2-Mavzu: Pul mablag’lari va valyuta operatsiyalari hisobi. Reja
Akkreditivlar bilan hisob-kitoblar
Download 29.35 Kb.
|
2 Mavzu Pul mablag’lari va valyuta operatsiyalari hisobi.
Akkreditivlar bilan hisob-kitoblar.
Hisob-kitoblarning akkreditiv shaklida, mijozning (to’lovchining) topshirig’iga va uning ko’rsatmasiga muvofiq akkreditiv ochgan bank (bankemitent), o’z zimmasiga uning kontragenti mablag’ oluvchi foydasiga to’lovni amalga oshirish majburiyatini yoki mablag’ oluvchi tomonidan akkreditivda ko’zda tutilgan hujjatlarni va boshqa shartlarni bajarish sharti bilan ushbu to’lovlarni amalga oshirish bo’yicha vakolatlarni boshqa bankka taqdim etishni o’z zimmasiga oladi. Akkreditiv bo’yicha hisob-kitob qilish tartibi va uning amal qilish muddati to’lovchi va mablag’ oluvchi o’rtasidagi shartnomada belgilanadi. Shartnomada quyidagilar ko’rsatilishi kerak: 1. Xizmat ko’rsatuvchi bankning nomi, kodi va manzili; 2. Akkreditivning turi va uni bajarish usullari; 3. Akkreditiv ochilganligi to’g’risida mablag’ oluvchini xabardor qilish tartibi; 4. Akkreditivlar bo’yicha mablag’larni olish uchun mablag’ oluvchi tomonidan taqdim qilinadigan hujjatlarni to’liq ro’yxati; 5. Mahsulotlar yuklab jo’natilgandan keyin hujjatlarni taqdim etish muddati, ularni rasmiylashtirishga doir talablar. Akkreditivlar qoplangan yoki qoplanmagan turlarda ochiladi. Qoplangan akkreditivlarni ochishda xaridorning banki akkreditiv summasini akkreditiv amal qiladigan muddatga oluvchi korxonaning bankida ochilgan akkreditiv schyotiga o’tkazib beradi. Qoplanmagan akkreditivni ochishda xaridorning banki, ijrochi bankga uning mijozi nomiga ochilgan akkreditiv schyotidan to’lov summasini hisobdan chiqarish huquqini beradi. Qoplangan va qoplanmagan akkreditivlar chaqirib olinadigan va chaqirib olinmaydigan bo’lishi mumkin. Aktiv ochish to’g’risidagi arizaning matnida «chaqirib olinuvchi» yozuvi bo’lmasa, bunday akkreditivlar chaqirib olinmaydigan hisoblanadi. Chaqirib olinuvchi akkreditiv to’lovchining banki tomonidan mablag’ oluvchi bilan oldindan kelishib olinmasdan o’zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin. Akkreditivni chaqirib olish to’lovchining banki uchun oluvchining oldida qandaydir majburiyatlarni paydo qilmaydi. Ijrochi bank akkreditivni o’zgartirish yoki bekor qilish to’g’risida xabarnoma olmagan bo’lsa chaqirib olinuvchi akkreditiv bo’yicha to’lovlarni amalga oshirishga majbur. Mablag’ oluvchining roziligisiz, uning foydasiga ochilgan chaqirib olinmaydigan akkreditiv o’zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin emas. Ijrochi bank to’lovchining banki bilan tuzilgan shartnoma asosida chaqirib olinmaydigan akkreditivni tasdiqlashi mumkin. Bunday hollarda chaqirib olinmaydigan akkreditiv tasdiqlangan akkreditiv deb hisoblanadi. Tasdiqlangan akkreditivlarda ijrochi bank to’lovchining akkreditiv shartlariga muvofiq to’lovni amalga oshirish bo’yicha qo’shimcha majburiyatlarni qabul qiladi. Tasdiqlangan akkreditivni ijrochi bankning roziligisiz o’zgartirish yoki bekor qilish mumkin emas. Akkreditiv schyotdan naqd pul berish, shuningdek akkreditivni boshqa shaxslar nomiga qayta rasmiylashtirish man etiladi. Hisob-kitobning akkreditiv shaklida to’lovchi bankka akkreditiv ochish uchun ariza taqdim qiladi. Akkreditiv ochish to’g’risidagi arizaga akkreditiv shartlari, akkreditiv ochish uchun asos bo’ladigan tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi. Akkreditiv schyoti ochish to’g’risidagi arizani rasmiylashtirish, naqd pulsiz hisob-kitoblar to’g’risidagi nizomning 56-bandi talablariga javob bermaganda ariza to’lovchiga qaytariladi va akkreditiv schyoti ochilmaydi. Akkreditivlarni ochish to’g’risidagi ariza akkreditiv ochuvchi korxonaning bankiga ikki nusxada taqdim etiladi. Arizaning birinchi nusxasi to’lovlar amalga oshirilgandan so’ng bankning kunlik hujjatlar yig’ma jildiga tiqiladi, ikkinchi nusxasi esa to’lovchining shaxsiy schyotidan ko’chirmaga ilova qilinadi. Mijozning arizasiga ko’ra elektron to’lovlar tizimi bo’yicha akkreditivlangan summa mablag’ oluvchining bankiga jo’natiladi va mablag’ oluvchining bankida ochilgan akkreditiv schyotiga o’tkaziladi. Ijrochi bank mablag’ oluvchiga mablag’lar kelib tushganligi haqida xabar beradi. Ijrochi bankda akkreditivlarni ochish to’g’risidagi ariza ikki nusxada qog’ozga chiqariladi. Uning birinchi nusxasi bankning kunlik hujjatlar yig’ma jildiga tikib qo’yiladi, ikkinchi nusxasi 1-sonli kartotekaga joylashtiriladi. Mablag’ oluvchining talab qilib olinuvchi hisob-kitobga mablag’larni o’tkazish tomonlar orasida tuzilgan shartnomada ko’zda tutilgan talablar va akkreditivni amalga oshirish shartlarning bajarilganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim qilingan holatda amalga oshiriladi. Ijrochi bank mablag’ oluvchi tomonidan taqdim qilingan tasdiqlovchi hujjatlarning to’g’ri rasmiylashtirilganligini tekshiradi. Agar akkreditiv shartnomasida ko’rsatilgan shartlar to’liq yoki qisman bajarilmagan bo’lsa, akkreditivlar bo’yicha to’lov amalga oshirilmaydi. Oluvchining hisob-kitobga mablag’larni o’tkazishda ijrochi bank to’rt nusxada memorial order yozadi, uning «To’lov maqsadlari» ustunida to’lov qaysi shartnoma asosida amalga oshirilayotgan bo’lsa, shu shartnomaning tartib raqami va sanasi ko’rsatiladi. Memorial orderning birinchi nusxasi tasdiqlovchi hujjatlar bilan birga bankning kunlik hujjatlari yig’ma jildiga tiqiladi, ikkinchi va uchinchi nusxalari tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilingan holda to’lovchining bankiga jo’natiladi, memorial orderning to’rtinchi nusxasi mablag’ oluvchiga uning shaxsiy schyotidan olingan ko’chirma bilan birgalikda beriladi. Bir vaqtning o’zida akkreditiv bo’yicha to’langan summa 1-sonli kartotekadan hisobdan chiqariladi. To’lovchining banki akkreditivni ijro etilganligi to’g’risidagi hujjatni ijrochi bankdan olgandan so’ng olingan memorial orderga asosan akkreditiv summasini hisobdan chiqaradi va tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilingan memorial orderning bir nusxasini oluvchiga beradi. Mablag’ oluvchining bankida ochilgan akkreditivni amal qilish muddati tugaganda, mablag’ oluvchining akkreditivdan keyinchalik foydalanishdan bosh tortishi to’g’risidagi yozma arizasiga binoan yoki to’lovchining akkreditivni to’liq yoki qisman chaqirib olish to’g’risidagi yozma talabnomasiga binoan akkreditiv schyoti yopiladi. Ijrochi bank akkreditivni yopilgani to’g’risida to’lovchining bankiga xabar beradi. Foydalanilmagan akkreditiv summasi to’lovchining bankiga o’tkaziladi. Download 29.35 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling