3-mavzu. IX-XII asrlarda o‘zbek davlatchiligi: siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayot. Ajdodlarimizning jahon sivilizatsiyasiga qo’shgan hissasi. (2 soat) Reja


Islom dinining davlat tayanchiga aylanishi. So‘fiylik tariqatlari. YUsuf Hamadoniy, G‘ijduvoniy, Ahmad YAssaviy, Najmiddin Kubro, Bahovuddin Naqshband


Download 71.7 Kb.
bet3/5
Sana13.06.2020
Hajmi71.7 Kb.
#118568
1   2   3   4   5
Bog'liq
3-4 мавзулар


Islom dinining davlat tayanchiga aylanishi. So‘fiylik tariqatlari. YUsuf Hamadoniy, G‘ijduvoniy, Ahmad YAssaviy, Najmiddin Kubro, Bahovuddin Naqshband.

IX-XII asrlarda islom dini O‘rta Osiyo xalqlari davlatchiligi tarixida katta rol o‘ynay boshladi. Movarounnahrda bu davr arab xalifaligidan mustaqil bo‘lgan davlatlarning paydo bo‘lishi va rivojlanishi davri bo‘lgan bo‘lsa, islom bu vaqtda SHarqda keng tarqalib jahon dini darajasiga ko‘tariladi, musulmon dunyosining mafkurasiga aylanadi. Arab tili davlat tili darajasiga ko‘tariladi. Azaldan savodli bo‘lgan, madaniyat darajasi yuqori darajaga ko‘tarilgan xalq tez orada nafaqat arab tilini, balki islomni ham chuqur o‘rganib, arab tili va shariat masalalarida kitoblar yozadigan olimlarni etishtirib chiqara boshladi.

Xalifalikdan ajralib chiqqan mustaqil davlatlar somoniylar, qoraxoniylar, saljuqiylar va g‘aznaviylar, Xorazmshohlar davrida bu mustaqil markazlashgan davlatlarni yanada mustahkamlash uchun islom diniga, uning ta’limotiga, tarixiy ahkomlariga e’tibor bir necha bor kuchaya boshlaydi. SHaharlarda masjidlaru-madrasalar qurilishiga e’tibor berila boshladi. Masalan, manbalarning darak berishicha, Buxoroda dastlabki madrasa Kovushdo‘zlar timi yaqinida barpo qilinadi. Hatto qonunshunoslar uchun ham maxsus «Faqihlar madrasasi» degan ixtisoslashtirilgan madrasa qurdirilgan. Bunday bilim maskanlarida Qur’oni karim, Hadis ilmi va shariat asoslari har tomonlama mukammal o‘rganilgan.

O‘sha davr shaharlari orasida islom dini ta’limotini chuqur targ‘ib qilishda Buxoro shahri alohida o‘rinni egallaydi. YUqorida qayd qilinganidek, madrasayu, maktablarning borligi bu yerda etuk ilohiyot fani namoyondalarini etishib chiqishiga xizmat qiladi. SHuning uchun bo‘lsa kerak, Buxoro shu davrdan boshlab «Qubbat-ul-islom» («Islom dinining gumbazi») nomi bilan shuhrat topa boshlaydi.

Sekin-asta markazlashgan davlatning asosiy mafkurasiga aylangan islom dini boshqa diniy qarashlarni siqib chiqara boshlaydi va xalq ommasini itoatda ushlab turish uchun qurol vositasi rolini ham bajara boshlaydi.

Bu davrda islom ta’limotiga bebaho hissa qo‘shgan Imom al-Buxoriy va Iso at-Termiziy kabi ko‘plab ulamolar etishib chiqdilar. Ular shu kunga qadar Hadis ilmining eng ko‘zga ko‘ringan, butun musulmon dunyosi tomonidan tan olingan allomalari darajasiga ko‘tarilgan zotlardir.

Imom Buxoriy (809-870 yy.) Buxoroda tug‘ilib, shu yerda birinchi bilimlarni oladi. So‘ngra bilimini yanada chuqurlashtirish maqsadida Makka, Madina, Bag‘dod, Damashq, Kufa, Nishopur kabi shaharlarga boradi. Manbalardan bizga ma’lumki, Imom Buxoriy islom dini masalalariga bag‘ishlangan 20 ga yaqin asar yozgan. SHu kitoblar orasida Buxoriyning butun dunyoga mashhur qilgan asari «Al-Jome’ as-Sahih» («Ishonchli to‘plam»)dir. Bu asar 160 qismdan iborat bo‘lib, 3450 bobni o‘z ichiga oladi. Buxoriy hadislarini to‘plash va bayon etishda uni haqiqiyligiga asosiy e’tibor bergan, uni haqiqatga yaqinligini isbotlovchi dalillarni keltirgan va shu asosda hadislarni tasnif qilgan olimdir. Uning diqqat markazida fanning inson uchun tarbiyaviy ahamiyati, uning ma’naviy yuksalishi, fozilligi, donoligi, yaxshi va yomonni ajrata olishi turadi. Umrining oxirida u o‘z Vataniga qaytib keladi va Samarqand yaqinida vafot etadi. Mustaqillik yillarida bu ulug‘ bobakalonimiz ruhini shod yetib, O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan uning vafot etgan joyida ulkan majmua-bino barpo qilindi. Hozirda bu joy nafaqat mamlakatimiz fuqarolarini, balki butun musulmon dunyosi ahlini ziyoratgoh joyiga aylangan.

Imom at-Termiziy (824-892 yy.) Termizdan uncha uzoq bo‘lmagan Bug‘ qishlog‘ida tug‘ilgan. U ham Buxoriy singari SHarqning juda ko‘p shaharlarida bo‘lib, o‘z bilimini oshirishga harakat qiladi. At-Termiziy hadislardan tashqari filologiya, tarixga oid asarlar ham yozdi. Uning 10 dan ortiq yozgan asarlari orasida nomini butun musulmon olamiga mashhur qilgan asari «Jome at-Termiziy» yoki «Sunan at-Termiziy»dir. Bu asar islomda ulamolar tomonidan haqiqat deb tan olingan mashhur hadislar to‘plamidan biridir.

Islom dinining mamlakatda asosiy din sifatida tan olinishi, boshqa dinlarning oyoq-osti qilinishi, bu davrda mehnatkash omma turmush tarzining og‘irlashuvi ular orasida ularni yupatishga, ularning ruhini engil qilishga yordam beruvchi g‘oyani qidirishga majbur qila boshladi. Bu g‘oya tasavvuf g‘oyasi bo‘ldi.

Tasavvuf, ya’ni so‘fiylik islom dini asosida shakllangan diniy-falsafiy oqim bo‘lib, poklangan, zohid, taqvodorlik ma’nosini anglatadi. Uning asosida bu dunyo lazzatlarida voz kechish orqali Ollohga etish, uni bilish, u bilan birlashish yo‘lini qidirish yotadi. Sufiylik, Qur’on va shariat talablarini albatta so‘zsiz bajarish, o‘zini Xudoning quli deb bilish kabilar, o‘z xohishi bilan poklanib, Ollohga, ruhiy ma’naviylikka singish orqali yerishishga asoslanadi. Tasavvuf ta’limoti asosida inson faoliyati va uning kamoloti yotadi.

Tasavvufda ruhni kamolotga, uning so‘nggi maqsadi Ollohga yerishuv yo‘llari to‘rt bosqichdan iborat: birinchi bosqich – SHARIAT deb ataladi, unda avvalambor, shariatning barcha talablarini bajarish va unga bo‘ysunish talab etiladi. Ikkinchi bosqich – TARIQAT deb ataladi. Unda murid o‘z shaxsi istaklaridan voz kechib, o‘zini pir ixtiyoriga topshirishi kerak. Uchinchi bosqich – MA’RIFAT bo‘lib, unda so‘fiylar koinotning birligi Xudoda mujassam bo‘lishini, yaxshilik va yomonlikning nisbatini aql bilan emas, qalb orqali anglab olishlari kerak bo‘ladi. To‘rtinchi bosqich – HAQIQATdir. Bunda so‘fiy shaxs sifatida tugab, Xudoga-mo‘ljallangan haqiqatga etishishi, Ollohga singib ketishi va natijada abadiylikka yerishuvi zarur. Bu jarayon ma’lum davomli vaqtni talab etgan. Maxsus ruhiy jismoniy harakat, faoliyat, sig‘inish, ibodatlar, ohanglar yordamida amalga oshirilgan.

Tasavvufning ijtimoiy asosini shaharlardagi hunarmandlar, mayda savdogarlar tashkil qilgan. IX-X asrlardayoq Iroq va Eronda uning yirik vakillari vujudga keladi. Movaraunnahrda esa tasavvuf ta’limoti X asrdan boshlab yoyila boshladi. Hozirgi O‘zbekiston hududida tasavvufning rivojlanishida YUsuf Hamadoniy ta’limoti muhim rol o‘ynaydi. Manbalarda qayd qilinishicha, YUsuf Hamadoniy 1043-1049 yilda Eronning Hamadon shahrida tug‘iladi. Dastlabki bilimlarini Hamadon va Bag‘dodda oladi. Imom G‘azzoliy kabi buyuk allomalarni tarbiyalab voyaga yetkazgan shayx Abu Ali Farsadiyga shogirdlikka tushadi. YUsuf Hamadoniy umrining katta qismini O‘rta Osiyoda o‘tkazgan. U hunarmandchilik-kosibchilik bilan shug‘ullangan. SHuning uchun ham bo‘lsa kerak, uning ta’limoti asosan hunarmandlar orasida keng tarqalgan va ularning manfaatlarini ifodalagan. YUsuf Hamadoniy sufiylik ilmi bo‘yicha ko‘plab shogirdlar tayyorladi. U Buxoroda maxsus xonaqo qurdirib, o‘sha yerda shogirdlarga dars bergan. Hamadoniy ta’limotida vatanparvarlik g‘oyalari o‘z ifodasini topgan. Uni pir deb bilgan shogirdlaridan 213 tasi mashhur shayxlar bo‘lib etishgan ekanlar. Hamadoniy ta’limotidan O‘rta Osiyoda ikki tasavvuf maktabi-yassaviylik va naqshbandiylik kelib chiqadi.

O‘rta Osiyo hududida birinchi vujudga kelgan so‘fiylik oqimi YAssaviylikdir. Bu oqimga 1105 yilda YAssa (Turkiston) shahrida tug‘ilgan Ahmad YAssaviy asos solgan. Ahmad YAssaviy Buxoroda YUsuf Hamadoniydan ta’lim olgach, yana ona shahri Turkistonga qaytib keladi va shogirdlar tarbiyasi masalasi bilan shug‘ullanadi. Madrasa va xonaqolar qurdiradi. YAssaviy ta’limotining asoslari turkiy tilda yozilgan «Devoni Hikmat» asarida bayon etilgan. U o‘troq va ko‘chmanchi turkiy xalqlar orasida o‘ufiylik ta’limotini targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etgan.

YAssaviy tariqatining boshqa tariqatlarda bo‘lganidek, o‘ziga xos qoidalari bor. Ular: 1. Murid hech kimsani o‘z shayxidan afzal ko‘rmasligi, unga mutlaqo taslimiyat izhor etmog‘i lozim. 2. Murid shunchalik zukko va idrokli bo‘lishi kerakki, to o‘z shayxining barcha ramz va ishoralarini mukammal anglay olsin. 3. SHayxining barcha ahvoli (so‘zlari) va a’folari (ishlari) ga murid sodiq bo‘lib, unga mutlaqo mute va mo‘taqid bo‘lmog‘i lozim. 4. Murid o‘z murshidi (piri) ning barcha topshiriqlarini chaqqonlik bilan sidqidildan bajarib, uni hamisha rozi qilib yurmog‘i lozim. 5. Murid o‘z so‘ziga sodiq, va’dasiga rosih bo‘lib, o‘z murshidi ko‘nglida hech qanday shak-shubha tug‘dirmasligi zarur. 6. Murid o‘z va’dasiga vafodor va so‘zida ustuvor bo‘lishi kerak. 7. Murid o‘z ixtiyoridagi barcha mol-mulkni, butun bor-u yo‘g‘ini o‘z shayxiga nisor (baxshida) etmoq uchun doimo tayyor bo‘lmog‘i kerak. 8. Murid o‘z shayxining barcha sir-asroridan ogoh bo‘lib, uning ifshosini (oshkor etishni) hech vaqt xayoliga keltirmasligi kerak. 9. Murid o‘z shayxining barcha takliflarini nazarda tutmog‘i, uning mushkulotini oson qilmog‘i, pandu nasihatlarini bajo keltirmog‘i shart. 10. Murid Olloh visoli uchun o‘z shayxi yo‘lida butun moli va jonini nisor etmoqqa tayyor turishi, uning do‘stiga do‘st, dushmaniga dushman bo‘lib yashamog‘i shart.

Ahmad YAssaviyning fikricha shariatsiz tariqat, tariqatsiz ma’rifat, ma’rifatsiz haqiqat bo‘la olmaydi. Ular doimo bir-birini to‘ldiradi. Bu yo‘l kamolot yo‘li bo‘lib, inson hayotining asl mohiyatini tashkil etadi.

YUsuf Hamadoniyning yana bir shogirdi Abduxoliq G‘ijduvoniy bo‘lgan. YAssaviy bilan G‘ijduvoniy shu darajada iqtidorli shogirdlardan bo‘lishganki, keyinchalik ulardan bir «YAssaviya», ikkinchisi «Naqshbandiya» tariqatining asoschilari bo‘lib etishadilar. Xoja Abduxoliqning tarjimai holi, tug‘ilgan va vafot etgan sanalari aniq. U 1103 yilda G‘ijduvondda tug‘ilib, 1179 yilda o‘z vatanida vafot etadi. Xoja Abduxoliqqa dastlabki savodni o‘z tug‘ilgan yurtida Imom Sadriddin beradi. Keyinchalik o‘qishni Buxoroda davom ettirib, yuqorida qayd qilinganidek, YUsuf Hamadoniyga shogird tushadi. Tarixiy manbalarning xabar berishicha, ustoz va shogirdning bir-birlariga hurmati, mehr-oqibati shu darajada bo‘lgan ediki, ular birgalikda SHarqning fan va madaniyat o‘choqlaridan bo‘lmish Samarqand, Buxoro, Marv, Isfaxon, Balx singari shaharlarga borgan ekanlar va u yerlarda tasavvuf sohasidagi o‘z bilimlarini yanada chuqurlashtirgan ekanlar.

Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniy SHarq falsafa tarixida o‘ziga xos o‘rin egallaydi. Uning falsafiy dunyoqarashi tasavvufdagi Xojagon (Xojalar) xalqasida shakllandi. Agar bizgacha Ahmad YAssaviyning «Hikmatlar»i meros bo‘lib qolgan bo‘lsa, Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniydan «Risolayi Sohibiya» «Risolayi SHayxshuyuk Xazrati Abu YUsuf Hamadoni» kabi asarlar meros bo‘lib qolgan. Ammo bu asarlar hali yaxshi o‘rganilmagan va keng xalq ommasi orasida targ‘ib qilinmagan. Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniy ustozidan ko‘p narsalarni o‘rganar ekan, o‘zi ham ko‘p hollarda mustaqil fikr yuritib, ba’zi masalalarda o‘z yo‘lini shakllantirishga harakat qilgan. U zikr aytish usuli bo‘yicha «Zikri Xufiya», «Zikri dil» amalini targ‘ib qila boshlagan. Xoja Abduxoliqning ustozi YUsuf Hamadoniy o‘sha vaqtda o‘z sahobalari bilan «Aloniya» zikr tushish amalini bajargan. Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniy yuqorida qayd qilinganidek, «Xojagon» (Naqshbandiya) tariqatining asosiy qonun-qoidalarini ishlab chiqqan buyuk allomadir. Uning asarlari, hayoti, qilgan ishlari butun turk olamida alohida o‘rin egallab, ma’naviy hayotda o‘chmas iz qoldirgan.

Najmiddin Kubro (1145-1221 yy.) – tasavvuf ta’limotining O‘rta Osiyodagi yirik vakillaridan biri. So‘fiylikdagi Kubraviya oqimining asoschisidir. XIV asrda tug‘ilib, Misr, Tabriz va Hamadonda ilm olgan. Ko‘hna Urganchga qaytib, o‘z ta’limotini rivojlantirib, shu yerda yangi sufiylik oqimiga asos soladi. U «Favoix al-Jamol va fovotix al-Jalol» («Jamolining muattarligi va kamolotning egalari»), «As-usul al-ashara» («O‘nta qonun va qoidalar») nomli qator risola va asarlar yozib, o‘z ta’limotini takomillashtirishga yerishdi. Kubroviya tariqatining asosini 10 tadan iborat qonun-qoidalar tashkil etadi. Ularga asosan «tavba», «zuxd» («mol-dunyodan voz kechish»), «tavakkal» («Olloh yo‘lida»), «qanoat», «uzlat», «doimiy zikr», «tavajjuz», «sabr», «muroqaba» («kamolot topish») va «rizo» (xalqqa etishish) kabi qoidalar kiradi. Kubroviya tariqati YAssaviya tariqatidan farq qilib, tarki dunyochilik rad etiladi. Unda kamolot yo‘lida olib boriladigan mashaqqatli mehnat jarayonida bu dunyo noz-ne’matlaridan bahramand bo‘lish kerakligi ilgari suriladi. Bu ta’limotda vatanga, xalqqa bo‘lgan muhabbat g‘oyasi nihoyatda kuchli bo‘lib, har qanday og‘ir sharoitda ham xalq bilan birga bo‘lish, vatan himoyasi uchun kurashish, uning mustaqilligini saqlash zarurligini da’vat qilinadi. O‘z g‘oyasiga sodiq Najmiddin Kubro vatan himoyasi yo‘lida shahid bo‘ldi va jasorat namunasini o‘z muridlariga ko‘rsata oldi.

SHunday qilib, tasavvuf Movarounnahr aholisining ma’naviy hayoti bilan chambarchas bog‘langan ta’limot bo‘lib, o‘rta asrning xalqparvar adib va mashoixlari uni chuqur bilishga va u orqali ommaga ziyo va ma’rifat tarqatishga intilganlar.
4-mavzu. Amir Temur va Temuriylar davrida ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayot. (2 soat)

Reja:


  1. Amir Temurning markazlashgan davlat tuzish uchun kurashi va harbiy yurishlari.

  2. Amir Temur vafotidan so‘ng Temuriylar davlatidagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat.

  3. XV asrning 2-yarmida Movaraunnahr va Xuroson. Temuriylar saltanatining inqirozga yuz tutishi.

  4. Temuriylar hukmronligi davrida ilm-fan va madaniy hayot.

Tayanch so‘z va iboralar: Amir Temur, markazlashgan davlat, Temuriylar, XV asrning 2-yarmi, Movarounnahr, Xuroson.
Amir Temurning markazlashgan davlat tuzish uchun kurashi va harbiy yurishlari

Buyuk davlat arbobi va mahoratli sarkarda Amir Temur 1336 yil 9 aprelda (hijriy 736, sha’bon oyining 25 kunida) Keshga qarashli Xo‘ja Ilg‘or (hozirgi YAkkabog‘ tumani) qishlog‘ida barlos beklaridan biri Amir Tarag‘ay ibn Barqal oilasida dunyoga keldi. Onasi Takinaxotun Keshning obro‘li bekalaridan biri bo‘lgan.

Temurning bolaligi va o‘spirinlik yillari Keshda o‘tdi. Ibn Arabshoh, Rui Gonzales de Klavixo va boshqa tarixshunoslar 1360 yilga qadar uning hayotini ayrim ma’lumotlar bilan izohlashadi.

1360-1361 yillarda Mo‘g‘uliston hukmdori hoqon Tug‘luq Temur Movarounnahrning ichki hayotiga rahna sola boshlaydi. Uning bosqinchilik tadbirlari O‘rta Osiyolik mustaqil hukmdorlarga ma’lum bo‘lganidan keyin ular sarosimaga tushib qolganlar. SHular qatoriga Kesh amiri Hoji Barlosni ham kiritish mumkin. Tug‘luq Temur Xo‘jandni ishg‘ol etish niyatida Sirdaryodan o‘tganidan so‘ng Movaraunnahr amirlari va Hoji Barlos qo‘rquvdan o‘z jonlarini xalos etish uchun Amudaryodan o‘tib Xurosonga kyetib qoldilar.

1360-1370 yillarda Movaraunnahr siyosiy hayotida Amir Temur bilan bir qatorda ta’sir o‘tkazgan shaxslardan yana biri Amir Qozog‘onning nabirasi amir Husayn edi. Balx va uning atrofidagi yer-mulklar uning tasarrufida edi. 1361 yilda Amir Temur amir Husaynga yaqinlashgan edi. Endi ikkala hukmdor birlashib, mo‘g‘ul xonlariga qarshilik ko‘rsatish imkoniga ega bo‘ldilar. Ma’lumki, Amir Temur mo‘g‘ul hokimiga qaram edi. Vaqti kelib, Movaraunnahrni boshqarishni Tug‘luq Temur o‘z o‘g‘li Ilyosxo‘jaga topshirdi. Mustaqil bo‘lishga harakat qilib yurgan Amir Temur yangi hukmdorga itoat etmadi. Buning oqibatida yangi ziddiyat yuzaga chiqdi. Amir Xusayn bilan Sohibqiron Temurning bir-birlari bilan juda yaqinlashgan va yaxshi munosabatda bo‘lgan davrlar 1361-1365 yillarni o‘z ichiga oladi.

Amir Temurning hayotida ro‘y bergan va bir umrga unga tan jarohatini muhrlagan voqea 1362 yilda Seyistonda bo‘lib o‘tgan. Amir Temur jang vaqtida o‘ng qo‘lini tirsagidan va o‘ng oyog‘idan kamon o‘qi tegishidan qattiq jarohatlanadi. Buning oqibatida u bir umr oqsoqlanib yuradi. SHu bois undan dahshatga tushgan dushmanlari Amir Temurni hasad bilan «Temurlang» deb atashgan.

Tug‘luq Temur o‘limidan so‘ng 1363 yilda Movaraunnahr tuprog‘idan haydalgan Mo‘g‘ul xoni Ilyosxo‘ja yangidan juda katta lashkar bilan avvalgi mulklarini egallab olish maqsadida Movaraunnahr tomon harakat qila boshlaydi. Mo‘g‘ul xoni ayniqsa o‘zining raqiblariga nisbatan qahrli kayfiyatda ekanligi ham ma’lum edi. Temur va Amir Husayn bo‘lg‘usi qaqshatqich to‘qnashuvga imkon boricha harbiy kuchlarni yig‘dilar. Tarixda «Loy jangi» nomi bilan kirgan mazkur jang. CHinoz bilan Toshkent o‘rtasida 1365 yilning bahorida ro‘y bergan. Amir Temur va Amir Husayn CHirchiq daryosi bo‘yidagi bu jangda mag‘lubiyatga uchraganlar. Mazkur mag‘lubiyat sabablarini, har xil bayon etishadi. Ayrim solnomachilar mo‘g‘ul xonining g‘olib chiqishida Amir Husaynning sust va layoqatsizlik bilan harakat qilishi deb izohlaydi. Ehtimol shundandir, yoki mo‘g‘ul xoni qo‘shinining soni ko‘pligi hamda yaxshiroq tayyorlanganligi bu yutuqning asosiy omili bo‘lsa kerak.

Qayta urinish behuda ekanligini anglab etgan Amir Temur jang maydonini tark yetib, qolgan-qutgan askarlari bilan Samarqand tomon qaytib ketgan. Samarqand shahriga kelgandan so‘ng bu yerda ham uzoq turmasdan avvaliga Keshga so‘ngra Amudaryo orqali Balxga o‘tib ketadi. YUqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, bu paytda Movarounnahrning bosh amiri Husayn edi. Biror qarorga kelish esa uning irodasiga bog‘liq bo‘lgan. SHu sababli Amir Temur ham uning ko‘rsatmasi bilan, ko‘p hollarda Husaynning roziligi bilan ish tutishga majbur edi. Samarqand shahri, qolavyersa, butun Movaraunnahr o‘z holiga tashlab qo‘yildi. Mo‘g‘ul xoni changalidan qutilish samarqandliklarning o‘ziga bog‘liq edi. Bu sharoitda Samarqand mudofaasini sarbadorlar o‘z qo‘llariga oldilar.

Sarbadorlar mo‘g‘ullar zulmidan ozod bo‘lish yo‘lida o‘zlarini qurbon qilishga tayyor edilar. Sarbadorlar harakati XIV asrning 30-yillarida Eronda ijtimoiy-siyosiy harakat sifatida paydo bo‘lib, 50-60-yillarda Movarounnahrga ham yoyildi. Harakat qatnashchilarining asosiy maqsadi mo‘g‘ul istilochilari va zulm o‘tkazuvchi mahalliy qatlamlarga qarshi kurash edi.

Xurosondagi singari Samarqandda ham bu harakat qatnashchilarning ijtimoiy tarkibi aynan bir xil bo‘lgan. Hunarmandlar, do‘kondorlar ayrim madrasa mudarislari va talabalar mazkur harakatga faol qo‘shildi. Ilyosxo‘ja to‘g‘ridan-to‘g‘ri Samarqandga tomon yo‘l oldi. SHahar jome’ machitiga yig‘ilgan aholi oldida sarbadorlarning bo‘lajak rahbaridan biri bo‘lgan, madrasa mudarrisi Mavlonozoda chiqib, shaharning har bir a’zosidan katta miqdorda soliq va to‘lov yig‘ib, uni o‘z bilganicha sarf yetib yurgan hukmdorning shaharni o‘z holiga tashlab qo‘yganligini uqtirib o‘tadi.

Mudofaa rahbarligiga Mavlonozoda qatoriga Mavlono Xo‘rdak Buxoriy va Abu Bakr Kalaviy ham qo‘shildilar. Mudofaa tashkil etilganligidan xabarsiz mo‘g‘ullar hukmdorsiz shaharni himoyasiz deb o‘ylashardi. Ularning asosiy qo‘shinlari shaharga kiravyerishdagi bosh ko‘chadan hujum qiladilar. Xavf-xatardan shubhasi bo‘lmagan bosqinchilar Mavlonozoda kamonchilari bilan pistirmada turgan joyga yaqinlashganlarida to‘satdan kamon o‘qlariga duch keladilar. SHahar mudofaachilari mo‘g‘ullarga uch tarafdan hujum qildilar. Birinchi hamladayoq shaharni egallaymiz deb o‘ylab bostirib kirgan mo‘g‘ullar katta talofat ko‘rib, orqaga chekinishga majbur bo‘ldilar.

Samarqandliklarning ishlab chiqqan harbiy rejasi puxta chiqdi va o‘z samarasini berdi. Bir necha hujum samarasiz tugagach, mo‘g‘ullar shahar atrofini qurshab olib uzoq vaqt qamal qilish rejasini o‘ylab chiqdilar. Lekin lashkar safida yuqumli kasallik tarqaldi. Buni ot vabosi (o‘lati) deb atashadi. O‘lat oqibatida Ilyosxo‘ja qo‘shinlariga mansub otlarning katta qismi qirilib ketdi. Ilyosxo‘ja katta yo‘qotishlar bilan dastlab Samarqandni keyin esa Movaraunnahrni tashlab ketishga majbur bo‘ldi.

Bu paytda Keshda bo‘lgan Amir Temur bu xabarni Amudaryo bo‘ylarida bo‘lgan Amir Husaynga yetkazdi. 1366 yilning bahorida ular Samarqandga yetib keladilar va sarbadorlar rahbarlarini o‘z huzurlariga chorladilar. Uchrashuv Samarqanddagi Konigil degan joyda bo‘ldi. Bu yerda sarbadorlarning rahbarlari bilan kelishmovchilik yuz beradi va ular qatl etiladi. Amir Temurning iltimosi bilan faqat Mavlonozoda omon qoldirilib, Xurosonga jo‘natiladi. Sarbadorlar harakati bostirilgandan so‘ng Amir Husayn va Amir Temur o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashadi. Bunga Amir Husaynning sarbadorlarga nisbatan adolatsizligi ham bir qadar sabab bo‘lgan edi.

1366-1370 yillar oralig‘ida Amir Temur o‘z e’tiborini ichki ishlarga qaratdi. Amir Husayn va Amir Temur o‘rtasidagi ziddiyatlar 1370 yilda Husaynning o‘ldirilishi va Amir Temurning taxtga o‘tirishi bilan yakunlandi. Movaraunnahrning amaldagi xoni CHingizxon avlodiga mansub bo‘lgan Suyurg‘otmish qo‘liga o‘tdi. Davlat boshqaruv tizimi esa Movaraunnahr amiri nomini olgan Amir Temir qo‘lida qoldi, hamda Kesh shahridan Samarqandga ko‘chib, uni o‘z davlatining poytaxtiga aylantirdi.

Amir Temurning Movarounnahrdagi birlashtirish siyosati boshlangan edi. U Amudaryo va Sirdaryo oralig‘ida turgan yerlarni o‘ziga bo‘ysundirib, o‘ziga itoat ettirdi. Farg‘ona, SHosh viloyatlarini o‘z tasarrufiga kiritish unga qiyin bo‘lmadi. Sirdaryoning quyi oqimidagi Oltin O‘rdaga qarashli yerlarni egallashda u bu yerlardagi ichki sulolaviy urushlardan foydalandi.

Amir Temur Xorazmni ham qaytadan Movaraunnahrga kiritishga intildi. 1372 yilda Husayn Sufi Amir Temurga boj to‘lamasdan, buning ustiga Sohibqiron tomonidan yuborilgan elchiga shunday javob berdi: «Men mamlakatni qilich bilan fath etganman, shuning uchun ham uni faqat qilich bilan olish mumkin».

O‘sha yili Amir Temur Xorazmga qo‘shin tortib keladi. Urganchga borish uchun Qiyot shahri orqali o‘tish kerak edi, bu shahar bir oz qarshilik ko‘rsatgandan keyin Temur qo‘shini tomonidan ishg‘ol qilinadi. Qiyotning qo‘ldan ketishi Xusayn Sufiga kuchli ta’sir ko‘rsatadi. U Amir Temur bilan yarashishga, uni talablarini bajarishga rozi bo‘ladi. Lekin ayrim hokimlar Amir Temurning tez baland martabaga yerishishini ko‘rolmay Husaynni unga qarshi gij-gijlay boshladilar. Husayn ularning yordamiga ishonib Amir Temurga qarshi chiqadi, ammo uning tomonidan tor-mor etiladi. SHundan so‘ng Husayn Urganch qal’asiga berkinadi va tezda vafot etadi. Uning o‘rniga akasi YUsuf So‘fi (1372) hokimiyatga keladi va Amir Temur bilan yarash shartnomasi tuzadi. Lekin u yarash shartlarini xiyonatkorona buzib, Amir Temur qaytib ketgandan keyin Qiyot shahrini bosib oladi va unga qarshi ochiqdan-ochiq dushmanlik harakatlariga o‘tadi. SHundan so‘ng Amir Temur Xorazmga ikkinchi marotaba yurish qilishga majbur bo‘ladi (1373-1374 y.). Ammo bu harbiy to‘qnashuvgacha bormaydi, chunki YUsuf Amir Temurga tavba qilib yarash shartlarini so‘zsiz bajarishga va’da beradi. Bu ikkinchi yurish natijasidan Janubiy Xorazm Amir Temur davlati tarkibiga kiradi.

1374 yildan keyin Amir Temur Xorazmga uch marotaba yurish qildi. Buning sababi Oltin O‘rda xoni To‘xtamishning Xorazmga da’vosi tufayli edi.

1387-1388 yillarda To‘xtamish, Amir Temurning Movaraunnahrda yo‘qligidan foydalanib, Xorazmga hujum qildi. Xorazm hokimi bo‘lgan Sulaymon So‘fini Amir Temurga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarishga undadi. Sulaymon So‘fi bunga rozi bo‘ldi. Bu voqealar Amir Temurni 1388 yili Xorazmga yana yurishga majbur etdi. Temur Urganchni ishg‘ol qildi va sufiylar sulolasini tugatdi.

SHu vaqtdan buyon Xorazm Amir Temur davlati tarkibiga, keyin esa Temuriylar davlati tarkibiga kirgan. SHunday qilib, Ettisuvdagi va Sirdaryo yetaklaridagi yerlardan tashqari, Turkiston yerlarining hammasi Amir Temur qo‘liga o‘tdi.

Amir Temurning harbiy yurishlari tarixda «uch yillik» (1386-1388) «besh yillik» (1392-1396) «etti yillik» (1399-1405) urushlar deb nom olgan. Temur 1381 yilda Hirotga yurish qiladi. Bu davrda Hirotni kurdlar sulolasi boshqarar edi. Ularning hukmdori G‘iyosiddin Pir Ali Temurga qattiq qarshilik ko‘rsatmadi. Lekin 1383 yilda Hirotda qo‘zg‘olon ko‘tarildi. Qo‘zg‘olon bostirildi va kurdlar sulolasi qulashi bilan sarbadorlarning so‘nggi hokimi bo‘lgan Ali Muayyod ixtiyoriy suratda o‘z yerlari va hokimiyatini Temurga topshirdi. XIV asrning 80-yillari o‘rtasiga kelib butun Xuroson Amir Temur ixtiyoriga o‘tdi. «Uch yillik» urush davrida Amir Temur Ozarbayjon, Tabriz, Mozandaron, G‘ilonni bo‘ysundiradi. SHundan keyin u Kavkazga yurish boshlab, Tiflis, Arzirum va Van qal’asini egalladi.

SHunday qulay payt kelganidan, ya’ni Amir Temurning Erondaligidan foydalangan To‘xtamish Movaraunnahrga Qamariddin yetakchiligida qo‘shin yubordi.

1388 yil yanvarida Amir Temurning qaytishini kutgan dushman orqaga qayta boshladi. Amir Temur amirlari Husayn, SHayx Ali Bahodir va boshqalarga dushmanni daf qilishni topshirdi. Ular Sirdaryo bo‘yidagi Sarisuv degan joyda dushmanni quvib yetib unga katta talofat yetkazdilar. To‘xtamish 1388 yil oxirida Amir Temurga qarshi qayta hujum boshladi. Amir Temur esa urushga tayyorlanish uchun Sagoron (Kattaqo‘rg‘on)da qarorgohini tikib, qo‘shinlarini jangovar holatga keltirdi. Amir Temur dushmanning orqa tarafidan hujum qilish uchun Qo‘ng‘i o‘g‘lon, Temur Qutlug‘ o‘g‘lon, SHayx Ali Bahodir qo‘mondonligidagi qo‘shinlarni yuboradi. Hujum muvaffaqiyatli bo‘ldi. Dushman tor-mor etilib, To‘xtamish zo‘rg‘a qochib qutuldi.

1393-1394 yili Amir Temur SHeki (Ozarbayjonning shimoliy qismi)da turgan paytda To‘xtamish Kavkazorti viloyatlariga hujum qildi. Amir Temur SHekidan chiqib Qura daryosi bo‘ylab yurdi. Oltin O‘rdaliklar Amir Temur qo‘shinlari kelayotganini eshitib chekinishga majbur bo‘ldilar. 1395 yil aprelida Amir Temur va To‘xtamish o‘rtasida urush harakatlari yana boshlanib ketdi. Jangning asosiy qismi o‘ng qanotda bo‘ldi. Ushbu qanotda mushkul vaziyat paydo bo‘lgan. Amir Temur zahira qo‘shin bilan jangga kirdi va dushmanni chekinishga majbur qildi. To‘xtamish uchinchi jangdan keyin hokimiyatdan ajraldi.

To‘xtamish qo‘shinining Tyerek daryosi bo‘yida tor-mor etilishi va 1395 yilda Saroy Berkaning xaroba qilinishi Oltin O‘rdaga juda kuchli zarba bo‘ldi. SHundan keyin u o‘zini o‘nglay olmadi.

Amir Temurning bir mamlakatga qilgan yurishlari uning boshqa mamlakatlarga qilgan yurishlari bilan ketma-ket borganligini urush voqealari ko‘rsatib turadi. Amir Temur Ozarbayjonga bir necha marotaba hujum qilib bordi va 1387 yilda uni bo‘ysundirishga muyassar bo‘ldi. Armaniston va Gruziyani Amir Temur 1392 yilda bo‘ysundiradi. Temurning uzoq Hindistonga yurishi 1398 yilda tamomlandi.

Sohibqiron Amir Temurning harbiy mahorati shunda ediki, u o‘z dushmanlarini erkin nafas olishga qo‘ymagan. 1400 yilda Amir Temur qo‘shinlari turk sultoni Boyazid I va Misr sultoni Faraj bilan kurash olib bordilar. 1402 yilda Amir Temur Anqara yonida Boyazid bilan ikkinchi marta to‘qnashdi va uni tor-mor etdi.

Amir Temur o‘z qo‘shinlari bilan 1404 yilning oxirida Xitoyga qarab yo‘lga chiqqandi. O‘sha yili qish O‘rta Osiyo tarixida eng qahraton qish bo‘lgan. Sirdaryoning suvi 1 metga muzlagan, askarlardan ko‘pini quloq-burunlarini, qo‘l-oyoqlarini sovuq olgan edi. Amir Temurning o‘zi ham ko‘p o‘tmay shamollab qoladi. 1405 yil yanvar oyining o‘rtalarida O‘trorda to‘xtashga qaror qilishadi va bu yerda 18 fevral kuni buyuk jahongir Sohibqiron Amir Temur vafot etdi.

Amir Temur 35 yil davomida harbiy yurishlar qiladi. Bu yurishlar natijasida u buyuk davlat tashkil qilishga yerishdi. Uning tarkibiga Movarounnahr, Xorazm, Kaspiy atrofidagi viloyatlar, hozirgi Afg‘oniston, Eron, Turkiya, Hindiston, Iroq, Janubiy Rossiya, Kavkaz va G‘arbiy Osiyoning bir qator mamlakatlari kiradi. Amir Temurning muvaffaqiyatiga avvalo uning nodir harbiy iste’dodi sabab bo‘ldi. Amir Temur qo‘shinida qat’iy tartib va intizom o‘rnatilgan edi. Har bir jang rejasini va barcha qismlar uchun yo‘l-yo‘riqlarni o‘zi ishlab chiqardi. Uning harbiy iste’dodi Anqara yaqinida Sulton Boyazidga qarshi jangda ayniqsa yorqin namoyon bo‘ldi. Armiyaning yuragini va qo‘mondonlik o‘zagini barlos urug‘i vakillari tashkil etardi. SHu davr voqealarining shohidi bo‘lganlarning guvohlik berishicha barloslar harbiy qo‘nimsizlikka nihoyatda chidamli, yoydan o‘q uzishga juda usta, o‘z hukmdorlariga sodiq va sabr-toqatli bo‘lganlar.

Mustaqillik sharofati hamda Respublikamiz Prezidenti I.Karimov tashabbusi bilan sovetlar davrida unut bo‘lgan buyuk Sohibqironning pok nomi qayta tiklandi. Tarixiy adolat qaror topib, 1996 yili Sohibqironning 660 yillik tavallud yoshi butun jahonda keng miqyosda nishonlandi.



Download 71.7 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling