Aktsiyadorlik va ma’suliyati cheklangan jamiyatlarda taqsimlanmagan foyda va dividendlar hisobi
Taqsimlanmagan foyda (qoplanmagan zarar)-bu hisobot davri yakunida xo’jalik yurituvchi sub’yekt ixtiyorida qoladigan sof foyda (qoplanmagan zarar) bo’lib, uni hisobga olishda quyidagi schyotlardan foydalaniladi:
8710-«Hisobot davridagi taqsimlanmagan foyda (qoplanmagan zarar)»
8720-«Jamg’arilgan foyda (qoplanmagan zarar)»
8710-«Hisobot davridagi taqsimlanmagan foyda (qoplanmagan zarar)» schyotida korxona faoliyatining butun hisobot yilidagi taqsimlanmagan foydasi (qoplanmagan zarari) hisobga olib boriladi. Hisobot davridagi sof foyda taqsimlanmagan foydani oshiradi va u quyidagicha provodka bilan rasmiylashtiriladi:
Debet 9900-«Yakuniy moliyaviy natija»
Kredit 8710-«Hisobot davridagi taqsimlanmagan foyda (qoplanmagan zarar)».
Ma’lumki, korxona ixtiyorida qolgan sof foyda birinchi navbatda har xil rezervlarni va fondlarni2 tashkillashga va aktsiyadorlarga dividend to’lash uchun sarflanadi. Korxonada dividendlar hisobi va ta’sischilar oldidagi boshqa majburiyatlarni hisobga olish uchun quyidagi schyotlardan foydalanish ko’zda tutilgan:
6610-«To’lov uchun dividendlar» schyoti;
6620-«Chiqib ketayotgan ta’sischilardan ularning ulushlari bo’yicha qarzlar» schyoti.
Bu schyotlar passiv schyot bo’lib saldo faqat kredit tomonda ushbu schyotlarning kredit tomonida, hisoblangan dividend summalari va chiqib ketayotgan ta’sischilarning ulushiga doir majburiyatlar, debetida esa dividend to’lovlari va korxonaning ta’sischilar oldidagi qarzlarini qaytarilishi ko’rsatiladi.
Foydadan dividend hisoblash va uni berish quyidagi buxgalteriya o’tkazmalari bilan rasmiylashtiriladi:
1. Foydani taqsimlash hisobi(raschyoti)ga binoan hisoblangan dividendlar summasiga:
Debet 8710-«Hisobot davridagi taqsimlanmagan foyda»
Kredit 6610-«To’lov uchun dividendlar»;
2. Dividendan 15 foizlik stavka bilan undiriladigan daromad solig’i summasiga:
Debet 6610-«To’lovlar uchun dividendlar»-«To’lov uchun dividendlar»
Kredit 6410-«Byudjetga to’lovlar bo’yicha qarzlar».
3. Byudjetga o’tkazib berilgan soliq summasiga:
Debet 6410-«Byudjetga to’lovlar bo’yicha qarz (alohida turlari bo’yicha)».
Kredit 5110-«Hisob-kitob schyoti».
4. Kassadan dividendlar to’langanida:
Debet 6610-«To’lanadigan dividendlar»
Kredit 5010-«Milliy valyutadagi pul mablag’lari»
Odatda, dividendlar hisobot yili yakunlari bo’yicha hisoblanadi. Agar jamiyat ustavida nazarda tutilgan bo’lsa, har chorakda va yarim yilda bir marta joylashtirilgan aktsiyalar bo’yicha dividendlar to’lash to’g’risida qaror qabul qilishlari mumkin. Dividend to’lash sanasi jamiyat ustavida ko’rsatilmagan bo’lsa, aktsiyadorlar yig’ilishi qarori bilan belgilanadi.
Dividendlar, aktsiya, tovar moddiy qiymatliklar (natura) va naqd pul shaklida berilishi mumkin. Dividendlarni hisoblash va berish bilan bog’liq bo’lgan muomalalarni hisobga olishni quyidagi misollarda ko’rib chiqamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |