1I-22 guruh talabasi Iqtisodiyot nazariyasi fanidan tayyorlagan


Download 136.13 Kb.
bet2/6
Sana07.05.2023
Hajmi136.13 Kb.
#1438467
1   2   3   4   5   6
Bog'liq
iqtisodiyot kurs ishi

Kurs ishining maqsadi: Iqtisodiyot nazariyasi fanining rivojlanish bosqichlari bilan tanishish hamda ularni o`rganish, tahlil qilish.
Kurs ishining vazifalari: a) Iqtisodiyot va uning bosh masalasi. Iqtisodiy faoliyatni o`rganish va tahlil qilish.
b) Iqtisodiy resurslar, uning turlari va cheklanganligi bilan tanishish
c) Zamonaviy iqtisodiy qarashlar va uning rivojlanishini o`rganish.


I BOB Iqtisodiyot nazariyasi fanining rivojlanish bosqichlari
1.1 Iqtisodiyot va uning bosh masalasi. Iqtisodiy faolliyat.

Iqtisodiyot murakkab va ko’pqirrali tushuncha bo’lib, bu birinchidan xo’jalik tizimi, ikkinchidan iqtisodiy munosabatlar birligi va uchinchidan, fan darajasida mujassamlashgan bilimlardir. Qadimda iqtisodiy faoliyatning asosiy shakli uy xo‘jaligi doirasida ro‘y bergan. Shuning uchun iqtisodiyot deganda uy xo‘jaligi va uni yuritish qonun-qoidalari tushunilgan. Iqtisodiyot – bu iqtisodiy ne’matlar va vositalarni takror ishlab chiqarish jarayonida vujudga keladigan iqtisodiy munosabatlar, xo’jalik yuritish shakllari, ularni tartibga soluvchi mexanizmlar va infratuzilmaviy muassasalarning ma’lum darajada tartibga solingan tizimidir. Iqtisodiyot doirasida iqtisodiy boyliklarni, ya‘ni jamiyat uchun zarur bo‘lgan ne‘mat va vositalarni takror ishlab chiqarish jarayoni ro‘y beradi. Takror ishlab chiqarish bu jarayonning to‘xtovsiz takrorlanib, yangidan boshlanib turishidir. Takror ishlab chiqarish qisqarib boruvchi, oddiy va kengaytirilgan turlarga ajratiladi.
Qisqarib boruvchi takror ishlab chiqarishda ishlab chiqarish hajmi kamayib borish tartibida takrorlansa, uning oddiy turida bir me‘yorda, o‘zgarmasdan va kengaytirilgan turida esa bu jarayon ko‘payib borish tartibida takrorlanadi. Tovarlar, xizmatlar va resurslarning harakati bo’yicha takror ishlab chiqarish - ishlab chiqarish, ayriboshlash, taqsimlash va iste‘mol qilish jarayonlarining birligidan iboratdir. Ishlab chiqarish jarayonida tovar va xizmatlar yaratiladi. Agar ishlab chiqarilmasa, taqsimlanadigan, ayriboshlanadigan va nihoyat, iste‘mol qilinadigan narsalar bo‘lmaydi. Taqsimot jarayonida ishlab chiqarish vositalari, ishchi kuchi, tovar va xizmatlar hamda pul daromadlari tarmoqlar, sohalar, hududlar, korxonalar va jamiyatning alohida a‘zolari o‘rtasida taqsimlanadi hamda qayta taqsimlanadi. Ayriboshlash yaratilgan ne’matlar va boyliklarning ishlab chiqaruvchilari va iste’molchilarini bog’lovchi bo’g’in hisoblanadi. Iste’mol jarayonida tovarlar va xizmatlar o‘zlarining pirovard iste‘molchilarini topadi hamda turli xil ehtiyojlarni qondirishga xizmat qiladi. Iste‘mol ikki turga bo‘linadi: unumli va shaxsiy iste‘mol. Ishlab chiqarish vositalari va ishchi kuchi ishlab chiqarish jarayonida foydalanilib, unumli iste‘mol qilinadi. Iste‘mol buyumlari shaxsiy iste‘mol jarayonida foydalaniladi va shu orqali ularning o‘rniga yangisini ishlab chiqarish zaruriyati paydo bo‘ladi. Iqtisodiyotning zaruriy tarkibiy qismi va faoliyat qilishining asosiy sharti infratuzilmadir. Infratuzilma – bu ishlab chiqarish va ayriboshlashning bir me‘yorda ro‘y berishi hamda kishilar turmush kechirishining umumiy shart-sharoitini tashkil qiluvchi sohalardir. Infratuzilma quyidagi turlarlardan iborat bo’ladi: Ishlab chiqarish infratuzilmasi-bevosita ishlab chiqarish jarayoniga xizmat ko‘rsatadi. Bular saqlash va uzatish vositalari, ombor xo‘jaligi, moddiy texnika ta‘minoti, transport, aloqa, yo‘llar va boshqa shu kabilardir.
Ijtimoiy infratuzilma-kishilar yashash va hayot kechirishining ijtimoiymadaniy va maishiy sharoitlarini tashkil qiladi (ta‘lim, sog‘liqni saqlash, maishiy, uy-joy va kommunal xo‘jalik). Bozor infratuzilmasi-tovarlar va iqtisodiy resurslar ayriboshlash jarayoniga xizmat qiladi (birjalar, savdo uylari, auktsionlar va boshqalar). Iqtisodiyotning doimiy va bosh masalasi jamiyat ehtiyojlarining cheksizligi hamda uni qondirish uchun zarur bo‘lgan iqtisodiy resurslarning cheklanganligidir. Iqtisodiyotning bosh masalasi o‘zining ikki tomoniga ega: ehtiyojlar cheksiz va iqtisodiy resurslar cheklangan. Iqtisodiyotning asosiy muammosi – iqtisodiy resurslar cheklangan sharoitda jamiyatning cheksiz ehtiyojlarini qanday qilib to‘laroq qondirib borish mumkinligi to‘g‘risidagi masaladir. Iqtisodiyotning asosiy muammosini hal qilish yo’llari: - iqtisodiy resurslar miqdorini ko‘paytirish; - resurslar unumdorligini oshirish; - resurslardan foydalanishning turli muqobil variantlaridan eng samaralisini tanlash; - jamiyat ehtiyojlarini cheklash. Kishilar yashashlari, siyosat, san‘at, adabiyot, fan, ma‘rifat, bilan shug‘ullanishlari uchun hayotiy ne‘matlarni iste‘mol qilishlari, kiyinishlari va turli xil xizmatlardan bahramand bo‘lishlari kerak. Kishilar bunday hayotiy vositalarga ega bo‘lishi uchun turli sohalarda faoliyat ko‘rsatadi. Insonning bu turli faoliyatlari ichida eng asosiysi, ularning yashashi va kamol topishini ta‘minlaydigan iqtisodiy ne‘matlarni ishlab chiqarish (hamda xizmatlar ko‘rsatish) dan iborat bo‘lgan iqtisodiy faoliyatdir. Kishilarning yashashi, kamol topishi uchun zarur bo’lgan hayotiy ne’matlar va vositalarni ishlab chiqarish hamda iste’molchilarga yetkazib berishga qaratilgan, bir-biri bilan bog’liqlikda amal qiladigan turli-tuman faoliyatlar yaxlit qilib, iqtisodiy faoliyat deb ataladi.
Ehtiyoj, uning tarkibi va turlari. Ehtiyojlarning cheksizligi va yuksalib borish qonuni Ishlab chiqarishning pirovard maqsadi iste‘mol ya‘ni ehtiyojni qondirish hisoblanadi. Insonning yashashi va kamol topishi, jamiyatning rivojlanishi uchun kerak bo’lgan hayotiy vositalar va iqtisodiy resurslarga zaruriyat «ehtiyoj» deb ataladi. Jamiyat ehtiyojlari tarkiban kishilar ya‘ni jamiyat a‘zolari, korxonalar va davlat ehtiyojlarining birligidan iborat. Ehtiyojlarning bu barcha turlari uchun umumiy bo‘lgan xususiyat - ular cheksiz va chegarasizdir. Jamiyat ehtiyojlarida kishilarning ehtiyojlari asosiy va belgilovchi rol o‘ynaydi. Kishilarning barcha hayotiy ehtiyojlari (iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ma‘naviy, siyosiy ehtiyojlar) orasida ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlar alohida o‘rin tutadi. Bu ehtiyojlar kishilarning yashashi, mehnat qilishi va hayot kechirishi uchun zarur bo‘lgan iqtisodiy ne‘matlardan iborat bo‘ladi. Shu jihatdan olganda ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlar moddiy, ma‘naviy va ijtimoiy ehtiyojlarni o‘z ichiga oladi. Moddiy ehtiyojlar, bu avvalo, kishilarning o‘zlariga foydali bo‘lgan ne‘matlarni iste‘mol qilishga bo‘lgan xohishlaridir. Bular iste‘mol uchun zarur bo‘lgan ko‘plab hayotiy ne‘matlarni (oziq-ovqat, kiyim-kechak, turar-joy) va zebziynat, buyumlarini (taqinchoq, atir-upa, yengil avtomobil va h.k.) o‘z ichiga oladi.
Bu o‘rinda shuni ta‘kidlash lozimki, bir necha yil oldin zeb-ziynat dabdaba hisoblangan buyum bugungi kunda eng oddiy hayotiy zarur predmetga aylanishi mumkin. Xizmatlar ham moddiy ne‘matlar kabi ma‘lum ehtiyojlarni qondiradi. Ma‘naviy ehtiyojlar moddiy ko‘rinishga ega bo‘lmagan kishilarning bilim va dam olish, madaniy saviyasini oshirish, malaka-mahoratiga ega bo‘lish, har xil xizmatlardan bahramand bo‘lish kabi ko‘plab ehtiyojlarni o‘z ichiga oladi. Ehtiyojlar yakka tarzda va birgalikda qondirilishi mumkin.
Ijtimoiy extiyojlar umumlashgan iste‘mol faoliyatining turli shakllarida qatnashish orqali qondiriladi hamda uni kishilarning birgalikda, hamkorlikda mavjud bo‘lishi zarurligini taqozo qiladi. Masalan, ta‘lim olish, sog‘liqni saqlash, dam olish joylaridan bahramand bo‘lish, sport o‘yinlari va ko‘ngilochar tomoshalarni birgalikda ko‘rish kabilar shular jumlasidandir. Jamiyat ehtiyojlarida korxona va davlat ehtiyojlari ham o‘z o‘rniga ega. Korxonalarga ishlab chiqarish maqsadlarini amalga oshirish, ya‘ni tovarlar ishlab chiqarish uchun ishlab chiqarish vositalari va ishchi kuchi kerak bo‘ladi. Davlat, butun mamlakat aholisining umumiy ehtiyojlarini aks ettirib, uning xavfsizligini ta‘minlash, tinchligini saqlash avtomobil va temir yo‘llar, maktablar, kasalxonalar qurilishi hamda ijtimoiy ne‘matlar bilan ta‘minlashni o‘z zimmasiga oladi. Bu maqsadlarni amalga oshirish uchun davlatga ham iqtisodiy ne‘matlar va iqtisodiy resurslar kerak bo‘ladi. Jamiyat ehtiyojlariga bir qator omillar ta‘sir ko‘rsatadi. Bular quyidagilar: - jamiyatning iqtisodiy taraqqiyot darajasi. - jamiyatdagi mavjud ijtimoiy-iqtisodiy tizim. - tabiiy-geografik sharoitlar. - tarixiy-milliy an’analar va urf-odatlar, tarixan shakllangan milliy va diniy marosimlar. - aholi sonining o’sishi, uning tarkibidagi o’zgarishlar; - xalqaro, davlatlar, millatlar va mintaqalar o’rtasidagi aloqalar, ayniqsa, ular o’rtasidagi mahsulot va axborot ayriboshlashning rivojlanishi. Ijtimoiy-iqtisodiy, shu jumladan, moddiy ehtiyojlarni to‘liq qondirish mumkin emas. Jamiyatda har bir ma‘lum davrda ko‘plab qondirilmagan ehtiyojlar bo‘ladi. Vaqt o‘tishi bilan yangi buyumlarning paydo bo‘lishi, reklamaning ta‘siri va bozorlarning rivojlanishi natijasida ehtiyojlar tarkiban o‘zgaradi va miqdoran o‘sib boradi. Ehtiyojlar turlari. Ehtiyojlar nihoyatda turli tuman bo‘lganligi sababli, ularni turkumlashga turli jihatdan yondashish mumkin. Ular, ehtiyojlarni absolyut va nisbiy, minimal va maksimal darajadagi, qondirilishi zarur va qondirilishi kechiktirsa bo‘ladigan, bevosita va bilvosita qondiriladigan joriy va kelajakda qondiriladigan ehtiyojlarga ajratadi.
1. Ehtiyojlar qondirilish zaruriyatidan kelib chiqib birlamchi – eng zarur ehtiyojlar, ikkilamchi qondirilishi kechiktirsa bo‘ladigan ehtiyojlar mavjudligi qayd qilinadi. Birlamchi ehtiyojlarga insonning eng zarur bo‘lgan oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa kabilarga bo‘lgan ehtiyojlarini, ikkilamchi ehtiyojlarga ularning ma‘naviy, intellektual faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan bilim olish, san‘at, turli ko‘ngilochar tadbirlarga qatnashishga bo‘lgan ehtiyojlarini kiritish mumkin. Ayni vaqtda bir inson uchun kiyim-kechak, turar joy birlamchi bo‘lsa, boshqasi uchun hayotiy yashash vositalari ahamiyatli. Bir kishi uchun ma‘naviy ehtiyojga xohish bo‘lsa, boshqasi uchun kundalik ehtiyoj birlamchi bo‘lish mumkin. 2. Ehtiyojlar sub‘ektlariga ko‘ra: individual, jamoa va umumjamiyat ehtiyojlariga bo‘linadi. a) Individual ehtiyoj – har bir insonning ehtiyojini ifodalaydi. U fiziologik ehtiyojlar bilan birga har tomonlama kamol topishi uchun bo‘lgan ehtiyojlarni o‘z ichiga oladi. b) Guruhiy ehtiyoj – bu oilaviy yoki kishilarning biron maqsadda birlashgan guruhlari (mehnat jamoasi, turli uyushmalar) ehtiyojlari bo‘lib, birgalikda yashash, faoliyat yuritish jarayonida vujudga keladigan umumiy ehtiyojlardir. v) Umumjamiyat ehtiyoji – bu mamlakat miqyosida, insonlarning bir butun bo‘lib tarkib topgan ehtiyojlaridir. Jamiyatning ehtiyoji turli ijtimoiy toifa va guruhlarga mansub kishilar ehtiyojining yaxlitligi sifatida namoyon bo‘ladi. 3. Ehtiyojlar ob‘ektga ko‘ra moddiy, ijtimoiy-ma‘naviy ehtiyojlarga bo‘linadi. Moddiy ehtiyojlar azaliy, ular inson paydo bo‘lishi bilan vujudga kelgan. Ular tabiiy ehtiyojdir. Moddiy ehtiyojlar eng zarur va hayotiy ehtiyojlardir. Oziq-ovqat, kiyim-kechak, turar-joylarga bo‘lgan ehtiyojlarning qondirilishi yashashning birlamchi shartidir. Ijtimoiy-ma‘naviy ehtiyoj jamiyat taraqqiyotining ma‘lum bosqichida, tsivilizatsion rivojlanish natijasida yuzaga keladi. Jamiyat rivojlanishi bilan ijtimoiy-ma‘naviy ehtiyojlar tabiiy zaruratga aylanib boradi. Kishilar ijtimoiy-ma‘naviy xizmatlardan foydalanib, axloqiy, ma‘naviy, estetik, jismoniy jihatdan tarbiyalanadi, bilim oladi, kasb egallaydi, har tomonlama kamol topadi.


Download 136.13 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling