Markazdan qochirma uchlik kichik bosimlarda ishlaydi. Suyuqlik uning korpusidagi dumaloq kameraga urinma yo‘nalishida bosim ostida kiritiladi. Natijada, suyuqlik girdobsimon aylanma harakatga kelib, diafragmaning o‘rtasidagi ko‘zdan turbulent oqim bilan chiqib, parchalanadi va konussimon shaklda tarqaladi. Diafragma ko‘zining diametri 1,5; 2,0 va 3,0 mm bo‘lishi mumkin. Bunday uchlik suyuqlikni yirikroq parchalaydi va shamol ta’sirida qo‘shimcha parchalash uchun ular ventilatorli purkagichlarga o‘rnatiladi.
Favvorasimon uchliklar deflektorli yoki tirqishli turlarga bo‘linadi. Tirqishli uchlik juda sodda tuzilgan, lekin suyuqlikni polidispers zarrachalarga (~300 mkm) parchalaydi va mashinaning qamrov kengligi bo‘yicha bir tekis sepish imkonini beradi. Tirqishli uchlik uchta qismdan, korpus, filtr va qalpoqsimon gaykadan iboratdir. Korpusning tubi yarimsfera shaklida bo‘lib, tirqish uni teng ikkiga bo‘ladi. Bosim ostida kelgan suyuqlik, yarimsferani aylanib o‘tib, tirqishga ikki tomondan, bir-biriga qarama-qarshi yo‘nalishda kirayotib, o‘zaro to‘qnashadi, natijada turbulent oqimli favvoradan otilib chiqayotgan suvga o‘xshab, zarrachalar parchalanadi. Bunday uchliklar ham ventilatorli purkagichlarga o‘rnatiladi.
Deflektorli uchlik (173- a rasm) da naycha 8 dan otilib chiqayotgan favvora yo‘liga to‘siq sifatida deflektor 2 o‘rnatilgan. Konussimon deflektorga urilgan favvoracha 360° ga taqsimlanib, parchalanadi. Agar deflektor bir tomonga engashgan tekislik bo‘lsa (173- b rasm), parchalar bir tomonga sochiladilar. Tekis deflektorning qiyaligini o‘zgartirib, parchalash darajasini hamda sochish uzoqligini sozlash mumkin (ishchi suyuqlikning sarfini o‘zgartirmasdan).
173- rasm.Favvorasimon va aylanuvchan uchliklar sxemasi:
a - konussimon deflektorli; b - qiya yassi deflektorli; d - pnevmatik;
e - aylanuvchan diskli; f,g- barabanli; 1- naycha; 2- deflektor;
3 - jo‘mrak; 4 - karnaycha; 5 - disk; 6 - to‘rsimon silindr; 7- baraban.
Do'stlaringiz bilan baham: |