61-var.3-savol. Sug’orish tarmoqlarining hisobiy suv sarfi.
Egat uzunligi tuproqning mexanik tarkibi, relyefi va joyning nishobligiga bog’liq bo’lib, egat uzunligining ortishi va egatga suv sarfining kamayishi bilan sug’orish me’yori ortib boradi. Egatning suv sarfi. Sug’orishning samaradorligi va sifati, suvdan foydalanish darajasi va suvchining ish unumdorligi egatga suv berish miqdoriga ham bog’liqdir. O’zPITI ma’lumotlariga ko’ra egatning suv sarfi ortishi bilan sug’orish davomiyligi qisqaradi, lekin oqova miqdori ortib, tuproqning irrigasiya eroziyasi kuchayadi. Suv sarfi haddan kichik bo’lgan sharoitda suvni egat oxiriga yetib borish vaqti (t1) ortadi va buning oqibatida egatning bosh qismida filtrasiyaga suv sarfining ko’payishi kuzatiladi. Sug’oriladigan yerlarda suvdan foydalanish koeffisiyentini oshirish, oqova va filtrasiyaga sarfini kamaytirish, tuproqni sifatli namiqtirish maqsadida amaliyotda o’zgaruvchan oqim bilan sug’orish keng tatbiq etilmoqda. Bunda egatga dastlab nisbatan katta miqdorda (q1) suv taqsimlanadi va suvni egat oxiriga yetib borishi arafasida uning sarfi ikki barobar kamaytiriladi (q2) hamda belgilangan sug’orish me’yori to’liq berilgunga qadar jildiratib sug’orish o’tkaziladi.
60-var 1-savol. Qishloq xo’jalik ekinlarining oziq elementlariga bo’lgan talabi.Oziq moddalar va suv tuproq unumdorligining asosiy elementlari hisoblanadi. O’simliklarning oziq elementlarga talabchanligi ekinlarning turiga, naviga, hosildorligiga bog’liq. O’simliklarning oziq moddalarga talabini qondirish dehqonchilikdagi asosiy masalalardan biri hisoblanadi. O’simliklar oziq moddalarni tuproqdan, atmosferadan, gidrosferadan va yorug’lik, issiqlikni esa fazodan oladi.O’simliklar hayotida oziqlanish eng muhim omillardan hisoblanadi. Oziqlanish - har qanday tirik organizmning, shu jumladan, o’simliklarning ham o’sish va rivojlanish asosidir. O’simliklar qancha normal oziqlansa, shuncha yaxshi o’sadi va rivojlanadi. Barcha o’simliklarning normal o’sishi va rivojlanishi uchun yorug’lik, issiqlik, suv va havo qancha zarur bo’lsa, oziq moddalar ham shuncha zarurdir. Ko’pchilik tuproqlarda o’simliklar oson o’zlashtiradigan shakldagi azot, fosfor va kaliy kam bo’ladi, ammo o’simliklarning bu elementlarga bo’lgan talabi asosan yerga har xil mineral o’g’itlar solish orqali qondiriladi. tuproqda zarur oziq elementlardan birortasi yetishmasa, o’simliklar normal o’sib rivojlanmaydi. Lekin, oziq elementlari haddan tashqari ko’p bo’lsa ham o’simliklarga salbiy tasir etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |