13-mavzu. Islomning O‘rta Osiyoga kirib kelishi va islomlashuv jarayonining xususiyatlari


Sovet davrida islom: Stalindan Gorbachyovgacha


Download 170.76 Kb.
bet15/26
Sana28.12.2022
Hajmi170.76 Kb.
#1022430
1   ...   11   12   13   14   15   16   17   18   ...   26
Sovet davrida islom: Stalindan Gorbachyovgacha

Turkiston o‘lkasini ruslashtirish va tegishli siyosiy tizimlarni tashkil etish (1917-1924 yil oxirlari) oldidan XX asr boshlarida Rossiya imperiyasi jamiyatining barcha tabaqalarida siyosiy faollikning oshishi yuz berdi. Siyosiylashtirish musulmonlarni ham chetlab o‘tmadi. Bu narsa eng avvalo diniy siyosiy birlashmalar va partiyalar tashkil etilishida, islomiy matbuot organlari (jurnallar, gazetalar)ga asos solinishida o‘z ifodasini topdi. Bunda jadidlar alohida siyosiy faollik ko‘rsatdilar. 1917 yildagi burjua-demokratik revolyusiyasidan keyinoq o‘lkada O‘rta Osiyoning eng katta shaharlarida musulmonlarning ilk siyosiy va ijtimoiy-siyosiy tashkilotlari tuzildi. Jumladan, Toshkentda Sho‘roi islomiya tashkiloti, Samarqandda Klubi islomiya (boshqa nomi Qambag‘allar kengashi, unga mashhur jadid Mahmudxo‘ja Behbudiy boshchilik qilgan). Bundan tashqari Qo‘qon, Andijon, Xo‘jand va boshqa shaharlarda ham islomiy tashkilotlar tuzildi. Tarkibining turli-tuman bo‘lishiga qaramay (ushbu tashkilotlarga bir vaqtning o‘zida ham jadidlar, ham qadimchilar kirganlar), ushbu tashkilotlarning barchasi boshlanishda birxil talablarni – general gubernatorning iste’fo berishi, mustamlaka tizimlarining bekor qilinishi, siyosiy erkinlik, muxtoriyat berilishi va boshqalarni olg‘a surdilar.


Eng katta musulmon tashkiloti Sho‘roi islomiya bo‘lib, u o‘zida maxalliy ziyolilar va Turkistonning diniy namoyondalarini birlashtirgan uyushma edi. 1917 yil martida tashkil etilgan bu uyushma Turkistonning mustaqilligi g‘oyasi asoschilari bo‘lgan taniqli ulamolar, mahalliy ziyolilar va siyosiy rahnamolarni o‘z ichiga olgan edi. Mazkur tashkilotning paydo bo‘lishi 1917 yil 2 martda chaqirilgan ishchi va dehqon deputatlari Kengashida mahalliy millat delegatlari amalda ishtirok ettirilmaganligining aks sadosi edi. Bunga javoban Toshkentning eski shahar qismida ko‘p ming kishilik mitinglar bo‘lib o‘tdi. Ularning ishtirokchilari o‘z nomzodlarini ilgari surdilar; ular bo‘lajak uyushmaning asosini tashkil etdilar. Uning yig‘ilishlari esa Sho‘roi islomiya tashkilotining o‘ziga xos s’ezdlari bo‘lib qoldi. O‘sha paytdagi ommalashgan «Barcha hokimiyat Sovetlarga» shiori tashkilot nomidagi birinchi so‘zni «Shuro» («Sovet») deb olishni belgilab berdi. Bu bilan tashkilotchilar o‘lkaning musulmon aholisi manfaatlarini ifodalaganliklarini ham namoyish etmoqchi bo‘ldilar.
Yangi siyosiy tashkilotga Abdulvohid qori Abdurauf o‘g‘li (Abduraufov) rais bo‘ldi, so‘ng uning o‘rniga Ubaydulla Xo‘jaev (Ubaydulloh xoja) keldi. 6 apreldagi yig‘ilishda Sho‘roi islomiyaning Muvaqqat Ustavi qabul qilindi, unda tashkilot oldiga «islomni moslashtirish va isloh qilish» haqidagi zamonaviy g‘oyalarni musulmon aholi orasiga yoyish, musulmonlarning mafkuraviy birligiga erishish, boshqa tashkilotlar haqidagi ma’lumotlarni yig‘ish va ularni Sho‘roi islomiyaning Umumturkiston kengashi (Kraymus Sovet)ga yetkazish, Turkistonda xutbalar o‘qib siyosiy, ijtimoiy va boshqa masalalarni yoritib beruvchi mitinglar uyushtirish, eski ma’mur vakillari o‘rniga yangilarini tayinlash, millatlar va turli konfessiyalar o‘rtasidagi ishonchsizlikni bartaraf qilishga intilish, barcha davlat organlarida musulmonlarning vakillari bo‘lishiga erishish kabi vazifalar qo‘yildi. Ushbu nizom jadidlarning siyosiy dasturi asosida tuzilgan edi.
Sho‘roi islomiya yig‘ilishlarida turkistonliklarning davom etayotgan urushdagi ishtiroki, Muvaqqat hukumatning taktikasi, Rossiya va Turkistonning siyosiy tizimi, ularning kelajakdagi munosabatlari va shular kabi bashqa masalalar qizg‘in muhokama qilinar edi. Bundan tashqari ulamolar fraksiyasining qat’iy talabi bilan bo‘lg‘usi davlat tizimida islom qonunlarining roli va o‘rni, diniy ta’lim tizimidagi islohatlar, diniy-siyosiy islohatlar yoki diniy odatlarni o‘zgarib borayotgan ijtimoiy-siyosiy vaziyatga moslab isloh qilish, ayollar hijobiga munosabat va boshqa diniy masalalar ham bahs munozaraga tortildi. Aynan diniy masalalarni muhokama qilish paytida Sho‘roi islomiya a’zolari orasidagi asosiy qarama-qarshilik namoyon bo‘ldi va bu narsa uning bo‘linib ketishiga va ruhoniylar guruhining ko‘pchilik qismi uning tarkibidan chiqib, o‘zlarining Sho‘roi ulamo tashkilotlarini tuzishlariga sabab bo‘ldi.
O‘zining yangi tarkibida Sho‘roi islomiya o‘lkaning Turkiston mustaqilligi uchun kurashgan ilk musulmon damokratik tashkilotlaridan biriga aylandi. Sho‘roi islomiyaning bo‘linishdan keyin qolgan a’zolari asosan jadidlar doiralaridan bo‘lib, ularning faolligi musulmon ta’lim tizimini isloh qilishga urinishdan boshlanib, keyinchalik siyosiy harakatga aylandi. Jadidlar an’analariga ko‘ra, Sho‘roi islomiya rahbarlari maishiy, ijtimoiy, xuquqiy, siyosiy va boshqa masalalardagi shari’at qarorlarini mutlaqo rad etdilar. Shunga qaramay, islomning qonunlar tuzilishidagi, ta’lim tizimi va maishiy sohadagi o‘rni va uning madaniy-tarixiy qadriyatlari e’tirof etildi.
Sovet tarixchiligida Sho‘roi islomiya faoliyati («aksil inqilobchilik»da odatiy ayblash bilan bir qatorda) «terrorchilik, millatchilik» yoki hatto «panislomchilik» harakati deb tavsiflandi. Aslida esa, tashkilot a’zolari hech qanday terrorchilik faoliyatini yuritmaganlar. Qolaversa, Sho‘roi islomiya faoliyatidagi «islomiy yo‘nalish» (ayniqsa bo‘linishdan keyin) g‘oyat nisbiy bo‘lgan.
Sho‘roi islomiya faoliyati 1918 yili mayda tugatildi va uning aksar a’zolari o‘sha davrning quvg‘inlar, repressiyalar va o‘limga mahkum qilingan ko‘p sonli siyosiy namoyandalarining ayanchli qismatiga sherik bo‘ldilar.
Yana bir ko‘zga ko‘ringan musulmon tashkiloti Sho‘roi ulamo, yuqorida zikr etilganidek, Sho‘roi islomiyaning bo‘linib ketishi natijasida undan ajralib chiqqan (1917 y.iyun). Bo‘linishning asosiy sababi Turkistonning kelajagini aniqlashdagi kelishmovchilik bo‘ldi. Sho‘roi ulamo rahbarlari Turkiston islom davlati bo‘lishi kerak, uning siyosiy tizimi va qonunlari esa ba’zi rus va Yevropa tashkilotlarini (masalan parlamentni) saqlab qolgan holda shariat meyorlariga asoslanishi lozim deb hisoblaganlar. Sho‘roi ulamo tashkilotchilari Serali (Sherali) Lapin, Abdulmalik xoji Abdunabiev, mulla Saidmaxsumxon maxdum va boshqalar edilar. Sho‘roi ulamoning ta’sis etilganligi haqida Toshkentdagi Beglarbegi madrasasida bo‘lib o‘tgan yigirma besh ming kishilik yig‘inda e’lon qilindi. Shu yerning o‘zida Sho‘roi ulamoning jurnali – «al-Izoh” tashkil etilganligi haqida qaror qabul qilindi.
Tez orada (1917 yil sentyabrda) Sho‘roi ulamoning tashabbusi va tashkiliy qo‘llab-qavvatlashi bilan Toshkentda Turkiston va Qozoq musulmonlarining navbatdagi qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Undan tashqari Volga-Ural mintaqasi musulmonlaridan vakillar taklif qilindi (jami 500 vakil). Shu paytning o‘zida Turon, Turk odami markaziyati kabi siyosiy tashkilotlar va Sho‘royi islomiyaning islomiy fraksiyasi va boshqalar asosida yagona Turkiston (Qozog‘iston ham shu jumladan) partiyasi Ittifoqi musliminni tashkil etish haqida qaror qabul qilindi. Nizom va dastur Sho‘roi ulamo rahbarlari tomonidan ushbu tashkilotning tegishli hujjatlari asosida ishlab chiqildi. Xususan, o‘lkaning siyosiy tizimi masalasini quyidagicha hal qilish ko‘zda tutildi: Rossiya federativ demokratik respublikasi tarkibida Turkiston muxtor respublikasi tuziladi. U o‘zining mustaqil pul birligini chiqarish huquqiga, mustaqil bojxona xizmatiga, boshqaruv faqatgina urush paytida Rossiya ixtiyoriga topshiriladigan armiya va militsiyaga ega bo‘ladi, barcha ichki kommunikatsiya tizimlarini mustaqil ravishda boshqaradi va hokazo.
Islomchilar qarashlarining islom uchun noananaviy bo‘lgan siyosiy institutlarni tuzish borasidagi jixatlari dasturning taklif qilinayotgan davlat tuzilishiga bog‘liq qismida aks etgan. Boshqaruvning asosiy organi besh yil muddatga saylanadigan Turkiston federatsiyasi parlamenti bo‘lishi kerak edi. Uning ijroiya organi vazifasini kotibiyat bajarish kerak edi. Alohida nazorat qilish vakolati berilishi nazarda tutilgan Mahkamayi sharia organi (o‘ziga xos qonunchilik nazorat palatasi) shariat talablariga asoslangan qonun chiqarish jarayonlarini nazorat qilishi lozim edi. Mazkur organning raisi (Shayx al-islom) qonunlarga rioya etilishi, ularning islom (hanafiy) qoidalariga mos kelishi uchun javobgar bo‘lishi, sud tizimi, ta’lim va boshqalarni nazorat qilishi kerak edi.
Xuddi shunday fiqx me’yorlari bilan uyg‘unlashgan sotsialistik shiorlar ba’zi qarorlarga xos edi. Masalan, «Yer va suv haqida»gi qarorda suv va yer davlat mulki va umumxalq yig‘ilishi nazoratida deb e’lon qilindi, biroq, xususiy mulk shariat asosida ximoya qilinishi kafolatlandi. Bu g‘oyalarning asosiy muallifi Sho‘roi ulamo raisi S.Lapin edi.Uning bunday ikki tamonlama dasturi xar doim ham u boshchilik qilgan tashkilot ichida ma’qullanmagan.
Bu kabi beqarorlik siyosiy ittifoqchilar tanlashda ham ko‘zga tashlandi. 1917 yil sentyabrda barcha milliy demokratik va milliy islomiy siyosiy tashkilotlar bilan birlashish borasida qabul qilingan qarordan ham Sho‘roi ulamo bo‘lg‘usi davlatda islomning roli va o‘rnini aniqlash masalasida uzoq va samarasiz tortishuvlar so‘ngida bosh tortdi (musulmonlarning IV favqulodda qurultoy). Islomiy davlat g‘oyalarining Sho‘roi ulamo rahbarlari tomonidan asosli himoya qilinishi muvaqqat hukumat bilan ham ittifoq tuzish imkoniyatini yo‘qqa chiqardi. Shu kabi g‘oyalarni Turkistonning boshqa shaharlaridagi musulmon tashkilotlari ham ilgari surdilar.
Bu paytda bolsheviklarning “shiorlar taktikasi” (masalan, V.I.Leninning bir necha marotaba e’lon qilingan «musulmonlarning madaniy muxtoriyati haqida»gi g‘oyasi) Sho‘roi ulamo rahbarlariga jozibali tuyildi, ular hatto bolsheviklarning Oktyabr to‘ntarishiga (26.10.1917) qadar ham o‘lkani boshqarishda hamkorlik qilish yuzasidan ularga taklif qilish mumkin deb hisoblagan edilar. Natijada S.Lapin yana navbatdagi “g‘aroyib” g‘oyani o‘ylab topdi: «Musulmonlarning Xalq Komissarlari Kengashi bilan birgalikdagi muxtor boshqaruvi badavlat tabaqadan zakot va ushrni majburiy olgan holda islom sotsializmining mustahkam poydevorlari ustiga qurilishi kerak (!)». O‘zlarining “Rus sotsialistlariga” yuborgan maktublarida (1918 mart) Sho‘roi ulamo rahbarlari «boy va kapitalistlarga» qarshi umumiy qarshilik ko‘rsatishda bolsheviklar bilan birlashish mumkinligini va shariat g‘oyalari sotsializm maqsadlari bilan to‘liq mos kelishini ta’kidladilar. Biroq ittifoq tuzilmadi va 1918 yilning mayidayoq Turkiston Xalq Komisarlari Kengashi Sho‘roi ulamo va boshqa siyosiy partiyalarni tugatish haqida e’lon qildi. Keyinroq tashkilotlarning barcha faol a’zolari otib tashlandi yoki surgun qilindi.
Turkiston musulmonlarining siyosiy faolligi, yuqorida ham ta’kidlanganidek, musulmonlar muammolarining muhokamasiga hamda davlat va jamiyatda yuz berayotgan o‘zgarishlarni baholashga bag‘ishlangan qator gazeta va jurnallar ta’sis etilishida ham namoyon bo‘ldi. Bunday nashrlardan biri “al-Isloh” jurnali bo‘lib, u 1915 yilda Toshkent ulamolari tomonidan ta’sis etilgan va oyiga ikki marta o‘zbek va tojik tillarida chop etilgan. Jurnal muharriri toshkentlik ulamo Abdurahmon b. qori Sodiq edi. Jurnalning asosiy maqsadlari musulmonlarni noshar’iy ishlardan muhofaza qilish, Qur’on va sunnatni sharhlash, «o‘quvchilarning har qanday diniy va dunyoviy savollariga Qur’on va sunnaga asoslangan holda javob berish» va boshqalar bo‘lgan. Shu maqsadda turli talqinlar va muhokamalar berib borilgan. Muharrir maqolalarning «oddiy musulmonlarga tushunarli» tilda bo‘lishini, hukumatga qarshi fikrlar bo‘lmasligini, (hanafiy) mazhabga qarshi fikrlardan holi bo‘lishini talab qilar edi. Shunday qilib, jurnal dastlabki sonlaridanoq o‘z davrining atoqli ilohiyotchilari (Lutfullo Olimiy, Muhammad Alizoda Toshkandiy, Sayyid Ahmad Vasliy va b.) o‘rtasidagi bahslar maydoniga aylandi, avval Toshkent, keyinroq butun Turkiston an’anaviy ulamolarining o‘ziga xos minbari bo‘lib qoldi. E’lon qilingan maqolalarni quyidagi guruhlarga bo‘lish mumkin: 1. Axloq, musulmonlar bilan o‘zaro muomala, kiyinish va shu kabi an’anaviy islomiy me’yorlarga rioya qilishga da’vat e’tuvchi maqolalar; 2. Nikoh, mulkchilik, oilaviy munosabatlar va boshqa masalalardagi fiqxiy qoidalarni sharxlovchi maqolalar. Ushbu maqolalar o‘quvchilar savollariga javoblar rukni ostida chop qilingan. 3. Islom tarixi, taniqli musulmon olimlari va boshqa masalalarga oid materiallarni o‘z ichiga olgan umumta’limiy maqolalar. An’anaga ko‘ra bu turdagi maqolalar tarbiyaviy xususiyatga, berilgan «tarixlar» esa sakrallashtirilgan afsonaviy xarakterga ega bo‘lgan; 4. Munozarali maqolalar. Bular ancha qiziq bo‘lib, an’anachi ulamolarning musulmonlar o‘rtasida paydo bo‘lgan yangiliklar (bid’a)ga, imperiyaning boshqa mintaqalaridan kelgan aholi (ruslar, armanlar, cho‘qintirilgan tatarlar, gruzinlar va boshqalar) urf-odatlari aralashuviga munosabatlarini aks ettiradi. Masalan, islom nuqtai nazarida teatr va musiqaning shar’iyligi borasida ulamolar o‘rtasida uzoq munozaralar borgan. Tomonlar o‘z qarashlarini Qur’on, sunna va taniqli o‘rta asr ilohiyotchilari (masalan, al-G‘azzoliy)ning fikrlari bilan asoslashga urinsalarda, yagona fikrga kela olmadilar.
Ayni mana shu maqolalar guruhiga noma’lum muallif tomonidan yozilgan Payg‘ambarning tug‘ilgan kuni (Mavludi sharif)ga bag‘ishlangan maqolani (1918, 6-son) ham kiritish mumkin. Rasmiy hokimiyat va mahalliy millatchilar bu bayramni milliy bayram deb atab, uning diniy xususiyatini o‘zgartirishga urindilar. Muallif ushbu qarorga keskin qarshilik bildiradi. U bunda diniy o‘zlikni milliy o‘zlik bilan almashtirishga qaratilgan xatarli urinish va mahalliy musulmonlarni qolgan musulmon olamidan ajratishga bo‘lgan istakni ko‘radi. Muallif fikricha, Mavlud doimo ruhiy birlashuv ramzi bo‘lib kelgan.
Jurnal muharriri Abdurahmon o‘zicha munozarani boshqarishga harakat qildi. U maqolalarda ko‘p marta takrorlanadigan shariat axloq me’yorlarini mustahkamlash zarurati haqidagi fikrlarga qo‘shiladi, u barcha zamonaviy muammolarni islom olamining boshqa taraflaridagi ulamolarning tajribalarini o‘rgangan holda, dunyodagi o‘zgarib borayotgan vaziyatni hisobga olib erkin va axloq doirasida muhokama qilishga chaqiradi. Shunday qilib “al-Isloh” mahalliy an’anachilarning mintaqada yuz berayotgan o‘zgarishlarga turli munosabatlarini ifodaladi. Ushbu jurnalning so‘nggi soni 1918 yilning fevralida dunyo yuzini ko‘rgan va Turkiston Markaziy Ijroqo‘mi qaroriga muvofiq «siyosiy jixatdan zararli nashr» sifatida yopib qo‘yilgan. Ushbu nashrning man etilishiga asosiy sabab bolsheviklar to‘ntarishini salbiy baholagan maqolalar bo‘ldi.
Musulmon ulamolarining yangi hukumatga munosabatlari, tabiiyki, turlicha edi va qator munozaralarga sabab bo‘ldi. Ko‘pchilik jadidlar yangi hukumat bilan hamkorlik qilish mumkin deb hisoblabgina qolmay, xatto uning davlat tizimlari tarkibiga ham kirib bordilar. Afsuski, ularning asosiy qismi 20-asrning 30-yillaridagi «tozalash» paytida qatag‘onga uchradilar. Birqancha musulmonlar bolsheviklarning «din bilan o‘ynashishlari» ortida nima yashiringanini yaxshi tushungan holda «bosmachilik» deb atalgan aksil bolshevistik harakatga (aslida milliy ozodlik harakatiga) qo‘shilib ketdilar, yana bir guruh musulmonlar mo‘tadillikni saqlab turdilar. Musulmonlarning uchinchi guruhi, ya’ni ilk bolsheviklarning diniy urf-odatlar va ulamolarga nisbatan murosasoz munosabatlariga aldanganlar yangi hukumatni qo‘llab-quvvatladilar. Bunda diniyqhuquqiy me’yorlarni o‘zgarayotgan sharoitlarga moslashtirishga bo‘lgan yangi harakatni ko‘rishimiz mumkin. Ba’zi ulamolar, yuqorida zikr etilgan «islom sotsializmi» nazariyasiga asoslangan holda o‘sha paytda urf bo‘lgan sotsialistik shiorlarni musulmon xuquqi qonunlari bilan uyg‘unlashtirishga urinib, bolsheviklar bilan hamkorlik qilish uchun yangi g‘oyalarni taklif qilishda davom etdilar.
Biroq, barcha bunday nazariyalar va umidlar hayotga tatbiq etilmadi: siyosiy va harbiy jixatdan o‘z mavqeini mustahkamlab olgan bolsheviklar dinga qarshi keng hujum boshladilar va 30-yillarning boshlaridayoq islomning siyosiy, yoki aytaylik, xuquqiy mavqei haqida so‘z ham bo‘lishi mumkin emas edi. Ko‘p sonli musulmon olimlar otib tashlandilar, Sibir yoki sobiq Ittifoqning boshqa mintaqalariga surgun qilindilar.
Keyinroqqa nazar tashlab shuni aytish mumkinki, bunday o‘ylamasdan, zo‘ravonlik bilan olib borilgan dunyoviylashtirish (keyinroq to‘liq «ateistlashtirish») 70-80 yil o‘tib, davlat arboblari va aksar dindorlarning qator muammolarga duch kelishiga olib keldi. Ayni shu o‘tgan asrning 30- yillarida diniy muassasalarning (madrasa, maktab va masjidlar) vaqflari tamomila tugatildi, ularning o‘zlari esa deyarli tamomila yopib qo‘yildi. Binolari esa turar joylar, omborxonalar, remont ustaxonalari va hokazolarga aylantirildi.
Qolaversa, zo‘rlik bilan dunyoviylashtirish jangori ateizm bilan birgalikda ham ko‘pchilik mahalliy aholining islomiy ruhiyatini uzil-kesil mahv eta olmadi. An’anaviy oilalarda keksa avlod o‘z zurriyodlarini diniy e’tiqod asoslari, shari’at ahkomlari va islom odob-axloqi bilan tanishtirishga harakat qildi. Qamoq va quvg‘inlardan qutilib qola olgan ayrim ulamolar jonlarini xatarga qo‘yib bo‘lsada, diniy ilmlarni o‘rganish istagida bo‘lganlarni yashirincha o‘qitishda davom etdilar. Bunday norasmiy ta’lim usuli «hujra» nomini oldi.



Download 170.76 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   11   12   13   14   15   16   17   18   ...   26




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling