13-mavzu. Islomning O‘rta Osiyoga kirib kelishi va islomlashuv jarayonining xususiyatlari
Download 170.76 Kb.
|
«Islohotchilar»ning yangi avlodi. Ikkinchi jahon urushidan keyin musulmon mamlakatlarida islomiy diniy-siyosiy harakat va partiyalarning paydo bo‘lishi va ularning 50-yillar oxiri - 60-yillar boshlarida kuchayishi, Markaziy Osiyodagi sovet musulmon respublikalariga bevosita ta’sir o‘tkazmadi. Bu ta’sir faqatgina 70-yillarning o‘rtalarida, asosiy qismi hujralarda norasmiy ta’lim olgan yangi musulmon ulomolar avlodi yetishib chiqqanida sezila boshladi. Ularning birinchisi taxminan 1970-yillar oxirlarida Farg‘ona vodiysida paydo bo‘ldi (biroq u tizim sifatida shakllanmagan edi). Unga yuqorida esga olingan Rahmatullo Alloma (1981 yili avtohalokatda vafot etgan) va Abduvali qori Mirzaev (ikkisi ham Andijondan) tomonidan asos solingan edi. Vaqt o‘tishi bilan bu harakat Mujaddidiya (ar. – yangilash, islohot) deb ataldi. Asoschilar Farg‘ona vodiysidagi mashhur olim Hakimjon qori Marg‘iloniy (1896 y. tug‘ilgan, hozirda Marg‘ilonda yashaydi) hujrasida, keyin Hindustoniyda ta’lim olganlar. Harakat asoschilari oldilariga qo‘ygan asosiy maqsad va vazifalar uning nomidan ma’lum: mahalliy hanafiylar amaliyotlari, hatto e’tiqodlariga ba’zi o‘zgartishlar kiritish; kuchayib borgan qayta islomlashtirish jarayonlarini asl islomni keyinchalik paydo bo‘lgan “yangiliklar”dan “tozalash va tiklashga” yo‘naltirish; dindorlarda siyosiy ongni shakllantirish. Yuqorida esga olingan va boshqa moturidiylik e’tiqodlaridan uzoqlashgan g‘oyani ba’zi ulamolar 80-yillarning boshlaridayoq jamoat yig‘inlari va juma xutbalarida ochiq ayta boshlagan edilar.
Bu borada, masalan, boshqa ko‘pgina islohotchi ulamolar singari ayniqsa Farg‘ona vodiysi va Toshkentda ko‘plab tarafdorlari bo‘lgan Abduvali qori Mirzaev ko‘tarib chiqqan va keyinroq Muhammad Rajab Qo‘qandiy tomonidan takrorlangan to‘g‘ridan-to‘g‘ri chaqiriqlarni aytib o‘tish mumkin. Ular, jumladan, jamiyatning islomiy xarakteriga xavf tug‘ilib turgan murakkab vaziyatda moturidiylik aqidalaridan tamoman voz kechish, “musulmonlarning solih amallari bilan islomni «g‘ayridinlar» tomonidan tiqishtirilgan yangiliklar va fahshlardan tozalash» lozim” dedilar. Buning o‘rniga ular ilk islom jamiyati hayot tarziga moslangan salafiylik yo‘lini taklif qildilar. Bunday yo‘lni mahalliy hanafiy-an’anachilar «vahhobiylik» deb hisobladilar. “Islohotchilar”ni – «vahhobiylar» deb atash shundan boshlangan. Atamaning o‘zi vaqt o‘tishi bilan moslashib, ma’nosi esa kengayib bordi. 70-yillarning o‘rtalarigacha ham ba’zi mahalliy ulamolar (shu jumladan Muhammadjon Hindustoniy ham) mahalliy musulmonlar o‘rtasida o‘rnashib qolgan marosim shakllarini o‘zgartirishga har qanday urinishni “vahhobiylik” deb hisoblaganlar. «Vahhobiylar» deb atalganlarning o‘zlari esa, yorliq osish borasida raqiblaridan orqada qolmadilar. Ular o‘z raqiblarini «mushriklar» deb atay boshladilar. Bunday deb ayblash uchun ular mahalliy hanafiylar amaliyotlaridagi tasavvuf ta’siri ostida paydo bo‘lgan «avliyolar» mozorlarini ziyorat qilishlari va boshqa amallarni asos qilib ko‘rsatdilar. Mujaddidiya («Vahhbiylar») asoschilarining, o‘z qarashlaricha, islomning yangi ko‘rinishini qidirishlariga eng avvalo kommunistik mafkuraning ochiq namoyon bo‘layotgan inqirozi soyasida davom etib kelayotgan atestik siyosat turtki bo‘lgan edi. Mujaddidiya asoschilariga ko‘ra, davlatning ateistik siyosati va bu siyosatga hanafiy ulamolarning asosiy qismining chidab turishlari va natijada islomning inqirozga yuz tutishi mahalliy jamoaning islomiy xarakterini yo‘qotishi xavfini tug‘dirdi. Qayta qurishning boshlaridayoq, Mujaddidiyaning birinchi avlodi o‘z-o‘zlarini Farg‘ona va Toshkentdagi ba’zi masjidlarga imomlar va xatiblar sifatida tayinlashiga erishgach (ya’ni, Diniy idora buyrug‘isiz), o‘z xususiy ishlari bilan shug‘ullangan holda, masjidlarga tushadigan daromaddan maosh olishni namoyishkorona rad etdilar. Afg‘on mujohidlarining sovet armiyasiga qarshi qurolli kurashlari yoki 1979 yildagi Eron revolyusiyasi Mujaddidiya uchun chuqur ramziy ma’no kasb etdi. Ehtimol, mana shu voqealar ta’siri ostida Mujaddidiya o‘z g‘oyalarining islom davlat dini bo‘lgan (albatta, «tozalangan» holda), islom dini ravnaq topgan mamlakat esa «Musulmonobod» deb atalgan taqdirdagina amalga oshishi mumkin, deb hisoblagandirlar. Bu davrda («Qayta qurish»ning oxiri, SSSR tarqashining boshlarida) Markaziy Osiyo musulmonlari orasida bo‘linish yuz berdi. «Vahhobiylar» va an’anachi musulmonlar o‘rtasidagi bahslar va janjalli to‘qnashuvlar oddiy holga aylanib qoldi. Islomning siyosiy mavqei borasidagi tortishuvlar yana ham keskin edi: «vahhobiylar»ga ko‘ra, kommunistik mafkuraning mutlaq inqirozi, SSSR tarqalib ketishining aniq belgilari, mamlakatda kuch yig‘ayotgan qayta islomlashuv jarayonlari «Eronning yo‘lini takrorlash»ga, «mamlakatni islomning nurli yo‘liga qaytarish»ga yaxshi imkon berar edi. Tomonlarni ikkinchi bor kelishtirish (sulh)ga sobiq muftiy Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf (1989-1993) qaror qildi. Biroq, 1990 yil may oyida Diniy idorada bo‘lib o‘tgan «vahhobiylar» (Hakimjon qori Marg‘iloniy va Abduvali qori Mirzoevlar boshchiligida) bilan hanafiylar (Umarxon qori Nomangoniy boshchiligida) yig‘ilishi muftiy erishmoqchi bo‘lgan natijalarning aksi bilan yakunlandi. Ayni shu vaqtda turli musulmon tashkilotlarining xorijiy emissarlari ham faollashdilar. Ular «chin islomni» bilishlikni da’vo qilib, mahalliy musulmonlarni islom asoslari (ya’ni Qur’on va hadis)ga emas, balki hanafiy mazhabi qoidalariga amal qilib yashashda aybladilar. Qolaversa, bunday harakatlar faqatgina mahalliy musulmonlar orasiga kirib olishga bahona edi, xolos va ko‘pchilik tadqiqotchi-ekspertlarning qayd etishicha, bu o‘z mavqei va mahalliy sharoitdan uzoqni ko‘zlovchi siyosiy maqsadalarda foydalanishga intilish edi. Davlat o‘zining dunyoviy xarakterini saqlab qolgan holda, musulmonlar o‘rtasidagi (ayniqsa, Farg‘ona vodiysida) bo‘linish va boshlanayotgan ixtilof alomatlari ancha katta ko‘lamdagi beqarorlikka olib kelishi mumkinligidan havotirlanib, voqealar jarayoniga ta’sir o‘tkazishga harakat qildi. Biroq, na Diniy idora, na o‘sha paytdagi muftiy Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nizolashayotgan tomonlarga ta’sir o‘tkaza oldi: ularning nizolari juda chuqurlashib ketgan edi. «Vahhobiylar»ning hokimiyat uchun intilayotgan radikal guruhlarining asosiy(ancha hayajonli) harakatlari hali oldinda edi – ular Respublika mustaqilligi qo‘lga kiritilgan paytdan boshlab avjga chiqib ketdi. Download 170.76 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling