2.5. Bolalarni mehnatga o’rgatish shakl va vositalari
Mehnat tarbiyasi maqsadga muvofiq, tizimli, izchil tashkil etiladi. Mehnat ta'limi sinf xonalari, o'quv-tajriba maydoni, mashina-traktor saroyi, o'quv-tarbiyaviy tadbirlar jarayoni, ishlab chiqarish korxonalari va xo'jaliklarning dalalarida olib boriladi. Natijada ma'lum qiymatga ega bo'lgan ijtimoiy-foydali mahsulotlar yaratiladi hamda ilg'or kasb sohiblariga xos bo'lgan shaxslik fazilatlari shakllanadi. Shu jihatdan olib qaraganda, bugungi kunda mehnat ta’limining mazmuni, maqsad va vazifalari o'zgardi, texnologik ta'lim ustuvorlik kasb etdi, o'quvchilarni kasbga yo'naltirish tizimi yangilandi. Mehnatni ilmiy tashkil etishning birinchi darsini ham o'quvchi ta'lim jarayonida oladi. Mehnat tarbiyasi bilan mehnat ta'limi bir-biri bilan o'zaro bog'langan. Mehnat faoliyati ma'lum bilimga ega bo'lishni talab etadi. Zero, bilim va ko'nikmalar o'quvchini mehnat faoliyatiga tayyorlaydi. Ta'lim jarayonida olgan bilimlarini amaliyotda sinab ko'radilar, umumiy mehnat jarayonida o'quvchilarning kombinatlar, jamoa hamda fermer xo'jaliklari, korxona, zavod va fabrikalarda texnik va texnologik bilimlari mustahkamlanadi, shuningdek, ular tashkilotchilik malakalariga ham ega bo'ladilar.
So'nggi yillarda o'quvchilar mehnat tarbiyasiga jamoatchilik katta e'tibor bermoqda. Yirik fermer xo'jaliklari, qo'shma korxonalarning jamoalari maktablarni otaliqqa olmoqda, ularning moddiy bazasini yaratish, o'quvchilarning bilim olishlari, ijtimoiy-foydali mehnatni tashkil etishda yordam bermoqdalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |