2-mavzu. Davlat qarzi nazariyasi
Qarz va soliqning o‘lik yuki
Download 0.62 Mb.
|
Davlat qarzi nazariyasi
- Bu sahifa navigatsiya:
- Sog‘lom moliya” va “funktsional moliya”
Qarz va soliqning o‘lik yuki
Davlat qarz olganda olingan summani soliqlar bilan qoplashga beparvolik bilan qaraydi, ammo keyin qarzga xizmat ko‘rsatish uchun soliqlarni oshiradi. Qarzlar – bu aslida kechiktirilgan soliqlardir. Soliq yoki qarzdan birini tanlash – bu aslida soliqlarni undirish vaqtini tanlash hisoblanadi. Hatto defoltni ham nominal qarz egalariga solingan soliq deb hisoblamoq kerak (agar qarz inflyatsiya darajasida indeksatsiyalangan bo‘lsa uni soliq deb bo‘lmaydi). Soliqlar investitsiyalar, ishlab chiqarish, mehnat va iste’molga rag‘batlarni buzadi. Natijada faoliyatning ko‘pgina turlari jamiyat xohlaganidek darajada rivoj topmaydi. Bundan tashqari soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash yuqori stavkalarda past stavkalarga qaraganda ko‘proq uchraydi, demak resurslar ham ko‘proq yo‘qotiladi. Stavkalar ko‘tarilishi bilan soliqlarning yig‘iluvchanligi pasayadi. Bularning barchasi soliqqa tortishning buzuvchilik (izdan chiqaruvchi) samarasi (hodisasi) deb nomlanadi. 98% soliqlar buzuvchilik xossasiga ega. Buzuvchilik oqibatlari ortiqcha soliq yukiga aylanadi. “Soliqlar yuzaga keltiradigan iqtisodiy samaradorlikning pasayishi soliqqa tortishning o‘lik yuki yoki ortiqcha soliq yuki sifatida ma’lum, – deb yozadi Alan Auerbax va Jeyms Xans, – soliqqa tortishdan daromadlar o‘sishi bilan soliq to‘lovchi va jamiyat iqtisodiy qarorlarni izdan chiqaradigan, buzadigan qo‘shimcha zarar (talafot)lar ko‘radi... Davlatga daromad olish va adolatli soliq yukini bir maromda saqlab turish zarurati yuzaga keltiradigan cheklovlar sharoitida soliqdan keladigan zararni minimumga keltiradigan soliq tizimi optimal hisoblanadi”20. Qarzga xizmat ko‘rsatish uchun talab etiladigan soliqlar iqtisodiyotga yuk bo‘lib tushadi. Qarz ichki bo‘lgan hollarda “o‘zimizga o‘zimiz qarz berishimiz lozim”, bu soliqlar shunchaki ichki transfertlar hisoblanadi. Ammo ularning ham, boshqa soliqlar kabi, ortiqcha yuki bor. Qarz qanchalik katta bo‘lsa, soliqqa tortishning o‘lik yuki shu qadar og‘irroq bo‘ladi. Bu yuk vaqti kelib shu qadar og‘ir bo‘lishi mumkinki, kishilarda xo‘jalik faoliyatiga rag‘batlar bo‘lmaganidan iqtisodiyot to‘xtab qolishi mumkin. Xuddi shunga o‘xshash narsa masalan, Evropada yuz bergan. Evropada urushgacha va urush yillaridagi qarzlar ikkinchi jahon urushidan keyin tezda davlat moliyasining suveren defolti va holdan ketishiga olib keldi. Shunday qilib, qarz yuki to‘g‘risidagi munozarani quyidagi xulosalar bilan yakunlashimiz mumkin: qarz soliqqa tortishning o‘lik yuki ko‘rinishida iqtisodiyot zimmasida turadi; davlat qarzi xususiy qarzdan yashirin ortiqcha soliq yukining bo‘lishi bilan farq qiladi; iqtisodiyotga ko‘rsatadigan ta’siriga ko‘ra ichki qarz va tashqi qarz bir xil. Har ikkala qarz turida ortiqcha soliq yuki bor va shu sababli ular milliy boylikni qisqartiradi – ichki qarz kamroq (“o‘zimizdan o‘zimiz qarzmiz”), tashqi qarz ko‘proq (“biz chet elliklarga to‘lashimiz lozim”). “Sog‘lom moliya” va “funktsional moliya” Qarz oluvchi fuqaro, firma yoki davlat bo‘ladimi – kim bo‘lishidan qat’i nazar, puldorni hamisha topishni xohlasa muayyan “odob qoidalariga” rioya qilishi lozim. Biz bu qoidalar bilan tanishishdan oldin nazariyaning pozitiv (ijobiy) va normativ (me’yoriy) nazariyalarga bo‘linishini esga olamiz. Pozitiv nazariya qarzni boricha qanday bo‘lsa, shunday ko‘rsatadi, uni yoqlamaydi ham, qoralamaydi ham. Normativ nazariya qanday bo‘lmog‘i lozimligini ko‘rsatib beradi. Masalan, quyidagi gap normativ hisoblanadi: “Agar davlat o‘z investitsiyalarining faqat qarzlar hisobiga moliyalashtirganda odamlar yaxshiroq yashagan bo‘lar edi”. Bu fikrda qarzni boshqarish bilan shug‘ullanadiganlar uchun norma (me’yor), qoida, yo‘l-yo‘riq, maslahat bor. Agar nazariya davlatga qanday naf keltira olishini bilishni xohlasak, biz nazariyadan normativ qoidalarni ajratib olishimiz zarur. Masalan, “byudjet siyosati” atamasi qanday ma’noni anglatadi. Bu – printsiplar, qoidalar va ularga asoslangan davlat xarajatlari va ularni moliyalashtirish manbalari to‘g‘risida qarorlar. Undan keyin davlat mansabdorlari bu normalarga amal qilish-qilmasliklarini bilish zarur. Agar amal qilsalar, demak, nazariya foydali, aks holda norma yo soxta yoki mansabdorlar puxta bilimdon emaslar. Mustaqil mas’ul qarz oluvchining klassik “odob qoidalari” “sog‘lom moliya” deb ataladi. AQSh prezidenti Vudro Uilson so‘zlari bilan aytganda, “Moliya – bu oddiy arfmetika emas. Moliya – bu buyuk siyosat. Sog‘lom moliyasiz sog‘lom hukumatning bo‘lishi mumkin emas; sog‘lom hukumatsiz sog‘lom moliya bo‘lmaydi”. “Sog‘lom moliya”ning 1-qoidasi – muvozanatlangan byudjet. “Juda katta profitsitlarga ega bo‘lgan davlat xuddi defitsitlari juda katta bo‘lgan davlat singari yomon boshqariladi. Eng to‘g‘ri amaliy qoida – defitsitga imkoniyat qoldirmaslik uchun daromadlarning xarajatlardan bir qadar ortiq bo‘lishiga harakat qilishdir” – degan edi Bastebl21. 2-qoida – byudjet ortiqchaligi (profitsit)ni urushlar va ofatlar sharoitlarida foydalanish uchun maxsus fondlarda saqlab qo‘yish (“Saqlov fondi”). Ma’lumki, urushlar qarzni juda tez o‘sishga olib keladi. Urushdan keyin “Saqlov fondi” eshiklarini ochib qarzlarni to‘lash lozim bo‘ladi. “Daromadlarning xarajatlardan ortiq bo‘lishi jamiyat qarzlarini qaytarishning yagona real fondidir” deb yozgan edi birinchi AQSh Saqlov fondi asoschisi Aleksandr Gamilton. Qarzga xizmat ko‘rsatish uchun fond orqali soliqlarni xarajatlar bilan qoidaga muvofiq bog‘lash profitsitdan maqsadsiz foydalanish xavfini kamaytiradi. 3-qoida – xarajatlar davomiyligi va hajmini hisobga olgan holda moliyalashtirish manbalarini oldindan tayin qilish. “Favqulodda yuz beradigan xarajatlarning davomiyligi ehtimoli ularni qay tarzda moliyalashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilishda muhim unsurdir, – deb yozadi Bastebl, – mazkur yilda kutilmagan yirik talabni qarzlar bilan bemalol ta’minlash mumkin, ya’ni buning uchun butun soliq tizimini bezovta qilishning hojati yo‘q. Ammo, agar istiqbolda keng miqyosdagi uzoq muddatli xarajatlar yuzaki kelganda, eng maqbul yo‘l – avval boshdanoq soliqlarni ko‘tarish hisoblanadi”22. Bu qoida 1970-yillarda Barro, Robert Lukas va Nensi Stoklarning soliqlar stavkalarini ravonlashtirish to‘g‘risidagi mashhur g‘oyalariga manba bo‘ldi. 4-qoida – Moliyalashtirish manbalarini xarajatlarning joriy va kapital xarajatlarga bo‘linishini hisobga olgan holda tayin qilish. “Davlat siyosati yirik jamoat binolari, mudofaa inshootlari, temir yo‘llar va kanallar qurilishini nazarda tutishi mumkin. Bunday xarajatlar daromadlarga emas, kapitalga daxldor va albatta favqulodda, g‘ayriodatiy xarajatlar hisoblanadi. Bunday holda yagona qoida – favqulodda xarajatlarni favqulodda daromadlar bilan qoplash lozim. Masalan, qarz hisobiga daromadlar shunday daromad hisoblanadi, boshqacha aytganda bu yildagi favqulodda xarajatlarni keyingi yilda qarz bo‘yicha oddiy foiz to‘lovlariga aylantirish lozim*”. Vaqtlar o‘tishi bilan bu qoida davlat moliyasining “oltin qoidasi”ga aylandi: joriy xarajatlarni soliqlar bilan, kapital xarajatlarni qarzlar bilan yopmoq kerak. Bastebldan keyin Byukenen favqulodda holat yoki tabiiy ofatlar yoki yirik investitsiya loyihalari sababli xarajatlar vaqtga nisbatan “tig‘izlashib”, “g‘ujlashib” qolgan hollardagina qarz olishni maslahat beradi. Qarzlar qisqa muddatli, “iste’molchilik” loyihalarini moliyalashtirishning manbai tarzida mutlaqo nomaqbul. Bu holda xarajatlarning nafi butunlay hozirgi avlodga tegadi, qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlarini kelajak avlod to‘lashi kerak bo‘ladi. Va aksincha, xarajatlarni faqat soliqlar hisobiga qoplash davlatning investitsiyalarga e’tiborini susaytiradigan qarorlar qabul qilishiga sabab bo‘ladi. Har bir qarz uchun amortizatsiya grafigi tuzilishi lozim. Qarz asosiy kapitalga investitsiyalar natijasida paydo bo‘lganda amortizatsiya vaqt bo‘yicha asosiy kapital elementlarining xizmat muddati (unumli foydalanish) bilan mos tushishi, ya’ni investitsiya loyihalari o‘zini-o‘zi qoplaydigan bo‘lishi lozim. Masalan, davlat tezyurar avtomagistral qurish uchun qarz olishi mumkin, faqat shart shuki, qarzlar avtomagistral qurilib, mamlakat aholisiga foyda yoki davlatga daromad keltirganidan keyin amortizatsiya qilinadi. Bunday “maqsadli” investitsiya loyihasi kapital xarajatlar qarzlar bilan muvozanatlanadigan, soliqlari yo‘q bo‘lgan maxsus byudjetni yarashish to‘g‘risida o‘ylab ko‘rishga da’vat etadi. 4-qoida faqat xarajatlar davridan keyingi davrlarda foyda olish istiqboli xarajatlarni qoplash uchun pul topish chiqimlarini kelajakka o‘tkazish maqbul ekanligini oqlaydi. Bu qoidada ko‘riladigan naflar kelajak avlodga nasib etishi sababli xarajatlar biron-bir tarzda g‘oyib bo‘ladi deb o‘ylashga asos beradigan hech narsa yo‘q. Davlatning urushlar vaqtidagi xarajatlari ham favqulodda xarajatlar hisoblanadi. Bu o‘rinda ikki holat haqida gapirish mumkin. Birinchi holat (klassik) – resurslarni davlatga foydalanish uchun ixtiyoriy berish. Bu holda 1- va 2-qoidalar amal qiladi: tinchlik davrida byudjet muvozanatlangan, saqlov fondini yaratish uchun qisman profitsitli; urushlar vaqtida favqulodda xarajatlar qarzlar bilan moliyalashtiriladi. Ikkinchisi – noklassik holat, favqulodda xarajatlarni tijorat banklari tomonidan majburiy moliyalashtirilishi. Davlat qimmatli qog‘ozlarini bank tizimida joylashtirish yashirin pul emissiyasi hisoblanadi. Resurslarni xususiy sektordan davlat sektoriga o‘tkazish ro‘y bermaydi va “harbiy” qarzlar (zayomlar) bo‘yicha foiz to‘lovlari mutlaqo majburiy emas. Klassik nazariya, agar davlat qarzni daromadlarni qayta taqsimlash yo‘lida ishlatmaydigan hollardagina pul berishni davom ettirish va nominal davlat qimmatli qog‘ozlarini chiqarmaslikni maslahat beradi. Bu 5-qoidadir. Klassik nazariyada barqarorlashtirish mazmunidagi maslahat, yo‘l-yo‘riqlar ham bor. Bu yo‘riqlar “so‘nggi” klassiklar tomonidan XIX asrning o‘rtalarida ifodalab berilgan va “sog‘lom moliya”ning “ilk klassiklar” tadqiq etmagan tomonlarini to‘ldiradi. Ular ishsizlik, inflyatsiya kabi noklassik muammolarga tegishlidir. Klassik nazariyaga ko‘ra depressiyalar vaqtida xarajatlarni moliyalashtirishning ideal manbai pul emissiyasidir. Bu 6-qoida. Yangi pul hisobiga “ishsiz” resurslarni jalb etib, davlat qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlariga o‘xshagan fiskal yukini yaratmaydi. Pulni bosib chiqarish qiymati ularni tijorat banklariga sotishdan olinadigan tushumlardan juda ham past, ya’ni xarajatlar senoraj – pul ishlab chiqarishga davlat monopoliyasidan olinadigan foyda bilan qoplanadi. Qarzlar pul emissiyasining muqobili bo‘lishi kerak, ular pulning yomon sun’iy namunasiga aylanmasligi lozim. Inflyatsiya yuqori bo‘lgan vaqtda qarzning yagona maqsadi bank sektoridagi ortiqcha likvidlikni “yuqumsizlantirish”, ko‘paymaydigan qilish. Agar barqarorlashtirish mezonlari xususiy sektorning xarid qobiliyatini qisqartirish maqsadga muvofiqligidan darak bersa, klassik nazariya davlat qimmatli qog‘ozlarini musbat daromaddorlik bilan sotishni maslahat beradi. Bu 7-qoida. Qarzlardan inflyatsiyaga qarshi kurashda foydalaniladigan bo‘lsa “qarzlar – xarajatlar” klassik operatsiyasi yarim yo‘lda qolib ketadi. Qimmatli qog‘ozlarni sotishdan olingan pul davlat tomonidan xarjlanmaydi, davlat nazorat qiladigan resurslarni ko‘paytirmaydi, nobank sektoridan markaziy bankka muomaladan chiqarish uchun qaytariladi. Natija – deflyatsiya (hech bo‘lmaganda qarzlar bo‘lmagan holatga nisbatan) bilan yakunlanadi. “Antinflyatsion” qarzlarga xizmat ko‘rsatish chiqimlari kelajak avlod zimmasiga tushadi. Qarzdor xususiy shaxs, firma bo‘lmay, balki davlat bo‘lsa mas’uliyatsiz harakatlar ehtimoli yuqori bo‘ladi. Chunki faqat davlat soliq yig‘adi va pul bosib chiqaradi. Faqat davlatgina defolt yuz berganda kreditorlar “bosqini”ga dosh berishi mumkin. Mana, nima sababdan klassik nazariya davlat qarziga juda qattiq cheklovlar qo‘yishni talab etadi. Klassik nazariya qat’iy cheklovlar bo‘lmasa, davlat aktivlari o‘sishi qarz o‘sishiga teng qiymatli bo‘lmay qoladi deb ta’lim beradi. Aktivlar o‘rniga qarz hisobiga mehnatga qobiliyatli aholining kelajak daromadlari shakllantiriladi. Bunday stsenariyada kelajak avlod fiskal yuki bilan to‘qnash keladi, bu yuk esa faqat o‘tgan avlodlarning va ularning boshida turgan siyosatchilarning isrofgarchiligi va behuda sarflari orqasida paydo bo‘ladi. Endi barqarorlashtiruvchi defitsit nazariyasining normativ qoidalarini ko‘rib o‘tamiz. Keynsning ko‘pgina safdoshlari, shu jumladan Elvin Xansen ham, davomli defitsitga qarshi bo‘lganlar va uning tugatilishini “sog‘lom moliya” ruhidagi maqtovga loyiq siyosiy maqsad deb hisoblaganlar. Ammo Lerner fikricha, byudjet siyosati “sog‘lom moliya”ga emas, balki “funktsional moliya”ga tayanishi lozim. U “funktsional moliya”ning uch asosiy tamoyilini taklif etadi: Soliqlarni shunday yig‘moq va sarflamoq kerakki, ishlab chiqarish to‘liq bandlik holida va inflyatsiyaga o‘rin bo‘lmaydigan sharoitlarda rivojlansin (“daromadlarni ko‘tarish” yoki “inflyatsiyani tugatish” maqsadlarida emas). Faqat kishilarning qo‘lida bo‘lgan pul va davlat qimmatli qog‘ozlari nisbatini o‘zgartirish uchun qarzga pul olish va pul berish (“mablag‘larni jalb etish” yoki “qarzni uzish” maqsadlarida emas). 1- va 2-tamoyillarni faqat o‘zaro bog‘lash maqsadlarida pul bosib chiqarish va uni yo‘qotish. Lerner “sog‘lom moliya” yordamida bartaraf etilishi lozim bo‘lgan muammolar yo haqiqatdan yiroq, hayoliy yoki “funktsional moliya” yordamida allaqachon bartaraf etilganligini ko‘rsatib berdi. Qarz yukini yoqlaydigan dalillar ishonarli emas va qarz yuki – xom xayol. Defitsit resurslarni avlodlar o‘rtasida taqsimlamaydi, balki xarid qobiliyatini avlodlar ichida qayta taqsimlaydi. 1-tamoyilga amal qilish qarz yordamida moliyalashtirish va/yoki pul taklifining o‘sishi inflyatsiyani kuchaytiradi degan qo‘rquv-xavotirlarni yo‘qotadi. Nihoyat 2-tamoyilga amal qilish davlat xususiy qarz oluvchilarni kredit bozoridan siqib chiqaradi degan xavotirlarga chek qo‘yadi. Lernerda davlatning soliq va xarajatlari, qarz va ssudalari, xaridlari va savdolari iqtisodiyotga ta’sir ko‘rsatish dastaklaridir. Eng muhimi, iloji boricha manfaatli va samarali bo‘lishi uchun bu ta’sirni qanday amalga oshirish davlatni tashvishga solishi kerak. Davlat siyosatini baholash mezonlari faqat uning funktsional jihatlarini aks ettirishi lozim. Qarz ko‘paymoqdami yoki kamaymoqdami – bu muhim emas, ammo bu – qarz iqtisodiyotga ta’sir ko‘rsatmaydi degani emas. Qarz daromadni soliq to‘lovchilardan davlat qimmatli qog‘ozlari egalariga o‘tkazadi, ammo byudjet saldosi o‘zicha davlatni bezovta qilmasligi va siyosiy munozaralar predmetiga aylanmasligi kerak. Lerner davlat faoliyatining tuzilmasi va miqyosi to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki mavjud rag‘batlar vositasida mahsulot ishlab chiqarish hajmi va tarkibini o‘zgartirishga qodir, deb hisoblagan. Davlat o‘zining shu mavqeidan hozirgi zamon kapitalizmining eng dahshatli kulfati bo‘lgan ishsizlik va ishlab chiqarish quvvatlarining to‘liq ishlamasligiga qarshi kurashda foydalanishi kerak. Defitsit va qarz esa iqtisodiyot uchun joriy yoki kelajakda ko‘riladigan zararlarsiz ortib borishi mumkin. “Funktsional moliya” tamoyillariga amal qilinadigan bo‘lsa, uzoq istiqbolda byudjetning muvozanatlashuvi tendentsiyasi o‘z-o‘zidan harakatga keladi. Eng muhimi – xarajatlarni soliqlar yordamida moliyalashtirmaslik. Soliqlardan faqat inflyatsiya yuz bergan davrlarda xarajatlarni qisqartirish uchun foydalanish mumkin23. “Funktsional moliya” byudjetni katta defitsitga yo‘liqtirmaslikni talab qilmaydi. U faqat byudjet siyosati va qarzni boshqarishni iqtisodiy yuksalishga erishish vositalariga aylantirishni taklif qiladi va shu sababli oldindan (apriari) xarajatlarni daromadlar bilan yoki absolyut va nisbiy ifodada maqbul qarzlar bilan biron-bir tarzda bog‘lashni yoqlamaydi. Asosiy narsa – xarajatlar, soliqlar, qarzlar va pul emissiyasi to‘g‘risida “sog‘lom moliya” kabi an’anaviy doktrinalar nuqtai nazaridan emas, balki ular iqtisodiyotda qanday amal qilayotganiga, qanday natija berayotganiga qarab xulosa chiqarish kerak. Xarajatlar va soliqlar shunday bo‘lishi lozimki, YaIMni to‘liq bandlikda joriy narxlarda to‘la realizatsiya qilish (sotish) mumkin bo‘lsin. Agar buning uchun qarz olish yoki pul emissiyasi zarur bo‘lsa, bu holda ularni yaxshi yoki yomon deb bo‘lmaydi; ular faqat bandlikni oshirish va narxlarni barqarorlashtirish vositasi, xolos. Shunday qilib “funktsional moliya” iqtisodiy tahlilga qadar byudjet to‘g‘risida “og‘iz ochmaydi”. Agar iqtisodiy tahlil ushbu vaziyatda muvozanatlangan byudjet iqtisodiy gullab-yashnashning eng yaxshi vositasi ekanligini ko‘rsatadigan bo‘lsa, hatto muvozanatlangan byudjet ham davlat moliyasiga funktsional yondashuvga zid kelmaydi. “Sog‘lom moliya” tarafdorlari “funktsional moliya”chilar bilan yagona bir masalada kelisha olmaydi: “funktsional moliya” muvozanatlangan byudjetni maqsadga erishish vositasi emas, balki birdan bir maqsad deb biladi. Ochiq-oydin ko‘rinib turgan, salbiy iqtisodiy natijalarda ham muvozanatlangan byudjetga yopishib olish (yoki qarzni uzish maqsadlarida profitsitni ko‘zlab) endi bu “funktsional” emas, balki “diffunktsional moliya”dir. Bunday yondashuvda, – deydi Lerner, – soliqlar va qarzlar xarajatlarni moliyalashtirish manbai bo‘lishdan to‘xtaydi. Davlat soliq yig‘ish va qarz olishni xususiy sektorga to‘lash uchun pul zarurligidan amalga oshirmaydi. Pulni bosib chiqarish mumkin ekan, soliqlar va qarzlar davlatga pul keltirishining hech qanday ahamiyati yo‘q. Soliqlarning yagona vazifasi – fuqarolar va xususiy firmalar faoliyatiga ta’sir ko‘rsatishi qarzlarning yagona vazifasi, maqsadi – defitsit byudjet sharoitida bank rezervlarini va pul bozorining foiz stavkalarini boshqarishdir24. Lerner qarz yuki va defitsitning zarari to‘g‘risidagi munozaralarni chetlab o‘ta olmadi. U “keskin” nuqta nazarni ham (defitsit foiz darajasini ko‘tarib yuboradi, inflyatsiyani kuchaytiradi, fiskal siqib chiqarishni yuzaga keltiradi va qarz yukini kelajak avlod zimmasiga o‘tkazadi), “muloyim” nuqtai nazarni ham (agar davlat kapital byudjetni joriy byudjetdan ajratib olib, defitsit va qarzni boshqacha usulda hisoblaganda muammo bu qadar jiddiy tus olmagan bo‘lar edi) yoqlamagan. Uning nuqtai nazari ularning har ikkalasidan farq qiladi. Masalan, lernercha “temir” mantiqqa ko‘ra, qarzlar xarajatlardan oldin emas, ularning izidan, keyin yurishi kerak (shunda “qarz olish” atamasining to‘g‘riligiga va bu atamaning davlat qimmatli qog‘ozlarini sotishda qo‘llanilishiga shubha bildirish mumkin), defitsit esa foiz stavkalarini yuqoriga siljitmaydi (hozirgi tasavvurlardagi kabi), balki pastga tushiradi. “Funktsional moliya” hatto Keynsni ham lol qoldirgan. Sobiq marksistning bu qadar pisandsiz nazariyasi ko‘pgina iqtisodchilarni g‘azabga keltirdi. Ammo Keyns va uning “lashkari” tezda tinchlandi va Lernerni qo‘llab-quvvatlash tomoniga o‘tdilar. Chunki uning takliflari qarz olib moliyalashtirish yo‘lidagi ikki asosiy intellektual to‘siqni – “sog‘lom moliya”ning 1-qoidasini va fiskal siqib chiqarish oqibatlarini bartaraf etar edi. Qarz yukining kelajak avlodga o‘tishini inkor etish esa (bu o‘rinda qarzlarning xarajatlarni moliyalashtirish manbai tarzida maqbul yoki maqbul emasligi masalasiga daxl qilmasdan) mustaqil qarz oluvchining mas’uliyatsiz faoliyatiga yo‘l yo‘qligini bildiradi. Hammasi mantiqli. Download 0.62 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling