14-mavzu. Buyuk Britaniya ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda
G.Vilson va J.Kallagenning “Ijtimoiy shartnomasi”
Download 381 Kb.
|
doc 14- MAVZU docx
G.Vilson va J.Kallagenning “Ijtimoiy shartnomasi”.
1974 yil 4 martiga belgilangan parlament saylovlariga hukumat g‘alaba qilishiga to‘la ishonch bilan tayyorlangan edi. Xit “olomon fikri”ga bog‘liq bo‘lmagan va har qanday vaziyatda ham faoliyat ko‘rsatishga qodir bo‘lgan “kuchli hukumat” tuzish haqida bayonot berdi. Leyboristlar partiyasi esa, aksincha saylov kompartiyasini faol o‘tkazishdi. Leyboristlar partiyasining saylovoldi dasturi radikal xarakterga ega edi. Unda keng ko‘lamdagi milliylashtirish, davlat boshqaruvi tizimini kuchaytirish, harbiy xarajatlarni qisqartirish, Buyuk Britaniyaning Umumiy bozorda qatnashishi borasida umumxalq referendumini o‘tkazish ko‘zda tutilgan edi. Saylov natijalariga ko‘ra Xitning liberallar rahbariyati bilan koalitsion hukumat tuzish to‘g‘risidagi urinishlari muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Shundan keyin Xit qirolichaga iste’foga chiqish haqida iltimosnoma berishga majbur bo‘ldi. Bosh vazir vakolatlari Vilsonga topshirildi. Saylovoldi va’dalariga sodiq qolgan leyboristlar hukumati tredyunionlar noroziligiga sabab bo‘lgan “sanoatdagi munosabatlar to‘g‘risidagi” qonunni bekor qildi, shaxtyorlarning oylik maoshini oshirish to‘g‘risidagi talablarini qondirdi. “Soliqlar siyosati” erkin xarakterga ega bo‘ldi. Ishsizlikka qarshi kurash bo‘yicha dasturlarni amalga oshirish boshlandi. Davlat tomonidan moliyaviy yordam ko‘rsatilishi natijasida ko‘pgina korxonalarda to‘liq ish haftasi tiklandi. Nafaqalar hajmi oshirildi, oziq-ovqat mahsulotlari narxlari va kvartira to‘lovlari vaqtinchalik “muzlatildi”, ko‘p bolali oilalarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida qonun qabul qilindi. Vilson Olster muammosini ham hal qilishga urinib ko‘rdi. 1974 yil aprel oyida o‘zining Shimoliy Irlandiyaga qilgan safarida u Sonningdeyl shartnomasini ratifikatsiya qilish bo‘yicha takliflarni taqdim etdi. Ammo, ekstremistik guruhlar harakatlarini to‘xtatishga muvaffaq bo‘lmadi. Olsterda protestant ultra kuchlar tomonidan tashkil qilingan umumiy siyosiy g‘alayon boshlangandan so‘ng Britaniya hukumati Shimoliy Irlandiya Assambleyasini tarqatib yuborish va yana to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqarishga qaytishga majbur bo‘ldi. 1974 yil iyulida “Shimoliy Irlandiya konstitutsion akti” qabul qilindi. Unga ko‘ra Olsterda yangi mahalliy vakillik organi - Konstitutsion Konventni tuzish ko‘zda tutilgan edi. Ammo, bu loyihani amalga oshirishga hech qanday imkoniyat bo‘lmadi. Olster muammosini yechish tashabbusi muvaffaqiyatsizlikka uchrashiga qaramay Vilson o‘z faoliyatining dastlabki oylaridan boshlab o‘z hukumatining nufuzini oshirishga erishdi. Rag‘batlantiruvchi soliq va investitsion siyosat mehnat munosabatlari va ijtimoiy ta’minot sohasidagi ko‘pgina tadbirlar ingliz jamiyati turli tabaqalarida ijobiy taassurot qoldirdi. 1974 yilning birinchi yarmida barcha G‘arb mamlakatlari iqtisodiyoti chuqur inqirozga uchray boshladi. Leyboristlarning kuzgi saylov oldi dasturi bor-yo‘g‘i bitta yangi taklif bilan boyitilgan edi. Bu Kollagen tomonidan taklif qilingan “ijtimoiy shartnoma” g‘oyasi edi. Unda “hokimiyat va boylikni ishchilar foydasiga tubdan va abadiy qayta taqsimlash” uchun davlat va kasaba uyushmalarining yaqindan hamkorlik qilishlari ko‘zda tutilgan edi. Bu dasturning asl mazmuni yanada to‘laroq va qat’iyroq tarzda “davlat farovonligi” g‘oyasini amalga oshirishga harakat qilishdan iborat edi. Kollagenning taxminiga ko‘ra, inqiroz bilan kurashish va yashash tarzini yuqori darajada saqlab turish iqtisodiy va ijtimoiy munosabatlarni davlat tomonidan boshqarilishini kengaytirish orqali amalga oshirilishi kerak edi. 1974 yil 10 oktyabrda bo‘lib o‘tgan saylovlar natijasi leyboristlarning parlamentda barqaror ko‘pchilik o‘rinlarga egalik qilishi uchun yetarli bo‘ldi. Leyboristlar parlamentning quyi palatasida 319 ta o‘ringa (saylovchilarning 39,3% ovozi), konservatorlar 296 (35,8%), liberallar esa 13 (18,3%) ga ega bo‘lishdi. Bunda ilk bor quyi palatada 11 ta o‘ringa ega bo‘lgan Shotlandiya milliy partiyasi yaqqol muvaffaqiyat qozondi. 1974 yil oxiridan boshlab Vilson hukumati iqtisodiy ahvolning keskin yomonlashuviga duch keldi. Bir necha oy davomida Buyuk Britaniyada sanoat ishlab chiqarishi 10% ga kamaydi. Sanoat to‘la quvvat bilan ishlamadi, bu esa o‘z navbatida ishsizlikning o‘sishiga olib keldi. Agar 1974 yilning boshida ishsizlar soni 700 ming kishini tashkil qilsa, 1975 yilda bu ko‘rsatkich 1.400 ming kishiga yetdi. Inflyatsiya jarayonlari kutilmagan tarzda kechardi. Bozor iqtisodiyoti tarixida birinchi marta ishlab chiqarishning barqaror qisqarishi narxlarning ko‘tarilishi bilan birga ro‘y berdi (“stagflyatsiya” jarayoni). Buyuk Britaniyada 1974 yilda chakana narxlar 19%ga, 1975 yilda 24%ga oshdi. 1975 yil yozidan boshlab Vilson hukumati inflyatsiya o‘sishini to‘xtatish, investitsiyalar faolligini saqlab qolish va mehnat nizolarini bartaraf etishga barcha kuchini sarfladi. Hukumatning inqirozga qarshi dasturi asosan passiv, kutuvchi xarakterga ega edi. Siyosiy sinfdan butunlay yangi ijtimoiy mafkurani ishlab chiqishni talab etuvchi bir vaziyatda leyboristlar hukumati bor-yo‘g‘i “og‘ir damlarni chidab o‘tkazish”ga chaqiruvchi vaqtinchalik choralarni taklif qila oldi, xolos. Leyboristlar yetakchilarining ruhiy jihatdan toliqqani sezilib turardi. Vilsonning 1976 yil 16 martida bosh vazir lavozimidan ketish to‘g‘risidagi qarori kutilmagan hodisa bo‘lmadi. Bosh vazir lavozimini egallagan Jeyms Kollagen byudjetni tejash siyosatiga butunlay o‘tish, inflyatsiyaga qarshi choralarning nufuzini oshirish, milliylashtirish rejalaridan butunlay voz kechishni ma’lum qildi. 70-yillarning ikkinchi yarmida Buyuk Britaniyani norozilik namoyishlari qurshab olgan edi. Namoyishlar tufayli shifoxonalar, transport vositalari, pochta va yong‘inga qarshi kurash xizmati vaqti-vaqti bilan ishlamay qolardi. Metallurglar, shaxtyorlar, avtomobilsozlar, haydovchilar va temiryo‘lchilar kasaba uyushmalari mehnat sharoitlarini yaxshilash uchun birgalikda namoyishga chiqishdi. Uyushgan faol ishchilar harakati oylik maoshlarni oshirish talablarida endi sanoat korxonalarining davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini, to‘liq bandlikni ta’minlashni, soliqqa tortish tizimini o‘zgartirishni, import ustidan qattiq nazorat o‘rnatishni talab qilishga o‘tdilar. Hukumat qiyinchilik bilan bo‘lsada kasaba uyushmalarining siyosiylashuvini va eng radikal chiqishlarini bartaraf etishga urindi. Hukmron partiyaning obro‘si tushganligini 1977 yil may oyidagi munitsipal saylovlar natijalari ham ko‘rsatdi. Unda ko‘p ovoz bilan konservatorlar partiyasi g‘alaba qozondi. Fuqaro tinchligiga nafaqat tred-yunionlarning radikal qanotining chiqishlari, balki natsionalistik (millatchi) va terroristik tashkilotlarning harakatlari ham xavf solardi. 70-yillarning o‘rtalaridan boshlab separatistlik shiorlar ostida Shotlandiya va Uelsda norozilik harakatlari ko‘paydi. Oldini olish chorasi sifatida hukumat ekspertlari Uels va Shotlandiya avtonomiya (muxtoriyati) ni kengaytirish loyihasini tayyorlashdi. Unda, ta’lim, tibbiy xizmatlar, yo‘l va uy-joy qurilishi, ekologiya sohasida anchagina vakolatlarni mahalliy idora organlariga topshirish ko‘zda tutilgan edi. 1975 yil noyabrida hukumatning yuqoridagi loyihasi “Oq kitob” nomida e’lon qilindi. Ammo, 1976 yilda Kollagen hukumati parlamentga ancha yangilangan qonun loyihasini taqdim etdi. Unda Shotlandiya va Uelsda mahalliy qonun chiqaruvchi tashkilotlarni ta’sis etish ko‘zda tutilgan edi. Bu esa ko‘zlangan islohot mohiyatini tubdan o‘zgartirdi. Shotlandiya va Uelsda mahalliy hukumat organlari vakolatini kengaytirish g‘oyalarini rad etmagan holda, Konservatorlar va Leyboristlar partiyalarining ko‘pgina siyosatchilari bunday darajadagi radikal o‘zgarishlarning to‘g‘riligiga shubha qilishardi. Qonun loyihasining umum palatadagi muhokamasi bir yarim yilga cho‘zildi. Faqatgina milliy partiyalarga mansub deputatlarning ovozlari hisobiga hukumat 1978 yildagina “devolyusiyalar” (markaziy hokimiyatning hukmronligi saqlangan holda qirollikdagi ayrim milliy hududlarga (sub’ektlarga) o‘zini-o‘zi boshqarish huquqlarining berilishi) haqidagi billarning ma’qullanishiga erishdilar. Ammo, ularning hayotga tadbiq etilishi bevosita Shotlandiya va Uelsdagi referendumlarga bog‘liq edi. Ular ijobiy natija berishi uchun ro‘yxatga olingan saylovchilarning 40% ining ovozlari kerak edi. 1979 yil boshida bo‘lib o‘tgan referendumlar Kollagen hukumati uchun jiddiy mag‘lubiyat keltirdi. “Devolyusiya”ni Uelsda yashovchilarning atigi uchdan bir qismi va Shotlandiyaliklarning 40%igina qo‘llab-quvvatlashdi. Shimoliy Irlandiyada ham vaziyat keskinlashdi. Britaniya harbiy kuchlari faqatgina ko‘pchilikni tashkil etuvchi protestantlarni qo‘llab-quvvatlab xatoga yo‘l qo‘ydi. Protestant ultrachilari asosan katoliklar yashaydigan kvartallarda chiqishlar tashkil etishar va bu namoyishlar ko‘pincha qonli to‘qnashuvlar bilan yakun topardi. O‘z navbatida Katolik-ekstremistik tashkilotlar Britaniyaning huquqini himoya qiluvchi organlarga va protestant jamoalari yetakchilariga hujumlar uyushtirishni davom ettirdi. 1975 yilda IRA tarkibidan Irlandiya milliy-ozodlik armiyasini IMOA tashkil etgan radikal guruh ajralib chiqdi. IMOAning vazifasi Irlandiya Respublikasiga qo‘shilish emas, balki Olsterning mustaqil bo‘lishiga erishish va uni “Marksistik-leninistik ishchi-dehqon respublikasi”ga aylantirishdan iborat bo‘ldi. 1978-1979 yillarda Irlandiya ekstremistlari Britaniyaning ko‘zga ko‘ringan siyosat arboblariga qarshi individual terror taktikasiga o‘tishdi. Bunga javoban hukumat repressiyalar (qatag‘on)ni kuchaytirdi. Olsterda yuz berayotgan inson huquqlarini poymol qilish holatlari Yevropa sudini befarq qoldirmadi. 1978 yil yanvarida Yevropa sudi ingliz politsiyasini mahbuslarga nisbatan g‘ayriinsoniy va huquqini kamsituvchi munosabatlari uchun aybladi va undan barcha javobgarlikni o‘z zimmasiga oladigan qaror qabul qilishini talab etdi. 1977 yil yozida Kallagen hukumati jar yoqasiga kelib qoldi. Qo‘shimcha parlament saylovlarida 8 ta deputatlik o‘rnini yo‘qotgan leyboristlar jamoalar palatasida mutloq ko‘pchilikni qo‘ldan boy berdi. Kollagen Liberal partiya yetakchisi Devid Stil bilan parlament fraksiyalarining birgalikda harakat qilishlari to‘g‘risidagi shartnomani tuzishga muvaffaq bo‘ldi va hukumat inqirozini bartaraf etdi. Liberallar bilan imzolangan pakt barqaror siyosatni davom ettirish imkonini berdi. Buning natijasida narxlarning o‘sish sur’atlarida keskin pasayish kuzatildi. 1978 yilda inflyatsiya 8%gacha pasaydi. Norozilik namoyishlari ham birmuncha kamaydi. Keng miqyosdagi milliylashtirish va daromadlarni qayta taqsimlash loyihalaridan voz kechish ishbilarmonlar doirasida leyboristlar ta’sirini kuchaytirdi. 1978 yil kuzida siyosiy vaziyat yana keskinlashdi. 1978 yil sentyabrida bo‘lib o‘tgan Britaniya tred-yunionlari kongressi hukumat siyosatiga qarshi rezolyusiyani qabul qildi. Keyingi oylarda o‘ta tajovuzkor norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Ommaviy noroziliklar va ko‘p sonli piketlar mamlakatdagi barqaror vaziyatni buzdi. Axlat tashuvchilarning ish tashlashlari natijasida shaharlar ko‘cha va maydonlari axlatdan to‘lib ketdi. Dafn qilish va shoshilinch tibbiy yordam xizmatlari ham ish tashladilar. 1978 yil oxiriga kelib omma orasidagi norozilik eng yuqori nuqtagacha ko‘tarildi. 1978 yil oktyabrida D.Stil liberallar partiyasining Leyboristlar bilan birgalikda harakat qilish to‘g‘risida 1977 yilda tuzilgan paktdan chiqqanini e’lon qildi. Kollagenning parlamentni tarqatib, navbatdan tashqari saylovlarni o‘tkazishdan boshqa chorasi qolmadi. Bu saylovlar 1979 yil 3 mayida o‘tkazildi. Saylovchilarning 43,9%i konservatorlarni yoqlab ovoz berdi. Bu ularga 339 deputatlik mandatlariga ega bo‘lish va jamoalar palatasida mutloq ko‘pchilikka erishish imkonini berdi. Leyboristlarni saylovchilarning 39,6% (jamoalar palatasida 268 o‘rin) qo‘llashdi. Liberallar ixtiyorida 11 ta deputatlik o‘rni qoldi. Milliy partiyalarning fraksiyalari soni ham kamayib ketdi.
Download 381 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling