176-modda. Bayonnoma yuritish
Bayonnoma sud majlisi kotibi tomonidan sud majlisining o‘zida yoki alohida protsessual harakat bajarilganida sud majlisi zalidan tashqarida yuritiladi.
Bayonnoma sud majlisi tugaganidan yoki alohida protsessual harakat amalga oshirilganidan so‘ng uch kundan kechiktirmasdan raislik qiluvchi va sud majlisi kotibi tomonidan imzolanishi kerak.
177-modda. Bayonnoma yuzasidan fikr-mulohazalar
Sud protsessi ishtirokchilari sud majlisining bayonnomasi bilan tanishib chiqishga haqli va u imzolangan kundan e’tiboran besh kun ichida bayonnoma yuzasidan bayonnomada yo‘l qo‘yilgan xatoliklarni yoki undagi ma’lumotlarning to‘liq emasligini ko‘rsatgan holda yozma fikr-mulohazalar berishi mumkin.
Sud majlisining bayonnomasi yuzasidan yozma fikr-mulohazalar ular berilgan kundan keyin besh kun ichida sud protsessi ishtirokchilarini chaqirmasdan ko‘rib chiqilishi kerak.
Sud majlisining bayonnomasi yuzasidan berilgan yozma fikr-mulohazalarni raislik qiluvchi ko‘rib chiqadi va ushbu fikr-mulohazalarga qo‘shilsa, ularni qabul qiladi, qo‘shilmagan taqdirda esa ularni rad etadi.
Sud majlisining bayonnomasi yuzasidan yozma fikr-mulohazalar qabul qilinganligi haqida yoki rad etilganligi to‘g‘risida ajrim chiqariladi.
Sud majlisining bayonnomasi yuzasidan sudga besh kunlik muddatni o‘tkazib taqdim etilgan yozma fikr-mulohazalar sud tomonidan ko‘rib chiqilmaydi va ishga qo‘shib qo‘yiladi, bu haqda yozma fikr-mulohazalar bergan shaxsga ma’lum qilinadi.
Sud protsessi ishtirokchilari sud majlisining audio- yoki videoyozuvi bilan tanishish huquqiga ega.
Sud majlisining audio- yoki videoyozuvining ko‘chirma nusxalari sud protsessi ishtirokchilariga ishni ko‘rib chiqqan sudning ruxsati bilan beriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |