Suverenitet - har qanday davlatning eng muhim, ajralmas belgilaridan biridir.
O`zbekiston - demokratik davlatdir. Bu insonparvarlik qoidalariga asoslangan, millati, dini, ijtimoiy ahvoli, siyosiy e'tiqodlaridan qat'i nazar, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini ta'minlab beradigan davlatdir.
O`zbekistonda davlatni boshqarish shakli respublikadir. Respublika - xalq hokimiyati demakdir. Respublika - eng asosiy umuminsoniy huquqiy boyliklardan biri. Boshqaruvning respublika shakli davlat idoralari vakolatlarini aniq belgilab berishni, qonun chiqaruvchi va ijroiya organlarining saylab qo`yilishini anglatadi.
Konstitutsiyaga binoan, davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas'uldirlar (2-modda).
Mazkur konstitutsiyaviy norma orqali fuqarolar manfaatining ustunligi qonuniy ravishda mustahkamlangan va kafolatlangan. Davlatning fuqarolar oldidagi mas'uliyatining mavjudligi demokratik huquqiy davlatning muhim belgilaridan hisoblanadi. Davlat qonun doirasida insonlar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib bermog`i lozim. Shuning uchun ham, davlat xalq irodasini ifodalamog`i, uning manfaatlari, xohish-istaklariga xizmat qilmog`i lozim.
O`zbekiston Respublikasi o`zining milliy-davlat va ma'muriy-hududiy tuzilishini, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining tizimini belgilaydi, ichki va tashqi siyosatini amalga oshiradi.
Mazkur konstitutsiyaviy qoidadan kelib chiqadigan bo`lsak, O`zbekiston Respublikasi mustaqil davlat sifatida o`zining davlat hokimiyatini va davlat boshqaruvi organlarining tizimini belgilab beradi. Konstitutsiyaning beshinchi bo`limi aynan shu masalarni yoritib berishga qaratilgandir.
O`zbekiston Respublikasida davlat hokimiyati xalq manfaatlarini ko`zlab va O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda uning asosida qabul qilingan qonunlar vakolat bergan idoralar tomonidangina amalga oshiriladi. Konstitutsiyada nazarda tutilmagan tartibda davlat hokimiyati vakolatlarini o`zlashtirish, hokimiyat idoralari faoliyatini to`xtatib qo`yish yoki tugatish, hokimiyatning yangi va muvoziy tarkiblarini tuzish Konstitutsiyaga xilof hisoblanadi va qonunga binoan javobgarlikka tortishga asos bo`ladi (7-modda).
Demak, O`zbekiston Respublikasida davlat hokimiyati, shu jumladan, boshqaruv faoliyati qonunlarda nazarda tutilgan tartibda tashkil etilgan davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi. Davlat organlari faqatgina qonun hujjatlarida ko`rsatib o`tilgan vakolat doirasida harakat qilishlari mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |