2-mavzu. Imom al-Buxoriy va Abu Iso Muhammad at-Termiziy – ulug’ muhaddislar Reja


Imom al-Buxoriyning ma’naviy merosi


Download 30.82 Kb.
bet2/3
Sana21.06.2023
Hajmi30.82 Kb.
#1644370
1   2   3
Bog'liq
2-mavzu. Imom al-Buxoriy va Abu Iso Muhammad at-Termiziy – ulug’ muhaddislar (1)

2. Imom al-Buxoriyning ma’naviy merosi. Manbalarda keltirilishicha, imom al-Buxoriy o‘z ilmiy-ijodiy faoliyati davrida yigirmadan ortiq asarlar yaratgan. Ular quyidagilardan iborat: «Al-Jo-mi’ as-sahih», «Al-Adab al-mufrad», «Kitob al-kuna», «Kitob al-favoid», «Juzraf’ al-yaddayn», «At-Ta-rix al-kabir», «At-Tarix al-avsat», «At-Tarix as-sag‘ir», «Al-Jomi’ al-kabir», «Xalq af’ol al-ibod», «Kitob az-zuafo as-sag‘ir», «Al-Musnad al-kabir», «At-Tafsir al-kabir», «Kitob al-hiba», «Asomiy as-sahoba», «Kitob ul-vuhdon», «Kitob al-mabsut», «Kitob al-ilal», «Birr al-volidayn», «Kitob al-ashribati», «Qazoyo as-sahoba va-t-tobin», «Kitob ar-Riqoq», «Al-Jomi’ as-sag‘ir fi-l-hadis», «Al-Kiroatu xalf al-imom». Imom al-Buxoriy haqida yozgan muarrixlar va solnomachilar uning husni-xulqlari va mahosinlarini zikr qilganlarida, albatta, uning quvvai hofizasi va xotirasining kuchliligini alohida ta’kidlab ko‘rsatadilar.
Imom al-Buxoriyning shogirdlari orasida shon-shuhratda yuksaklikka etishib, buyuk sharafga muyassar bo‘lgan, islomiy ilmlar — ilm al-hadis va fiqhning asosiy jihatlarini mukammal bilganlardan «As-Sahih» kitobining muallifi imom Muslim ibn al-Hajjoj, «Sunan» kitobining sohibi imom Abdurrahmon an-Nasoiy, «Al-Jomi’» asarining sohibi imom Abu Iso at-Termiziy, islomiy ilmlar bo‘yicha qator tasnifotlarning muallifi imom Muhammad ibn Nasr al-Marvaziy, imom ad-Dorimiy, mashhur faqiyh, «As-Sahih» nomli asarning sohibi imom Ibn Xuzayma va boshqalar ham bor edi. Imom al-Buxoriyning shogirdlari bo‘lgan ushbu allomalar o‘z davrining yirik muhaddislari va fikh olimlari bo‘lib etishdilar.
3. Abu Iso Muhammad at-Termiziy – buyuk muhaddis olim. Movarounnahrda yetishib chiqan yana bir buyuk muhaddis olim Abu Iso Muhammad at-Termiziy hisoblanadi. Uning to‘liq ismi Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn az-Zahhoq Abu Iso as-Sullamiy az-Zariyr al-Bug‘iy at-Termiziy bo‘lib, 209/824 yili Termiz yaqinidagi Bug‘ (hozirgi Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani hududida joylashgan) qishlog‘ida o‘rta hol bir oilada tavallud topgan. O‘rta Osiyolik mashhur tarixchi Abu Saad Abdulkarim as-Sam’oniy (1113-1167) at-Termiziy Bug‘ qishlog‘ida vafot etganligi uchun al-Bug‘iy tahallusi bilan ham atalgani, olimning ko‘p yig‘laganidan umrining oxirlarida ko‘zi ojiz bo‘lib qolganligidan az-Zariyr (ko‘zi ojiz) taxallusi olganligini ham qayd qiladi. Lekin el orasida at-Termiziy nomi bilan mashhur bo‘lishiga sabab uning butun hayoti va faoliyati (yoshligidan boshlab) Termiz shahri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lganidan, shuningdek, olim tug‘ilgan Bug‘ qishlog‘i Termiz shahriga yaqin, ma’muriy-idoraviy jihatdan unga mansub qishloqlardan ekanidan, deb izohlash mumkin.
At-Termiziyning oilasi va ota-onasi haqida manbalarda aniq ma’lumotlar keltirilmagan, faqat tarixchilar uning: «Bobom asli marvlik edi, u kishi Lays ibn Sayyor zamonida yashagan, so‘ng u yerdan Termizga ko‘chib kelganlarlar», degan fikrini keltirish bilan chegaralanadilar. Shuningdek, at-Termiziyning ko‘zi ojizligi xususida ham yozma manbalarda turli-tuman ma’lumotlar keltirilgan. Ba’zi mualliflar uni tug‘ma ko‘zi ojiz bo‘lgan degan, ko‘pchilik mualliflar olimning keyinchalik umrining oxirlarida ko‘zi ojiz bo‘lib qolganini yozadilar.
At-Termiziy yoshligidan g‘oyatda tirishqoq, idrokli va zakovatli bo‘lib, bu fazilatlari bilan o‘z tengdoshlaridan batamom ajralib turgan. Uning yoshlik chog‘laridan ilmga o‘ta qiziqish va ishtiyoqi o‘sha davrning qo‘pgina ilmlarini, ayniqsa, hadis ilmini chuqur egallashida baralla namoyon bo‘ldi. U yoshlik paytlaridan boshlab, Termiz, Samarqand, Marv va Markaziy Osiyoning boshqa yirik shaharlarida istiqomat qilgan mashhur ulamolar va muhaddislar asarlarini qunt bilan o‘rgana boshladi, keyinchalik qo‘shni Balx shahridagi ilm ahllari bilan aloqalar o‘rnatdi. At-Termiziy 850 yildan, ya’ni yigirma olti yoshidan boshlab uzoq yurtlarga, qator xorijiy mamlakatlar va shaharlarga safar qiladi. Jumladan, u Hijoz — Makka va Madina, Iroq, Xurosonning qator shaharlarida ko‘plab muhaddislar, ulamolar bilan muloqotda bo‘lib, ulardan ta’lim oladi, qizg‘in ilmiy munozara va bahslarda ishtirok etadi. Tarixchi Shamsuddin az-Zahabiyning ta’kidlashicha, at-Termiziy Misr va Shomni shaxsan ziyorat qilmagan, shu boisdan ham bu mamlakatlar ulamolaridan bilvosita hadislar rivoyat qilgan. Uzoq yillar davom etgan safarlari chog‘ida at-Termiziy nafaqat hadis ilmidan, balki ilm al-qiroat, al-bayon, fiqh, tarix va ilm-fanning boshqa sohalarida ham ko‘plab ustozlaridan saboq olib, o‘z bilimini oshiradi. Bularning hammasi at-Termiziyning yirik olim darajasiga etishiga mustahkam zamin tayyorlaydi.
Shu bilan birga, at-Termiziy o‘zi yoshlikdan qiziqqan Payg‘ambar (s.a.v.)ning hadislarini to‘plashga alohida e’tibor bilan qaraydi, bu borada har qanday qiyinchiliklarga bardosh beradi. U o‘zi o‘qigan yoki birorta roviydan eshitgan hadisni alohida qog‘oxtarga qayd qilib, ularning asli va isnodini izchillik bilan aniqlagach va qayta-qayta tekshirib, to‘g‘riligiga to‘liq ishonch hosil qilgach, ularni alohida-alohida maxsus qog‘ozlarga qayd qilib borgan. Turli roviylardan eshitgan hadislarining to‘g‘riligiga shubha va ikkilanish bo‘lganda, ularni ham ajratib, alohida, batartib yozib borgan. Shu tariqa, hadislarning to‘g‘riligi, isnodi Tadqiq qilinganligi yoki shubhalilari turli tabaqalarga bo‘linib, ular sahih (to‘g‘ri, ishonchli), hasan (yaxshi, ma’qul), zaif (bo‘sh, ishonchsiz), g‘ariyb (g‘alati) kabi xillarga ajratilgan. At~Termiziy o‘z asarlarida keltirilgan hadislarni ushbu tabaqalar asosida ko‘rsatib o‘tgan.
Hadis ilmini egallashda va takomillashtirishda Imom at-Termiziy o‘z davrining ko‘pgina mashhur muhaddislari, jumladan, Imom al-Buxoriy, Imom Muslim ibn al-Hajjoj, Abu Dovud, Kutayba ibn Sa’id, Ishoq ibn Muso, Mahmud ibn G‘iylon, Said ibn Abdurrahmon, Muhammad ibn Bashshor, Ali ibn Hajar al-Marvaziy, Ahmad ibn Muniy’, Sufyon ibn Vaqiy’lardan tahsil olgan. U o‘z davrining yetuk muhaddisi sifatida ko‘pgina shogirdlarga uotozlik ham qilgan. Uning shogirdlaridan Maqhul ibn al-Fazl, Muhammad ibn Mahmud Anbar, Abu ibn Muhammad an-Nasafiy, Hammod ibn Shokir, Xaysam ibn Kulayb ash-Shoshiy, Ahmad ibn Yusuf an-Nasafiy, Abu-l-Abbos Muhammad ibn Mahbub al-Mahbubiy kabi yetuk olimlarni ko‘rsatish mumkin.
Yuqorida ko‘rib o‘tganimizdek, at-Termiziyning ustozlari va shogirdlari orasida turli mamlakat va elatlarning vakillari borligi sezilib turibdi. Shu nuqtai nazardan qaralganda, uzoq o‘tmishda ham ilm-fanning taraqqiyot va ma’rifat urug‘larini tarqatish borasida turli o‘lkalarning vakillari yakdil bo‘lib faoliyat ko‘rsatib, samarali hamkorlik qilganlari, umumbashariy qadriyatlar ravnaqi yo‘lida haqiqiy hamjihatlik ruhi mavjud bo‘lgani hozirgi davrimiz uchun ham ibratli bir holdir.
At-Termiziy zehnining o‘tkirligi, xotirasi hamda quvvai hofizasi kuchliligi xususida tarixiy manbalarda ko‘plab misollar, rivoyatlar keltiriladi. Jumladan, Yarib tarixchisi Shamsuddin az-Zahabiyning (1274-1347) «Tazkiratu-l-huffoz» («Hofizlar haqida tazkira») nomli asarida quyidagi hikoya bor: Abu Iso Muhammad at-Termiziy Makkaga hajga borayotganida yo‘lda ko‘p mashhur muhaddislar bilan uchrashib, muloqotda bo‘lib, olimlarning biridan hadislardan saboq berishini iltimos qilgan. U olim: «Bo‘lmasa, qog‘oz-qalam ol», - degan. Aksiga olib, shu payt at-Termiziy qalam topa olmagan va olim ro‘parasida o‘tirib, eshitgan hadislarini go‘yo yozib olayotgandek, qo‘lini qog‘oz usida harakat qildira-vyergan. Olim esa turli-tuman hadislar keltirib, ularning yetmishga yaqinini hikoya qilgan. Shu orada u qog‘ozga qarab, unda hech qanday yozuv ko‘rmagan va at-Termiziyning bu ishidan jahli chiqib: «Nima, sen hali mening vaqtimni bekorga olmoqchimisan?», - deb qattiq ranjigan. At-Termiziy bo‘lsa, bamaylixotir: «Siz aytgan hadislarni yoddan aytib beraymi?», — degan-u hozirgina o‘zi olimdan eshitgan hadislarning hammasini birin-ketin aynan takrorlab bergan. At-Termiziy xotirasining bu qadar kuchliligidan boyagi olim hayratga tushib, qoyil qolgan.
At-Termiziyning chet mamlakatlarga qilgan safari uzoq yillarga cho‘zilib, avval eslatib o‘tganimizdek, bu safarlar chog‘ida ko‘pdan-ko‘p olimlar, muhaddislar bilan muloqotda bo‘ldi. Shu bilan birga, hadislarni to‘plab, kitoblar ta’lif qilishga ham kirishdi. Ayniqsa, mashhur muhaddis al-Buxoriy bilan Nishopurda birga faoliyat ko‘rsatib, ko‘plab ilmiy bahslarda ishtirok qiladi, bu haqda at-Termiziy o‘zining «Al-Ilal» kitobida yozadi. U xorijiy ellarga safarlaridan o‘z yurtiga 863 yillar atrofida qaytadi va eldosh olimlar bilan ilmiy munozaralarda qatnashadi, ko‘plab shogirdlarga ustozlik qiladi. At-Termiziyning ko‘pchilik tasniflari, jumladan, mashhur asari «Al-Jomi’» ham o‘z Vataniga qaytganidan keyin yaratilgan. Imom at-Termiziy 892 yilda Termiz yaqinidagi Bug‘ qishlog‘ida vafot, etib, shu joyda dafn qilingan.

Download 30.82 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling