4. Embrional rivojlanish davri. Bu davr zigota hosil bo’lishidan boshlanib tug’ulgunga yoki tuxum qobiqlaridan chiqqunga qadar davom etadi.
Embrional davri zigota, maydalanish, blastula, gastrula, orgonogenez bosqichlariga bo’linadi. Zigota ko’p hujayrali organizmning bir hujayrali bosqichidir. U tuxum va urug’ hujayraning qo’shilishi natijasida hosil bo’ladi. Zigota davri juda qisqa vaqt davom etib, bunda sitoplazma moddalarining qayta taqsimlanishi, qutblanishi va oqsil sintezi kuzatiladi. Zigota hosil bo’lgandan bir necha soatdan so’ng maydalanish bosqichi boshlanadi. Hujayralar mitoz usuli bilan bo’lina boshlaydi, lekin bo’lingan hujayralar o’smaganligi uchun hosil bo’lgan hujayralarning o’lchami tobora maydalashib boradi.
Zigotaning qanday maydalanishi tuxum hujayrada sariq moddaning miqdoriga bog’liq bo’ladi. Sarig’i kam va sitoplazmada bir xil taqsimlangan bo’lsa, zigota to’liq va bir tekis maydalanadi. Bunga lansetnikning rivojlanishi misol bo’ladi. Agar sariq modda ko’p bo’lib, hujayrada notekis taqsimlansa, zigotaning maydalanishi ham to’liq bo’lmay, notekis bo’ladi. Bunday rivojlanish sariq moddasi ko’p bo’lgan qushlar tuxum hujayralarida kuzatiladi (6-rasm).
Do'stlaringiz bilan baham: |