13-mavzu. Islomning O‘rta Osiyoga kirib kelishi va islomlashuv jarayonining xususiyatlari


Tomonlarning diniy va siyosiy maqsadlari


Download 170.76 Kb.
bet19/26
Sana28.12.2022
Hajmi170.76 Kb.
#1022430
1   ...   15   16   17   18   19   20   21   22   ...   26
Tomonlarning diniy va siyosiy maqsadlari. Mintaqa musulmonlarining bo‘linib ketishi (sovet davri oxirlari va mustaqillik boshlarida) asosida qanday (yangi va eski) maqsadlar va tendensiya yotar edi? Ushbu savollarni ochib berish uchun bir necha so‘zni aytib o‘tish kerak. Birinchidan. Bu yerda faqatgina ajralib chiqib, shaklan tarqoq harakat yoki guruh tashkil qilgan bir qism musulmonlar (aniqrog‘i – «vahhobiylar») o‘rtasidagi «yangi tendensiyalar» haqida so‘z yuritiladi. To‘laqonli diniy-siyosiy partiyalar yoki izchil shakllangan guruhlar haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas (uzog‘i bilan 90-yillargacha), zero, qo‘shni Tojikistondagi diniy vaziyatning salbiy jihatlariga asoslangan holda dinga nisbatan siyosatini qat’iylashtirgan hukumat o‘z vaqtida u yoki bu islomiy partiya yoki harakatlarning tizim sifatida shakllanishi oldini olgan edi.
Ikkinchidan. Mujaddidiya («Vahhobiylar»)ning birinchi avlodi diniy va g‘oyaviy izlanishlariga turtki bo‘lgan asosiy narsa sobiq Ittifoq davridagi hukmron rejimning majburiy dinsizlashtirish va dunyoviylashtirish siyosatiga qarshi amaliy harakat edi. Bunday sharoitda, yuqorida aytilganidek, musulmonlarning «yangi avlodi», islomiy an’analarning yo‘qolish havfi mavjud, deb hisobladi. Boshqa dindorlarga qarshi kurash ham nafaqat amaliyot masalalarida, balki boshqa masalalarda ham boshlandi. Mahalliy hanafiy ulamolar va ularning izdoshlarida «yangi davr» yosh ulamolari namoyandalarining hali noaniq, mavhum va ko‘pincha oddiy siyosiy g‘oyalari asosiy norozilikni uyg‘otdi. Rahmatullo Allomaning Muhammadjon Hindustoniy bilan bo‘lgan bahslaridan birida, Hindustoniy o‘zining sobiq shogirdlarini diniy amallarni bajarishga nisbatan ba’zi qonuniy yengilliklar paydo bo‘lgan paytda bunday masalalarni o‘rtaga tashlab katta fitna qo‘zg‘amaslik kerak, deya ogohlantirgan edi.
Uchinchidan. Har qanday diniy yoki siyosiy harakatlarni tasnif qilganda, ularning yetarli bilimga ega bo‘lmagan izdoshlari tomonidan mahkam tutib olinadigan, puxta bilimdan ko‘ra ko‘proq hissiyot ustiga barpo bo‘ladigan asosiy g‘oyalarning o‘zgarishini hisobga olish g‘oyat murakkab. Shuningdek, biz Markaziy Osiyoda sovet davridan keyingi sharoitda o‘tgan asrning 80-yillari boshlarida boshlanib, musulmonlar o‘rtasida bo‘linishga sabab bo‘lgan qayta islomlashuvning shiddatli jarayonlariga guvoh bo‘ldik. Bu jarayonlar so‘ngida mamlakatga turli xorijiy musulmon tashkilotlari vakillarining osonlik bilan kirib kelishlariga imkoniyat paydo bo‘ldi va bu musulmonlar o‘rtasidagi nizolarining yana ham kuchayishiga sabab bo‘ldi.
SSSR bo‘linib ketish paytidagi O‘zbekiston ulamolarining qarashlarini quyidagi tartibda taqsimlash mumkin. Ulamolarning asosiy guruhini mintaqada hukmron hanafiya mazahabi tarafdorlari tashkil qilar edi. Ular bu mazhab holatini o‘zgartirib bo‘lmaydigan asos deb hisoblar edilar. Mazkur guruh shartli ravishda «konservator-hanafiylar» (yoki biz yuqorida aytgandek «an’anachilar») deb nomlanadilar. Mazhabning holatini ular Qur’on va Payg‘ambar (s.a.v.) sunnalariga mutlaq mos keladi, deb sanaydilar. Konservatorlar an’anaga ko‘ra, islomni (shu jumladan, hanafiya mazhabini ham) barcha zamonda va har qanday sharoitda musulmonlar hayotining barcha jabhalarini boshqara oladigan tugal tizim deb biladilar. Bundan tashqari, mahalliy faqihlar meros qoldirgan qoidalar, garchi zamonaviy faqihlarning sharhlaridan xoli bo‘lmasada, muvozanatli deb qabul qilingan. Shunga ko‘ra ular ba’zi mazhab qoidalarini (biroq asosiy ta’limotlarini emas) zamonaviy sharoitga muvofiqlashtirish mumkin deb biladilar. Qolaversa, ularning madaniy va ijtimoiy ramzlari tizimi diniy amaliyot, ma’naviy-axloqiy qadriyatlar va boshqalarda o‘tmishning diniy tajribasiga tayanadi.
An’anachilarni yuqori diniy bilim darajasi boshqalardan alohida ajratib turadi va ular hanuzgacha yozilgan va chop qilingan an’anaviy hanafiylik ruhidagi, biroq zamonaviy o‘quvchilarga moslashtirilgan asarlar soni va sifati bo‘yicha birinchilikni qo‘ldan bermay keladilar. Ularning tarafdorlari, asosan, katta yoshdagilar, o‘rta yoshdagilar va diniy an’analar saqlanib qolgan oilalarga mansub yoshlar hamda «sovet/rus» yoki g‘arb turmush tarzini qabul qilmagan boshqa kishilardir. Ummatning hayot kechirishi uchun doimiy noqulay sharoit va umuman islomga nisbatan tez-tez kuzatiladigan dushmanlik an’anachilar va ularning davomchilarini har qanday (hatto Xudoni inkor qiluvchi) dunyoviy hokimiyat sharoitida ham yashab qolish shaklini izlashga o‘rgatgan. Aynan mana shu shakllar mazhabning moslashuvchanlik va yashab qolish darajasini oshiradi.
An’anachilar tarkibi bir xil emas va ularning ulamolari qarashlari bir biridan farq qiladi. Ularning qarashlarini qisman farqlovchi asosiy munozarali masala, bu - dunyoviy davlatga munosabatdir. Ulamolarning bir qismi, dunyoviy davlat musulmon jamoasi ishlariga hech bo‘lmaganda sof diniy masalalarda aralashmasligi kerak, deb hisodlaydilar. Boshqa qismi esa, agar dunyoviy davlat ateistik siyosat olib bormayotgan bo‘lsa, musulmonlarga erkin ibodat qilishlari, ta’lim olishlariga ruxsat beradigan bo‘lsa, u holda «vahhobiylar bosh ko‘tarmasliklari uchun» diniy vaziyatni nazorat qilishi mumkin (hatto lozim) deb biladilar. Bunday qarashni diniy idora tarkibiga kiradigan imomlar va ulamolar ham quvvatlaydilar. An’anachilar o‘rtasida munozarali bo‘lib qolayotgan yana bir masala, bu - mahalliy urf-odatlar bilan murosa qilish shakli va darajasidir. Urf-odatlar hamisha kuchli bo‘lgan qishloqlardagi an’anaviy hanafiylik tarafdorlari uchun shariatni sharhlashning urf-odatlarga ruxsat beradigan, kundalik ishlarda diniy me’yorlarga qat’iy rioya qilishni talab qilmaydigan shakli ma’qul. Garchi qishloqlardagi bunday ijtimoiy voqelik ulamolardan hech birini qoniqtirmasada, lekin ulardan birontasi (bizga ma’lum bo‘lishicha) “qishloqlardagi islomning maqomi” masalasini ko‘tarmagan.
“Vahhobiylar” deb atalgan boshqa bir guruh ulamolar o‘z qarashlarining xilma-xilligi bilan ajralib turadilar. Yuqorida aytilganidek, ularning ilk qarashlarining shakllanishiga arab davlatlaridagi islohotchilarning muqaddas matnlarga shaxsiy uslubda bergan sharhlarining tamoyillari va g‘oyalariga asoslangan zamonaviy islohotchilar (misol uchun, Muhammad Qutb) qisman ta’sir ko‘rsatgan. Bunday qarash (muqaddas matnlarni shaxsiy uslubda sharhlash yoki an’anaviy ijtihod va ijmo’larni e’tiborsiz qoldirish) an’anachilar tomonidan aslo qabul qilinmagan. Bu yerda “Vahhobiylar” o‘zlarining shaxsiy nazariy mavqelarini ishlab chiqishga qodir bo‘lmaganligini aytib o‘tish kerak. Bunga ularning an’anachilar bilan, keyin esa davlat bilan ziddiyatlari sabab bo‘lgan. Bundan tashqari, mazkur ulamolarning birinchi avlodi o‘zlarining hanafiy mazhabida ekanliklarini ta’kidlash bilan birga faqatgina islomiy tashkilotlarning qonuniyligi, islomni, ayniqsa, hanafiy mazhabini keyinchalik paydo bo‘lgan urf-odatlardan tozalash zarurligini ta’kidlaganlar. Shuningdek, ular muqaddas matnlarning yangicha talqini vositasida islomni zamon talablariga moslashtirishni mumkin emas, deb hisoblaganlar.
Shuni ham aytib o‘tmoq joizki, “fundamentalistlar” (“aqidaparastlar”) atamasi shartli ravishda ushbu ulamaolar guruhi va ularning tarafdorlariga nisbatan ishlatilishi mumkin. Chunki, yuqorida zikr etilganidek, ularning ilk g‘oyalari Muhammad Qutb g‘oyalari ta’sirida shakllangan.
Aytish kerakki, «fundamentalistlar»ning keksa avlodi yaxshi diniy bilimga ega edi, o‘z muholiflarining e’lon qilingan qoidalaridan (ya’ni an’anaviy hanafit adabiyotidan) to‘la habardor edi. Shariatni hayotning barcha sohalariga tatbiq qilishga chaqirgan ularning tarafdorlari bilim jihatdan ancha zaif edilar. Ularning eng ashaddiy guruhi hech narsadan toymasdan chet el islomiy tashkilotlarining diniy va siyosiy guruhlari orasidan ittifoqchilar topdilar. Shariatni musulmon jamoasi hayotida tiklash ko‘proq hissiyotlar sohasiga taalluqli bo‘lib, qayta qurish davrida paydo bo‘lgan “qayta islomlashtirish” jarayonlari, sovet yakkamafkurasining qulashi mahalliy aholining o‘z diniy va madaniy ildizlariga intilishi orqali namoyon bo‘ldi. Ammo asosiy muammo shundan iborat ediki, o‘sha “asoslar”ning haqiqiy ildizlari to‘g‘risida kamdan-kam odamlar bilardilar.
Biroq, mahalliy ulamolarning «yangi avlodi» («Vahhobiylar») o‘z shaxsiyatini aniqlashda ancha uzoqqa ketdi. Ular o‘zlarini musulmon dunyosining bir qismi sifatida tan olishlarini taklif etdilar. Ehtimol, shuning uchun aynan musulmonlarning hali mahalliy an’analarga qattiq bog‘lanib ulgurmagan ushbu guruhi «mahalliy islom to‘g‘ri emas», degan fikrni olg‘a surgan «xorijlik emissar»lar ta’siriga osongina berilgandir. Eng muhimi, bu emissarlar diniy-siyosiy partiyalar vakillari o‘laroq, mahalliy fundamenlistlar va hatto bir guruh an’anachilarning siyosiy intilishlarini kuchaytirishga muvaffaq bo‘lganlar. Shu davrdan boshlab, xorijiy islom partiyalarining islomni siyosiylashtirish borasidagi qarashlari asta-sekin mahalliy fundamentalistlarning qarashlariga aylandi.
Islomning siyosiy maqomi borasidagi kurashlar mobaynida «fundamentalistar» («vahhobiylar») an’anaviy ilohiyot masalalarini chetga surib qo‘ydilar. Bu esa, an’anachi ulamolarlarning g‘ashiga tegdi. Ba’zan shunday taassurot uyg‘onar ediki, ular o‘zlarining boshqa siyosiylashmagan musulmonlar guruhi, ayniqsa, an’anachilardan farqlarini alohida ko‘rsatish uchun ataylab hanafiy mazhabi ta’limotlaridan chetga chiqardilar. Hatto hali davom etayotgan diniy bahslarda siyosiy tus yana ham ko‘proq sezilib turdi. Masalan, «fundamentalistlar» ko‘proq chuqur o‘rnashib qolgan mahalliy urf-odatlarga qarshi chiqdilar. Ularning siyosiy intilishlarining kuchayib borishi bilan urf-odatlar ularinng hujumlari markazi bo‘lib qolaverdi, chunki, yuqorida nomi qayd etilgan Abduvali qorining shaxsan e’tirof etishicha, islomning bunday ko‘rinishi (ya’ni, «mahalliy islom») tarafdorlari siyosiy jihatdan faol emaslar va shu sababli ham asosiy maqsadga erishishga – islomning davlat dini maqomini qayta tiklashga qodir emaslar.
Avval qayd etilganidek, «fundamentalistlar» o‘zlarining aniq tashkiliy tizimlarini tuza olmadilar. Qolaversa, xorijiy musulmon mamlakatlardan kelgan vakillarning faol harakatlari natijasida, «fundamentalistlar» orasidan yangi guruhlar va diniy-siyosiy partiyalarning mahalliy shahobchalari ajralib chiqa boshladilar. To‘g‘ri, Namangandagi «fundamentalistlar»ning ko‘proq radikallashgan qismi Adolat, Islom adolati kabi «parallel hokimiyatlar»ning kichik guruhlarini tashkil qilgan edi. Keyinchalik, bu guruhlarning barcha faol a’zolari o‘zini «O‘zbekiston islom harakati» deb nomlagan terrorchilik tashkiloti jangarilariga aylanib ketdi.
Shunday qilib, Sovet Ittifoqining so‘nggi va O‘zbekiston mustaqilligining ilk yillarida mahalliy musulmonlarning «yangi avlod»i qarashlari va tezislarida boshqa musulmon o‘lkalari mutafakkirlarining diniy, siyosiy, ijtimoiy va boshqa g‘oyalarining o‘zlashtirilgani yaqqol sezilib turadi. Shunga qaramay, sobiq Ittifoq respublikalarida bunday g‘oyalarning rivojlanishi va o‘zlashtirilishining o‘ziga xos jihatlari bo‘lgan va bor. Ular quyidagi holatlar bilan aniqlandi. Birinchidan, sovet hukumati tomonidan olib borilgan kuch bilan sekulyarlashtirish (dunyoviylashtirish) mahalliy xalqlarning madaniy (shu jumladan, diniy) an’analarini yo‘qqa chiqara olmadi. Uning ustiga, mahalliy ulamolarda diniy masalalarni erkin nashr qilish imkoniyati cheklanganligi uchun aksar musulmonlar o‘rtasida asosiy amaliyotlarini urf-odatlar tashkil qilgan «mahalliy islom» rivojlandi. Garchi konservator-an’anachilar urf-odatlarni hanafiy ulamolar tomonidan belgilab berilgan holatga qaytarishga chaqirgan bo‘lsalar-da, «fundamentalistlar» ularni mutloqo inkor etdilar.
Ikkinchidan, sovet davri so‘nggidagi «qayta qurish» milliy madaniy an’analarning qayta tiklanish jarayonlarining kuchayishiga turtki berib, yuqorida aytib o‘tilganidek, ko‘pchilik aholining qayta islomlashuviga zamin yaratdi. Biroq, islomni qabul qilish (aniqrog‘i, «otalar dini»ga yangidan qaytish) doim ham uni tushinish yoki anglashni bildirmaydi. Boshqacha aytganda, sovet davrida uzilib qolgan mahalliy islom (ayniqsa, an’anaviy diniy rasm-rusumlar) shakllarini uzatish an’analarini birdaniga tiklab bo‘lmasdi. Boshlangan ta’limni qayta tiklash jarayoni islomlashish sur’atiga yetib ulgura olmadi. Aynan mana shunday sharoitda musulmon rahnamolar o‘rtasida ixtiloflar kelib chiqishiga va xorijlik islom nazariyotchilari g‘oyalarining ta’siriga yo‘l ochildi. Biroq, bu yerda mahalliy sharoit ham jarayonga ta’sir ko‘rsatmay qolmadi. Ulamolar tomonidan kommunistik rejim davri qayta-qayta qoralanishiga qaramasdan, ularning dunyoqarashlari aynan sovet davri va uning ta’siri ostida shakllangan. Bu narsa birinchi navbatda «fundamentalistlar»ga tegishli, ular o‘tish davrining iqtisodiy va ijtimoiy muammolari atrofida (juda sodda shaklda!) ijtimoiy adolat va iqtisodiy tenglik kabi masalalarni olg‘a sura boshladilar. Biroq, ziddiyat shunda ediki, «fundamentalist»-ulamolar Ittifoqning barcha sobiq fuqarolariga yaxshi ma’lum bo‘lgan iboralarni qo‘llar edilar. Ushbu iboralar o‘sha davr vatan tarixi, Kompartiya tarixi darsliklaridan yoki matbuot, televidenie organlaridan ochiq o‘zlashtirilgan edi. Oddiy elitarizm yoki «asil islom»dagi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy tenglik g‘oyalari mahalliy «fundamentalistlar» uchun (keyinroq «islohotchilar» da ham) ayniqsa mustaqillikning ilk yillarida odatiy iboralar bo‘lib bo‘lib qoldi. Biroq, bu barcha «tenghuquqlilik» g‘oyalari sovet tashviqoti va tarix darsliklaridagi yaxshi tanish bo‘lgan ibora-qoliplarda ifodalangan edi.
Qayta islomlashuv jarayoni chekka hududlarda biroz boshqacharoq o‘tdi. Bu jarayonning izchilligi qator omillarga bog‘liq bo‘ldi: shahar markazlariga yaqinlik, ular bilan aloqalarning mustahkamligi, yaxshi bilimli imomlarning yetarliligi va h.k. Biroq, qishloqlarda urf-odat barasidagi an’analar ancha kuchli, buni shu sababli qiynalayotgan mo‘tadil konservator-hanafiy mahalliy ruhoniylar ham hisobga olishga majburlar.



Download 170.76 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   15   16   17   18   19   20   21   22   ...   26




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling