13-mavzu. Islomning O‘rta Osiyoga kirib kelishi va islomlashuv jarayonining xususiyatlari


Tasavvuf va maxalliy sufiy tarikatlar


Download 170.76 Kb.
bet13/26
Sana28.12.2022
Hajmi170.76 Kb.
#1022430
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   ...   26
Tasavvuf va maxalliy sufiy tarikatlar

Tasavvuf – islom doirasidagi mistik-zohidlik oqimidir. Ushbu ta’limot tanlangan insonlar (al-xossa)ning Alloh bilan hissiy bog‘lanishi haqidagi g‘oyani olg‘a suradi. Ushbu ta’limot nazariyotchilarining fikrlariga ko‘ra, shunday bog‘lanish natijasida mazkur tanlangan kishilar va ularning ta’limotiga ergashganlar Allohni tanishga erishadilar. Undan tashqari, qator sufiylar yo‘lini tanlagan tasavvuf mualliflariga ko‘ra, tasavvufda inson chuqur mushohada va maxsus ruhiy-ma’naviy mashg‘ulotlar natijasida Allohning birligi ichida yo‘qolib ketish (fano) yoki u bilan abadiylik (baqo)ga erishishi mumkin. Bu yerda so‘z Allohga ma’nan qo‘shilib ketish haqida boradi, albatta.


Tasavvuf va unga o‘zakdosh bo‘lgan sufiy, mutasavvif atamalarining kelib chiqishi haqida xilma-xil qarashlar mavjud. Hozirgi paytga kelib ko‘proq tasdiqlangan va ko‘pchilik (ham musulmon, ham g‘arb olimlari) tomonidan qabul qilingan fikr shuki, ushbu atama “jun, yung” ma’nosini bildiruvchi s-v-f o‘zagi (suf)dan olingan. Bu boshlang‘ich davrda islom olamida zohidlik guruhlari ko‘rinishida shakllangan ilk sufiylarning, hadisda aytilganidek, sovuq va issiqdan saqlaydigan jun chopon – xirqa kiyib yurganliklari bilan bog‘liq.
To‘g‘ri, tasavvufning paydo bo‘lishiga turtki bo‘lgan barcha zohidlar ham sufiy deb atalmaganlar. Ularga ko‘pincha zuhhod (birligi – zohid) so‘zini qo‘llaganlar. Zohidlik amalda islom bilan bir davrda paydo bo‘ldi. Tasavvuf yozma an’anasiga ko‘ra, Muhammad payg‘ambarning sahobalari orasida Abu-d-Dardo, Abu Zarr, Huzayfa kabilarni sufiylar deb ataladi. Ko‘pgina sufiy tariqatlari o‘zlarining silsilalarini Payg‘ambar sahobalaridan biriga va ilk to‘rt xalifaga, ko‘pincha Abu Bakr (632-634)ga qadar yetkazadilar.
Biroq, ko‘pchilik tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, islomdagi mistik-zohidlik harakatining paydo bo‘lishi VIII asrning o‘rtalari – XI asr boshlariga to‘g‘ri keladi. Ushbu davr sufiylari orasida mashhur hadis yig‘uvchilar (muhaddisun), Qur’on o‘quvchilari (qurro’) va ilk sharhlovchilari, hunarmandlar, savdogarlar, shuningdek, islomni qabul qilgan xristianlar bor edi. Shuni ta’kidlash kerakki, zohidlik harakati turfaxil xalifalik jamiyatidagi ijtimoiy va mulkiy tabaqalanishga, doim ham Payg‘ambar sunnatlariga amal qilmagan boy tabaqaning ajralib chiqishiga qarshi o‘ziga xos harakat edi. Bunday vaziyat avvalgi ikki asr davomida musulmon jamiyatining murakkab diniy hayoti bois ko‘pincha ijtimoiy va demakki, siyosiy beqarorlikka sabab bo‘lgan. Aynan mana shunday vaziyatda past va o‘rta tabaqalar o‘zlarining diniy istaklariga ma’naviy-ruhiy ifoda qidirdilar. Ushbu qidirish boshqa mafkuraviy-siyosiy harakatlar bilan bir qatorda sufizm ko‘rinishini oldi (passiv ijtimoiy-diniy norozilik ko‘rinishi sifatida) va o‘sha davrdagi hukumatdan uzoqlashish, boylikdan yuz o‘girish, Payg‘ambar ta’limotlariga qat’iy amal qilish kabilarga da’vat qildi. Passiv norozilik keyinchalik ko‘plab sufiy tariqatlarining asosini tashkil qilgan tavakkul (o‘zni Allohga topshirish), sabr, rizo (barcha holga rozi bo‘lish) va boshqa qoidalarni rivojlantirgan zohidlik ko‘rinishida ham aks etgan. Ayni mana shu paytdayoq ilk diniy marosimlar amaliyoti boshlanib, keyinchalik u sufizmdagi marosimlarning (tundagi bedorlik, nafl namoz, ro‘za va hokazolarning) shakllanishiga ta’sir ko‘rsatdi.
Tasavvufning mafkuraviy-diniy asosi, shubhasiz, Qur’oni karim ma’nolari ustida chuqur mulohza yuritish, Buyuk kitobning botiniy ma’nolarini qidirish an’anasini yuzaga keltirdi. Sufiylarning diniy-ruhiy izlanishlarining boshqa manbai sifatida (ratsional asosga ega bo‘lgan) falsafiy-diniy oqimga qarshi o‘ziga xos aksil harakatni e’tirof etish lozim. Bu yerda so‘z, eng avvalo, o‘sha davrda islomda paydo bo‘lgan ratsionalist ilohiyotchilar (mutakallimun) haqida ketmoqda. Sufiylar ma’lum darajada ratsional bilish imkoniyatlarini e’tirof etgan holda, narsalar va hodisalarning mohiyatini ichki tuyg‘u, mistik (botiniy) va ruhiy izlanishlar orqali bilish mumkinligini tasdiqlaganlar. Mana shunda Haqiqat «o‘zining Sirini ochishi» va kutilmaganda sufiyga Yashirin (kashf) narsalarni bilish va borliqning oliy haqiqatini anglash yo‘lini yoritib yuborishi mumkin.
Hissiy yo‘l bilan Haqiqatni izlash sufiylarni inson ruhining eng nozik harakatlari, ichki iztiroblar, diniy haqiqatlarni anglash va chuqur tahlil qilishga undagan.
Bu ma’noda tasavvufning ilk asoschilari va namoyondalaridan bo‘lgan «Qalblar va fikrlar» ilmi (ilm al-qulub va-l-xavotir)ga asos solgan Hasan al-Basriy (642-728) ni esga olish o‘rinli. Keyinchalik, Hasan al-Basriyning izdoshlaridan bo‘lgan va Basrada yashagan (VIII-IX asrlar) Raboh ibn Amr, birinchi sufiy ayol Robi‘a al-Adaviya, Molik ibn Dinor va boshqalar da’vatlarida asta-sekin Allohga bo‘lgan sof haqiqiy muhabbat, unga yaqinlashishga intilish haqida (yana ta’kidlaymizki, so‘z ruhiy yaqinlik haqida bormoqda) fikr va g‘oyalar paydo bo‘la boshladi. Shu davrdan boshlab ular tasavvufga ochiq mistik xususiyat baxsh etdilar. Va bu ta’limotlar tasavvufning o‘ziga xos jihatlaridan bo‘lib qoldi.
IX asrda tasavvuf nazariyasi va amaliyotini ishlab chiqish borasidagi urinishlar davom etdi. Basradagi maktablar bilan bir qatorda Bag‘dod va Xurosonda (Malamatiya) ham shunday maktablar paydo bo‘ldi. Ushbu maktablar vakillari, avvalgidek asosiy e’tiborni sufiylaring ichki dunyolariga qaratdilar, har bir maktabga xos bo‘lgan ruhiy poklanish, o‘zini kamolotga yetkazish, dunyoviy istaklardan xalos bo‘lish, fikrni Xudo bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday narsadan tozalashning maxsus yo‘li (tariqa)ni ishlab chiqdilar.
Shaxsan sufiyning Yo‘li g‘oyat murakkab fikriy-jismoniy mashqlar va ruhiy mehnatlar bilan bog‘liq bo‘lgan. Bunda sufiy boshliqlar (shayx; ko‘pligi shuyux; forscha-turkcha – pir, ustod) tomonidan sufiyning kamolotga erishishining ma’lum bosqichlari va Yo‘lning so‘nggi bosqichlarida yetishadigan maxsus ruhiy holatlar (hol/ahvol) bilan bog‘liq ma’lum maqomlar haqidagi qoidalar ishlab chiqilgan.
Sufiylar ruhiy kamolotga olib boradi deb hisoblangan qator maxsus amaliyotlarni ishlab chiqqanlar. Bular zikr, samo­‘, raqs kabilardan iborat. Ularning birinchisi Xudoning nomini yoki tariqatda qabul qilingan biror maxsus zikrni bir muqomda, yeki mahfiy (ichdan) takrorlashni bildiradi. Zikrning «jahriy», ya’ni ovozli, va «xafiy», ya’ni ovozsiz, qalbdan, ichda aytiladigan turlari bor.
Samo‘ sufiylarda «ruh yumshab, poklanadigan» maxsus ruhiy holatga yetishish uchun musiqa asboblari (asosan zarbli) ohangi ostida sufiyona zikrlarni tinglash yoki kuylashni ifodalagan. Bunda ba’zi tariqatlarda maxsus harakat (raqs) ham qo‘llangan bo‘lib, uni ham muayyan ruhiy holga tezroq erishishga yordam beradi deb hisoblaganlar.
Tasavvuf barcha faqihlar tomonidan so‘zsiz qabul qilingan deb bo‘lmaydi. Tasavvuf Allohga yetishish yo‘li sifatida hozirga qadar ko‘plab munozaralarga sabab bo‘lib kelmoqda. Ayniqsa, so‘z Mansur Xalloj (858-922) kabi munozarali shaxsiyatlar haqida borganda. Uni bir necha bor inkarnatsionizmda aybladilar, ya’ni u ilohiy va insoniy tabiatning mohiyatan birlashuvi (ittihod al-lohut bi-n-nosut) haqidagi g‘oyani ilgari surgan deb ayblamoqdalar.
Biroq, na al-Xallojda va na boshqa biror sufiyda inson va Xudoning jismoniy birlashuvi haqida so‘z borgan emas, albatta va bu faqatgina ruhiy, ko‘pchilik hollarda Xudoni anglash qo‘rquvi g‘alaba qilgan va qo‘rquv ta’sirida juda ham hayajonli so‘zlarni aytib yuborgan ba’zi sufiylarning xayoliy tasavvurlari bo‘lgan.
Ilk zohidlik harakatlari Markaziy Osiyo mintaqasini ham chetlab o‘tmagan. Buxoro, Samarqand, Xorazm, Nasaf (Qarshi) shaharlarida faoliyat olib borgan ilk sufiy-zohidlar haqidagi ma’lumotlar qadimgi qo‘lyozma manbalarda ko‘p uchraydi.Bu yerda biz yuqorida zikr etilgan xurosonlik Malomatiya tariqatining ba’zi guruhlari haqidagi ma’lumotlarni ko‘rishimiz mumkin. Mintaqada o‘zining butun islom olamida katta obro‘ qozongan nazariyotchilari ham bo‘lgan. Ular orasida Buxoro yaqinidagi Kalobod qishlog‘ida tug‘ilib, shu yerda dafn etilgan Abu Bakr Ahmad ibn Is’hoq al-Kalobodiyni (vaf. 990, yoki 995 y.) zikr etish o‘rinli. U shuningdek hanafiy faqihi sifatida ham mashhur. Uning islom olamidagi eng birinchi tasavvufiy asarlardan hisoblangan «at-Ta‘aruf li-mazhab ahl at-tasavvuf» nomli asari hozirga qadar ilk musulmon tasavvufi sohasidagi ensiklopedik asar hisoblanadi. Asarda sufiylar qarashlari tizimi va ularning amaliyotlari ancha to‘liq bayon etilgan. Aynan shu asarda sufiylarning ba’zi qoidalarini islom me’yorlari bilan muvofiqlatirishga harakat qilinadi.
Tasavvufning Markaziy Osiyoda (eng avvalo o‘zining an’anaviy tarixiy-diniy markazi – Movarounnahrda) tashkiliy jihatdan o‘zining asl ruhiy uslubi va maxsus markazlar (zavviya, xonaqoh, ribot) doirasida o‘ziga xos tariqatlar ko‘rinishida shakllanishi kechroq, taxminan XII – XIII asr boshlariga to‘g‘ri keladi. Ayni mana shu davrda mintaqada eng yirik tariqatlar paydo bo‘ldi, ular keyinchalik musulmon olamining katta qismiga tarqaldi, hozirgi davrda esa ular hatto G‘arbiy Yevropa, Yaponiya va AQShda ham foaliyat yuritmoqda (bu yerda so‘z Naqshbandiya/Mujaddidiya guruhlari haqida bormoqda).
Hozirda ham amaliy va nazariy tarixi o‘rganilayotdan bunday ilk tariqatlardan biri Kubraviya tariqatidir. Bunday nom uning asoschisi Najm ad-Din Kubro nomidan olingan (1145-1221; to‘liq nomi: Ahmad ibn ‘Umar).U Xivaq (hoz. Xiva, Xorazm viloyati) shahrida tug‘ilgan, diniy bilimlarni o‘rgangan. U uzoq vaqt sayohat qilgan (Misr, Eron) va tasavvuf ilmi bilan yaqindan tanishgan. Uning sufiy ustozlaridan eng mashhuri Ismo‘il al-Kisriy (vaf. 1193 y.)dir. Kubro vatani Xorazmga qaytgach, o‘sha davrdagi poytaxt Gurganj (hoz. Kuhna Urganch, Turkmaniston) da o‘zining xonaqohi va keyinchalik Kubraviya deb nom olgan tariqatiga asos soladi. An’anaga ko‘ra, Najm ad-Din Kubro Gurganjni mug‘ullardan himoya qilish vaqtida qo‘lida qurol bilan shahid bo‘lgan.
Kubraviya ta’limotining aqidasi – sunniylik talablariga amal qilishdir. Ular maslaklarining nazariy asosini koinotning «ikki bosqichli» – kichik olam va katta olamdan tuzilganligi haqidagi qoida tashkil qiladi. Ularning birinchisi «quyi olam»ga tegishli bo‘lsada, lekin oliy borliqni, ya’ni katta olamni o‘zida aks ettiradi.Bu ta’limotga ko‘ra, inson kichik olamning asosiy qismini tashkil qiladi va Allohning ba’zi sifatlarini o‘zida aks ettira oladi yoxud oliy borliq haqidagi tasavvurlarni qabul qila oladi, biroq ularni o‘zida anglay oladigan kishi bu faqat sufiy, bevosita shayx qo‘l ostida tasavvuf yo‘liga ergashgan kishidir.
Kubraviyada «tasavvuf yo‘lida yurish» qator murakkab ruhiy-jismoniy mashqlardan, qat’iy ro‘za tutib va xilvatga chekinib, shayxning ixtiyoriga to‘liq bo‘ysungan holda Allohning go‘zal ismlariga (al-asmaal-husna) doimo fikrni jamlashdan iborat.
Yo‘lning o‘zi esa, sufiylarga shaffof rangli nurlar ko‘ringan paytda ularning ma’lum bir holdan boshqa holga o‘tishini ifodalaydi.Sufiyning ruhi belgilangan hissiyot va poklanish (maqomot) bosqichlarini bosib o‘tishi lozim, Haqqa yetishish paytida esa, sufiy (qora nurni ko‘rish bilan) Allohning marhamatiga sazovor bo‘ladi.
Kubraviyada bajariladigan amallarga muvofiq tarzda Sulukni o‘tash chog‘ida sufiy bo‘ysunishi shart bo‘lgan 10 qoida ishlab chiqilgan: 1. Tavba – dunyoviy hayoti davomida o‘z «Men»ligidan xalos bo‘lish; 2. Zuhd fi-d-dunya – dunyodan va molu mulkdan voz kechish; 3. Tavakkul ala-l-Lloh – barcha ishda Allohga tayanish va dunyoviy ishlardan yuz o‘girish; 4. Qana’at – oz, faqat tiriklik uchun yetarli narsalar bilan qanoatlanish; 5. Uzlat – to‘g‘ri va ruhiy ma’noda yolg‘izlik; faqatgina shayx bilan muloqot qilishga ruxsat berilgan; 6. Mulozamat az-zikr – Alloh nomini doimiy ravishda ixlos bilan yod etish (zikr), bu zikr qalbni poklaydi; 7. Tavajjuh ila-l-Lloh – butun borliq bilan to Allohning yagonaligini qalb bilan his etmagunicha Unga yuzlanish; 8. Sabr – tasavvuf yo‘lining qiyinchiliklarini sabr bilan ado etish; 9. Muroqaba – dunyoviy istaklardan poklangan qalbga mutlaq osoyishtalik yetmagunicha o‘z o‘zini nazorat qilish; 10. Rido – barcha jismoniy hissiyotlardan, hatto o‘zining Allohga bo‘lgan sevgisidan qanoatlanishdan ham xalos bo‘lish, bundan jismoniy yoki shaxsiy tuyg‘ular yo‘qolib, Allohning alohida marhamatiga aylanadi.
Kubraviya ta’limoti mo‘g‘ullar istilosiga bardosh bergan kam sonli ta’limotlardan biridir. Qolaversa, Sayf ad-Din Boxarziy (1363 y. Buxoroda vafot etgan.) kabi kubraviya shayxlari boshqa ko‘plab shayxlar qatori mo‘g‘ul qabilalari va ular hukmdorlarining islomlashuviga katta ta’sir ko‘rsatganlar.Kubraviyaning mo‘g‘ullardan keyingi tarixi ancha murakkab. Tariqat bir necha mustaqil shahobchalarga bo‘linib ketdi va Xuroson, Eronning ichki mintaqalari, Hindiston, Xuttalon (hoz. Tojikiston)ga tarqaldi.
Movarounnahr va Xorazmda tariqatning alohida shayxlari to XVI asrning boshlarigacha hukmron sulolalar vakillaridan muridlarga ega bo‘lgan holda faoliyat olib borganlar. Masalan, mashhur kubraviy shayx Husayn al-Xorazmiyga Shayboniylar sulolasidan bo‘lgan hukmdor Ubaydulloh xon murid bo‘lgan, u o‘zining ruhoniy ustoziga atab she’rlar bitgan. Xuddi shu shayx bilan mashhur Mirzo Zahiriddin Bobur ham ruhoniy aloqada bo‘lgan. XIX asrga kelib bu tariqatning ahamiyati va roli pasayib ketdi. Faqatgina manbalarda o‘zlarining tariqat asoschisiga mansubliklarini e’lon qilgan ba’zi shayxlar (masalan, Buxoro yaqinidagi Saktor mintaqasi) haqida ma’lumotlar beriladi.
Xuddi shuningdek Markaziy Osiyoning yana bir mashhur tariqati Naqshbandiya va uning oldingi shakli Xojagonning tarixi ham murakkab va munozarali.Xojagon tariqatining asoschisi Abd al-Xoliq G‘ijduvoniy (vaf. 1182 yoki 1220 y.) hisoblanadi. U keyingi davr tasavvuf an’anasiga ko‘ra mashhur xurosonlik shayx Yusuf al-Hamadoniyda (vaf. 1140 y.) ta’lim olgan.Ayrim olimlar (xususan, V.Madelung) ushbu (XV asrdan keyin paydo bo‘lgan) ma’lumotga (agar uning vafotining manbalarda eng ko‘p uchraydigan ikkinchi sanasi qabul qilinadigan bo‘lsa), eng asosiysi, ilk manbalarning ushbu ikki shayx orasidagi “aloqalar” haqida mutlaqo sukut saqlagani e’tiborga olinadigan bo‘lsa, “ustoz” va “shogird” yoshlari o‘rtasidagi farqning ancha kattaligiga asoslangan holda shubha bildiradi.
Ehtimol, bunday “aloqa”ga da’vogarlikning sababi tariqatni eng ko‘zga ko‘ringan shayxlar vositasi bilan Payg‘ambarga bog‘laydigan va tariqatning o‘ziga xos qonuniyligini tasdiqlaydigan ruhiy silsilaga muhtoj bo‘linganligidir.
Qolaversa, tariqatning o‘ziga tegishli yozma an’ana xronologik nomuvofiqlikni e’tiborga olmagan holda, tariqatdagi bunday aloqalar va silsilaning haqiqiy ekanligi haqida qat’iyat bilan gapirishidan, bu narsa hech qachon shubha tug‘dirmaganga o‘xshaydi.
Abd al-Xoliq G‘ijduvoniy haqida ko‘p narsa ma’lum emas, buning asosiy sababi, asosan, uning yoki uning eng yaqin shogirdlari davrida yozilgan ishonchli manbalarning mavjud emasligidadir. Tariqatning ancha kech manbalari xabariga ko‘ra, u asosan o‘z ona qishlog‘i G‘ijduvonda (hoz. Buxoro vil.) yashagan va Xurosonning ilk tasavvuf tariqati bo‘lgan Malomatiyaning ayrim g‘oyalarini qabul qilgan.
Ko‘rinishidan, ushbu maktabning holati G‘ijduvoniyga kuchli ta’sir ko‘rsatgan. Uning bizgacha yetib kelgan (aftidan keyinroq qayta ishlangan) «Vasiyat»ida o‘z izdoshlariga qaratilgan so‘ng darajada zohidlik, hukumat vakillari bilan hatto so‘zlashmaslik («sultondan xuddi sherdan qo‘rqqandek qo‘rq»), barcha dunyo ne’matlaridan, shuningdek, boylik to‘plashdan voz kechish, hatto suluk yo‘lidan chalg‘itadigan tirikchilik ishlari bilan ham shug‘ullanmaslikka, Allohning irodasiga tayangan holda (tavvakkul) doimo Allohni yod etish (zikr) va boshqalarga chaqiriqlar mavjud.
G‘ijduvoniy o‘z shogirdlariga ta’lim bergan zikr Allohning nomlari yoki «La ilaha illa-l-Lloh» kalimasini ichda maxfiy (botin, xafiy) eslashni o‘zida aks ettirgan.
G‘ijduvoniy tomonidan ishlab chiqilgan amaliy qoidalar 8 ta bo‘lib, ulardan birinchi beshtasi eng asosiylari hisoblanadi: 1. Hush dar dam – o‘z ishlari va harakatlarida ogoh va ehtiyotkor bo‘lish, har bir nafasining Allohni doimiy yod etib qilinadigan zikrga mos bo‘lishini nazorat qilish; 2. Nazar bar qadam – har qadamda ogoh bo‘lish. Bunday majoziy tavsiya dunyo istaklaridan xoli bo‘lish, ko‘zni o‘z oyog‘iga tikish va nomaqbul narsalardan tiyilish va doimiy sukutda bo‘lishni ta’minlaydi. 3. Safartdar vatan – so‘zma-so‘z «o‘z yurtida, vatanida safar qilmoq». Ushbu tavsiya ham majoziy ma’noga ega bo‘lib, uni sharhlovchilarning aytishlaricha, bu qoida yomon sifatlardan yaxshi sifatlar tomon sayr qilmoqni, yomon yo‘lboshchidan – yaxshisi tomon bormoqni anglatadi. Keyingi davr mualliflari bu qoidaga aniqroq izoh beradilar, ya’ni o‘z vatanida safar qilmoq va o‘zi yashab turgan yer urf odati va dini (shariati) ni yaxshi bilmoq; 4. Xalvat dar anjuman – jamiyatda yolg‘izlik. Bu qoida «solik»dan zohiran ko‘pchilik bilan, xalq ichida, bozorda, odamlar ko‘p joylarda bo‘lish, botinan esa Alloh yodi bilan yolg‘iz bo‘lish talab qilinishini ifodalaydi. Boshqa tariqatlar, zohidlar va ilk Xojagon sufiylarida amaliyotda bo‘lgan «xalvat» mana shu «xalvat dar anjuman» qoidasidan kelib chiqib ta’qiqlangan. Naqshbandiya tarafdorlari ushbu qoidaga Qur’ondan asos ko‘rsatadilar (Nuh, 24-37). Mazkur qoida tariqatning keyingi asrlardan to bugungi kungacha ijtimoiy va siyosiy jihatdan faollashuviga turtki bergan omil bo‘lib xizmat qildi; 5. Yod kard – Yodda tutish. Sufiy bir on bo‘lsa ham qo‘ymay, Allohni doimo yodda tutishi lozim, zero bu botiniy poklanishning yagona yo‘lidir.
Mo‘g‘ullar istilosidan keyingi davrlarda Xojagon bu darajada mushhur bo‘lmagan, uning shayxlari ham faqat Buxoro atroflaridagina faoliyat olib borgan. Tariqat shuhratining va keyinchalik jug‘rofiy ta’sir doirasining ancha kengayishi Buxoro yaqinidagi Qasri orifon qishlog‘ida tug‘ilgan Baxouddin Naqshband (1318-1389) davrida yuz berdi. (Tariqatning ikkinchi nomi - Naqshbandiya uning nisbasidan olingan).
Baxouddin Naqshband Xojagon qoidalariga asosan tariqatning rasm-rusum amaliyoti bilan bog‘liq yana uchta qoida qo‘shdi. Bu tariqat shayxlarining ko‘pchilik qismi musiqali maxsus raqslar (samo‘, raqs)dan uzoq bo‘lish va faqat tinch, ichki (xafiy) zikr bilan shug‘ullanishni afzal ko‘rganlar.
Xojagon/Naqshbandiya yo‘lining nazariyasi, uslublari va amaliyotini birinchi bor yozma sharhlash va tushuntirib berish Baxouddin Naqshbandning shogirdi Muhammad Porso (vaf. 1419 y.) tomonidan bajarildi. Baxouddin Naqshband hayotiga oid birinchi batafsil biografiya ham Porso qalamiga mansub. U bu asarda Baxouddin Naqshbandning «Xojagon yo‘li»ni shariat bilan muvofiqlashtirish borasidagi mehnatlarini ham tasvirlagan.
Tariqat tarixidagi ramziy shaxsiyat – Xoja Ubaydulloh Ahror (vaf. 1489 y.) tariqatning ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy mavqeini tubdan o‘zgartirib yubordi. U birinchi bo‘lib tariqatning siyosiy faoligining zarurati («zamon sultonlari bilan» ruhiy aloqa «ularni shariatga bo‘ysunishga chaqirishdir»), ijtimoiy va mehnat faolligining zarurligi (Baxouddin Naqshbandning «Dast ba-kor-u, dil ba-Yor» - (Qo‘l – mehnatda, qalb – Allohda) shiorining hayotiy timsoli) g‘oyasini olg‘a surdi va asoslab berdi.
Tariqat a’zolarining «qalbni orttirilgan boylikka bog‘lamaslik», doimo qalb zikri bilan shug‘ullanishni unutmaslik, shariat hukmlariga bo‘ysunish, xayriya va ehsonlar qilib turish sharti bilan tijoratda ishtirok etishlari, mulkdor bo‘lishlari mumkinligi g‘oyasi ham unga tegishli edi. Misol tariqasida, tariqat a’zolari orasida Mavlono Jomiy (vaf. 1492 y.) va Alisher Navoiy (vaf. 1501 y.) kabi ko‘plab mutafakkir va shoirlarning bo‘lganligini eslash kifoya.
Xoja Ahror o‘zining yangi g‘oyalariga o‘zi ham amal qilgan, siyosatga faol aralashish va tariqatning ijtimoiy asosini kengaytirish vositasida o‘zining, undan ham ko‘proq tariqatning obro‘sini oshirgan; boshqacha aytganda, tariqatga har qanday dunyoviy kishi o‘zining kundalik ishlari bilan shug‘ullangani holda, xoh mahalliy hukmdor, ilohiyotchi olim, savdogar, hunarmand yoki oddiy dehqon bo‘lsin, kirishi mumkin bo‘lgan (va kirgan ham).
Biroq tariqatning dunyoviy hayot kechiradigan har qanday a’zosiga zikr darslari, qo‘shimcha («naqshbandiylik») amallari (nafila) o‘rgatilgan, tariqatning axloqiy me’yorlari, uning asosiy maqsadi tushintirilgan.Bunday yondashuv tariqatning obro‘sini keskin oshirib yuborgan va tariqatning ta’sir doirasi hamda jug‘rofiy maydoni misli ko‘rilmagan darajada kengayishiga sabab bo‘lgan.
Biroq Xojagonning ilk ustozlari ogohlantirishlaridan (xususan, hukmdorlardan chetroqda turish, tama’girlikdan har qanday holda ham uzoqlashish va hokazolar haqidagi tvsiyalaridan), chetlanish, siyosiy va iqtisodiy faollikka zo‘r berish tariqat faoliyatining «dunyoviylashishi» xavfini tug‘dirdi. Naqshbandiya tarixida chindan ham shu hol yuz berdi. Tariqatning keyingi tarixi, xususan Xoja Ahrorning o‘g‘li Xoja Yahyo, Maxdumi A’zam, Jo‘ybor xojalari (XVI-XVII asrlar) davri shuni ko‘rsatadiki, siyosiy va iqtisodiy (keng ma’noda) faollik tariqat rahbarlarini ruhoniy faoliyatdan, yangi ruh yuksalishdan ajratib yubordi va natijada tariqatning avvalgi obro‘si tushib ketishiga va uning umumiy tushkunligiga olib keldi.
XVII asr o‘rtalariga kelib mintaqada Naqshbandiyaning keng ta’siri haqida gapirish qiyin. Mintaqada tariqat faolligining yangidan kuchayishi tariqatning markaziy osiyolik namoyondalari tomonidan XVII asr boshlarida Hindistondan olib kelingan va shu yerda shakllangan Naqshbandiya/Mujaddidiya yo‘nalishining bir shahobchasi tarqalishi bilan bog‘liq.
Tariqatning ikkinchi (aniqrog‘i uchinchi) eponimi – «Mujaddidiya»ga kelsak, u o‘zining «Mujaddidi alfi soniy» - «Ikkinchi ming yillik yangilovchisi» (musulmon yil hisobining ikkinchi ming yilligi nazarda tutilgan) degan faxrli nomga sazovor bo‘lgan Ahmad Sirhindiy (vaf. 1624 y.) nomi bilan bog‘liq.U o‘zining tasavvufdagi yo‘lini atoqli tasavvuf faylasuflaridan biri bo‘lgan Ibn Arabiy (vaf. 1240 y) tarafdori sifatida boshlagan. Biroq, Ibn Arabiy asarlari bilan yaqindan tanishib chiqqach, uning ko‘pgina qoidalarini shariatga mos kelmaydi deb hisobladi va uni tanqid qila boshladi va tanqidning asosiy qismini o‘zining mashhur «Maktubot» asarida bayon qilib berdi.
Bundan tashqari, Ahmad Sirhindiy tasavvufdagi ko‘plab (uning nazarida yo‘l qo‘yib bo‘lmas) amallarni tanqid qildi va tariqat faqatgina shariat asosida bo‘lishi kerak deb hisoblab, shariatga qat’iy rioya qilishga chaqirdi. Sirhindiy Hijoz, Kichik Osiyo, Yaqin Sharq, Kavkaz va, nihoyat, Nashbandiyaning vatani bo‘lgan Markaziy Osiyoga o‘z shogirdlarini yuborib, ta’limotini keng tarqatishga juda ko‘p mehnat sarfladi.
Tariqat bu yerda, ayniqsa, Buxoro, Samarqand, Xorazmning shimoliy mintaqlarida Naqshbandiyaning tanazzulga ketgan shahobchalari o‘rnini tezlikda egalladi.Tariqat muxlislari hatto Volga bo‘yi va Sibirda ham mahalliy tariqat tuzishga muvaffaq bo‘ldilar. Aytish mumkinki, shu davrdan to hozirgi kungacha yuqorida zikr etilgan mintaqalardagi barcha Naqshbandiya guruhlari Mujaddidiyaning keyinchalik ajralib chiqqan shahobchalari (Miyoniya, Dahbidiya, Husayniya va b.) bo‘lganlar.
Nihoyat, yana bir Markaziy Osiyoda paydo bo‘lgan, tarixi hali to‘liq o‘rganilmagan tariqat –Yassaviya tarixiga to‘xtalib o‘tamiz.Bu yerdagi asosiy muammo bizgacha yetib kelgan juda kam sonli, asosiysi, g‘oyat bir-biriga zid yozma manbalardir.
Tariqatning asoschisi va eponimi XII asr o‘rtalarida, bir qarashga ko‘ra Sayramda, boshqasiga ko‘ra, ko‘rinishidan haqiqatga yaqinrog‘i, Yassi shahrida (yoki uning atrofida) tug‘ilgan Xoja Ahmad Yassaviydir; Yassi mug‘ullardan keyingi davrda Turkiston (hoz. Qozog‘iston janubi) nomi bilan mashhur bo‘lgan. Yassaviy shu shaharning o‘zida vafot etgan.
Uning qabri ustida Amir Temur buyrug‘i bilan ulug‘vor maqbara barpo etilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar saqlanib qolgan. Ushbu maqbara o‘rta asr me’morchiligining, qolaversa, Temur va Temuriylar asrining benazir san’at asari deb baholanishga haqli.
Ahmad Yassaviyni manbalarda ko‘pincha «turk shayxlari raisi» («mashoyix-i turk») deb ataydilar. Bu nom, odatda, Ahmad Yassaviy tomonidan joriy etilgan zikr turini – Allohning nomini yoki maxsus lafzlarni ovoz chiqarib aytiladigan jahriy zikrni qabul qilgan shayxlarga berilgan.
Ayrim manbalarning xabar berishicha, Ahmad Yassaviy o‘z nasabini Xalifa Ali ibn Abi Tolib (vaf. 661 y.) o‘g‘li Muhammad ibn al-Hanafiyagacha yetkazgan.
Ancha qat’iy (lekin, shubhali) yozma an’ana Ahmad Yassaviyning Abd al-Xoliq G‘ijduvoniy bilan bir paytda Yusuf al-Hamadoniyning shogirdi (va uchinchi xalifasi) bo‘lganligi haqida xabar beradi. Bu qarash Naqshbandiya doiralarida va qo‘lyozma manbalarda saqlangan.
Yassaviya doiralarining mustaqil yozma manbalari Ahmad Yassaviy Shihobiddin Abu Xafs Umar Suhravardiyning (vaf. 1234-35 y.) shogirdi bo‘lganligini ko‘rsatadi. Ancha afsonaviy nuqtai nazarga ko‘ra, Yassaviy jumboqli va yarim afsonaviy shaxs ­– Arslon boboning shogirdi bo‘lgan. Diniy ta’limni esa, u hazrat Hizrdan olgan.
Shuningdek, manbalarning chalkashligi sababli, hali Ahmad Yassaviyning haqiqiy merosi sifatida so‘zsiz qabul qilish mumkin bo‘lgan tasavvuf an’anasini ishonchli tarzda tiklash qiyin. Bu Ahmad Yassaviyga nisbat beriladigan sufiyona she’rlar to‘plami «Hikmat»ga aloqador. Ushbu manbaning haqiqiyligi masalasi ko‘pchilik tadqiqotchilarda shubha uyg‘otadi, bu birinchi navbatda ushbu to‘plamning o‘nlab bir-biriga o‘xshamaydigan, keyingi davrda ko‘chirilgan nusxalari mavjudligi sabablidir. Bundan tashqari, to‘plamning o‘ziga ham ko‘chiruvchilar o‘zlari yozgan yoki keyingi davr shayxlari ijodi bo‘lgan ruboiylarni kiritib yuborganlarki, bu ham mavjud nusxalarning aslligi haqida yetarli darajada dadil gapirish imkonini bermaydi.
Har holda, so‘nggi yillarda olib borilgan tadqiqotlar Yassaviyaning tarixi va ba’zi nazariy qoidalarini tiklash imkonini beradi. Tariqatning o‘zida aniq tashkiliy tizim mavjud bo‘lmagan. Mashhur shayxlardagi ruhoniy silsila ham bir xil emas (ularning ko‘pchiligida Ahmad Yassaviyning birinchi davomchilari Hakimota va Ismoilotalar nomlari uchraydi). Faoliyatnning asosiy mintaqalari – Sirdaryoning quyi oqimi va Markaziy Movarounnahr XV asrdan boshlab Yassaviya shayxlari, ko‘pincha hatto Naqshbandiya bilan raqobatlashgan holda, mintaqa tarixida sezilarli o‘rin tutadilar.
«Suluk sirlari»ni uzatish an’anasi Yassaviyada asosan og‘zaki bo‘lgan, shuning uchun ham ularning adabiyotlarida ularning ilk ta’limoti va amaliyotining o‘ziga xos tartibga solingan bayonini uchratish mushkil. Turli manbalardan (shu jumladan, Naqshbandiya manbalaridan) olingan ba’zi qisqa ma’lumotlarga tayangan holda tariqatdagi ushbu qoidalarni taxminan qayta tiklash mumkin bo‘ladi.
Tariqatda (va uning barcha shahobchalarida) ko‘proq saqlanib qolgan asosiy qoida – ular ta’limotining tarki dunyochilikka asoslanganligi bo‘lib, aynan mana shu qoida ularni XV asrdan boshlab ijtimoiy va siyosiy faollik tarafdori bo‘lgan Naqshbandiyadan ajratib turgan. Yassaviy so‘ng darajada kamtarlikka va o‘zini dunyoviy fitnalardan saqlashga urg‘u berib, amaliyotda yolg‘izlik, juda kam ovqatlanish, ruhiy jihatdan mutlaqo Allohga berilishni afzal ko‘rgan.
Tashqi va ichki (ruhiy) (ko‘pincha juda nochor ko‘rinishdagi) zohidlik Yassaviya shayxlarini alohida ajratib turgan. Bundan tashqari, yuqorida aytilganidek, Yassaviya shayxlari jahriy zikrni afzal ko‘rganlar va uning shariatga muvofiqligiga asos topishga uringanlar.
Ancha keyingi davrlarda, (taxminan XVIII asrdan boshlab) Yassaviya guruhlari mintaqada hech qanday umumiy tashkiliy tizimga ega bo‘lmay qoldilar, buning ustiga, avvalgi ta’limotlar ko‘pchilik tomonidan unutilgan, tariqatning ilgari erishgan yutuqlari boy berilgan edi. Ko‘p hollarda shuni kuzatamizki, ularing silsilalari Naqshbandiya va boshqa tariqatlarning ruhiy silsilalari bilan chalkashtirib yuboriladi. Yassaviyaning ko‘pgina shahobchalari «darbadar darveshlar» guruhlariga aylandilar va rasm-rusumlarni (yoki ularning bir turini) saqlab qolgan holda o‘tmishning «ilmiy tasavvufidan» uzoqlashib ketdilar. Shunday qilib, Markaziy Osiyoning tasavvuf tariqatlari taraqqiyot va tanazzul bosqichlarini boshdan kechirdi. XVIII asrga kelib Naqshbandiya/Mujaddidiya shahobchasi bir muncha faollikda davom etdi.
Ko‘pchilik manbalarning ma’lumot berishicha, Buxoroning Mang‘itlar sulolasidan bo‘lgan Shoh Ma’sum (1775-1800) va uning o‘g‘li Amir Haydar (1800-1825) kabi hukmdorlari ham ushbu tariqatga mansub bo‘lganlar, ular Mujaddidiya shayxlariga tayangan holda, ularning fikrlaricha, dahriy zikr yoki samo’ kabi noshar’iy rasm-rusumlarga qarshi kurash boshlashga uringanlar. Biroq, ushbu kurash muvaffaqiyat qozonmadi, zero, an’analar tasavvuf tariqatlarining turli doiralarida chuqur o‘rnashib qolgan edi.
O‘tmishdagi nufuzli «sufiy oilalar» vakillari aholining barcha tabaqasi orasida katta obro‘ga ega bo‘lganlar. Ularga bo‘lgan ehtiromni kuchaytirgan alohida ijtimoiy-diniy maqomlari mahalliy xalqlarning diniy ongi va o‘ziga xos «diniy qatlamlar» (xojalar, sayyidlar) xususiyatlaridan biri bo‘lgan. Bu xususiyat, masalan, mahalliy (Xorazm, Buxoro, Qo‘qon) hukmdorlarning sufiy oilalar vakillari (Yassaviy shayxi Sayyid-ota, Xoja Ahror, Maxdum-i A’zam, Jo‘yboriylar avlodlari va boshqalar) bilan yaqinlashishga bo‘lgan intilishlarida o‘z aksini topgan. So‘nggi davrlargacha o‘zlarining ta’sirlarini va ma’lum biqiqliklarini saqlab kelgan xo‘jalar oilalari ko‘pincha o‘zlarining kelib chiqishlarini mazkur xonadonlardan deb biladilar. Rus mustamlakachiligi davriga kelib tasavvuf o‘zining ruhiy izlanishlari sohasidagi eski mavqeini yoki aholi orasidagi keng ta’sir doirasini saqlab qolganligi haqida gapirishga hojat ham yo‘q.
Biroq, mustamlaka davrida ham ayrim sufiy guruhlarning faollashuv holatlarini kuzatishimiz mumkin. Bu o‘rinda Andijon viloyatining janubi-sharqidagi Dukchi Eshon (u haqda «Mustamlaka davri» bo‘limiga qarang) jamoasi eng yorqin misol bo‘la oladi. Dukchi Eshon jamoasi uning Mingtepa qishlog‘idagi xonaqohi atrofida tasavvuf tariqatlari tashkiliy birlashmalarining o‘rta asrlarda yaxshi ma’lum bo‘lgan tajribasi asosida yuzaga kelgan va tashkiliy tizimga ega bo‘lgan. Bundan tashqari, Dukchi Eshon rus mustamlakachilariga qarshi qo‘zg‘olon uyushtirishda ushbu tariqatlardagi tashkiliy tizimlarning (muridning murshidga so‘zsiz bo‘ysunishiga asoslangan) prinsiplaridan foydalangan.
Sovet davrida tasavvuf tariqatlarining yana paydo bo‘lishi, ayniqsa, to‘laqonli faoliyat ko‘rsatishi haqida so‘z bo‘lishi ham mumkin emas edi. To‘g‘ri, zikr ijro etish qoidalarini o‘zlashtirish uchun avvalgi rasm-rusum an’analarini saqlab qolishga va tasavvuf haqidagi eng umumiy tushunchalarni berishga u yoki bu shaklda uringan alohida shayxlar saqlanib qolgan.
Mustaqillik davrida O‘zbekistonda bir qator davlat qarorlari bilan tasavvuf tariqatlari va ularning umuminsoniy qadriyatlari xalqning ma’naviy merosining bir qismi deb tan olindi. Bu tasavvuf manbalari va tadqiqotlarining tarjima qilinishi va nashr etilishiga turtki berdi.




    1. Download 170.76 Kb.

      Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   ...   26




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling