2-soat Reja: Falsafa tarixida inson mohiyatiga oid qarashlar tasnifi
Download 166.6 Kb.
|
4-мавзу семинар
Uyg‘onish davrida insonga doir qarashlarda jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi. O‘rta asrlarda inson u yoki bu korporatsiya vakili sifatida amal qilgan bo‘lsa, Uyg‘onish davrida u o‘zlikni anglash tuyg‘usi va ijtimoiy nuqtai nazari o‘sishi natijasida o‘z manfaatlarini ifoda eta boshladi. Inson shaxs sifatida kamol topdi. U o‘zini o‘z shaxsiy hayoti va taqdirining bunyodkori sifatida tobora kuchliroq anglay boshladi. Inson mustaqillikka erishishga va tabiatni o‘ziga bo‘ysundirishga harakat qildi, o‘z ijodiy imkoniyatlari cheksiz ekanligiga ishona boshladi. Mazkur qarashlar italyan faylasufi Piko della Mirandolaning «Inson qadr-qimmati haqida so‘z» deb nomlangan mashhur asarida o‘z aksini topdi. Tasviriy san’at, me’morchilik, axloq, estetika, adabiyot va pedagogikani yaxshi tushunadigan har tomonlama komil inson o‘sha davrning idealiga aylandi. Uyg‘onish davri bu idealga to‘la mos keladigan Leonardo da Vinchi, Alberti Bottichelli, Rafael kabi atoqli shaxslarni dunyoga berdi.
O‘sha davr falsafasida insonga bo‘lgan qiziqishning kuchayishi bilan bir qatorda tabiatga bo‘lgan qiziqish ham tiklandi. N.Kuzanskiy, J.Brunoning panteistik konsepsiyalari xristianlar Xudosini siqib chiqara boshladi. Yunonlarning kosmotsentrizmi tabiiysentrizm sifatida qayta anglab yetildi. Bunda antik faylasuflarning markazida Yer joylashgan pirovard kosmos haqidagi tasavvurlari cheksiz va markazsiz kosmosga o‘rin bo‘shatdi. Bunday kosmos umumiyroq va kengroq tushuncha – «tabiat» bilan tenglashtiriladi. Shundan beri u turli falsafiy tizimlarda faol o‘rganiladi. Xususan, Ma’rifat davri falsafasida fundamental tushunchaga aylanadi, Shelling ijodida markaziy o‘rin egallaydi, shuningdek ekologiyaga qarab mo‘ljal oluvchi ayrim hozirgi falsafiy konsepsiyalarda dunyo va insonni tushunishda tayanch nuqtasi hisoblanadi. Mazkur yondashuvga ko‘ra inson tabiatning ajralmas qismi sifatida qaraladi. Bunday qarashlarning izchil tarafdorlari, masalan, XX asrning ikkinchi yarmida rivojlangan ijtimoiy ekologiya namoyandalari e’tiborni haddan tashqari keng qaratadigan tabiatdan uning muayyan qismiga – inson o‘z hayot faoliyatini amalga oshiradigan biosferaga qaratish lozimligini qayd etadilar va bunda antropotsentristik qarashlardan voz kechib, ularni biosferotsentrizm bilan almashtirishni talab qiladilar. Biosferotsentrizmda falsafiy tadqiqotlar markaziga inson o‘rniga tabiatni qo‘yish taklif qilinadi va shu tariqa tabiat inson ehtiyojlari nuqtai nazaridan qaralmaydi, inson mohiyati va uning ehtiyojlari esa tabiiy qonunlarni va biosferaning tadrijiy rivojlanish tendensiyalarini bilish nuqtai nazaridan tadqiq etiladi. Yangi davrda inson falsafaning diqqat markazidan tushmadi, lekin unga bo‘lgan qiziqish asosan, ijtimoiy munosabatlardagi ishtiroki bilan bog‘landi. Yangi davrda insonga biluvchi sub’ekt sifatida yondashildi. Masalan, Dekart insonning mohiyati, o‘ziga xos xususiyatini uning tafakkuri, fikrlash qobiliyatida ko‘rdi. XVIII asr fransuz materialist faylasuflari (Didro, Golbax, Gelvesiy, Lametri) tabiatshunoslik va mexanika sohasida erishilgan hayratomuz yutuqlar ta’sirida insonning jonini ong bilan, tanasini esa – avtomat, mashina bilan tenglashtirib, uni mexanistik talqin qildilar. Buyuk nemis faylasufi I.Kant (1724-1804) insonni tushunish yo‘lida muhim qadam tashladi. U inson betakror mavjudot va u haqda alohida falsafiy mulohaza yuritish mumkin, deb hisoblar edi. Ayni vaqtda, u «inson uchun maktab bo‘lib xizmat qiladigan madaniyat sohasidagi barcha muvaffaqiyatlarning maqsadi o‘zlashtirilgan bilim va ko‘nikmalarni amalga tatbiq etishdan iboratdir. Ammo bu bilimlar tatbiq etilishi mumkin bo‘lgan dunyodagi eng muhim predmet insondir, zero u o‘zi uchun pirovard maqsaddir»14, deb qayd etadi. Dunyoning butun rang-barangligi orasida I.Kant tabiatning turli, lekin bir-biri bilan uzviy bog‘langan uch darajasi: notirik tabiat, tirik tabiat va inson tabiatini farqladi. Uning fikricha, bu darajalarning har birida tabiat o‘z qonunlariga, chunonchi: notirik tabiat – mexanika qonunlariga, tirik tabiat – maqsadga muvofiqlikka bo‘ysunadi, inson tabiati esa erkinligi bilan tavsiflanadi. Ayni vaqtda u inson tabiatini qolgan ikki tabiatga bog‘lash va ular orqali bilish mumkin emasligini ta’kidlaydi. Inson tabiatini faqat uning erkinlikdan kelib chiqadigan o‘z qonunlariga muvofiq anglab yetish mumkin. Shunday qilib, I.Kant inson tabiatning undagi boshqa jonli va jonsiz ob’ektlar kabi o‘ziga to‘q ob’ekti hisoblanishi haqidagi fikrni ilgari surish orqali insonni o‘rganish uchun yangi imkoniyatlar yaratdi va shu tariqa falsafiy bilimning mustaqil bo‘limi sifatida falsafiy antropologiyaning yaratilishiga yo‘l ochdi. I.Kantdan keyin nemis klassik falsafasida inson asosan madaniyat dunyosini yaratuvchi ma’naviy faoliyat sub’ekti sifatida, umumiy ideal asos – ruh, aql manbai sifatida tushunildi. L.Feyerbax (1804-1872) bu yondashuvga qarshi chiqdi. O‘sha davrda ob’ektiv idealizm falsafasida hukm surgan tushunchalar («g‘oya», «ruh»)ga zid o‘laroq, u «inson» kategoriyasini ilgari surdi. Feyerbax insonga tarixiy ma’naviy rivojlanish mahsuli sifatida emas, balki avvalo biologik, hissiy-jismoniy mavjudot sifatida yondashib, undagi tabiiy-biologik asosga murojaat etdi. Unda inson Xudo yaratgan banda emas, balki tabiatning bir qismi bo‘lib, fransuz faylasuflari qayd etganidek mexanizm emas, balki organizmdir. Ayni shu sababli Feyerbax falsafasi «antropologik materializm» degan nom oldi. Uning insonga nisbatan yondashuvi shu bilan tavsiflanadiki, insondagi tabiiylik va ijtimoiylik materialistik monizm nuqtai nazaridan tushuntiriladi. Bu inson bir vaqtning o‘zida notirik va tirik tabiatning tadrijiy rivojlanishi mahsuli sanalgan biologik mavjudot sifatida ham, mohiyati ijtimoiy munosabatlar bilan belgilanadigan ijtimoiy mavjudot sifatida ham qaralishini anglatadi. XIX asrdan boshlab Yevropa falsafiy tafakkuri F.Shelling, A.Shopengauer, M.Shtirner, S.Kerkegor, F.Nisshe, N.Berdyaev, A.Bergson kabi faylasuflarning sa’y-harakatlari bilan inson mavjudligini individual va tarixiy muayyanlashtirish sari yuz burdi. Hayot, sezgilar, xohish-iroda, irratsionallik tushunchalari maxsus falsafiy tahlil predmetiga aylandi va keyinchalik ekzistensializm, intuitivizm va personalizm falsafasida rivojlantirildi. Xususan, ekzistensializm nuqtai nazaridan ob’ektiv dunyo – bu avvalo «inson borlig‘i» bo‘lib, insondan tashqarida dunyo haqida biron-bir gap aytish mumkin emas. Inson borlig‘i to‘g‘risida so‘z yuritish o‘rinli bo‘ladi, chunki inson borliq xususida savollar beradi, uning mazmunini tashkil etgan holda uni boshdan kechiradi, anglab yetadi. Inson muammosiga qisqacha tarixiy-falsafiy nazar tashlash XX asr boshiga kelib falsafada bilimning yangi mustaqil sohasi – inson haqidagi ta’limot, ya’ni falsafiy antropologiya vujudga kelishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganini ko‘rsatadi. Download 166.6 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling