2-mavzu. Falsafaning taraqqiyot bosqichlari vaqt -2 soat Reja


Download 156.57 Kb.
bet2/2
Sana16.06.2023
Hajmi156.57 Kb.
#1496422
1   2
Bog'liq
2-mav

So’fiylar Allohni jon-dilidan sevish, uning zoti va sifatlarini tanish va bilish, ko’ngilni nafsu xirs g’uboridan poklab, botiniy musaffo bir holatda Iloh vasliga etishish va bundan lazzatlanish g’oyasini keng targ’ib qilganlar. Inson ruhi ilohiydir va demak, asosiy maqsad-ilohiy olamga borib qo’shilmoqdir, deganlar.
IX asr boshlarida tasavvufning nazariy asoslari ishlab chiqildi va alohida ilm sifatida o’rganila boshlandi. Uning to’rt bosqichi asoslandi.
SHariatga ko’ra, so’fiylar shariatning, ya’ni islom huquq tizimi, axloqiy mezonlari, amaliy faoliyatlarining barcha talablarini tan olishi va sidqi dildan bajarishlari kerak, shundagina ular tariqatga ko’tarila oladilar. Tariqatda solik o’ziga murshid-pir topishi va unga qo’l berib so’fiylik yo’liga kirishi, o’z piriga so’zsiz itoat etishi, o’z shaxsiy istaklaridan voz kechib, uning izidan borishi shart.
Ma’rifat bosqichida so’fiylar koinotning birligi xudoda mujassam bo’lishini, olam-Xudoning emanatsiyasi ekanligini, ya’ni u Xudodan bosqichma-bosqich kelib chiqqanligini, yaxshilik bilan yomonlikning nisbiyligini aql bilan emas, qalb bilan anglashlari zarur. Bunda u pir darajasiga ko’tarilib, murid oladi. Haqiqat bosqichida "haqiqatga erishuv" so’fiyning "shaxs sifatida tugab" Allohga etishishi, unga singib ketishi va natijada abadiylikka erishishidir.
Haqiqat tasavvufda dinning ichki mohiyati, shariat esa tashqi yuzidir.
Turk-islom dunyosida buyuk mutasavvuf olim deb tan olingan, Sharq tasavvufida o’chmas iz qoldirgan "YAssaviya" tariqatining asoschisi va turkiy klassik she’riyatining daho vakili Xoja Ahmad YAssaviy XII asrda yashab ijod etdi. U Sayramda SHayx Ibrohim xonadonida tavallud topgan, vafot etgan vaqti 1166-1167 y. (1993 y.musulmon Sharqi YAssaviyning 900 yilligini nishonladi). YAssaviy buyuk mutasavvuf YUsuf Hamadoniyning shogirdlaridan. Ahmad YAssaviyning dunyoqarashi, falsafasi uning "Hikmatlar" asarida o’z ifodasini topgan. "Hikmatlar" turkiy adabiyotning noyob yodgorliklaridan biri bo’lib, muallifning islom dini, kalom falsafasi va tasavvufni chuqur o’zlashtirganini, o’sha davr ijtimoiy tartiblari, xalq hayotini yaxshi bilganidan dalolat beradi.
YAssaviy "Mavtu qabla anta mavti" ("o’lmasdan burun o’ling") tezisini ilgari surar ekan, fanolikni da’vat qiladi... Uning fano falsafasini xoksorlik bilan barobar beozorlik, sevmak, muhtojlikdan o’zni qutqarmoq ma’nolarida ham mushohada etmoq kerak. U fano orqali erkka intilish, ilohiy hurlikka muhabbat mayllariga alohida urg’u bergandir. YAssaviy uchun fano abadiyatga intilishdir.
Kubroviya tariqatining asoschisi Najmiddin Kubro - Ahmad ibn Umar Abul Janob Najmiddin al-Xevaqiy al-Xorazmiydir (1145-1221). Bu tariqat butun dunyoda mashhurdir. Bu ta’limot muxlislari musulmon dunyosida hozirda ham ko’p.
"Najmiddin", "Kubro" so’zlari shayxga berilgan yuksak ilmiy darajalardir ("dinning yulduzi","ulug’ olim" ma’nolarini anglatadi).
Najmiddin Kubroning "Risolat min muallif ani SHayx-ul-millat va ad-din al-Kubro", "SHarhi risolai odob az-zikr", "Risolai SHayx Najmiddin" singari asarlari bor.
Kubro ta’limoticha, Olami Kabir-ilohiy olam, olami Sag’ir-inson. Inson ichki ruhiy kechinmalar, toat-ibodat yo’li bilan olami Kabirdagi ilohiy haqiqatni izlaydi, unga dili va iymoni bilan asta-sekin yaqinlashaveradi. Xudoni bilish, uning birligini tan olish, ilohiy qudratning mohiyatini dildan anglash olami Kabirni bilish yo’lidir. Bu haqiqatga asosan zikr, intuitsiya, ichki ruhiy tahlil orqali erishiladi. Tasavvufga inson muammosini olib kirish Kubroning buyuk xizmatlaridan biridir. Tasavvuf mavhum tafakkur, tarkidunyochilik doirasidan chiqib, haqiqiy inson muammosini o’rgana boshlagach, falsafaga aylanadi. Kubroda inson faqat ilohiyotga intiluvchi, o’zini butunlay unutgan mavjudot emas, balki ijtimoiy imkoniyatlari bor bo’lgan kuch sifatida ham talqin qilinadi.
Najmiddin Kubroning juvonmardlik g’oyalarini tariqatga, so’fiylar hayotiga izchil singdirib yuborishi uning tasavvuf tarixidagi yana bir xizmatidir.
Markaziy Osiyo, YAqin va O’rta Sharq mamlakatlarida keng tarqalgan, o’z davriga nisbatan ilg’or oqim bo’lmish "naqshbandiya" tariqati Xoja Muhammad Bahovuddin Naqshband (1318-1389) nomi bilan bog’liqdir. Bu tariqat "Xojagon" nomi bilan ham mashhur. Mazkur nom Xoja Abduxoliq G’ijduvoniy ismi va ta’limotiga ishoradir. "Naqshbandiya" tariqatining birinchi ma’naviy otasi va asoschisi Abduxoliq G’ijduvoniydir. YUsuf Hamadoniy Xurosonga ketgandan so’ng G’ijduvoniy (YAssaviydan keyin) uning ishini davom ettirgan. YUsuf Hamadoniy (4 ta), G’ijduvoniy (4 ta) va Naqshband (3ta) tomonidan ishlab chiqilgan 11 ta qoida Naqshbandiya tariqatining asosiy mezonlari bo’lib qoldi (bu haqda qarang: Falsafa: qomusiy lug’at, 297- 298 -betlar).
Naqshbandiya ta’limotini XIV asrda har tomonlama puxta asoslagan, mustahkamlagan va butun musulmon olamiga yoygan Xojai buzrug-Bahovuddin Naqshbanddir. U 1318 yilda Buxoro yonidagi qasri Hinduyon qishlog’ida tug’ildi. So’ngra Xazrat sharofati bilan bu qishloq "Qasri orifon" deb atala boshlandi. "Naqshband" tahallusi - "Ollohni dilga jo, naqsh qilish" ma’nosida.
Naqshband ta’limotining asosida ixtiyoriy ravishdagi faqirlik yotadi. Bu ta’limot “Dil ba yoru dast ba kor” tamoyiliga amal qiladi. Naqshbandlik tariqatida nafaqat iymon – e’tiqod, ilohiy qoidalar, balki dunyoviy g’oyalar, insonparvarlik, axloq –odob qoidalari mujassamlashgan.
Naqshbandik ta’limoti butun musulmon dunyosida besh asrdan ziyod muhim rol o’ynadi. Bu g’oya o’z davrida ilm-ma’rifatning, madaniyat va adabiyotning buyuk namoyondalari bo’lgan Jomiy, Navoiy, Mashrab, Mahtumquli kabi yuzlab ulkan mutafakkirlarning, temuriylar, boburiylar va boshqa o’nlab shoh, amir, malikalarning hayoti va g’oyasiga aylandi va ular orqali keng mehnatkash ommaga singdi.
Mustaqil O’zbekistonimizda o’lkamizda vujudga kelgan tariqatlar har tomonlama chuqur o’rganila boshlandi. Elimiz buyuk mutafakkir, mutasavvuf donishmandlarning halollik, poklik, imon, adlu insof, mehr-shafqat, mehnatsevarlik, vatanparvarlik kabi ilg’or umumbashariy g’oyalaridan to’la bahramand bo’la boshladi.
Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev din arboblari bilan uchrashuvda ularning Respublika ma’naviy-ma’rifiy hayotida juda katta ishlarni amalga oshirayotgani va yosh avlodni tarbiyalashda ular faoliyati muhim ahamiyat kasb etishini aloxida takidladi. Respublikamizda Islom tsivilizatsiyasi markazi tashkil etilayotganligi hamda ko’blab ma’naviy-diniy ob’yektlarni qurilayotgani ham diqqatga sazovor.
IV. XV-asr ohiridan XX asr boshigacha O’zbekistondagi ijtimoiy-falsafiy tafakkur o’rganish obyektining kengligi va murakkabligi bilan ajralib turadi.
Jahon tarixida o’chmas iz qoldirgan shaxslardan biri, shubhasiz buyuk sarkarda, jahon fani va madaniyatiga salmoqli ta’sir ko’rsatgan ulug’ "Amiri Turkiston" - Amir Temurdir.
Temur (1336-1405) barlos urug’idan bo’lib, SHahrisabz yaqinidagi Xo’jailg’or qishlog’ida dunyoga kelgan. Uzoq va mashaqqatli janglardan so’ng 1370 yili Movarounnahrning yagona hukmdoriga aylandi... U o’ziga asosiy siyosiy vazifa qilib Movarounnahrni birlashtirishni, qolaversa, o’z hukmdorligi hududlarini kengaytirishni oldi. "Qimmatli bahodirlar soyasida 27 o’lkaning xoqoni bo’ldim".Temur buyuk davlat arbobi sifatida ulkan tashqilotchilik qobiliyatini feodal munosabatlarning rivojiga, feodallar mulkini yagona davlatga birlashtirishga sarfladi. U ilmni, san’at, madaniyatni qadrlar, bino qurilishini yaxshi bilar edi. SHu sababli ham Temur o’zi zabt etgan mamlakatlarning hunarmand, fozillarini o’z poytaxti Samarqandga to’pladi.Bizgacha etib kelgan inshootlar SHohi Zinda guruhidagi maqbara, Bibixonim masjidi, SHahrisabzdagi Oqsaroy ravoqlari, Turkistondagi Xo’ja Ahmad YAssaviy maqbarasi kabilar o’sha davr me’morchiligining noyob yodgorliklaridir.
Temur vafotidan so’ng buyuk imperiya parchalana boshladi. Ulug’bek nomi bilan shuhrat qozongan Muhammad Tarag’ay (1394-1449) 40 yil davomida Movarounnahr va Xurosonga hukmdorlik qildi.
Samarqand madrasasi yirik ilmiy markazga aylandi. Bu erda Ulug’bek mashhur olimlar Muhammad Havofiy va Qozizoda Rumiy, G’iyosiddin Jamshid va Abduali Birjandiy, Mansur Koshiy va Miram CHalabiylar bilan muntazam ilmiy ishlar olib bordi.
Ulug’bek rasadxonasi o’z davrining eng mukammal va zamonaviy inshootlardan biri bo’lib jahon astronomiya fani rivojiga salmoqli hissa qo’shgan. Bu markazda 1018 yulduzning holat va harakati o’rganilgan, sayyoralar olamining sirlari aniqlangan.
Ulug’bek asarlarining markazida "Ziji jadidi Ko’ragoniy" nomi bilan mashhur bo’lgan astronomik jadval turadi.
Temuriylar davrida falsafa va mantiq ilmi rivoji ko’p jihatdan At-Taxtoniy (1290-1365), uning shogirdi Ibn Muborakshod (1310-1375) va Samarqandda yashagan ikki izdoshi-Taftazoniy (1322-1390), Ali ibn Muhammad al-Jurjoniylar nomi bilan bog’liq.
Jurjoniy bilish nazariyasi va mantiqqa doir "At-ta’rifot" ("Ta’riflar"), "Usuli mantiqiya" ("Mantiq usuli"), "Sug’ro" ("Kichik dalil bo’la oladigan hukm"), "Qubro" ("Katta dalil bo’la oladigan hukm"), "Avsat dar mantiq" ("Mantiqda o’rta xulosa") kabi fors tilidagi asarlar muallifidir.
Jahon fani va madaniyati tarixining yorqin daholaridan biri, shubhasiz, Alisher Navoiydir (1441-1501). Navoiy ulug’ gumanist, donishmand faylasuf, davlat arbobi, o’zbek adabiy tilining asoschisi, o’zbek mumtoz adabiyotini yangi taraqqiyot bosqichiga ko’targan buyuk so’z san’atkoridir.
Alisher Navoiyning ijodi shu darajada keng qamrovliki, uning yozgan asarlarida ko’tarilgan muammolarni o’rganib nihoyasiga etish qiyin.
Navoiy falsafiy qarashlarining asosini ilohiyot va borliq, tasavvuf va kalom falsafasi, inson va uning o’zligini tanish kabi masalalar tashqil qiladi. Navoiyning tushunishicha, ilohiyot-xudo-xoliq, ya’ni yaratuvchi, koinot ("O’n sakkiz ming olam"), uning butun ko’rinishlari bilan maxluq, ya’ni yaratilgan. Odam ham maxluqotlardan biri. Alloh butun borliqning yagona moyasi, ya’ni substantsiyasidir. Avval boshda Allohdan bo’lak hech kim, hech narsa bo’lmagan. U cheksiz imkoniyat va qudrat sohibi sifatida borliqni yaratgan. Butun borliq Allohning imkoniyati va qudratining namoyon bo’lishi, uning zuhuri-in’ikosidan iboratdir.
Navoiy o’z falsafiy qarashlarini falsafiy dostoni "Lisonut-tayr"da atroflicha ko’rsatgan. Navoiy "Lisonut-tayr"da: "To’rt unsur, etti ko’k va oltita tomon-bular koinotning nodir va eng oliy asosini tashqil etadi. Koinotdagi barcha narsalar ichida hammadan ham eng ulug’i inson bo’lib, uning kamoloti oldida aql hayron qoladi", deydi. Insonning kamolot yo’li mana shu haqikatni chuqur o’ylashdan boshlanadi. Va u asta-sekin o’zligini izlaydi. O’zligini tanish orqali olamni taniydi. Olamni tanish uni bu olamda g’am va g’aflatda tutqin yashashdan qutqaradi...
Har vaqtki ko’rgasen mening so’zimni,
So’zimni o’qib anglag’aysan o’zimni.
Darhaqiqat, Boburni (1483 -1530 y.) bilish, anglash uchun eng ishonchli manba uning asarlaridir. Boburning har bir satrida uning «meni» gavdalanadi. Boburona satrlarda uning qalbi, dunyoqarashi, hajr - alamlari, muhabbati - hamma-hammasi o’zligini ko’rsatib turadi.
Boburning falsafiy dunyoqarashi kundalik, badiiy, diniy va ilmiy dunyoqarashning murakkab sintezi tarzida namoyon bo’ladi. Bobur dunyoqarashi taxt uchun kurashlarda, feodal fitnalariyu qilichlar zarbida, yaqin kishilarining xoinligiyu harbiy mag’lubiyatlarida, ot egarlariyu dashtdagi yalangoyoqliklarida, do’stlarning dushmanga aylanishiyu sha’nu shavkatga erishish ilinjidagi harakatlari, ona yurt sog’inchiyu davlat, izzati ayrilig’ida, sevgi iztiroblari va visol quvonchlarini madh etishida shakllandi. Bobur dunyoqarashining shakllanishida u o’zlashtirgan nazariy bilimlarning roli benihoyaligini e’tirof qilgan holda aytish kerakki, bunda u yashagan muhit, real hayot belgilovchi ahamiyat kasb etdi.
“Boburnoma” asari jahon ma’naviy madaniyatida muhim ahamiyatga ega. U bayon qilingan voqea-hodisalarning rang-barangligi va obyektivligi, sermazmun va chuqurligi, tili va uslubi bilan o’rta asrda yozilgan barcha solnomalardan farqlanib turadi. Bobur mazkur asarni o’zi ko’rgan, boshidan kechirgan yoki zamondoshlarining aniq shahodati bo’yicha bayon qilgan materiallar asosida yozgan. Asarning yutug’i bayon qilinayotgan narsalarga tanqidiy munosabatning kuchliligidir. Asarda o’sha davr jamiyati va asarda tilga olingan tarixiy shaxslarning yutuq va nuqsonlari, kamchiliklari, xolisona ko’rsatiladi.
Boburning tilga olingan voqea-hodisalarga nisbatan obyektiv, tarixiy faktlarni o’z holicha berishga urinishi, haqiqatni naqadar achchiq bo’lmasin ro’yi-rost yoza olishi uning komil insonligidan dalolatdir.
IV. XVIII asr va XIX asrning birinchi yarmida uch xonlik - Buxoro, Xiva, Qo’qon xonliklari o’rtasida o’zaro kurashlar kuchaydi, ijtimoiy hayotda tushkunlik zo’raydi, diniy-tasavvuf oqimlarining ta’siri kuchaydi.
Bu davrda O’rta Osiyodagi falsafiy fikr rivojini belgilovchi ikki asosiy yo’nalishni ajratib ko’rsatish mumkin:
a) XVI-XVII asrlardagi ijtimoiy-falsafiy fikrning rivoji.
Bu davrda ko’zga ko’ringan olimlar Mirzajon SHeroziy, YUsuf Qorabog’iy, Muhammad SHarif Buxoriylar falsafa, tarix, tilshunoslik va boshqa sohalarga oid asarlar yozdilar.
b) XVII-XIX asrning birinchi yarmidagi rivoji. Bu davrda yirik falsafiy asarlarni uchratmaymiz, borlari sharhlar, xoshiyalar, shoirlarning falsafiy fikrlari, qarashlar tarzida namoyon bo’ldi. Umuman XVI-XVII asrlarni falsafiy fikr sohasidagi sustlashish deyilsa, XVIII-XIX asr birinchi yarmini nisbatan inqirozga yuz tutish davri deyish mumkin.
Bu davrning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy, falsafiy hayoti rivojida Hindistonda - Boburiylar saltanatida ijod qilgan mutafakkirlarning o’ziga xos o’rni, mavqeyi bor. Ular Muborak Nagoriy, Jaloliddin Tanisoriy, Mirzo Bedil, Hakim Siyolkutiy, Muhibillo Hindiy va boshqalardir.
Mirzo Bedil(1644-1721) serhosil adib va faylasufdir; u 120 ming misradan ortiq she’riy, 25 bosma taboq nasriy asar yozgan. Bularning asosiy qismi "Kulliyot"ga kirgan. Bu asarning 1882 yilda Bobeyda nashr etilgan nushasida 16 kitob bor; 90-100 ming bayt mavjud. Bedil Sharq adabiyoti va falsafasida yaxshilikka intilishi bilan o’zini tanitdi va shuhrat qozondi.
"CHor unsur"da Bedil o’zining bolalik, o’spirinlik, yigitlik va qarilik chog’laridan xabar beradi. SHu bilan birga bu asarda Bedil to’rt unsur: havo, suv, er va olov to’g’risida fikr yuritadi; o’simlik, hayvonot va odamning paydo bo’lishi masalasida o’z qarashlarini bayon etadi. "CHor unsur"ning to’rtinchi unsurga bag’ishlangan qismi, ayniqsa, diqqatga sazovordir.
Bedilning shoh kitobi - entsiklopedik asar "Irfon"-"Bilim"da u tabiiyot, adabiyot, falsafa, sotsiologiya masalalariga to’xtaladi. U bu asarning kirish va so’nggi qismida islom dini, kalom va tasavvuf masalalariga e’tiborni qaratdi.
Bedil "Irfon"da borliq, materiya, zarrachalar, organik va anorganik tabiat haqida, o’simliklar, hayvonot va odamning paydo bo’lishi to’g’risida fikr yuritadi. Borliq-xasti, yo’qlik-nisti, fano-vaqtinchalik, baqo-abadiylik singari falsafiy tushunchalar ustida fikr yuritadi.
Bedil dunyoqarashi panteyistik xarakterdadir.
Boborahim Mashrab(1640-1711) o’z ijodida mashhur so’fiylardan Boyazid Bistomiy, Mansur Xalloj, Nasimiylar g’oyalariga ergashadi, ularga e’tiqod qiladi. Qizig’i shundaki, tasavvufning bu buyuk vakillari zohid va shayxlarning faoliyatidan qoniqmaganlar, ular tomonidan bir umr ta’qib qilinib, oxir-oqibatda qatl qilinganlar. Mashrab qismati ham shunday tugadi.
Tasavvufning qalandarlik tariqatini tanlagan Mashrab moddiy, real olamga sig’maydi, undan o’z o’rnini topa olmagach, o’zini koinotga qo’shilib ketgandek sezadi. Mashrab uchun lomakon, cheksiz, intihosiz yo’qlikkina birinchi darajali qimmatga ega. Mashrab o’zini doimo u dunyo ostonasida deb biladi. Ostona-ikki dunyoni birlashtiruvchi, tutashtiruvchi ko’prik...
Uning falsafasida inson maqsad va murodga etishish uchun adolatsizlik, zo’ravonlik, jabr-zulmga, firibgarlik va munofiqlikka, razillik va yomonliklarga qarshi kurash uchun qalandar bo’lishi kerak.
V. XIX asr ohiri XX asr boshlarida Turkistonda ma’rifatparvarlik harahati boshlandi.
Turkistondagi ma’rifatparvarlik harakatini maqsadi va ularning hal qilinishiga qarab uch davrga - bosqichga bo’lish mumkin: a) ma’rifatparvarlik harakatining ilk bosqichi; b) ma’rifatparvarlik harakatining demokratik bosqichi; v) jadidizm bosqichi.
Ma’rifatparvarlik harakatining ilk bosqichi namoyondalari o’lkani ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy sohada orqada qolishi sababi mavjud xonlik tuzumi deb, uni tanqid qildilar. Ular ma’rifatli, odil hukmdor orqali mamlakatni qoloqlikdan chiqarish mumkin deb, xalqni Evropa madaniyati, ilm-fanini o’zlashtirishga, ma’rifatni egallashga chaqirdilar. Bu harakatning boshida Ahmad Donish (1827-1897) turdi. Moskva va Sankt-Peterburgga uch marta safar qilgan bu alloma (uning "Navodirul vaqoe","Mang’it amirlarining tarjimai holi" kabi asarlari bor) o’z vatani qoloqligining asosiy sababi Buxoro amirlarining davlatni boshqarishdagi uquvsizligi deb bildi. Uningcha, Buxoroda davlat tuzumi isloh qilinsa, davlat hukmdori donishmand va ma’rifatparvar bo’lsa, mamlakatni qoloqlikdan olib chiqish mumkin. Ana shu maqsadda Donish mamlakat boshqaruvini isloh qilish loyihasi bilan amirga murojaat qildi.
Sattorxon Abdulg’afforov (1843-1902) xonlik tuzumini qonunsizlik va poraxo’rlikda, mamlakat farovonligi, ilm-fan rivoji haqida hech qanday g’amxo’rlik qilmaslikda aybladi, ma’muriy organlarga chorizm tomonidan o’tkaziladigan saylovlarni tanqid qildi. Sattorxonning fikricha, jamiyat taraqqiyotining asosini ilm-fan, ma’rifat tashqil qiladi, Sattorxonning ma’rifatparvarlik faoliyati o’z xalqiga chuqur muhabbat, xalq ommasini ma’rifatli qilish ishiga sadoqat tuyg’ulari bilan sug’orilgan edi.
Furqat (1858-1909) xonlik tartiblari mamlakat rivojiga g’ov, deb qaragan, xon va beklarning o’zaro urushlari xalqqa og’ir kelganini uqtirgan. Furqat ilm-fan jamiyat taraqqiyotining asosiy kuchi deb tushunadi. Furqat asarlarining bosh mavzui maorifga da’vatdir.
XIX asrning 90-yillarida o’lkada ijtimoiy ziddiyatlar keskinlashdi, xalqning zulmga qarshi noroziligi kuchaydi. Bu hol ijtimoiy fikrda ham o’z aksini topdi. Ma’rifatparvarlik harakatining demokratik bosqichi boshlandi. Bu bosqich Muqimiy (1851-1903), Zavqiy (1853-1921), Anbar Otin (1870-1914), Avaz O’tar (1884-1919) kabi mutafakkirlar nomi bilan bog’liq.
Ma’rifatparvarlik harakatining yuqori, sifat jihatidan yangi bosqichi jadidizm bo’lib, bu harakatning ijtimoiy ildizini yangi tarixiy sharoitda shakllanayotgan ziyolilarning milliy ozodlikka intilishidan izlamoq kerak.
Jadidizm ("jadid" arabcha, yangi, yangilik ma’nosini anglatadi) ijtimoiy fikr sifatida XIX asrning 80-yillarida Qrim tatarlari orasida paydo bo’ldi. Uning asoschisi buyuk ma’rifatchi, turkiy dunyodagi eng mashhur kishilardan biri Ismoilbey G’aspirali (Gaspirinskiy) (1851-1914) edi.
Jadidizm O’rta Osiyoga, jumladan O’zbekistonga XIX asrning oxiri va XX asrning boshlarida kirib keldi. Jadidlar harakati o’zining boshlang’ich davrida ijtimoiy tarkibi jihatidan turli xil tabaqa vakillarini birlashtirgan edi. Milliy ziyolilarning barcha ilg’or vakillari bu harakatda qatnashdilar. Butun Turkistonni qamrab olgan bu harakatning boshida yosh buxoroliklar, yosh xivaliklar, Mahmudxo’ja Behbudiy, Munavvarqori, CHo’lpon, Abdurauf Fitrat, Abdulla Avloniy kabi o’nlab ilg’or fikrli, g’oyaviy-siyosiy etuk, barkamol, xalq dardi bilan yonib-kuyib yashaydigan, fidoyi kishilar turdilar. Ular jamiyat taraqqiyotini yangi yo’nalishga solib yuborish maqsadida maorif, tarixni o’rganish, adabiyot, matbuot, san’at, din sohalarida isloh o’tkazish, odob-axloq, e’tiqod, adliya, sog’liqni saqlash sohalarini qayta ko’rib chiqish, xotin-qizlar ahvolini, ijtimoiy-madaniy turmushning barcha jabhalarini yaxshilash g’oyalari bilan chiqdilar.
Jadidlarning, ilg’or o’zbek ziyolilarining Milliy mustaqillik uchun kurash yo’llari o’lkada uch asosiy yo’nalishda bordi:
1) Milliy mustaqilligimizni nazariy asoslashga urinish;
2) San’at, badiiy ijodda mustaqillik uchun kurash g’oyalari;
3) Milliy mustaqillik uchun olib borilgan amaliy siyosiy harakatlar.
Jadidchilik harakatining yirik namoyondasi, uning nazariyotchilaridan biri Mahmudxo’ja Behbudiy (1879-1919) o’zining chuqur bilimga egaligi hamda favqulodda qobiliyati bilan ajralib turar edi. U o’z uyida yangi usul maktabini ochdi va maktabda tarix, geografiya, adabiyotdan dars berdi, o’zbek va fors tillarida bir necha darsliklar yozdi. Behbudiy Samarqandda kutubxona tashqil qildi. 1913 yildan "Samarqand" ro’znomasi va "Oyna" oynomasini nashr qila boshladi. U milliy teatr, dramaturgiya, o’zbek teatrshunosligiga ham katta hissa qo’shdi.
Behbudiy islohni maktab va madrasalardan boshlash zarur, chunki din va millatni himoya qiluvchi mustahkam vosita maorifdir, deydi "Padarkush" asarida. U biz madaniyat va iqtisodiyot sohalarida o’zga millatlarga qaram bo’lishni istamasak, zamonaviy milliy qadrlarni tayyorlashimiz kerak, deb uqtiradi. Behbudiy zamonning ilg’or vakili bo’lish istagidagi yoshlarning o’tmish ma’naviy madaniyatini ham chuqur bilishiga e’tibor qaratadi. U umuminsoniy madaniyat yutuqlari, fan, pedagogik fikr yangiliklarini targ’ib qildi, ingliz, frantsuz, nemis tillaridan birini bilish zarur, deb ko’rsatdi.Behbudiy Turkistonni idora qilishni isloh qilish haqidagi loyihasini ishlab chiqdi.
Abdulla Avloniy (1878-1934) o’zbek bolalar adabiyoti, o’zbek milliy teatri, dramaturgiyasi, pedagogikasi va matbaachiligi asoschilaridan biridir. U butun ongli faoliyatini ta’lim, tarbiya, ma’rifat masalalariga bag’ishladi.
I.A.Karimov Abdulla Avloniyning "Tarbiya biz uchun yo hayot - yo mamot, yo najot - yo halokat, yo saodat - yo falokat masalasidir", degan fikrini juda ko’p mushohada qilishini aytib, buyuk ma’rifatparvarning bu so’zlari asrimiz boshida millatimiz uchun qanchalar muhim va dolzarb bo’lgan bo’lsa, hozirgi kunda biz uchun ham shunchalik, balki undan ham ko’ra muhim va dolzarbdir, deydi. Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev ham Avloniy va umuman jadidlarga yuksak baho beradi.
Qomusiy tafakkur va aql egasi bo’lgan Abdurauf Fitrat (1886-1937) juda ko’p bilim sohalarida ijod qildi (Uning ilmiy merosi 260 b.t. dan ziyod). XX asr o’zbek adabiyoti, san’ati, madaniyati, ijtimoiy-falsafiy fikr taraqqiyotining zabardast olimi va nazariyotchisi Fitratning ijodi va siyosiy faoliyatida hozirgi zamon va kelajagimiz haqidagi g’oyalar bayon qilingan. U istiqlolimiz uchun jonini tikkan fidoyilardan biridir.
Uning dastlabki yaratgan "Munozara", "Hind sayyohi", "Rahbari najot" asarlari mohiyatida jadidchilik g’oyalari yotadi. Fitratning keyinroq yozilgan "Sharq siyosati", "Sharqda inglizlar", "Turkistonda ruslar" publitsistik maqolalarida istilo siyosatining sabab va oqibatlari chuqur nazariy mushohada qilinadi, bu siyosatning turli xalqlar va millatlar hayotidagi ta’siri, salbiy oqibatlari tahlil etiladi. Uning har bir asari milliy merosni qayta tiklash va milliy istiqlol va mustaqil taraqqiyot tamoyillarini bayon etishni o’z oldiga maqsad qilib qo’ygan. Fitrat Vatanini ozod va mustaqil, xalqini hur va erkin ko’rishni vujud-vujudi-la orzu qilgandi. Mustaqilligimiz tufayli uning mustabidchilik zamonida xalqimiz xotirasidan ataylab o’chirilgan muborak nomi tiklandi, ilmiy-falsafiy merosi xalqimiz bisotiga aylandi.
Munavvarqori Abdurashidxonov (1878-1931) ham fidoiy ma’rifatparvar. U ta’lim berishning yangi dasturlaridan birini yaratgan. Rossiya imperiyasidagi xilma-xil musulmon islohotchi guruhlarning vakillari Munavvarqori tajribasini o’rganib, yangi usul maktablarining o’quv dasturini muayyan mezonga solishga urinishdi.Vatanni ozod, obod va erkin, xalqni har qanday istibdod kishanlaridan holi, hur va baxtiyor ko’rish orzusi Munavvarqori ijodi va amaliy faoliyatiga singib ketgan.
Jadidchilik harakatining "yorug’ tong yulduzi" - CHo’lpon (taxallus Fitrat tomonidan berilgan) (1897-1937) - mashhur tarixchi, etuk faylasuf, Sharqshunos olim, adabiyot va san’atning buyuk donishmandi. I.A.Karimov CHo’lponning kelajak avlodga o’rnak bo’lguvchi fuqarolik jasoratini alohida ko’rsatgan.
Cho’lponning "Kecha va kunduz" romani, "Yorqinoy" dramasi, "Mirzo Ulug’bek", "Tilimizning ishlanishi" nomli maqolalari, "O’zbegim", "Xalq", "Buzilgan o’lkaga", "Qilich va qon", "Kishan", "Erkinlik istagi" nomli she’rlari xalq milliy ongini o’sishiga, milliy mustaqillik uchun kurash olib borishiga g’oyaviy zamin tayyorlagan.Milliy uyg’onish, milliy mustaqillik, erkinlik g’oyalari CHo’lpon ijodining o’q tomirini tashqil qiladi. U Turkistonning taqdiri, millatning istiqboli haqida chuqur qayg’urdi, toabad sajda qildi, hurriyat, erkinlik, mustaqillik yo’lida shahid bo’ldi. U "Xalq" deb nomlangan faylasufona she’rida xalqqa buyuk e’tiqod bilan sig’inadi. "Xalq dengizdir, xalq olovdir, xalq kuchdir", deb ta’riflagan shoir uqtiradiki, agar xalq qo’zg’alsa, g’azab-la oyoqqa tursa, uni to’xtatib qoladigan, xalq istagini yo’q etadigan quvvat dunyoda topilmaydi: "Xalq "istagi" ozod bo’lsin bu o’lka,..."Cho’lponning orzu-armonlari O’zbekistonimiz mustaqillikni qo’lga kiritishi tufayli ro’yobga chiqa boshladi. Uning ijodi, jasorati Andijon uchun, andijonliklar uchun yanada muqaddasdir. Biz uchun bu nom vatanparvarlik, erkparvarlik, fidoyilik ramzidir.
Islom Karimov o’zining “YUksak ma’naviyat - engilmas kuch” asarida “O’tgan asr boshlarida, tariximizning og’ir va murakkab davrida maydonga chiqqan jadid bobolarimizning fidoiyligi zamirida ham ana shunday jasorat namunasi mujassam edi, desak, hech qanday mubolag’a bo’lmaydi”, deganda naqadar haq.
Sobiq Ittifoq davrida o’zbek falsafasining rivoji birmuncha qiyin kechdi. 1922 yildan O’rta O’siyo davlat universiteti(O’zMU)da falsafa fani o’qitila boshlandi. 1963-yildan Falsafa bo’limi faoliyatini boshladi. 1962-1967-yillarda 18 ta falsafa fanlari nomzodi tayyorlandi. Milliy kadrlarni tayyorlashda prof. A.Ayupov, H.Umarov, dost. G’. SHoyusupova, A.Abdusamedov, K.Sadikov va boshqalar muhim rol o’ynadilar. 1957 yilda akademik I. Mo’minovning sa’i-harakati bilan O’zFA huzurida “ Falsafa va huquq instituti” ish boshladi. 1973 yildan O’zbekiston Falsafa jamiyati, 1998 yildan O’zbekiston faylasuflari milliy javiyati respublikada falsafa fani rivojiga muhim hissa qo’shmoqda. Akademiklardan I.Mo’minov, M.Xayrullaev, M.Baratov, H.Aliqulovlar O’rta Osiyo mutafakkirlari va G’arb falsafasi namoyondalari, J.Tukenov, O. Fayzullaev dialektika va bilish nazariyasi ilmiy tafakkur uslubi, A.Valiev milliy ziyolilar, E.Yusupov, H.Po’latov, J.Bazarbaev, S.SHermuxammedov, S.Tursunmuhamedov, prof. Q.Xonazarov, I.Rahimov, J.Babaev, M.Usmanov, M.Nurmatovlar ijtimoiy falsafa, madaniyat nazariyasi, sotsiologiya, axloqshunoslik, mantiq kabi sohalarda samarali faoliyat yuritdilar. Hozirda M.Abdullaeva, Q.Nazarov, N.Shermuxamedova, K.Tulenova, B.To’ychiev, I.Saifnazarov kabi o’nlab etuk faylasuflar falsafaning turli sohalarida ijod qilmoqdalar.
VI. G’arbiy Evropa tsivilizatsiyasi uchun nihoyatda katta ahamiyatga ega bo’lgan o’rta asrlar davri uch bosqichga bo’linadi: 1) ilk o’rta asrlar (V-X asrlar); 2) klassik o’rta asrlar (XI- XV asrlar); 3) so’nggi o’rta asrlar ( XV- XVII asrlar). G’arbiy Evropa uchun o’rta asrlar natural xo’jalik hukm surgan va tovar-pul munosabatlari past darajada rivojlangan davrdir. Mazkur davr uchun cherkovning kuchli ta’siri, inkvizitsiya va jamiyatni o’ta mafkuralashtirilganligi xosdir.
O’rta asr sxolastikasida universaliylar katta o’rin tutdi. Universaliy(lot.-umumiy)larni tushunishda realizm va nominalizm o’rtasida kurash ketdi.
Realizm (lot.realis – voqelik, mavjudlik) moddiy va ma’naviy narsalarni inson ongidan tashqarida, borliqning jabhasi sifatida mavjudligini, realligini tan oladigan tafakkur yo’nalishidir (uning asosiy vakillari Ioan Skot Eriugena (800-877), Anselm Kenterberiyskiy – kenterberiyalik Anselm (1033-1109),Foma Akvinskiy (1225-1274) dir). Bu yo’nalishga ko’ra, har qanday narsaning mohiyatini namoyon etuvchi, unga nisbatan yaratuvchi, birlamchi bo’lgan nomoddiy asos-substantsiya tashqil qiladi.
Realistlar empirik olamdagi alohida olingan predmetlarning haqiqiy reallikka egaligini tan olmadilar. Ularcha, universaliylar buyumgacha mavjud, ilohiy aql faoliyatining natijasidir. Tabiatdagi predmetlar umumiy tushunchalarni ko’rinish shaklidir. Realistlar umumiy tushunchalar mangu bo’lib, tabiatdagi predmet va hodisalar vaqtincha, o’tkinchi, degan xulosaga keldilar.
Nominalizm (lot.nominalis-nomlarga oid) yakka, alohida narsalarni umumiylik abstraktsiyasidan (tushuncha, g’oya, universaliydan) oldin mavjud bo’lishini e’tirof etadigan falsafiy yo’nalishdir. Nominalizmning asosiy vakillari Ioan Rastselin (1050-1112), Ioan Duns Skot (1265 - 1303), Uilyam Okkam (1300 - 1350).
Nominalizmning mashhur vakili Uilyam Okkam fikricha, faqat konkret narsalar real mavjuddir, universaliylar (umumiy tushunchalar) obyektiv ahamiyatga butunlay ega emas. Bilish masalasida u - sensualist. Materiya o’z-o’zicha voqelikdir, u ideal "shakllarga" muhtoj emas. Obyektiv olamni bilish tajribadan boshlanadi, moddiy substantsiyaning boshi ham, oxiri ham yo’q, u abadiydir, degan edi Okkam.
O’rta asr katolitsizmi va sxolastikasining falsafiy asosi realizm bo’lib, uning konkret ko’rinishlaridan biri tomizmdir (XIII asr). Bizning kunlarda u "neotomizm" ta’limoti sifatida ish yuritmoqda.
Bu oqimning asoschisi italiyalik yirik sxolast faylasuf Foma Akvinskiy bo’lib, u o’rta asr sxolastikasini sistemalashtiruvchisidir. Tomizm Aristotel va xristianlik ta’limotining aralashmasidan iborat. Foma Akvinskiyning "Ilohiyot umumlashmasi” (“Summateologii”) asari 300 maqoladan iborat bo’lib, 600 masalani qamrab olgan. Bu asar umuman sxolastik ilohiyotshunosligining asosidir. XIV asrning ikkinchi yarmidan to XVII asrning boshlarigacha Evropada Uyg’onish (Renessans) davri hisoblanadi (Renessansning mohiyatini Sharq Renessansi misolida oldingi ma’ruzalarimizda ko’rsatib o’tganmiz). Dastlab Italiyada boshlangan Renessans g’oyalari keyinchalik butun Evropaga tarqaldi. Renessans insoniyat bosib o’tgan tarixiy taraqqiyot yo’lining eng muhim davrlaridan biri bo’lib jahon tsivilizatsiyasi taraqqiyotiga ulkan hissa qo’shgan. Tub ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy o’zgarishlar yuz berdi, ijtimoiy ong jadal sur’atlar bilan rivojlandi. Ishlab chiqarishning mashinalasha borishi fan va texnikaning tez taraqqiy etishiga olib keldi.
Iqtisodiy, siyosiy hayot, shuningdek fan, san’at va falsafa tobora ko’proq din va cherkov ta’siridan xalos bo’lib, mustaqillika erisha boshladi. Tabiat bilimning yagona manbai va bilim taraqqiyotning asosi bo’lib qoldi.
Inson va uning mohiyatini o’rganishga qiziqish kuchaydi. Madaniy taraqqiyotda "gumanizm" (lot.-"insoniylik") yo’nalishi vujudga keldi.
Uyg’onish davri dunyoqarashining yana bir muhim farqlantiruvchi jihati, uning san’atga yo’naltirilganligidir. Uyg’onish davrini badiiy-estetik davr deyish maqsadga muvofiq. Uyg’onish davri tafakkuri markazida inson, insoniylik, insonparvarlik turdi. SHunga ko’ra ham bu davr falsafasini antropotsentrik xarakterda deb ta’riflanadi.
Bu davr ijtimoiy-siyosiy, badiiy, axloqiy hayotida ayrim kishining insoniy qadriyati har qachongidan ham yuqori qo’yiladi. Insonning yorqin, o’ziga xos qirralarini ochishga intilish bu davr adabiyotida juda kuchlidir. Individiuallikni o’ta qadrlash insonga estetik yondashuvni mutlaqlashtirishga olib keldi. Go’zallikka sig’inish bu davrning yana bir xarakterli belgisi bo’lib qoldi. Daho rassomlar Leonardo da Vinchi, Rafael kabilar asarlarida olamni go’zallik qonunlariga muvofiq his etishlik o’zining oliy ifodasini topdi. Bu davr ijodkorlari inson, uning go’zalligi, yuksak qobiliyati, yorqin, serg’ayrat xarakteri, kamoloti, insonparvarligi kabilarni jo’shqin ehtiros bilan aks ettirdilar va o’zlari ham ana shunday komil inson bo’lishga harakat qildilar.
Uyg’onish davri naturfaylasuflari tabiatni panteyistik tarzda qabul qildilar. Bu davr falsafasi rivojiga katta hissa qo’shgan nemis olimi Nikolay Kuzanskiy (1401-1464) ayni paytda yirik astronom, matematik, geograf edi. Kuzanskiy panteyistik va dialektik g’oyalarni olg’a surdi. U panteyistik falsafa namoyondasi sifatida "xudo barcha narsalarda, barcha narsalar xudoda mavjuddir", deydi. Nikolay Kopernikdir (1473-1543)1543 yilda nashr etilgan "Samoviy sferalar aylanishi" nomli asarida o’zining geliotsentrik nazariyasini asosladi: olamning markazi harakatsiz holdagi Er emas, balki Quyoshdir. Erning Quyosh atrofida aylanishi natijasida yil fasllari o’zgarib turadi, o’z o’qi atrofida aylanishi natijasida kecha va kunduz sodir bo’ladi. Er atrofida faqat uning yo’ldoshi Oy aylanadi.
Mashur italyan faylasufi Jordano Bruno (1548-1600) falsafasidagi eng asosiy g’oyalar ilohiylik va tabiiylik, moddiylik va ideallik, tana va ruhiyat, aqliylik va hissiylik, Koinot va Erdagi hayotning aloqadorligi mummolarini aniqlab berishga qaratilgan.
Buyuk tabiatshunos olim Galileo Galiley (1564-1642) Italiya Uyg’onish davri ilmiy taraqqiyotini yakuniga etkazdi va yangi davr Evropa matematik tabiatshunosligini boshlab berdi. XVII asr ma’naviy hayotida muhim rol o’ynagan metodologik va falsafiy tamoyillarni ta’riflab berdi. O’zining tajribalariga asoslanib, mexanikaning fundamental boshlang’ich qoidalarini aniqladi. Inertsiya qonunini kashf etdi. Uningcha, materiya abadiy, tabiat yagona bo’lib, mexanika qonunlariga bo’ysunadi. Olamdagi narsa va hodisalarning moddiy asosini atom tashqil qiladi.
Islom Karimov “YUksak ma’naviyat-engilmas kuch” asarida: “Ulkan ma’naviy jasorat sohiblari bo’lgan bunday alloma zotlar dunyoning qasrida yashamasin, ezgulik va ma’rifat yo’lida doimo odamlarga ibrat bo’lib kelgan. CHunonchi, o’rta asrlar-da astronomiya sohasidagi ilmiy kashfiyotlari uchun tazyiq va ta’qiblarga uchragan Nikolay Kopernik hamda keyinchalik uning izidan borib, johil va aqidaparast ruhoniylar tomonidan o’tga tashlangan Jordano Bruno, qanchadan-qancha ta’na va malomatlarga giriftor etilgan Galileo Galiley kabi allomalarning jasoratida ham haqiqatga sadoqat, e’tiqod uchun kurashning yorqin namunasi yaqqol namoyon bo’lganini ko’ramiz”, deganda to’la haq.
YAngi zamon fani va falsafasining asoschisi ingliz faylasufi Frensis Bekon (1561-1626)dir. U o’rta asr sxolastik falsafasining birinchi tanqidchisi sifatida namoyon bo’ldi. O’zining "YAngi organon" (“Bilishning yangi quroli”), "YAngi Atlantida" asarlarida haqiqiy falsafa amaliyot bilan mustahkam aloqada, kishilar mehnati bilan chambarchas bog’liq bo’lishi kerak, deb uqtirdi. Uningcha, moddiy dunyo asosini xilma-xil sifatga ega bo’lgan materiya tashqil qiladi. Materiya to’xtovsiz harakatda. Bekon harakatning 19 shaklini ta’riflasa-da, ularning harakatini mexanik harakat shakli bilan aynanlashtirib qo’ydi.
Falsafaning vazifasi yangi uslubni yaratishdir, deb hisoblagan Bekon ilmiy bilishning maqsadi insonga foyda keltirish, fan esa hayot va tajriba uchun xizmat qilishi kerak, deb bildi. Aniq va to’g’ri bilim olishga halaqit beruvchi adashish, ya’ni "idollardan" (butlardan) kishi aqlini halos qilish zarur, deydi u. Bekon adashish holatlarini - “idollarni” 4 turga ajratadi: “urug’ idollari”, “g’or idollari”, “bozor idollari”, “teatr idollari”.
Bekon ingliz empirizmining asoschisidir. Uningcha, tabiatshunoslik barcha fanlarning onasidir.Bekonning ulug’ xizmati induktiv bilish uslubini ishlab chiqqanligidir.
Gobbs (1588-1679 y.y.) Bekonning mexanistik materializmini rivojlantirdi. "Tafakkurni fikr qiluvchi materiyadan ajratish mumkin emas", degan muhim fikrni ilgari surdi. Uningcha, materiya abadiy, ayrim jismlar vaqtincha, olam esa mexanik harakat qonunlariga bo’ysundirilgan jismlar jamidir.
Gobbs bilish nazariyasida empirik. Gobbs falsafa tom ma’noda aqlga asoslanishi kerak, faqat falsafagina haqiqatni ro’yobga chiqarishi mumkin, deydi.
Asarlari: "Fuqaro haqida" (1642), "Leviafan" (1651), "Inson haqida" (1658).
XVII asrning yirik mutafakkirlaridan biri frantsiyalik Rene Dekart (1596-1650) umumfalsafiy tamoyillarni va ilmiy mushohadani bir-biriga mustahkam bog’lagan siymo. U ikki substantsiya: modda va ruh o’zaro yonma-yon mavjud bo’lib, xudoga bo’ysinadi, deydi. Uningcha, tabiat cheksiz va abadiy bo’lib, inson tafakkuriga bog’liq bo’lmagan holda mavjud va rivojlanadi.
Dekart bilish nazariyasida ratsionalizmning asoschisi sifatida aqlga yuqori baho berdi. O’zining "Metod haqida mulohazalar" nomli asarida deduktiv metodini ishlab chiqishga harakat qildi. Uning ta’limoticha, bilishning birdan-bir manbai - tafakkurdir, sezgilar tashqi olam haqida to’g’ri tasavvur bera olmaydi. "Men fikr qilyapman, demak men mavjudman", degan faylasuf tafakko’rni borliqqa nisbatan birlamchi, deb qaraydi. Nima aniq bo’lsa, nima shubha tug’dirmasa, o’sha haqiqatdir, deydi u.
Frantsiyada XVIII asrning 40-yillarida tabiat fanlari rivoji, badiiy adabiyot, dramaturgiya va falsafa ma’naviy hayotda yirik ijtimoiy harakatga aylanib, frantsuz ma’rifatparvarligi o’zining yuksak nuqtasiga erishdi. Bu davrda ikkinchi avlod ma’rifatparvarlari- J.J. Russo, J. Lametri, D. Didro, K. Gelvetsiy, P. Golbax va boshqalar shakllandi. Ular tomonidan olg’a surilgan ma’rifatparvarlik g’oyalari falsafiy nuqtai nazardan materialistik, idealistik va dualistik shakllarda namoyon bo’lsa-da, ularning barchasini birlashtiruvchi omil yurt tashvishi, uning kelajagi, xalq farovonligi kabi milliy va umuminsoniy qadriyatlar edi.
Ular fikricha, kishilar ijtimoiy muhitning mahsuli, jamiyat hayotini yaxshilash uchun muhitni o’zgartirish kerak. Inson erkin tug’iladi, shunga ko’ra baxt, ozodlik, adolat insonlarning tabiiy, tug’ma huquqidir; fikr jamiyatni boshqaradi, kishilar ongi qanday bo’lsa, jamiyat, ijtimoiy muhit ham shunday bo’ladi.
VII. Nemis milliy-mumtoz falsafasi XVIII asrning ikkinchi yarmi va XIX asrning boshlarida shakllandi. Nemis milliy mumtoz falsafasi I.Kant, I.G.Fixte, F.R.SHelling, G.V.Gegel, L.Feyerbax ijodida yorqin namoyon bo’ldi. Ular nemis falsafasini bir butun, yangicha, yaxlit qarashlarda namoyon qildilar va uni falsafiy taraqqiyotning yuksak cho’qqisiga ko’tardilar.
Immanuil Kant (1724-1804) nemis milliy mumtoz falsafasining asoschisidir. Uning falsafiy ijodini ikki davrga bo’lib o’rganish rasm bo’lgan. Birinchi davr-1770 yillargacha bo’lgan davr bo’lib, uni tanqidiy falsafagacha bo’lgan davr deyiladi. Ikkinchi davr 1770 yillardan keyingi davr-tanqidiy falsafa davri (“Tanqid” deganda, bu erda, 1-dan, falsafaning bilish qobiliyatlarini aniq o’rganishga qaratilgan “nigoh”i tushunilsa, 2-dan, nazariy ongning ham, amaliy aqlning ham kuchi eta oladigan bilish chegaralarini aniqlamoq tushuniladi).
Kant ijodining birinchi davrida tabiiy fanlar bilan shug’ullangan va "Osmonning eng umumiy tarixi va nazariyasi" asarida kosmogonik gipoteza (farazi)ni yaratib, Quyosh tizimining tabiiy evolyutsiyasini tushuntirib berdi.U Quyosh tizimi gazsimon tumanlikdan paydo bo’lgan bo’lib, bu tizim cheksiz koinotning bir qismidir, degan g’oyani olg’a surdi.
Kant ijodining ikkinchi davri-tanqidiy falsafa davrida "Sof aqlni tanqid" (1781),"Amaliy aqlni tanqid" (1788), "Mulohaza qobiliyatini tanqid" (1799) kabi asarlari yaratilib, ularda bilish masalalariga e’tibor qaratildi. Bilish Kantning uqtirishicha, narsa, buyumlarning o’z-o’zicha mavjudligi, ya’ni narsa o’zidaning sezgi a’zolarimizga ta’sir etib, sezgi uyg’otishi. Biroq, na sezgilar, na nazariy aqldagi tushunchalar "narsa o’zida" to’g’risida to’g’ri bilim bera oladi.
Ntmis milliy falsafasining atoqli namoyondasi, shubhasiz, Georg Vilgelm Fridrix Gegeldir (1770-1831). Uning juda ko’p asarlari orasida "Mantiq fani" (1812-1816), "Ruh fenomenologiyasi" (1807) ,"Falsafiy fanlar entsiklopediyasi" (1817) g’oyat muhim ahamiyatga ega. Gegel o’tmish salaflaridan farqliroq tabiiy, tarixiy va ma’naviy-ruhiy taraqqiyot jarayonlarini bir butun, yaxlit va izchil tasavvur eta oldi va o’z ta’limotida buni yorqin ifodalab berdi.. Gegel falsafasining eng asosiy tarixiy ahamiyati unda olamni dialektik anglash metodining sistemali ravishda bayon etib berilganligidir. Gegel uqtirishicha, mutloq ruh avval o’z ichida rivojlanib, so’ng tabiatga, noorganik va organik dunyoga aylanadi, tabiat orqali esa kishi ongida aks etadi. Davlat, san’at, din va falsafa shaklida namoyon bo’ladi.
Gegel falsafiy tizimining ratsional mag’zi "mutloq ruh"ning ichki qarama-qarshilikka egaligi, qarama-qarshiliklar kurashi esa harakat, o’zgarishlar manbai ekanligi edi. Gegel "mutloq ruh" doirasida inkorni inkor, miqdor o’zgarishlarining sifat o’zgarishlariga o’zaro o’tishi, qarama-qarshiliklar birligi va kurashi qonunlari borliq va tafakko’rning umumiy qonunlari ekanligini ko’rsatib berdi.
Gegelning tarixiy yutug’i bo’lgan dialektikasi-tushunchalar dialektikasidir. Gegel ratsional bilishning asosida formal mantiq emas, dialektik mantiq yotadi, uni harakatga keltiruvchi "motori" ziddiyatdir, deydi. Mantiq Gegel ta’limotida dialektika bilan mos keladi, dialektika esa taraqqiyot nazariyasi sifatida fikrlanadi.
Gegel nemis millatining sodiq farzandi sifatida Germaniyani birlashtirish va mustaqil davlat sifatida saqlab qolish g’oyalarini nemis xalqi tafakkuriga singdira oldi. Uning g’oyalari millat g’oyalariga aylandi.
Umuman olganda, Gegel jahon falsafasi tafakkuri rivojiga bebaho hissa qo’shgan dahodir.
XX asr ijtimoiy-siyosiy hayoti, ilmiy-texnik taraqqiyoti va ma’anaviy madaniyati o’zining misli ko’rilmagan darajada rivoji, internatsionallashuvi, globallashuvi, informatsionlashuvi, texnikalashuvi, ziddiyatlarning chuqurlashuvi bilan ajralib turadi. Bu jarayonlar insoniyat ma’naviy hayotida chuqur iz qoldirdi, davrning ilg’or kishilarini falsafiy mushohada yurgizishga undadi.
Hozirgi zamon falsafasining rivoji serqirra va murakkabdir. U xilma-xil maktablar, oqimlar, qarashlar, nazariyalar, ta’limotlar jami sifatida gavdalanib, mazmun va shakl jihatidan rang-barangdir. Unda qutbiy qarama-qarshiliklar mavjud, ya’ni o’z mohiyatiga ko’ra ziddiyatlidir.
Hozirgi zamon falsafasi o’z mohiyatiga ko’ra noklassik falsafadir.
Noklassik falsafa klassik (an’anaviy) falsafaning yangi tarixiy sharoitdagi o’ziga xos rivoji sifatida XIX asrning 40 yillarida vujudga keldi va rivoj topa boshladi.
Hozirgi zamon falsafasining eng asosiy tamoyillari umuminsoniylikning ustivorligi, uning milliylik bilan uyg’unligi, demokratik erkinliklar, inson qadri, biror ta’limotni mutloqlashtirmaslik, bag’rikenglikdir.
Hozirgi zamonning ayrim noklassik falsafa namoyondalari klassik ratsionalizmni tanqid qilib noratsionalizmga katta e’tibor berdilar.
Pozitivizm (lot. pozitiv - «ijobiy») – g’arb mamlakatlarida keng tarqalgan falsafiy tafakkur ko’rinishlaridan biri bo’lib uning diqqat markazida falsafa va fanning o’zaro munosabati muammosi turadi. Pozitivistlar barcha haqiqiy, «ijobiy» bilimlarni ayrim fanlarning natijasi yoki ularni sintetik birlashtirish natijasi sifatida olish mumkin, deydilar.
Pozitivizm uchta tarixiy ko’rinishga ega: Kont pozitivizmi;Empiriokrititsizm (R.Avenarius va E.Max); Neopozitivizm.
Asoschisi frantsuz faylasufi O.Kont bo’lgan pozitivizm 1930-1940 yillarda paydo bo’lgan. Kontning fikricha, falsafaning fan bilan o’zaro “da’vogarlik” tarixi shundan dalolot beradiki, “metafizik”, ya’ni falsafiy muammolarni ilmiylik ruhiga moslashtirishga bo’lgan barcha urinishlar behuda.
Empiriokrititsizm (yun. empeiria - tajriba, kritike- tanqid)- falsafiy yo’nalishlardan biri bo’lib, unga shveytsariyalik R. Avenarius (1843-1896) va avstriyalik E. Max (1838-1916) asos solgan. Empiriokrititsizmning boshlang’ich nuqtasi “sof tajriba” bo’lib, u eng so’nggi neytral (betaraf), ya’ni sezgilar kompleksi (majmui)dan iboratdir. Empiriokrititsizmga binoan jismlar sezgilarni qo’zg’atmaydi, balki elementlar (ya’ni sezgilar) majmui jismlarni hosil qiladi.
Neopozitivizm falsafasi asosan uch ko’rinishda namoyon bo’ladi:mantiqiy pozitivizm, "lingvistik tahlil", konventsionalizm.
Postpozitivizm (neopozitivizmdan keyingi pozitivizm) XX asrning 60-70 yillarida Angliyada va AQSHda paydo bo’lgan(asoschilari va targ’ibotchilari K.Popper, U. Kuayn, T.Kun, I. Lakatos). Postpozitivizm "fan falsafasi" nomi bilan ham yuritiladi. Postpozitivizm ta’limotining asosiy mohiyati fanni falsafadan va empirik olamdan ajratishga urinishdir (demarkatsiya, verifikatsiya, falsifikatsiya va h. k).
Ekzistentsializm ("ekzistentsiya" so’zi lotincha-mavjudlik) hozirgi zamon falsafasining asosiy oqimlaridan biri bo’lib, uning diqqat markazida inson, uning ehtiyojlari, his-tuyg’ular, insonning buguni, kelajagi to’g’risidagi xulosalar turadi.
Hozirgi davrning asosiy falsafiy ta’limotlari sirasida din falsafasi alohida mavqega ega.Eng avvalo, din jahonning ko’p mamlakatlarida odamlarning kundalik hayoti, odob-axloqi, rasm-rusmlari, an’analari-turmush tarzi va ma’naviyatida o’ziga xos qadriyat sifatida amal qiladi. Dinga e’tiqod qiluvchilar o’zlarining ijtimoiy hayotining turli jabhalaridagi ehtiyojlarini, uning ma’lum jihatlarini din yo’li bilan qondiradilar, qondirishga harakat qiladilar.
Jahon dinlari hisoblanmish xristianlik, buddizm va islom bir qator mamlakatlarda rasmiy mafkura holatidadir. Uning kuchli mafkuraviy tashqilotlari davlat tomonidan keng va har tomonlama ta’minlab turiladi. Har bir diniy yo’nalish o’zining kuchli va e’tiborli mafkuraviy vositalariga va yirik mafkurachilariga ega: olimlar, sotsiologlar, faylasuflar, madaniyat va san’at arboblari va h.k.
Din fan va aql, ularning hozirgi dunyodagi roliga yangicha yondoshishga harakat qilmoqda.Diniy falsafa o’z e’tiborini tobora ko’proq va faolroq jamiyat, inson, fan muammolariga qaratmoqda, fan va texnikaning yutuqlari nogumanistik yo’llarda qo’llanilayotganini qattiq tanqid qilmoqda.
Neotomizm Rim katolik cherkovining rasmiy mafkurasi (1879 y) bo’lib, uning markaziy hokimiyati Vatikandir.
Neotomizmning mashhur vakillari Frantsiyada E.Jilson, Mariten, Belgiyada D.Merse, A.Dondeyn, Germaniyada A.Demf, I. Lots, V. Brugger va boshqalardir.
Neotomizm falsafasi olamning yaratuvchisi va boshqaruvchisi bo’lgan xudoning mavjudligini isbotlashga harakat qiladi. Bu ta’limotga ko’ra, ilm va e’tiqod birlikda. Diniy e’tiqod va ilmiy bilimlar o’zaro zid bo’lmay, balki, to’g’ri birlashtirilsa, bir-birlarini to’ldiradi. Bular aslida bitta maqsadga olib boruvchi ikki yo’ldir, maqsad esa - xudoni tanishdir.
Xulosa shuki, XX asr falsafiy ta’limotlari o’ta rang-barang, serqirra va ayni paytda ziddiyatlidir. Ularning deyarli barchasi hozirgi davr ijtimoiy-siyosiy hayoti, fani, texnikasi yutuqlari bilan qurollangan. Eng muhimi, bu falsafiy maktab, oqim, ta’limotlarning har biri tabiat, jamiyat, inson muammolariga sezgirlik, hozirjavoblik bilan tanqidiy munosabatda bo’lishga undaydi, fikrlashga ozuqa bo’ladi.
Hozirgi zamondagi integratsion jarayonlar Sharq va G’arb nazariy tafakkurining yaqinlashishiga, uyg’unlashishiga olib kelmoqda. Turli falsafiy madaniyatlarning bir-birini boyitishi, hamkorligi kuchaymoqda.


2.1-ilova
Falsafa zamon va makon bilan bog’liq murakkab fan (I.A.Karimov)

2.2-ilova


2.3-ilova

2.4 – ilova






Download 156.57 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling