Maktab kuzatuv kengashi haqida.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-sentabrdagi “Xalq ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5538-sonli Farmoniga asosan 2018-yil 1-oktabrdan boshlab umumta’lim muassasalarining vasiylik kengashlarini tugatish, yuridik shaxs maqomisiz umumta’lim muassasalarining kuzatuv kengashlarini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullandi hamda Xalq ta’limi vazirligiga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan birgalikda umumta’lim muassasasining kuzatuv kengashi to‘g‘risidagi nizomni va uning namunaviy tarkibini tasdiqlash vazifasi berildi.
Shu asosda Xalq ta’limi vazirining 2018-yil 26-dekabrdagi “Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining kuzatuv kengashi haqidagi namunaviy nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 16-mh-sonli buyrug‘i qabul qilindi (2019-yil 14-yanvardan kuchga kirdi).
Shu bilan umumta’lim maktablari kuzatuv kengashlari boshqaruviga o‘tdi.
Kuzatuv kengashlari qanday tuziladi, uning qanday vakolatlari bor va boshqa savollarga nizom bo‘yicha javob berishga harakat qilamiz.
Kuzatuv kengashi a’zolari soni va tarkibi qanday shakllantiriladi?
Kuzatuv kengash a’zolari yetti kishidan kam bo‘lmagan toq sondan iborat tarkibda tuziladi. Bunda kengash tarkibiga o‘quvchilarning ota-onalari orasidan kamida ikki nafar, sobiq bitiruvchilar orasidan ikki nafar va nafaqadagi sobiq pedagoglar orasidan bir nafar hamda homiylar orasidan ikki nafar a’zo kiritiladi.
Kengash a’zolari soni ko‘pi bilan nechtagacha bo‘lishi mumkin?
Soni cheklanmaydi.
Kengash a’zolari kimlar tomonidan, qanday saylanadi?
Kengash a’zolari tegishli ta’lim muassasasi umumiy yigʻilishida o‘quvchilarning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan ochiq ovoz berish orqali saylanadi.
Kengash raisini ham o‘sha yigʻilishda saylanadimi?
Kengash raisi va kotibi Kengash a’zolari tomonidan kengashning birinchi yigilishida saylanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |