11 mavzu: sharq va g‘arb klassisizmi: umumiylik va xususiylik. Reja: Klassitsizm umuminsoniy hodisa sifatida. Klassitsizmning tamoyillari. Sharq adabiyotida klassitsizm tamoyillari. XVII asr Yevropa klassitsizmi: Fransiyada klassitsizm


Download 6.83 Kb.
Sana19.06.2023
Hajmi6.83 Kb.
#1602423
Bog'liq
11 MAVZU

11 MAVZU: SHARQ VA G‘ARB KLASSISIZMI: UMUMIYLIK VA XUSUSIYLIK. REJA: 1.Klassitsizm umuminsoniy hodisa sifatida. 2.Klassitsizmning tamoyillari. 3.Sharq adabiyotida klassitsizm tamoyillari. 4.XVII asr Yevropa klassitsizmi: Fransiyada klassitsizm. 5.Sharq va Gʻarb klassitsizmining umumiy va farqli jihatlari. 6.Klassitsizm nazariyasi va poetik xususiyatlari.

Klassitsizm umumbashariy, umumfalsafiy, umumadabiy hodisa. Aynan shuning uchun ham bu hodisa tipologik mohiyatga ega bo’lib, qiyosiy adabiyotshunoslikning obyekti hisoblanadi. “Klassitsizm” istilohi lotincha “klassicus” so’zidan olingan. Lug’aviy ma‘nosi “namuna” yoki “namunaviy” deganidir. Mustaqil adabiy metod sifatida XVII asrning boshlarida Yevropada shakllangan. Ammo, shuni alohida ta‘kidlash kerakki, bu dalil klassitsizm faqat o’n yettinchi yuz yillikka kelib paydo bo’ldi degan ma‘noni bermaydi. Jahon adabiyotidagi aksar adabiy metodlarga o’xshab klassitsizm ham xronologik jihatdan adabiyotning ilk davrlari bilan bog’lanadi. Chunki klassitsizmning asl mohiyati, badiiy talqin tabiati shunday. Klassitsizm, ichki tamoyiliga ko’ra uch muhim zaminga tayanadi: taqlid yoki an‘anaga monand aks ettirish, aql-tafakkur konseptini markazga qo’yish, mutloq (absolyut) did.

Klassisizmdagi “oliy did” tushunchasi nisbiy mohiyatga ega. Undagi “oliy did” darajasini taqlid “namuna”sining qaysi maqomda turgani belgilaydi. Adabiy-tarixiy jarayonda taqlid obyekti o’zgarib turishi mumkin. Adabiyot tarixining shunday davrlari borki, unda “obyekt” vazifasini mif bajaradi. Antik Yunon adabiyoti vakillari Gomer, Esxil, Sofokl, Yevripid asarlari syujetini mifologik asarlarda aks ettirilgan voqealar tashkil etishi fikrimizga dalil. Yevropa Uyg’onishi adabiyoti vakillarining antik Yunon va Rim adabiyoti vakillari asarlarini “namuna” o’laroq qabul qilishlari, shu asosda qator tragediya, drama, komediyalar ijod etishlari shundan dalolat beradi.

Mashhur V.Shekspirning qator mashhur tragediyalari an‘anaviy syujetlar asosida yozilgan. A.Dante, F.Petrarka, J.Bokkacho, T.Mor, F.Bekon, Servanteslar ijodida ham ayni holat kuzatiladi. Sharq Uyg’onishining muhim poetik yangiligi bo’lgan xamsachilik, dostonchilik, nazirachilik, taxmischilik an‘analari ham aynan shu – klassitsizm qonuniyatlariga asoslangan. Nizomiy Ganjaviy tomonidan boshlab berilgan xamsachilik Xusrav Dehlaviyga kelib an‘anaga aylandi.

Bularning barchasi klassitsizm adabiy-tarixiy ijtimoiy-psixologik, adabiy-estetik hodisa o’laroq badiiy tafakkurning barcha davrlariga tegishli ekanini ko’rsatadi. Demak, jahon poetik tafakkuri tarixida klassitsizm tamoyilining mavjud ekani haqiqat. Faqat XVII asrga kelib, Gʻarbiy Yevropada bu tamoyil qonuniy adabiy metod tusini oldi.

Chunki bu paytga kelib, Yevropada ayni adabiy metodning maydonga kelishi uchun ijtimoiy, badiiy, psixologik vaziyat yetilgan edi. Ko’p asrlar “Kibor” Rim tomonidan “varvarlar” deb qarab kelingan Gʻarbiy va Sharqiy Yevropa xalqlari bu davrga kelib, millat va mustaqil saltanat bo’lib shakllanish zaruratini his qila boshladilar.

Klassitsizmning falsafiy zamini Rene Dekart (1596 – 1650)ning “Fikrlayman -mavjudman” degan konsepsiyasidan kelib chiqqan. Borliq, voqelikni idrok etish va insonning o’z-o’zini anglashida ratsional yondashuvning mutloqlashtirilishi ayni falsafaning tayanchi hisoblanadi.

O’zbek adabiyotidagi klassitsizmni ikki davrga bo’lish mumkin: “yuksak klassitsizm davri”, “kanonlashgan klassitsizm davri”. Birinchi davrga, shubhasiz, Navoiy davri, bu davrga xos adabiy an‘analar kiradi.

“Kanonlashgan klassitsizm davri” Turkistondagi uch xonlik tasarrufidagi ikki hududda kuzatiladi. Bularning birinchisi Amir Umarxon, Fazliy Namongoniy boshchiligidagi Qo’qon adabiy muhiti, ikkinchisi, Muhammad Rahimxon Feruz va Muhammadrizo Ogahiy yetakchiligidagi Xorazm adabiy muhiti.

Mazkur adabiy muhitni “kanonlashgan klassitsizmtarzida nomlashimizga sabab, ularda Navoiy davridagi singari Qur‘on, Hadis kabi birlamchi manbalarga emas, balki fors klassik adabiyoti, Alisher Navoiy asarlari va adabiy muhiti singani sintezlashgan badiiy kanonlarga rioya qilish tamoyilining kuchliligidir.

Sharq va Gʻarb klassitsizm adabiyotining umumiy tomonlari bo’lishi bilan birga, keskin farqlanadigan xususiyatlari ham bor. Eng muhim farq esa Sharq-islom klassitsizm adabiyotida diniy,ma‘rifiy tamoyillar asos-mohiyatni tashkil etishi, Gʻarb klassitsizmida antik Yunon va Rim madaniyatining ma‘naviy eskirgan badiiy-falsafiy konsepsiyalari ustuvorligida namoyon bo’ladi.

Ko’rinadiki, klassitsizm adabiy metodi chuqur ildizga ega bo’lgan, ijtimoiy, falsafiy, estetik, psixologik omillarni o’zida mujassam etgan tabiiy va qonuniy metodlardan biridir.


Download 6.83 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling