11-mavzu. Landshaftshunoslikdagi asosiy ilmiy yo’nalishlar. Amaliy landshaftshunoslik Reja
Download 230 Kb.
|
11-mavzu. Landshaftshunoslikdagi asosiy ilmiy yo’nalishlar. Amal
Landshaftlar ekologiyasi yo‘nalishi. Keyingi yillarda ilmiy adabiyotda, siyosiy, ijtimoiy nashrlarda, turli ommaviy axborot vositalarida "Ekologiya", "Ekologik vaziyat", "Ekologik fojia", "Ekologik tanazzul", "Ekologik xavfsizlik" kabi ekologiya so‘zi bilan bog‘liq bo‘lgan atamalar tez-tez ishlatiladigan bo‘lib qoldi. Vaholanki, ekologiya atamasining fanga kirib kelganiga 130 yildan oshdi. Uni birinchi bo‘lib 1866 yilda Charlz Darvin ta'limotining targ‘ibotchisi, ekologiya fanining rasmiy asoschisi hisoblangan nemis zoologi Ernst Gekkel (1834-1919) kiritgan edi. Ammo, bu atamaning 100 yildan ortiq vaqt o‘tishi bilan yanada yangi kuch bilan e'tirof etilishi va keng ommalashib ketishi asosan ikki narsaga bog‘liq edi. Birinchisi, ushbu atamaning nihoyatda muvaffaqiyatli tanlanganligi bo‘lsa, ikkinchisi XX asrning ikkinchi yarmida tabiat-jamiyat tizimida insonning tabiatga ta'siri ortib ketganligi va tabiatda mavjud bo‘lgan modda va energiya almashinishi jarayonida turli xil nomutanosibliklarning yuzaga chiqa boshlashi bo‘ldi. Buning oqibatida inson yashab turgan tabiiy muhit turli chiqindilar bilan ifloslana boshladi, organizmlar, shu jumladan insonning hayoti uchun ham tahdidli bo‘lgan murakkab vaziyatlar hosil bo‘la boshladi. Insoniyat oldida o‘zi yashab turgan tabiiy muhitni muhofaza qilish, mavjud tabiiy resurslardan oqilona foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan keng qamrovli va murakkab ilmiy-amaliy muammollar ko‘ndalang bo‘lib qoldi. Bu muammolarning yechimini izlashda ekologiya fanining ilmiy va amaliy ahamiyati ko‘pchilikka ma'lum bo‘lib qolgan edi. Haqiqatdan ham, ko‘pgina taniqli ekolog olimlar (Yu.Odum, 1975; R.Dajo, 1975; R.Riklefs, 1979 va boshqalar)ning ta’kidlashi bo‘yicha ekologiya-tirik organizmlarning yashash sharoitlarini va ularning o‘zaro hamda yashash muhiti bilan aloqadoliklarini o‘rganadigan fandir. Ekologiyaning ham barcha fanlar qatori o‘ziga xos tushunchalari, ilmiy g‘oyalari va tadqiqot metodlari bordir. Hozirgi kunda dolzarb hisoblangan va atrof-muhit muhofazasi bilan bog‘liq bo‘lgan muammolarni to‘g‘ri hal etishda ekologiya g‘oyalarini hisobga olish, uning tadqiqot metodlaridan unumli foydalanish boshqa bir qator tabiiy fanlar, jumladan landshaftshunoslik uchun ham samarali natijalar berishi mumkin. Aslini olganda, ekologiya fanining ham, landshaftshunoslikning ham o‘rganish obyektlarida va tadqiqot usullarida ma'lum o‘xshashliklar mavjud. Bunday o‘xshashliklardan eng asosiysi shundaki, ekologiya fani organizmlar bilan ularning atrof-muhiti orasidagi aloqadorliklarni komponentlar orasidagi modda va energiya almashinish jarayonini o‘rganish orqali aniqlaydi. Bu usul geotizimlardagi ichki jarayonlarni o‘rganishda, geotizimlarning "yashashini" yoki ularning tabiatda bajaradigan maxsus faoliyatini o‘rganishda eng asosiy usul bo‘lib qoldi. A.A.Krauklis (1979) ning yozishicha, eksperimental-landshaft tadqiqotlarini yo‘lga qo‘yish va o‘tkazishda ham ekologik tadqiqotlar tajribasi katta ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.
Ekologiya fani bilan landshaftshunoslikning o‘xshashlik tomonlaridan yana biri shundaki, bu ikkala fan ham o‘z tadqiqot obyektini tizim deb qaraydi. Boshqacharoq qilib aytganda, ekologiya ekotizimlar haqidagi, landshaftshunoslik esa geotizimlar haqidagi fandir. Ammo, tizimli yondashish ekologiyaga landshaftshunoslikka nisbatan oldinroq kirib kelgan. Ekotizim tushunchasiga birinchi bo‘lib asos solgan olim ingliz botanigi A. Tensli (1935) ekanligi ko‘pchilikka ma'lum. 1970 yillarning boshlarida V.B. Sochava tomonidan geotizimlar haqidagi ta'limotning ishlab chiqilishi esa bu ikki fanni yanada bir-biriga yaqinlashtirib qo‘ydi. Natijada bir qator tabiiy geograflar (D.L.Armand, I.P.Gerasimov, A.G.Isachenko, V.S.Preobrajenskiy va b.) Ekologiya bilan geografiyaning, ekotizim bilan geotizimning o‘xshashliklari, farqlari, o‘zaro nisbatlari haqida fikr yurita boshladilar. Ularning ko‘pchiligi ekotizimlar biosentrik tizimlar, geotizimlar esa polisentrik tizimlar ekanligini e'tirof etmoqdalar (16-rasm). Ekotizim g‘oyasining asosida ma'lum bir komponent (asosan biokomponent) yoki ma'lum organizmlar turi tizimning "markazidir" degan fikr yotadi. Qolgan komponentlar esa ana shu "markaziy" komponent nuqtai nazaridan o‘rganiladi va tahlil qilinadi. Geotizim tushunchasining mohiyati esa barcha komponentlarni teng huquqli deb qarash va barcha o‘zaro aloqadorliklarni teng o‘rganish bilan bog‘liq. Landshaftlar ham o‘ziga xos muhit hosil qiluvchi geotizimlardir. Ularda ham inson yashaydi. Shuning uchun ham landshaftlarni inson yashashi, salomatligi va faoliyat ko‘rsatishi nuqtai nazaridan o‘rganish, tahlil qilish va baholash zaruriyati tug‘iladi. Bunday masalalarni hal qilishda ko‘proq ekologiyaga, aniqrog‘i inson ekologiyasiga taalluqli ma'lumotlardan keng foydalanishga to‘g‘ri keladi. U yoki bu landshaftni qishloq xo‘jaligi, uning biror tarmog‘i nuqtai nazaridan, yoki o‘sha tarmoqda yetakchi hisoblangan o‘simlik (masalan, paxta, don kabi) yoki hayvon turi (qo‘y, echki, qoramol kabi) ning o‘sishi, yashashi va unumdorligini oshirish nuqtai nazaridan tahlil qilinsa yoki baholansa bu landshaftshunoslikda ekologik yondashish bo‘ladi. O‘z obyektini o‘rganishda bunday ekologik yondashish tajribalari O‘zbekistonda yashab, ijod etgan bir qator tabiatshunos olimlar (D.N.Kashkarov, Ye.P.Korovin, T.Z.Zoxidov, V.M. Chetirkin, L.N. Babushkin va N.A. Kogay) ning ilmiy asarlarida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ularning ilmiy yo‘nalishlari haqiqatan ham ekologo-geografik yo‘nalish ekanligi va tan olinganligi hamda bu yo‘nalish asosida regional landshaftshunoslik shakllanganligini R.U.Raximbekov (1995) mukammal yoritib bera olgan. Obyektni o‘rganishdagi ekologik yondashish tabiiy geografiyaga va landshaftshunoslikka xuddi tizimli yondashish kabi bilishning bir metodologik usuli sifatida kirib keldi. Shu ma'noda Ya.Demek (1977) ning "Ekologik metod bilishning universal metodidir va birgina fan (masalan, biologiya fani) ning yoki bir guruh fanlarning "mulki" bo‘lib qolmay, undan xohlagan tabiiy tizimlarni, shu jumladan geotizimlarni ham tadqiq qilishda foydalanish mumkin" deb yozishi e’tiborga loyiqdir. -rasm. Ekotizm (I) va geotizim (II) larning tuzilishi Landshaftlarni tadqiq qilishda ekologik yondashish bir qator amaliy masalalarni hal etishda katta ahamiyatga egadir. V.B. Sochavaning (1978) tili bilan aytganda ekologiya keng ma'noda olganda bir filtrki, to‘plangan geografik ma'lumotlarni qishloq xo‘jaligi yoki o‘rmon xo‘jaligi masalalarini yechishda foydalanishdan oldin ana shu filtrdan o‘tkazib olish kerak bo‘ladi. Inson hayotida, uning kundalik kayfiyatining shakllanishida, mehnat faoliyatining natijalari unumli bo‘lishida atrof-muhit va landshaftning estetik ko‘rinishi katta ahamiyatga egadir. Chiroyli landshaft zavqli mehnatga ilhom bag‘ishlaydi. Landshaftlarning estetik jabhalarini o‘rganish, baholash yangi bir yo‘nalishni, ya'ni estetik landshaft yo‘nalishini shakllanishiga asos bo‘ldi. Bu yo‘nalishning tarbiyaviy ahamiyati bilan bir qatorda tabiat muhofazasi masalalarini tashviqot qilishdagi ahamiyati ham kattadir. Ammo bu yo‘nalish endi-endi shakllanib kelmoqda. Shunga o‘xshash yana bir qator yo‘nalishlar mavjudki (masalan rekreatsiya landshaftshunosligi, meliorativ landshaftshunoslik kabi), ular landshaftshunoslikdagi ikki yirik yo‘nalishning, ya'ni antropogen hamda amaliy landshaftshunoslikning qismlari sifatida qaralishi mumkin. Download 230 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling