2-mavzu: aruz she’r tizimi haqida umumiy ma’lumot reja


Download 60.5 Kb.
bet1/2
Sana15.06.2023
Hajmi60.5 Kb.
#1486625
  1   2
Bog'liq
2-MAVZU. ARUZ SHE’R


2-MAVZU: ARUZ SHE’R TIZIMI HAQIDA UMUMIY MA’LUMOT


Reja:

  1. O‘zbek she’r tizimi xususiyatlari.

  2. Aruz she’r tizimining paydo bo’lishi.

  3. Aruz she’r tizimining o‘zbek adabiyotiga joriylanishi.

  4. Aruz she’r tizimi haqida yaratilgan ilmiy asarlar.

Tayanch tushunchalar:ohang, she’riy vazn, barmoq vazni, erkin vazn, aruz vazni, badaviylar, bayt, she’riy vazn tushunchasi.

She’r ohang jihatidan ma’lum bir qolipga solingan, ijodkorning his-tuyg'ulari, ichki kechinmalari ifodasi sifatida vujudga kelgan ritmik nutqdir. Nutqning bu tarzda qolipga solinishi she’riy vazn yoki she’riy tizim deb ataladi. She’riy nutqni o'lchash, guruhlash va muayyan tizimga solishga xizmat qiladi, uning musiqiyligi va ohangdorligini oshiradi. 0‘zbek she’riyatida asosan uchta: barmoq, aruz va erkin vaznlar qo'llanilib kelingan. Har bir millat adabiyotidagi she’riy vaznlar o'sha xalq tilining o'ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqadi. Shu ma’noda o'zbek tilining ifoda va ohang imkoniyatlariga eng ko'p mos keluvchi she’riy tizim milliy vaznimiz hisoblangan barmoqdir. Barmoq vazni misralardagi bo'g'inlar sonining bir xil miqdorda takrorlanishi va guruhlanishiga asoslanadi. Bu tizimda bo‘g‘inlarning sifati, ochiq yoki yopiqligi muhim emas.


O'zbek she’riyatiga XX asrda kirib kelgan erkin vazn esa bo'g'inlar miqdorining turli-tumanligi, qofiyalanish va bandlarda erkinlikka asoslanganligi bilan ajralib turadi.
Turkiy she’riyatga arab va fors adabiyoti orqali kirib kelgan aruz tizimida bo'g'inlarning miqdoridan tashqari qat’iy sifati: cho'ziq va qisqaligi ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Arab she’riyati dastavval ko'chmanchi, tuya boqish bilan shug'ullanuvchi arab qabilalari - badaviylarda vujudga kelgan. Arab tuyachilari tuyani tezlatish uchun maxsus qo'shiqlar kuylaganlar va bu qo'shiqlar arab xalqlari orasida keng tarqalgan. VIII asrga kelib arab olimlari orasida she’riyat va xalq og'zaki ijodiorasidagi munosabatni o‘rganish, ularning muayyan qonuniyatlarini ishlabchiqishga ehtiyoj tug'ildi. Bu vazifa haqli ravishda “arab filologiyasiningotasi” deb e’tirof etiluvchi olim Xalil ibn Ahmad tomonidan amalga oshirildi. U aruz ilmini bir butun tizim holiga keltirdi vauning nazariy asoslarini ishlab chiqdi. “Aruz” so'zining ko'plab lug‘aviy ma’nolari bor. Adabiy istiloh sifatida ularning qay biri asos qilib olingani aniq emas. Bu borada olim va ijodkorlartomonidan bir-biridan tubdan farq qiluvchi bir qancha fikrlar bildirilgan.
Ulardan bir nechtasini keltirib o'tamiz:
1. Vodiy nomi.
2. Makka shahrining nomlaridan biri.
3. Taraf, jihat, mintaqa, yon.
4. Bulut.
5. Sarkash tuya.
6. Chodirning o‘rta ustuni.
7. O‘lchov.
Alisher Navoiy o'zining “Mezon ul-avzon” (Vaznlar o'lchovi) asarida aruz ilmining asoschisi Xalil ibn Ahmad yashagan hudud yaqinida Aruz degan vodiy borligi haqida ma’lumot beradi. Bu vodiyda arablar chodirlar tikib, ularni bezatib sotar ekanlar. Uyni “bayt” deb atasharkan. Baytning mavzun-nomavzun (vaznli-vaznsiz) ekanligini aruz fanining olchoviga solib ko‘rishganidek, bezatilgan uylar ham bahoga solib o'lchab ko'rilar ekan. Shu tariqa mazkur ilm ushbu vodiy nomi bilan “aruz” deb atala boshlangan. XV asrning taniqli adabiyotshunoslaridan bo‘lgan Vohid Tabriziy o‘zining “Jami’ ul-muxtasar” nomli asarida “Aruz arablarning chodir uyini ushlab turuvchi ustunning nomi, aruziylar har qaysi baytning birinchi misrasi oxiridagi ruknni ham “aruz” deb ataydilar, misraning mana shu oxirgi bo‘lagi aytilganida, she’rning qanday vaznda yozilganligi ma’lum bo‘ladi”, deb izoh bergan edi. Aksar adabiyotshunos olimlar “aruz” istilohining shu tarzdagi ikki xil sharhini ma’qullaydilar.
Manbalarda aytilishicha, Xalil ibn Ahmad Makkada o'ziga yangi ilhom ato etilishini tilab duo qiladi. Duosi ijobat bo'lib, aruz ilmiga asos soladi vauni Makkaning nomlaridan biri bo'lgan so‘z, ya’ni Aruz nomi bilan ataydi.Aruz she’rshunoslik ilmining bir qismidir. Uning “taraf, yon” degan ma’no anglatishi she’r ilmining birtarafi degan mazmun bilan bog'liq.
Ba'zi rivoyatlarga ko'ra, aruz muammolarning yengil hal etilishiga olib borgan yo‘l ramzi bolmish bulutga o'xshaydi. She’r vaznining to'g'ri yoki yanglish ekanligi shu ilm orqali aniqlangani uchun ham “aruz” so'zi bulut degan ma’noga ham nisbat berilgan. Aruz vazni tuya yurishining ritmidan olingan, degan rivoyatlar ham mavjud. Badaviylar tuya sahroda yurishnl xohlamay, sarkashlik qilganpaytda uni tezlatlnh uchun maxsus qo'shiqlar kuylaganlar va bu qo'shiqlar ohangl aruz vaznining vujudgakelishi uchun asos bo‘lgan degan qarashlar bor. Aruz tizimiga xos bo'lgan ko'plab istilohlar ham tuya hayoti bilan bog'liq so'zlar asosida vujudga kelgan deyish mumkin.
Aruz she’riy tizimi arablardan forsiy va turkiy adabiyotga keng yoyildi. Hijratdan keyingi ilk asrlarda Arab xalifaligi butun Eronni fath etdi. Qadimiy Sosoniylar davlati madaniyati tomir otgan bu hududlarga islomiyatva arablar bilan Qur’oni Karim va arab tili kirib keldi. Natijada she’riyatda ham asta-sekin arablarga xos yangilanishlar bo'y ko'rsata boshladi.
Arab she’riyatiga VIII asrdan tatbiq etilgan mazkur o‘lchov tizimi IX asr boshlaridanoq fors-tojik adabiyotida ham qo‘llana boshladi hamda Rudakiy, Firdavsiy, Daqiqiy keyinroq Umar Hayyom, Sa’diy, Hofiz Sheroziy, Jomiy kabi buyuk shoirlar ijodidan mustahkam o‘rin egalladi. Aruzning turkiy she’riyatga kirib kelishini ham shu davrga nisbat berish mumkin.
IX-X asrlarda turkey xalqlar orasidan yetishib chiqqan ko‘plab shoirlar o‘sha davr an’analariga muvofiq o‘z asarlarini arab tilida bitar ekanlar, aruz o’lchoviga asoslandilar, xilma-xil musiqiy va jozibador vaznlar zaminida g’oyaviy va badiiy jihatdan barkamol qasida va g’azallar, ruboiy va qit’alar yaratdilar. XI asrning mashhur adabiyotshunos olimi Abu Mansur as-Saolibiyning “Yatimat ud-dahr” kitobida bunday ijodkorlardan ko‘plarining nomlari va asarlari zikr qilingan. Bu davrda turkey tilde ham aruzning yengil va o’ynoqi o’lchovlarida ko‘plab lirik she’rlar yozilganligi shubhasiz. Zero, bu xil tajribalarsiz XI asrda Yusuf Xos Hojibning “Qutadg'u bilig” dek yirik dostonining maydonga kelishi amri mahol edi. Yusuf Xos Hojibning “Qutadg'u bilig” asari “Shohnoma” vaznida, ya’ni mutaqorib bahrida yozilgan. Yusuf Xos Hojibning aynan shu o'lchovni tanlashiga sabablardan biri sifatida mutaqorib bahrining turkiy xalqlar she’riy tizimi - barmoqning eng faol shakllaridan bo'lgan o'n bir bo'g'inli vazniga juda uyg'un ekanligini keltirish mumkin.
XII asr turkiy adabiyotning namunasi sifatida bizgacha yetib kelgan “Hibat ul-haqoyiq” dostoni aruz nazariyasi va amaliyotini o’zlashtirib, nafis badiiy asarlar yaratish an’anasi bu davrda ham davom etib, rivojlanib borganidan dalolat beradi. XIII-XIV asrlar davomida aruz o‘lchovi Pahlavon Mahmud, Badriddin Chochiy kabi mutafakkir shoirlarning forsiy she’riyatida ham, Nosiriddin Rabg’uziy, Xorazmiy, Qutb, Sayfi Saroyi kabi sohibi kalomlarning turkey asarlarida ham keng qo’llandi va o’zbek adabiyotining asosiy she’riy mezoni bo’lib qoldi. Bu ijodkorlar tomonidan ko’plab lirik she’rlar, “Qissasi Rabg’uziy” kitobi, “Muhabbatnoma”, “Xisrav va Shirin”, “Guliston” tarjimalari kabi o’lmas asarlarni bitishda mohirona foydalanilgan 30 dan ortiq vazn aruz o’lchovining adabiyotimizga tobora chuqurroq kirib borganini, shoirlarimiz ushbu murakkab o’lchov tizimi nazariyasini tobora puxtaroq egallab, xilma-xil vaznlar asosida go’zal asarlar yaratish mahoratini ham izchillik bilan o’rganib borganlarini ko’rsatib turibdi.
XV asr o’zbek aruzi rivojida alohida bosqich sanaladi. Chunki bu davrning 1-yarmida Atoiy, Sakkokiy, Durbek, Gadoiy, Lutfiy singari turkiygo’y ijodkorlar o’z asarlarini aruzning eng jozibali o’lchovlari asosida yaratib, ko’plab vaznlarni she’riyatimizga olib kirgan. Turkiy aruzning nazariy va amaliy jihatdan shakllanishida buyuk mutafakkir shoir hazrat Alisher Navoiy ijodining o‘rni beqiyos. Alisher navoiyning mazkur sohadagi an’analarini davom ettirgan zahiriddin Muhammad Bobur o’zbek aruzini yangi taraqqiyot bosqichiga ko’tardi. Alisher Navoiy va Bobur izidan borgan Mashrab va Nodira, Munis va Ogahiy, Muqimiy va Furqat, Hamza va Avloniy kabi o’zbek shoirlari xilma-xil vaznlarni o’z she’riyatida san’atkorlik bilan qo’llab borib, o’zbek aruzini kamol toptirdilar.
Aruz 1917-yildan keying davrda ham o’zbek she’riyatining asosiy mezonlaridan biri bo’lib xizmat qildi. Cho’lpon, H.Olimjon, G’.G’ulom, Oybek kabi shoirlarimiz asosan barmoq vazni asosida ijod qilgan bo’lsalar ham, eng yaxshi lirik she’rlarini yaratishda aruzga ham murojaat qildilar. Habibiy, S.Abdulla, Chustiy kabi ijodkorlarning aksar asarlari shu she’riy mezon asosida yozilgan edi. 60-80-yillarda Erkin Vohidov, A.Oripov, Jamol Kamol, O.Hojiyeva, E.Oxunovalar ijodida ham aruz vaznida yozilgan she’rlar ko’plab bitilgan.
Aruz ilmi haqida Xalil ibn Ahmaddan so’ng Ibn Usmon Maziniy, Imom Ahmad ibn Abdurabbih, Ibn al-Xatib at-Tabriziy, Ziyovuddin Abul Jaysh al-Hazrajiy kabi arab olimlari ushbu ilmga doir asarlar yaratib, aruz taraqqiyotiga hissa qo’shdilar. Aruz ilmi haqida, ayniqsa, fors-tojik adabiyotshunosligida ko’plab asarlar bitildi. Mavlono Yusuf Nishoburiy (X asr) forsiy tilda aruzga oid ilmiy asar yaratgan olimlarning birinchisi edi. Rashididdin Vatvot (XIII asr) ning “Hadoyiq us-sehr”, Shams Qays (XIII asr) ning “Al- mo’jam fi me’yor ash’or al-ajam”, Nasriddin Tusiy (XIV asr) ning “Me’yor ul-ash’or”, salmon Savojiy (XIV asr) ning “Qasidatun masnuot al-aruz”, Abdurahmon Jomiy (XV asr) ning “Risolai aruz” asarlari fors-tojik aruzining nazariy va amaliy rivojida alohida ahamiyatga ega bo’ldi.
Aruz ilmi rivojiga turkey xalqlar orasidan yetishib chiqqan adabiyotshunos olimlar ham munosib hissa qo’shdilar. Mashhur faylasuf Abu Nasr Forobiy (X asr), Abu Ali ibn Sino (X-XI asrlar), Abul Qosim Zamahshariy (XI-XII asrlar), Abu Ya’qub Yusuf ibn Abubakr Sakkokiy (XII-XIII asrlar) lar o’zlarining arab va forsiy tilida bitgan ilmiy asarlari bilan faqat arab va forsiy aruzlarga emas, ayni vaqtda turkiy aruz taraqqiyotiga ham sezilarli ta’sir ko’rsatdilar.
Turkiy aruzning nazariy va amaliy jihatdan shakllanishi va izchil rivojlanib borishida Alisher Navoiyning ilk bor turkey tilde yaratilgan “Mezon ul-avzon” (“Vaznlar o’lchovi”) asari alohida ahamiyatga ega bo’ldi. Ulug’ mutafakkir shoir aruz qoidalarini, xilma-xil bahr va vaznlarini turkey tilde mufassal bayon qilish bilan cheklanib qolmay, turkey xalqlarning og’zaki she’riyati mezoni bilan aruz vaznlari hamohangligini atroflicha dalilladi hamda turkey til xususiyatlarini nazarda tutgan holda aruzning turkiy adabiyotlarda, xususan, o’zbek she’riyatida keng qo’llanishi mumkin bo’lgan ko’plab o’lchovlarini ham belgilab berdi. Asarida 19 bahr, 160 vazn haqida ma’lumot beradi, har bir vaznga turkiy tilde misollar keltiradi. Shoir she’riyatining gultoji hisoblanmish “Xazoyin ul-maoniy” kulliyotining o'zida 13 bahr, 90 ga yaqin vazn istifoda etilgan. Agar bungabuyuk mutafakkirning epik she’riyati, forsiy tildagi she’rlarida qo'llanilganvaznlarni ham qo'shib hisoblaydigan bo'lsak, mazkur ko'rsatkich 100 dan ortadi. Ularning barchasi aruz tizimi turkiy she'riyatning ajralmas qismigaaylanganligini bildirish barobarida bu she’riy tizimning turkiy til qonuniyatlariga naqadar mos kelishini ham isbotlab beradi.
O’zbek aruzining amaliy va nazariy jihatdan yanada kamol topishida Zahiriddin Muhammad Boburning “Muxtasar” deb nomlangan yirik ilmiy asarining ahamiyati beqiyosdir. Olim va shoir Bobur aruzning nazariy asoslarini mukammal yoritadi, o’lchovlarining forsiy va turkiy she’riyatlardagi mavqeini, ko’lamini har ikkala adabiyotning o’lmas namunalari bilan dalillaydi, ayni vaqtda o’zbek aruzi o’lchovlar doirasining nihoyatda kengligini ta’kidlash maqsadida she’riyatimizda qo’llanilishi mumkin bo’lgan 537 o’lchovni (ulardan 400 ga yaqini mutlaqo yangi, Bobur tomonidan kashf qilingan vaznlar) sanab o’tib, ulardan har biriga bir baytdan misollar keltiradi. Binobarin, “Muxtasar” o’zbek aruzining ilm sifatidagi taraqqiyotida alohida o’rin tutadi.
XIX asr oxirlarida Zokirjon Furqat ham aruz ilmiga doir risola bitgan edi. Haligacha nashr qilinmagan bu asarni professor G’ulom Karimov Ostroumov fondidan topgan edi. 16 betlik bu kichik risolada shoir aruzning she’riyatimizda keng qo’llangan 55 vazni haqida ma’lumot bergan, har qaysi o’lchovga forsiy va turkey adabiyotlardan misollar keltirilgan.
1936-yil Fitrat qalamiga mansub “Aruz haqida” risolasi nashr etildi. Olim unda aruz qoidalarini soddalashtirib bayon qiladi, she’riyatimizda qo’llangan eng musiqiy o’lchovlarning ohang xususiyatlarini ta’kidlab, ularga o’zbek adabiyotidan misollar keltiradi.
1948-yili adabiyotshunos olim Sodiq Mirzayev “Navoiy aruzi” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini yozib tugallaydi. Tadqiqotda aruzning nazariy masalalari Navoiy “Mezon ul-avzon” asari asosida bayon qilingan. Olimning ulkan xizmati shunda bo’ldiki, u Navoiyning “Xazoyin ul-maoniy” asarida 3132 she’rning vazn xususiyatlarini ilk bor aniqlab chiqdi. Ularning ruknlari va chizmalarini belgilab berdi. Bu jadvallardab adabiyotshunoslarimiz hanuz foydalanib kelmoqdalar.
O’zbek aruzining nazariy va amaliy masalalari taniqli olim Alibek Rustamovning “Aruz haqida suhbatlar” risolasida ham o’z ifodasini topgan. U Fitrat risolasidagi an’analarni yanada rivojlantirib, aruz qonunlari, xilma-xil bahrlar, vaznlarning ohang xususiyatlarini osonlashtirib ifodalash usulini qo’lladi. Adabiyotshunos S.Hasanovning Bobur risolasi tadqiqiga bag’ishlangan izlanishlari ham o’zbek aruzining nazariy va amaliy muammolarini hal qilishga, xususan, mazkur risolaning ilmiy-amaliy qimmatini atroflicha yoritishga bag’ishlangan. Ummat To’ychievning jiddiy ilmiy tekshirishlari asosida “O’zbek poeziyasida aruz sistemasi” yirik ilmiy asari yaratilgan.
Ko’rinib turibdiki, XV asrdan beri o’zbek aruzining ham nazariy, ham amaliy masalalri izchillik bilan tadqiq qilingan.



Download 60.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling