2. Ishlab chiqarish jarayonining mazmuni.
Ishlab chiqarish jarayoni – bu kishilik jamiyatining amal qilishi va rivojlanishi uchun
zarur boʻlgan moddiy va ma’naviy ne’matlarni yaratishga qaratilgan maqsadga muvofiq
faoliyatdir. Moddiy va ma’naviy ne’matlar yaratish, turli xizmatlar koʻrsatish jarayoni kishilar
iqtisodiy faoliyatining asosiy tomonidir.
Ma’lumki, har qanday ishlab chiqarish, birinchi navbatda, mehnat jarayonidir yoki
boshqacha qilib aytganda, tabiatdagi bor narsalarning koʻrinishini oʻzining iste’moli uchun
muvofiq holga keltirish uchun qilingan mehnat faoliyatidan iboratdir.
Ishlab chiqarishning tarkibiy tuzilishi muhim ahamiyat kasb etib, u turli sohalar,
boʻlinmalar, yaratilayotgan mahsulotlar va koʻrsatilayotgan xizmatlar turlarini ifodalaydi. Eng
avvalo, ishlab chiqarishni moddiy ishlab chiqarish va nomoddiy ishlab chiqarish sohalariga
ajratish lozim .
Oʻz navbatida moddiy ishlab chiqarish sohasi moddiy ne’matlarni ishlab chiqarish
(masalan, avtomobil, oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechaklar va h.k.) va moddiy xizmatlar
koʻrsatish (transport, aloqa, savdo, maishiy xizmat va boshqalar)dan iborat boʻladi.
Nomoddiy ishlab chiqarish sohasi ham nomoddiy ne’matlarni ishlab chiqarish
(masalan, musiqa asarlari, badiiy va ilmiy asarlar, ixtiro va kashfiyotlar) va nomoddiy xizmatlar
koʻrsatish (huquqiy maslahatlar berish, oʻqitish, malaka oshirish va boshqalar)ga ajraladi. Bu
sohalar bir-biri bilan chambarchas bogʻlangan holda rivojlanadi va bir-biriga ta’sir koʻrsatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |