditor daromadlarining bir turi sifatida qaraymiz. Foizlar hajmi (foiz stavkasi) to‘g‘risidagi shart kredit shartnomasida tomonlar o‘rtasidagi kelishilgan foiz stavka sifatida ifodalanadi. Bunda foiz stavka hajmi tomonlar manfaatiga mos bo‘lishi lozim, ya’ni foiz stavkasi miqdori nolga teng bo‘lmasligi va juda yuqori bo‘lmasligi lozim.
Bank kreditni foizsiz berganda, boshqa bitimni tuzish yoki qarz oluvchidan boshqa manfaat ko‘zlayotgan bo‘ladi. Ushbu amaliyot ayrim mamlakatlar bank amaliyotida mavjud bo‘lib, foizsiz kreditlar taqdim etish orqali bank mijozlaridan boshqa ko‘rinishda daromad olishni ko‘zlaydi.
Kredit shartnomasi konsensual shartnoma9 hisoblanib, u kredit munosabatlari ishtirokchilari tomonidan imzolanishi bilanoq tuzilgan hisoblanadi va huquqiy kuchga kiradi. Ammo, berilgan kreditga foizlar shartnoma tuzilgan kundan emas, balki haqiqatda kredit mablag‘laridan foydalanilgan davr uchun to‘lanadi. Bank kreditor va qarz oluvchi o‘rtasida tuziladigan kredit bitimining o‘ziga xos xususiyati shundaki, u ma’lum bir to‘lov evaziga tuziladigan, ya’ni qarzdor kreditorga kreditdan foydalangani uchun foiz, vositachilik - komission ko‘rinishida haq to‘lashi haqidagi shartnomadir.
Kredit shartnomasining muhim elementlaridan biri foiz stavkalarining belgilanishidir. Bank kreditidan foydalanganlik uchun to‘lov miqdori shartnomada ko‘rsatib o‘tiladi. Bank kreditor va qarz oluvchi o‘rtasidagi shartnomaga muvofiq, bank kreditidan foydalanganlik uchun foiz to‘lovlarini o‘z vaqtida qaytarishni qarzdordan talab qilish huquqiga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, kredit shartnomasida bir martalik vositachilik va komission haq to‘lanishi belgilash mumkin (qonunchilikda belgilangan tartibda). Ushbu shartlar kredit shartnomasining tegishli bo‘limida aks ettirilishi lozim.
Demak, kredit foiz stavkasi qarz oluvchi va kreditor o‘rtasida tuziladigan kredit shartnomada ko‘rsatib o‘tiladi. Endi kredit shartnomasida kredit foizi miqdorini o‘rnatishning qonunlarda qayd etilgan jihatlarini ko‘rib chiqamiz.
Qonunlar oliy yuridik kuchga ega O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan qabul qilinadigan huquqiy akt hisoblanadi. Qabul qilinadigan qonunlarda hamma sohalar singari, bank faoliyatiga oid iqtisodiy munosabatlarning asosiy mazmuni va ularni huquqiy jihatdan tartibga solishning asosiy usullari, maqsad hamda vazifalari ko‘rsatilgan bo‘ladi.
Tijorat banklari operatsiyalari bo‘yicha foiz stavkalar, xizmat haqi va komission to‘lovlar Qonun va qonun osti hujjatlariga muvofiq banklar tomonidan mustaqil belgilanadi. Jumladan, «Banklar va bank faoliyati to‘g‘rida»gi Qonunning 28-moddasi birinchi bandiga muvofiq, bank kredit operatsiyalari bo‘yicha foiz stavkalari va vositachilik haqi miqdorini mustaqil belgilaydilar10. Kredit foiz stavkasi va boshqa to‘lovlarni belgilash tartibi bank siyosatida o‘z aksini topadi.
Respublikamizda tijorat banklari chakana xizmatlarining rivojlanib borishi, aholi va banklar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni takomillashtirishni talab etdi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan qabul qilingan «Iste’mol krediti to‘g‘risida»gi, «Ipoteka to‘g‘risida»gi va «Mikromoliyalash to‘g‘risida»gi Qonunlariga muvofiq, bank va qarzdorlar o‘rtasida kredit munosabatlari qonuniy jihatdan tartibga solinadi. Xususan ularda bank kredit xizmatlarini ko‘rsatish shartlari, tartibi va ular bo‘yicha belgilanadigan foiz stavkalarning huquqiy asoslari belgilab berilgan.
O‘zbekiston Respublikasining «Iste’mol krediti to‘g‘risida»gi 2006 yil 24 fevralda qabul qilingan Qonunning 7-moddasi 4-bandiga asosan iste’mol kreditini berish qoidalari, kredit miqdori va muddati, foiz stavkasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar hamma uchun ochiq bo‘lishi ko‘rsatilgan. Ushbu qonunning 10-moddasiga muvofiq bank va mijoz shartnoma asosida kredit munosabatlari kuchga kirishi, shartnomada foiz stavkasi ko‘rsatilishi va u tomonlar kelishuvi asosida o‘rnatilishi belgilab qo‘yilgan.
«Mikromoliyalash to‘g‘risida» gi qonunning 8-moddasiga muvofiq, kredit tashkilotlari qarz oluvchilarga mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatish qoidalarining ochiq bo‘lishini ta’minlashi lozim. Banklar mikromoliyaviy xizmatlarni ko‘rsatishda mijozlarga moliyaviy xizmat miqdori (summasi), muddati va undan foydalanganlik uchun to‘lanadigan haq to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim qilishi kerak. Ushbu qonunning 14-moddasida tomonlar o‘rtasidagi munosabatlar shartnoma tuzilishi orqali amalga oshirilishi va unda foizlar yoki lizing to‘lovlari miqdorini aniq belgilash lozimligi ko‘rsatilgan. SHuningdek, shartnomada ko‘rsatilgan mikromoliyaviy xizmat bo‘yicha asosiy qarzlarni qaytarish tartibi va unga hisoblangan foiz to‘lovlarini to‘lash tartibi va muddatlari o‘z aksini topishi lozim. Bankdan olingan mablag‘lar muddatidan ilgari qaytarilishi va mijozlar haqiqatda foydalangan muddati uchun hisoblangan foizlarni to‘lashi qonuning 19-moddasida aks ettirilgan. Haqiqatda foydalanilgan davr uchun foizlar to‘lanish sharti kredit shartnomasida ham ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.
Qonunlar asosida qabul qilingan qonun osti hujjatlar davlat boshqaruvi organlarining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan me’yoriy hujjati bo‘lib, bank faoliyatiga oid muayyan tartib – qoidalarni o‘zida mujassamlashtirdi. Tijorat banklarining kredit operatsiyalari bo‘yicha foizlarni belgilashning ikkilamchi huquqiy manbai bu qonun osti chiqarilgan hujjatlardir. Markaziy bank o‘zining vakolatlaridan kelib chiqib O‘zbekiston Respublikasi hududida barcha sub’ektlar ijro etishi majburiy bo‘lgan me’yoriy hujjatlarni chiqarish huquqiga ega. Markaziy bank tijorat banklarining kredit operatsiyalari bo‘yicha qonunchilik doirasida normativ hujjatlarni qabul qiladi..
Kreditlash bilan bog‘liq me’yoriy hujjatlarda, ayniqsa imtiyozli foiz stavkalar va ularni qo‘llash borasidagi tartiblar o‘z aksini topgan. Imtiyozli foizlarni o‘rnatishning birlamchi qonuniy asosi «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi qonunning 28-moddasi hisoblanadi. Unda tijorat banklarining davlat dasturlarini kreditlash uchun Markaziy bank, byudjet, byudjetdan tashqari fondlar kredit liniyalari va boshqa manbalardan beriladigan kreditlari bo‘yicha foizlarni o‘rnatishida yuqori chegarasini Markaziy bank belgilashi qayd etilgan. Bunda tijorat banklari orqali berilayotgan markazlashtirilgan resurslar uchun to‘lov va eng asosiysi tijorat banklarining kreditlash amaliyoti bilan bog‘liq xarajatlarining qoplanishi e’tiborga olinadi. Tijorat banklari tomonidan berilgan imtiyozli kreditlar banklarga minimal daromadni olishni ta’minlashi lozim.
O‘zbekiston Respublikasida kichik biznes va tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tijorat banklari orqali amalga oshirilib, ularga imtiyozli foizli kredit resurslarining berilishi qonun va qonun osti hujjatlarda ham o‘z aksini topgan. Xususan, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 30-moddasiga muvofiq kredit resurslaridan erkin foydalanish tartibi ko‘rsatilgan11. Unda tadbirkorlik faoliyati sub’ektlari qonun xujjatlariga muvofiq, kredit resurslaridan erkin foydalanish huquqiga ega. SHuningdek, byudjetdan tashqari fond va jamg‘armalar mablag‘lari hisobidan tadbirkorlik faoliyatining ustuvor yo‘nalishlarini rivojlantirishga ajratiladigan kreditlardan foydalanganlik uchun byudjet mablag‘lari hisobidan imtiyozli foiz stavkalari belgilanishi qayd etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 5 maydagi “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat bankini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan kichik biznes va tadbirkorlik sub’ektlariga imtiyozli mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatish tarmog‘i yanada kengaytirildi. “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat banki kredit liniyalari orqali boshlang‘ich sarmoyani shakllantirish uchun, aylanma mablag‘larni to‘ldirish va biznesni risvojlantirishga va mikrolizing xizmatlari uchun imtiyozli kreditlar berish boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 10 noyabrdagi 4051-sonli «Mikrokreditbank» aksiyadorlik tijorat bankining tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi faoliyatini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi Farmoniga asosan kichik biznes va tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatiladigan mikromoliyaviy xizmatlar foiz stavkalari pasaytirilib inqiroz sharoitida ularning barqaror rivojlanishining manbai yaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki kredit foiziga ta’sir ko‘rsatish uchun tijorat banklarini kreditlash hajmini oshirishi va shu asosda ularning kreditga bo‘lgan talabini qondiradi hamda banklarning likvidliligiga ta’sir qiladi. Markaziy bank pul massasi va foizlarni tartibga solishda qayta moliyalash siyosatini amalga oshirib, tijorat banklariga qaytamoliyalash kreditlarini beradi. Markaziy bankning “Qayta moliyalash kreditlarini berish tartibi to‘g‘risida”gi yo‘riqnomasiga muvofiq, qaytamoliyalash kreditlari miqdori tijorat banki tomonidan kredit resurslarini tartibga solish fondiga o‘tkazilgan mablag‘larning 30 foizigacha, muddati 7 ish kunigacha, tijorat banki va Markaziy bank o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida beriladi. Taqdim qilingan kreditlar uchun yillik foiz stavkasi Markaziy bankning amaldagi qayta moliyalash stavkasidan 1,3 marta oshiriladigan miqdorda belgilanadi. Iqtisodiyotning ustivor tarmoqlarini kreditlash uchun tijorat banklariga direktiv berilishi mumkin. Vazirlar Mahkamasining qarorida (farmoyishlarida) ustivor tarmoqlar va ob’ektlar ro‘yxati, ajratiladigan direktiv kreditlar hajmi, ularni qaytarilishini ta’minlash shakli, xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklari, kreditning maqsadi, kreditni berish grafigi, foydalanganlik uchun foiz, asosiy qarz va u bo‘yicha foizlarni to‘lash muddati va tartibi ko‘rsatiladi. Direktiv kreditlar bo‘yicha yillik foiz stavkasi, Markaziy bank tomonidan pul-kredit siyosatining asosiy parametrlariga asoslangan holda belgilanadi. Ushbu kreditlar bo‘yicha foizlarni hisoblash Markaziy bankning shu davrdagi qayta moliyalash stavkasi asosida har oyda amalga oshiriladi va kredit shartnomasida o‘z aksini topadi. Agar kredit shartnomasida boshqa tartib ko‘zda tutilsa, shartnoma shartlariga amal qilinadi.
Markaziy bank monetar siyosatni amalga oshirishda bilvosita instrumentlardan kengroq foydalanadi. Markaziy bank tijorat banklariga lombard kreditini (qaytamoliyalashtirish kreditining turi) berish orqali iqtisodiyotdagi pul massasi va shu orqali foiz stavkalariga o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Markaziy bank “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan banklarga lombard krediti berish tartibi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvida tasdiqlangan 1998 yil 22 avgustda 416-sonli yo‘riqnomasiga asosan, tijorat banklariga lombard kreditini banklar arizalarini o‘zgarmas lombard foiz stavkalari bo‘yicha qondirish yo‘li bilan, shuningdek, yuzaga kelgan chegirish stavkalari bo‘yicha banklar arizalarining auksionlarini o‘tkazish orqali beriladi. Banklarga lombard krediti uch oygacha bo‘lgan muddatga berilib, berilgan lombard kreditining qaytarish muddati uzaytirilmaydi. Tijorat banklariga lombard krediti o‘zgarmas foiz stavkasida beriladi va unda Markaziy bank Boshqaruvi tomonidan tasdiqlangan va shartnoma tuzish sanasida amalda bo‘lgan Markaziy bankning stavkasi asos qilib olinadi. Markaziy bank lombard stavkasi o‘zgarganda lombard kreditidan foydalanganlik uchun foizlar qayta o‘rnatiladi. Foizlarni hisoblash va ularni undirish Markaziy bank Boshqaruvining lombard stavkasi miqdorini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qarori kuchga kirgan vaqtdan boshlab tuzilgan shartnoma bo‘yicha amalga oshiriladi. Ushbu shartnoma bir tomonlama xarakterga ega.
Tijorat banklarida kreditlar operatsiyalari va ularning buxgalteriya hisobini yuritish O‘zbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq tashkil qilinadi. Ushbu Qonunga muvofiq tijorat banklarining muomalalari va operatsiyalarni hisobga olishning tartib qoidalarini O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tartibga solinishi 5- moddada ko‘rsatib o‘tilgan. Tijorat banklarining berilgan kreditlari va ular bo‘yicha hisoblanadigan foizlar bank balans hisobvaraqlarida aks ettirilib borilishi lozim. Bank muassasalarida kredit foizlarining buxgalteriya hisobi Markaziy bankning 2004 yil 27 noyabrdagi 25/9-sonli Qarori bilan tasdiqlangan 594-sonli “Tijorat banklarida kreditlarning buxgalteriya hisobini yuritish tartibi to‘g‘risida” gi nizom va 2004 yil 30 yanvarda qabul qilingan “Tijorat banklarida foizlarni hisoblash to‘g‘risida”gi 1306 – sonli nizomga muvofiq amalga oshiriladi. Tijorat banklarida kreditlar bo‘yicha foizlarni hisoblash va ularni buxgalteriya yozuvlarida aks ettirish tartib – qoidalarini o‘zida mujassamlashtirgan. SHuningdek, banklarning depozitlar va kreditlar bo‘yicha foizlarni hisoblash bo‘yicha Markaziy bankning 1998 yil 2 oktyabrda qabul qilingan 424-sonli “Tijorat banklarida kreditlar va depozitlar bo‘yicha foizlarni hisoblash to‘g‘risida”gi nizomga asosan kreditlarni foizlarini hisoblash amalga oshiriladi. Ushbu tartib talablariga muvofiq bank kunlik asosda balans hisobvarag‘ida foizlarni hisoblaydi. Kreditlar bo‘yicha foizlarni undirish kredit shartnomasida ko‘zda tutilgan muddatlar va davriylikda amalga oshiriladi.
Tijorat banklarini foiz siyosatini amalga oshirishda Markaziy banki 2003 yil 11 oktyabrdagi 27/7-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Foizlarni o‘stirmaslik to‘g‘risida” gi 541-sonli nizomga muvofiq kreditlari va ular bo‘yicha foizlarni Moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlariga muvofiq o‘stirmaslik tartibini belgilaydi. Tijorat banklarida kreditlarga o‘stirmaslik maqomi berilishi, ya’ni bankning berilgan kredit bo‘yicha hisoblangan foiz daromadini to‘liq olish ehtimoli mutlaqo qolmaganda yoki mijozdan asosiy qarzning summasini to‘liq olish mumkin bo‘lmagan taqdirda, kreditga hisoblash usulini qo‘llash to‘xtatilishi tushuniladi. Tijorat bankining krediti bo‘yicha foizlarni balans hisobvaraqlarida hisobga olish to‘xtatiladi va balansdan tashqari balans hisobvaraqlarda hisobga olib boriladi.
SHuningdek, Markaziy bank tomonidan tijorat banklarining kredit siyosatiga qo‘yiladigan talablari mavjud. Banklar kredit operatsiyalari bo‘yicha foizlarni o‘rnatishda alohida olingan kredit turlari bo‘yicha mavjud qonun va me’yoriy hujjatlarga asoslanadi. Tijorat banklari kredit siyosatining muhim elementi foiz stavkasi bo‘lib, u orqali banklarning kredit operatsiyalari bo‘yicha foizlar o‘rnatilishi tartibi belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan 22 fevral 2000 yilda qabul qilingan 429-sonli “Tijorat banklari kredit siyosatiga nisbatan qo‘yiladigan talablar to‘g‘risida” gi nizomga muvofiq bank kredit siyosatini ishlab chiqadi. Kredit siyosati alohida huquqiy xujjat bo‘lib, bankning kreditlash faoliyati maqsad va vazifalarini aniqlab beradi. Kredit siyosati amaldagi qonunchilik va me’yorlarga asoslanib har yili kamida bir marta ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi lozim. Tijorat banklari kredit siyosatiga qo‘yiladigan talablardan biri kreditlar bo‘yicha belgilanadigan foiz stavkalari va uni o‘rnatishga doir qo‘yiladigan talablardir. Ushbu nizomning 2.9-bandiga muvofiq kredit siyosati tijorat bankining kredit turlari va qarzdorlar toifalari bo‘yicha belgilanuvchi foiz stavkalarni o‘rnatishda foydalaniladigan omillarni o‘zida mujassamlashtirishi lozim.
Tijorat banklari va mijozlar o‘rtasida tuziladigan kredit shartnomasida iqtisodiyotda yuz beradigan inflyasion ta’sir va bazaviy stavkalarning o‘zgarishini hisobga olishlari lozim. Bu ham bank kreditlari va ularda olinadigan foizlarning qiymatiga ta’sir ko‘rsatadi. Suzib yuruvchi foizlarni qo‘llash mexanizmini shartnoma shartlari sifatida kiritish maqsadga muovfiq bo‘lib, bank faoliyatida yuzaga keadigan foiz risklarini kamaytiradi.



Download 127.41 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   20




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling