2022 yil uchun davlat byudjeti: asosiy ko‘rsatkichlar tahlili
Davlat byudjeti daromadlari 200 trln so‘m yoki YaIMning 23,8%i miqdorida belgilandi. Ulardan soliq tushumlari 68,5 trln so‘m, shu jumladan foyda solig‘i – 43,7 trln so‘m, aylanmadan olinadigan soliq – 2,7 trln so‘m, JShDS – 22 trln so‘mni tashkil etadi.
30.12.2021 yildagi «2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida»gi Qonun imzolandi. Ushbu Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2021 yil 26 noyabrda qabul qilingan. Senat tomonidan 2021 yil 15 dekabrda ma’qullangan.
Belgilanishicha, O‘zbekiston Respublikasi nomidan va uning kafolati ostida jalb qilingan davlat qarzining summasi yalpi ichki mahsulotning yillik prognoz ko‘rsatkichiga nisbatan 60%dan oshmasligi kerak.
2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi nomidan va uning kafolati ostida tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmi 4,5 mlrd AQSh dollarini tashkil etadi.
Qonunga muvofiq quyidagi soliqlar bo‘yicha asosiy stavkalar o‘zgarishlarsiz qoldirildi:
QQS – 15%;
foyda solig‘i – 15%;
jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i – 12%;
aylanmadan olinadigan soliq – 4%.
Foyda solig‘i stavkasi 15%, dividendlar tarzidagi foyda bo‘yicha soliq stavkasi 5% darajasida saqlanib qolindi.
Amortizatsiyaning yillik cheklangan normasi va investitsiyaviy chegirma miqdori o‘rtacha 2 baravarga oshiriladi.
Programmnoye byudjetirovaniye
Soliq to‘lovchilarga zarar summasini kelgusi davrlarga, zarar ko‘rilgan soliq davridan keyingi 10 yilga ko‘chirish huquqi beriladi. Bunda jami ko‘chirilayotgan zarar summasi joriy soliq davridagi soliq bazasining 60%idan oshmasligi lozimligi to‘g‘risidagi talab bekor qilinadi.
Tabiiy gazni eksport qilishda, shuningdek import qilingan gazni ichki bozorda realizatsiya qilishda aksiz solig‘i stavkasi nolga tenglashtiriladi. Ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan suyultirilgan gazni realizatsiya qilish aksiz solig‘idan ozod etiladi.
Bundan tashqari yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari neft va tabiiy gaz bo‘yicha 10%gacha, oltin va mis bo‘yicha – 7%gacha, volfram bo‘yicha – 2,7%gacha, uran bo‘yicha – 8%gacha pasaytirildi.
Shuningdek avtomobilni sotib olishda va vaqtinchalik olib kirishda to‘lanadigan yig‘im bekor qilindi.
Jismoniy shaxslar uchun ijara to‘lovining eng kam stavkalari belgilandi. Ular binoni yoki avtomobilni ijaraga berishdan olingan daromadlarga soliq solishda qo‘llaniladi.
2022 yil uchun Konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligining cheklangan miqdori yalpi ichki mahsulotning 3%i miqdorida belgilandi. 2022 yilda konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 254,6 trln so‘m yoki YaIMning 30,3%i miqdorida prognozlashtirilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |