2-soat Reja: Falsafa tarixida inson mohiyatiga oid qarashlar tasnifi
Download 166.6 Kb.
|
4-мавзу семинар
- Bu sahifa navigatsiya:
- Insonni tushunishda dualizm va monizm.
Falsafiy antropologiya yechadigan muhim muammolar orasida inson biologik va ijtimoiy mohiyatining o‘zaro nisbati to‘g‘risidagi masala alohida o‘rin egallaydi. Inson jonli tabiatning bir qismi, shuningdek biologik evolyusiya mahsuli ekanligi hozirgi zamon tabiatshunosligi fanida nafaqat olimlar va mutaxassislar, balki ma’rifatli odamlarning keng doirasi uchun ham aniq-ravshan va deyarli shak-shubhasiz dalilga aylandi. Har bir inson o‘z biologik xususiyatlari: genetik kodi, vazni, bo‘yi, mijozi, terisi va sochining rangi, yashash muddati va shu kabilarga ko‘ra betakrordir. Biroq ayni vaqtda inson ijtimoiy mavjudot ekanligi, uning o‘ziga xosligi va betakrorligi odamzotning ijtimoiy tabiati, u kamol topgan, ta’lim-tarbiya olgan, madaniy va axloqiy qadriyatlar va mo‘ljallarni o‘zlashtirgan ijtimoiy muhit bilan belgilanishi ham shak-shubhasizdir. Ayni shu sababli inson individi nafaqat biologik, balki ijtimoiy mavjudot sifatida ham o‘ziga xos xususiyat kasb etadi. Boshqacha aytganda, insonning kamol topishi jamiyatda va faqat jamiyatda yuz beradi. Insonni tushunishda dualizm va monizm. Odamlar o‘rtasidagi biologik va ijtimoiy farqlarni va ularni betakrorligini tan olishdan inson tabiatining yaxlitligini tushunishga nisbatan ikki muhim yondashuv: dualistik va monistik yondashuvlar kelib chiqadi. Qadim zamonlarda vujudga kelgan insonga nisbatan dualistik yondashuv shundan iboratki, odamzot, bir tomondan, moddiy organizmdan, boshqa tomondan esa – mustaqil mohiyat sanaladigan va bu organizmni boshqaradigan nomoddiy jondan tashkil topgan mavjudot sifatida qaraladi. Bu yondashuv, masalan, boqiy g‘oyalar dunyosida yashaydigan o‘lmas jon inson tug‘ilayotgan paytda uning tanasiga xuddi zindonga tushgandek kirib o‘rnashadi, uning o‘limidan keyin esa vujudni tark etib, yana g‘oyalar dunyosiga qayta, deb hisoblagan Platon falsafasida ayniqsa bo‘rtib namoyon bo‘ladi. Jonlarning o‘lmasligi g‘oyasi Sharq falsafiy an’anasiga ham xosdir. Hozirgi olimlarning aksariyati qo‘llab-quvvatlaydigan inson talqinining monistik konsepsiyasi inson ruhiyati, uning tuyg‘ulari, fikrlari, emotsiyalari va kayfiyati inson organizmining tarkibiy qismi sanalgan bosh miya nerv hujayralari hayot faoliyatining mahsulidan o‘zga narsa emas, degan tushunchadan kelib chiqadi. Bu yondashuv tarafdorlarining fikriga ko‘ra, ruhiy hodisalar qandaydir nomoddiy asosga ega, deb hisoblash uchun yetarli dalillar mavjud emas, shu sababli ruhiyat tabiatini tushuntirishda inson organizmida yuz beradigan moddiy jarayonlar chegarasidan chetga chiqishning hojati yo‘q. Shunday qilib, tavsiflangan muammo inson o‘z tabiatiga ko‘ra faqat biologik mavjudotmi yoki faqat ijtimoiy mavjudotmi, degan masala bilan bog‘lanmaydi. U, hech shubhasiz, ham biologik, ham ijtimoiy mavjudotdir. Ammo bu ikki asosning o‘zaro nisbati qanday, ularning biri ikkinchisidan ustunroqmi va inson mohiyatini nima belgilaydi – bu qizg‘in bahs-munozaralar predmetidir. Mazkur masalalar hanuzgacha o‘zining uzil-kesil yechimini topgani yo‘q, hozirda mavjud turli biologik, psixologik va falsafiy maktablar bu savollarga har xil javoblar beradi. Yuqorida zikr etilgan muammoning yechimiga nisbatan mavjud yondashuvlar orasida insonning bioijtimoiy tabiatini tushunishga nisbatan qarama-qarshi nuqtai nazarlar ifodasi sanalgan biologizatorlik va sotsiologizatorlik konsepsiyalari alohida o‘rin egallaydi. Bunda ularning har biri boshqasini butunlay rad etmaydi, ammo insonning muayyan bir (biologik yoki ijtimoiy) tabiatini ustunroq qo‘yadi yoki hatto mutlaqlashtiradi. Biologizatorlik konsepsiyalarining tarafdorlari insonni uning tabiiy, biologik asosidan kelib chiqib tushuntirishga harakat qiladi. XVIII asr oxirida jamiyat hayotiga ayrim odamlarning o‘z mavjudligi uchun kurash maydoni sifatida qarashni taklif qilgan T.Maltus nazariyasini bunday tushuntirishga bo‘lgan birinchi jiddiy urinish deb hisoblash mumkin. Maltus fikricha, bu kurashda kuchlilar g‘olib chiqadi, kuchsizlar esa halok bo‘lishga mahkumdir. Mazkur kurashga tabiiy omillar turtki beradi. Xususan, aholi soni geometrik progressiya bo‘yicha ko‘payib boradi, tirikchilik vositalari esa faqat arifmetik progressiya bo‘yicha o‘sadi, bu esa muqarrar tarzda ocharchilik, epidemiyalar, urushlar va boshqa ijtimoiy tangliklarga olib keladi. Mazkur omillarga Maltus kuchlilarning yashab qolishini ta’minlovchi ijtimoiy munosabatlarning «tabiiy», muqarrar va hatto zarur tartibga solish vositalari sifatida qaraydi. Demografik muammolarning yechilmagani, shuningdek ular XX asrda yanada keskinroq tus olishi shunga sabab bo‘ldiki, Maltus g‘oyalari neomaltuzchilar deb nomlangan o‘z davomchilarini topdi va topishda davom etmoqda. Biologizatorlik yondashuvlari XIX va XX asrlar chegarasida Darvinning tabiiy tanlanish haqidagi ta’limotini mutlaqlashtirib, nafaqat insonning kelib chiqishi, balki uning mohiyatini, pirovard natijada esa – butun ijtimoiy munosabatlar tabiatini tushuntirishga harakat qilgan sotsial-darvinistlarga ham xosdir. Hozirgi zamonda bu yo‘nalishni odamlarga ham, hayvonlarga ham teng darajada xos bo‘lgan irsiyatga urg‘u beruvchi sotsiobiologiya davom ettirmoqda. Sotsiobiologlar fikriga ko‘ra, inson xulq-atvori ham, hayvon xulq-atvori ham irsiy omillar bilan belgilanadi va hech kim o‘z irsiyati ta’sirini – u xoh yaxshi bo‘lsin, xoh yomon – yengishga qodir emas. Inson tabiati xususida shunga o‘xshash qarashlarga ayrim odamlarning boshqa odamlardan ustunligini faqat ularning «oliy» yoki «past» irqqa mansublik belgisiga ko‘ra e’lon qiluvchi irqchilik konsepsiyalarida ham duch kelish mumkin. Bu, xususan, «irqiy tozalik» uchun kurash olib borgan va «irqiy tanlanish»ni amalga oshirish g‘oyasini faol ilgari surgan fashistik mafkurada ayniqsa bo‘rtib namoyon bo‘ladi. Irqiy tanlanish g‘oyalari zamirida asosan XIX asr oxiri – XX asr boshlarida keng tarqalgan «inson irsiyatining oliy sifati»ga qanday vositalar bilan va qay tarzda erishish mumkinligi haqidagi ta’limot – yevgenika yotadi. XX asr boshlarida bu ta’limot shu darajada keng tarqaldiki, ayrim mamlakatlarda davlat siyosati bilan uzviy bog‘landi. Xususan, 1920-1930-yillarda Daniya, Shvesiya va Norvegiyada jamiyatda tabiiy tanlanishni ijtimoiy mustahkamlovchi irqiy qonunlar qabul qilindi. Sotsiologizatorlik konsepsiyalari inson tabiatini ijtimoiy munosabatlarda ko‘rishga harakat qiladilar. Bunda ular ba’zan nafaqat insonning ijtimoiy asosini uning biologik asosiga qarama-qarshi qo‘yadilar, balki so‘nggi zikr etilgan asosni hayvoniy va hattoki tuban, shu bois jiddiy e’tiborga loyiq emas, deb hisoblaydilar. Asosiy e’tibor ijtimoiy munosabatlar tahliliga va individ, shaxsning shakllanishida jamiyat qanday rol o‘ynashini aniqlashga qaratiladi. Pirovardda ijtimoiy asos individual asosga qaraganda ustunroq ahamiyat kasb etadi, uni o‘ziga bo‘ysundiradi va qamrab oladi. Mazkur yondashuv total ijtimoiy tizimlarga va ularni asoslashga harakat qiluvchi falsafiy ta’limotlarga, xususan, Platon falsafasiga ayniqsa xosdir. Umuman olganda, bu individualizm va kollektivizm muammosidir. Download 166.6 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling