14-mavzu. Buyuk Britaniya ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda


-yillar va 90-yillarning boshlarida Buyuk Britaniyaning tashqi siyosati


Download 381 Kb.
bet16/17
Sana16.06.2023
Hajmi381 Kb.
#1516558
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   17
Bog'liq
doc 14- MAVZU docx

80-yillar va 90-yillarning boshlarida Buyuk Britaniyaning tashqi siyosati.
M.Tetcher hukumatining tashqi siyosiy strategiyasi Buyuk Britaniyaning buyuk davlatchilik mavqeini tiklashni, shuningdek, keng global va mintaqaviy muammolarni, jumladan, mamlakat manfaatlariga daxldor bo‘lmagan muammolarni ham kiritishni ko‘zda tutgan edi. “Temir xonim”ning siyosiy uslubiga xos bo‘lgan qat’iylik va qattiqqo‘llik Britaniya diplomatiyasida ham namoyon bo‘lardi.
Tetcher jamoasi hokimiyat tepasiga kelgandan keyin atigi bir oy o‘tmay u murakkab vaziyatda diplomatik sahnada o‘zini namoyish qilishga to‘g‘ri keldi. 1979 yil Lusakada bo‘lib o‘tgan Hamdo‘stlik konferensiyasida ko‘p yillardan beri da’vat etayotgan Janubiy Rodeziya inqirozini hal qilishga to‘g‘ri keldi. Britaniya tomoni Janubiy Rodeziyada konstitutsion islohot va saylovlar o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdi. Natijada, 1980 yilda mustaqil Zimbabve respublikasi (o‘sha yerda yashovchi aholi nomlanishiga ko‘ra) tashkil topdi va Hamdo‘stlikka a’zo bo‘lib kirdi.
1982 yilda Tetcher hukumati Britaniya manfaatlarini Yer kurrasining xohlagan nuqtasida himoya qilishga tayyor ekanligini namoyish etdi. Bunda Folklend (Molvin) orollariga egalik qilish huquqi bo‘yicha Angliya-Argentina to‘qnashuvi ro‘y bergandi. Bu arxipelag (orollar to‘plami) Atlantika okeanining janubi-g‘arbiy qismida joylashgan bo‘lib, ikkala mamlakat uchun bir yarim asrdan beri bahs-munozaraga sabab bo‘lgan hudud edi. 1833 yildan u inglizlar boshqaruvida edi. XX asr o‘rtalaridan boshlab, Argentina orollarni qaytarib olish uchun kurashni faollashtirdi. 1982 yil 2 aprelda Argentina qurolli kuchlari bu orollarga kiritildi. Gubernator L.Xont (orollar gubernatori) vazifasidan ozod qilindi va yuzta dengiz piyoda askarlari bilan chiqarib yuborildi. M.Tetcher boshchiligida o‘tkazilgan favqulodda kengash Argentina bilan aloqalarni uzish to‘g‘risida qaror qabul qildi va Folklend orollariga 40 ta kemadan iborat harbiy kuchlar yuborishga qaror qilindi.
Aprel oyi oxirida Britaniya ekadrasi Folklend orollari hududida harbiy harakatlarni boshladi. 2 mayda ingliz suvosti kemasi “Konkeror” tomonidan Argentinaga tegishli “General Belgrano” kreyseri cho‘ktirilgandan so‘ng Argentina harbiy kemalari o‘z bazalariga qaytishga majbur bo‘ldi. Keyinchalik, urushlar faqat havo orqali amalga oshirildi. Argentina uchuvchilari Britaniyaning eng zamonaviy raketa tashuvchi “Sheffild” esminesini va boshqa bir qancha kemalarini cho‘ktirishga muvaffaq bo‘ldi. 21 mayda Folklend orollariga Britaniya maxsus harbiy qismlari desanti tushirildi. Faqat 15 iyunga kelib, qaqshatqich zarbalardan so‘ng Argentina harbiy kuchlari taslim bo‘ldi. Buyuk Britaniya va Argentina o‘rtasida urush harakatlarini to‘xtatish to‘g‘risida biror-bir rasmiy bitim imzolanmadi (eslatib qo‘yish kerak, aslida, urush ham rasman e’lon qilinmay boshlangan edi). Argentina qurolli kuchlari 1300 kishidan, inglizlar 250 kishisidan ajraldi.
Folklend voqeasi Britaniya-AQSh ittifoqchilik munosabatlarini ancha mustahkamladi. BMT Xafvsizlik Kengashida ikkala tomonga qurolli to‘qnashuvlarni to‘xtatib, masalani muzokora yo‘li bilan hal etishga chaqiruvchi rezolyusiya taqdim etilganda, Buyuk Britaniya va AQSh uning qabul qilinishiga veto bilan to‘sqinlik qilishdi. Bu davrda Buyuk Britaniya va AQShning yaqinlashishi ko‘p jihatdan Tetcherning prezident Ronald Reygan bilan shaxsiy munosabatlariga ham bog‘liq edi. Ikkala davlat rahbari ham o‘xshash siyosat ideallariga ega bo‘lib, mamlakatlarida bir-biriga o‘xshash ichki islohotlarni amalga oshirgan edilar. Ular “yangi konservativ inqilob”ning ikkiyuzlamachilikdan iborat sotsial-psixologik oqibatlariga duch kelishgandi va ular yorqin diplomatik yutuqlarga zarurat sezishardi.
Tetcherning 1983 yil sentyabrdagi Vashingtonga tashrifi Buyuk Britaniya va AQSh o‘rtasidagi “maxsus munosabatlar” o‘zining eng gullagan davrga qadam qo‘yganini bildirardi. 1983 yil oktyabrida Vashingtonning Buyuk Britaniyaga nisbatan ochiqchasiga nomaqbul harakatidan so‘ng ham munosabat o‘zgarmadi. O‘shanda amerikaliklar Hamdo‘stlik tarkibiga kiruvchi Grenadada namoyishkorona “politsiya” harakatini uyushtirgan edi. 80-yillarning ikkinchi yarmida Buyuk Britaniya mintaqaviy mojarolar masalasida o‘zining strategik ittifoqchisiga muntazam ravishda yon bosib keldi. London AQShning Eronga nisbatan dushmanlik siyosatini Afg‘onistondagi mujohidlarni qo‘llab-quvvatlashni va ularni qo‘llab-quvvatlayotgan Pokistonga yordam berayotganini, Nikoraguadagi milliy-ozodlik harakatiga qarshi kurashayotganini tushunardi va bularni yurak yutib bo‘lsa-da, indamay qabul qilardi. London AQShning 1986 yildagi Liviyaga qarshi harbiy harakatini qo‘llab-quvvatladi va Amerika harbiy havo kuchlari Tripoliga havo zarbalarini berish uchun Britaniya aerodromlaridan foydalandi. AQSh ketidan Fransiya va Italiya bilan birgalikda Buyuk Britaniya ham Livanga “tinchlikparvar” kuchlarni jo‘natdi. Buyuk Britaniya Vashingtonning Kemp-Devid strategiyasini qo‘llab-quvvatlab, Arab-Isroil muzokoralar jarayonida ishtirok etdi.
Global masalalarda Buyuk Britaniya va AQShning ittifoqchilik munosabatlari ancha mustahkamlandi. Tetcherning hokimiyat tepasiga kelishi, bir-biriga qarama-qarshi turgan harbiy bloklarning Yevropa hududiga eng zamonaviy yadro qurollarini joylashtirgani, Sovet armiyasining Afg‘onistonga bostirib kirishi, Polshada harbiy holatning joriy etilishi bilan yuzaga kelgan yangi xalqaro konfrontatsiya (qarama-qarshi frontlarga ajralish) davriga to‘g‘ri keldi. Shovqinli antisovet targ‘ibotga Buyuk Britaniya ham o‘z hissasini qo‘shdi: Moskva olimpiadasining boykot qilinishi qo‘llab-quvvatlandi va SSSR bilan iqtisodiy va madaniy hamkorlik ancha qisqartirildi. Tetcher NATO qurollarini oshirib borishni ma’qulladi, Buyuk Britaniya hududida 160 ta o‘rta masofaga uchar raketalarning joylashtirilishiga va yadro suvosti kemalarini yangi “Traydent” Amerika raketalari bilan jihozlash dasturini amalga oshirishga rozilik berdi. U AQSh ning Strategik Masofa Tashabbusi (SMT) loyihasini ham ma’qulladi.
O‘z hukmronligining dastlabki yillarida antisovet pozitsiyada turgan SSSR da qayta qurish boshlanib, xalqaro munosabatlarning mohiyati va mazmuni o‘zgargandan keyin uni qo‘llab-quvvatlagan birinchi G‘arb rahbari ham Tetcher edi. 1984 yil oxirida M.Gorbachyov Londonga rasmiy tashrif buyurdi. Tetcher bilan muzokoralarning boshlanishi Gorbachevning diplomat sifatida dunyo miqyosidagi birinchi jiddiy qadami bo‘ldi. Tetcher yangi sovet rahbarining ochiq va o‘zaro ishonchga asoslangan muloqotga kirisha olish qobiliyatiga yuksak baho berdi. 1986-1987 yillarda E.Sheverdnadzening Londonga va M.Tetcherning Moskvaga bo‘lgan tashrifida Sovet-Britaniya o‘zaro munosabatlarining barcha jihatlari bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
J.Meyjor Moskva va Vashington o‘rtasidagi munosabatlar masalasida butunlay yangi muammolarga duch keldi. Sovet va Rossiya rahbarlarining (Gorbachyov va Yelsinning) ochiqchasiga qarama-qarshiligi, SSSR respublikalarida milliy harakatlarning faollashuvi, SSSR parchalanishining geosiyosiy samarasi, yadro quroliga ega bo‘lgan buyuk davlatning parchalanishi, xarizmatik (talantli va qobiliyatli) Gorbachevning o‘z o‘rnini Yelsinga bo‘shatib berishi G‘arb rahbarlarini og‘ir tanlov muammosiga duchor qildi. Meyjor ingliz-sovet siyosiy muloqotidan ingliz-Rossiya siyosiy muloqotiga o‘tishning samarali yo‘lini topishga muvaffaq bo‘ldi. Separatizm (ayirmalik)ni to‘xtovsiz qoralagan va sovet davlatchiligini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlagan holda u 1991 yil yanvaridayoq Litva va Latviyadagi voqealarga qat’iy munosabat bildirdi (Fransiya, AQSh va Italiyadan farqli o‘laroq). 1991 yil avgustida Meyjor Yevropa davlat rahbarlari ichida birinchilardan bo‘lib Moskvadagi to‘ntarishni qoraladi. Shunday qilib, SSSRning parchalanishini hech bir tantanasiz qabul qilgan Buyuk Britaniya Rossiyani ikkilanishlarsiz SSSRning merosxo‘ri sifatida qabul qildi. Uzoqni ko‘zlay olishini Meyjor keyinchalik ham namoyish etgandi. 1993 yil oktyabrdagi Moskva voqealaridan so‘ng u birinchilardan bo‘lib Yelsinni qo‘llab-quvvatladi. Chechenistondagi urushni qoralagan Koll va Mitterandan farqli o‘laroq, Britaniya bosh vaziri Meyjor g‘alabaning 50-yilligini nishonlash marosimida qatnashish uchun Moskvaga keldi.
Britaniya rahbariyatining Rossiyadagi voqealarga nisbatan to‘g‘ri pozitsiyasi ikkala mamlakat o‘rtasida o‘zaro manfaatli aloqalar o‘rnatilishga asos bo‘ldi. Ammo, Meyjor va Yelsinlar o‘rtasida “maxsus” shaxsiy munosabatlar o‘rnatilmadi. Bu Yelsinning 1992 yil noyabrida Londonga qilgan tashrifida ham namoyon bo‘ldi. Rossiya va Birlashgan qirollik o‘rtasidagi munosabatlar tamoyillari to‘g‘risida muddatsiz Shartnomaning imzolanishi ikkala mamlakatning barcha sohalardagi hamkorligida yangi davrni boshlagan bo‘lsada, strategik hamkorlik uchun asos bo‘la olmadi. Bu holat 1994 yilda, ikkala mamlakat rahbarlari besh marta uchrashganlariga qaramay va qirolicha Yelizaveta II ilk bor Rossiga rasmiy tashrif buyurganidan keyin ham o‘zgarmadi.
Meyjor hukmronligi davrida Ingliz-Amerika munosabatlari ham mavhum xarakterga ega bo‘ldi. Buyuk Britaniya BMTning Fors qo‘ltig‘idagi harbiy harakatlarida faol qatnashdi. Allaqachon, 1990 yil kuzidan boshlab, Britaniya samolyotlari Saudiya Arabistoni havo hududlarini nazorat qila boshlashdi. O‘shandayoq xalqaro koalitsiya tarkibiga kiruvchi 45 minglik Britaniya harbiy qismi qo‘ltiq mintaqasiga yuborildi. Buyuk Britaniya 1990 yil noyabrida BMT Xavfsizlik Kengashining Iroqqa Quvayt hududidan qo‘shinlarini chiqarishni talab qiluvchi rezolyusiyasini qo‘llab-quvvatladi. Britaniya jamoatchiligi boshqa G‘arb mamlakatlariga nisbatan ham Iroqdagi rejimga nisbatan murosasiz pozitsiyada turdi. 80% dan ortiq inglizlar Fors ko‘rfazidagi harbiy harakatlarda ishtirok etishni qo‘llab-quvvatlashdi. Meyjor ham barcha siyosiy partiyalar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan holda Saddam Husayn bilan har qanday muzokoralarga qarshi pozitsiyada turdi.
Iroq masalasida 1991 yil fevraldagi “sahrodagi bo‘ron” operatsiyasida Britaniya harbiy qismlarining qatnashuvi Buyuk Britaniya va AQSh ning o‘zaro yaqinlashishiga yangi turtki bo‘ldi. Ammo 1993 yildan boshlab Ingliz-Amerika munosabatlarida sovuqlik yuzaga keldi. London AQSh dagi prezident saylovlarida ochiqchasiga respublikachilar partiyasini qo‘llab-quvvatladi. Shu sabab, yangi prezident B.Klinton (demokratik partiya vakili) bilan Meyjor o‘rtasida iliq munosabatlar o‘rnatilmadi. Keyingi yillarda Britaniya diplomatiyasi Vashington uchun prinsipial muhim masalalarda mustaqil pozitsiyada turdi. Bu Bosniya va Gersogovinadagi millatlararo mojaro paytida yaqqol ko‘rindi. Qurol sotishga embargoni bekor qilish, serblarga qarshi bomba zarbalari berish masalasida Buyuk Britaniya AQSh ni qo‘llab-quvvatladi va qarshi pozitsiyada turdi. London Yugoslaviyaga qarshi sanksiyalar joriy etishni ma’qulladi, ammo xalqaro “tinchlikparvar” kuchlarni harbiy harakatlar olib borish uchun Yugoslaviyaga kiritishga qat’iy qarshi chiqdi. 1995 yil aprelida Meyjor Vashingtonga rasmiy tashrif bilan bordi. Shundan keyingina Angliya Bosniya masalasida AQSh ga yon bosdi. 1995 yil dekabrida esa Britaniya diplomatiyasi mojaro tomonlarini tinchlik shartnomasiga imzo qo‘yishini tashkil etish vositachisi bo‘ldi.
Buyuk Britaniyaning 80-yillardagi va 90-yillar birinchi yarmidagi tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri Yevropa integratsiyasi jarayonida qatnashishi masalasi e di. M.Tetcher Yevropadagi hamkorlar bilan munosabatlarda o‘ziga xos bo‘lgan qat’iylik ko‘rsatdi. M.Tetcher Buyuk Britaniya uchun noqulay bo‘lgan iqtisodiy hamkorlikni va YeIHning byudjetiga to‘lovlar masalasini qayta ko‘rib chiqishini talab qildi. 1979 yildan boshlab, uzoq muddatli murakkab muzokoralar davri boshlandi. Ular davomida shov-shuvlar va savdo urushlari ham bo‘lib turdi. Buyuk Britaniya egallagan qat’iy pozitsiya YeIH byudjet tizimini barqarorlashtirishga to‘sqinlik qilar, ko‘pgina integratsion dasturlarning amalga oshirilishini kechiktirar va YeIHga Ispaniya va Portugaliyaning qo‘shilishi to‘g‘risidagi muzokoralarni murakkablashtirardi. To‘rt yildan keyingina bu masalada kelishuvga muvaffaq bo‘lindi.
YeIHning fermerlarni dotatsiyalar bilan qo‘llab-quvvatlashga asoslangan agrar siyosati ham Britaniya hukumatida norozilik uyg‘otardi. Britaniya diplomatiyasining qattiq bosimi ostida Umumiy bozor mamlakatlari 1983 yilda qishloq xo‘jaligi dasturiga xarajatlarni asta-sekin kamaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilishga majbur bo‘lishdi.
80-yillarning ikkinchi yarmida Yevropa siyosatining asosiy muammosi Yevropa Hamjamiyatlari tizimini Yevropa Ittifoqiga aylantirishdan iborat bo‘ldi. Bu maqsad 1986 yil fevralida qabul qilingan Yagona Yevropa aktida bayon qilingan edi. Yevropa Kengashini tuzish g‘oyasini inkor etmagan holda Tetcher hukumati, bir qator yangi integratsion loyihalarga, jumladan, yagona pul tizimiga o‘tishni ko‘zda tutgan Yevropa valyuta ittifoqini tuzish loyihasiga qarshi chiqardi. Tetcher Buyuk Britaniyaning bunday loyihalarga qo‘shilishini iloji boricha kechiktirishga harakat qilardi. U soliq, mehnat va immigratsiya (muhojirlik) masalalaridagi qonunlarni ham Umumevropa miqyosiga mos ravishda yagonalashtirish haqidagi taklifni ham qabul qilmadi. Tetcher 1986 yilda imzolangan Shengen kelishuvlariga Buyuk Britaniyaning qo‘shilmasligini ma’lum qildi.
Meyjor Yevropaga nisbatan strategiyani tubdan o‘zgartirdi. Meyjor “Evropa ittifoqi” tushunchasi Yevropa mamlakatlari hamkorligining yangi bosqichi sifatida talqin etilishi kerak dedi. Britaniya diplomatiyasining muhim yutug‘i Maastrixt shartnomasiga ilova sifatida “Hamjamiyat huquqiy aktlarini qo‘llash to‘g‘risida deklaratsiya”ning ishlab chiqilishi bo‘ldi. Unda ta’kidlanishicha YeI qonunlarining amalda qo‘llanilishi har bir mamlakatning o‘z huquqiy tizimi, institutlari va boshqa holatlar asosida tashkil qilinadi. Meyjor tashabbusi bilan YeI huquqiy konsepsiyasiga subsidiarizm tamoyili kiritildi. Unga ko‘ra biror bir masala u yoki bu davlat hududida samarali va yuqori darajada hal qilinmagan taqdirdagina Ittifoq doirasida hal qilinishi kerak edi. Yevropa Ittifoqi to‘g‘risidagi Maastrixt shartnomasida integratsiyaning uchta asosiy yo‘nalishi ko‘zda tutilgan edi: yagona Yevropa bozorining yaratilishi (jumladan, yagona valyuta tizimining yaratilishi); tashqi siyosat va mudofaa sohasida yagona yo‘lning shakllanishi; a’zo mamlakatlarning ichki va qonunchilik siyosatini yagonalashtirish. Meyjor ham bu umumiy strategiyani qabul qilishga rozi bo‘ldi.
Jamoalar palatasida Maastrixt shartnomasining muhokamasi “evroromantik” (EI ga qo‘shilishga xayrixohlar) va “evroskeptik” (EIga qo‘shilishga shubha bilan qaraydiganlar) o‘rtasidagi keskin bahs-munozaraga sabab bo‘ldi. Bahs-munozaralar 1993 yil 23 iyunda leyboristlar sal bo‘lmasa Buyuk Britaniyani sotsial xartiyaga qo‘shilishiga muvaffaq bo‘lishganida o‘z cho‘qqisiga yetgan edi. Meyjor siyosatiga norozilik tarzida bu rezolyusiya uchun tori partiyasidan 23 ta “evroskeptiklar” ham ovoz berishdi. Ovoz berish natijasi kutilmagan bo‘ldi: 317 ovoz 317 ovozga qarshi. Hukumatni faqatgina yagona parlament stikeri ovozi qutqarib qoldi. Keyingi kuniyoq Meyjor Britaniya parlamentlari tomonidan 600 dan ortiq tuzatishlar kiritgan Maastrixt shartnomasi implementatsiyasi to‘g‘risidagi masalani ham ovozga qo‘ydi. Konservatorlarning parlamentdagi fraksiyasi hukumatni boy berishdan qo‘rqib, bu xujjatni qo‘llab-quvvatlab ovoz berishga majbur bo‘ldi.
Parlamentdagi g‘alabaga qaramasdan hukumat integratsion siyosatga katta o‘zgartirishlar kiritishga majbur bo‘ldi. “Turli tezlikdagi” Yevropa Ittifoqi g‘oyasini rivojlantirgani holda Meyjor YeIda hamkorlikning “o‘zgarayotgan geometriyasi”ni qo‘llab-quvvatlardi. Unga ko‘ra, integratsion hamkorlikning turli jihatlari Ittifoqning barcha a’zolariga joriy qilinmasdan, mamlakatlarning turli guruhlari kelishuvlari asosida amalga oshirilishi kerak edi. 1996 yilda hukumat iqtisodiy integratsiya tamoyillarining o‘zgarishi va referendum o‘tkazilganiga qadar ittifoqqa qo‘shilish to‘g‘risidagi qarorni kechiktirish uchun kurashish haqida bayon qildi.
1996 yil aprelida ro‘y bergan “sigir inqirozi” tufayli Buyuk Britaniya va YeI dagi hamkorlar o‘rtasidagi munosabatlar ancha yomonlashdi. Sigirlarning yoppasiga ensifalit (pufakli quturish) kasali bilan kasallanganidan keyin YeI mamlakatlariga Britaniyada ishlab chiqarilgan mol go‘shtini import qilish taqiqlandi. Bu esa 1,2 million bosh qoramolning qirilib ketishi va yirik moliyaviy talofatga (5 milliard funt sterling) olib keldi.
YeI tomonidan embargoni yumshatish va uni bekor qilish sanasini belgilashdan bosh tortishganiga javoban Meyjor YeI da ko‘riladigan masalalarni qamal qilish yo‘liga o‘tdi. YeI da ko‘rilayotgan masalalarda yagona fikrga kelinmasa, qaror qabul qilinmas edi. Natijada 1996 yilda YeI doirasida 76 ta qaror qabul qilinmay qoldi.




Download 381 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   17




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling