3-mavzu. Kasbiy ma’naviyatning o’ziga xos prinsiplari reja: Madaniyat va uning kasbiy faoliyatga ta’siri
Download 0.55 Mb. Pdf ko'rish
|
3-mavzu. Kasbiy ma’naviyatning o’ziga xos prinsiplari reja Mada
Husayn Voiz Koshifiy o‘zining “Futuvvatnomai sultoniy yoxud javonmardlik tariqati”
asarida shunday deydi: “Murid (ya’ni shogird) sadoqatli bo‘lsin, chunki agar sidqidildan kirishmasa, pirning ma’rifati ko‘nglidan joy olmagay va agar pirning so‘zi diliga ta’sir etmasa, u maqsadiga yetolmagay...”. Kishi sadoqatli bo‘lishi uchun o‘zida bir qator fazilatlarni shakllantirishi va rivojlantirishi lozim. Birinchi navbatda, o‘z nafsini yengish uchun shijoat ko‘rsatishi, hammaga birday beminnat yaxshilik qilishi, o‘zini tanish darajasiga ko‘tarilguncha ilm egallashi, odob qoidalariga muntazam rioya etishi, yaqinlari, birodarlari, ustozlarining dilini ravshan etadigan muloyim xulqli bo‘lishi, boshqalarga dag‘allik qilmasligi, insof doirasidan chiqmasligi, birovga ozor yetkazmasligi, mayda-chuyda ishlar bilan qanoatlanmasligi, omonatni saqlay bilishi, rahm- shafqatli bo‘lishi, ota-ona va ustozlar o‘gitiga qat’iy amal qilishi, eng asosiysi, bularning barchasini sidqidildan bajarishi lozim. Demak, insonning sadoqati ajdodlarning o‘gitlari, pand-nasihatlari va vasiyatlariga to‘liq va bekamu ko‘st amal qilishda, ota-onaga, do‘sti yorlarga bo‘lgan mehr-oqibatda, el-yurti, xalqi, Vatani, ona zaminini sevish, ardoqlash va himoya qilishda namoyon bo‘ladi. O‘zbek xalqining ma’naviy merosi, ota-bobolarimizning o‘z hayotiy tajribalaridan kelib chiqib, avlodlarga qoldirgan o‘gitlari, pand-nasihatlaridan nafaqat O‘zbekiston xalqi, balki butun dunyo xalqlari bahramand bo‘lib kelmoqdalar. Agar mana shu meros, ajdodlarimizning avlodlar uchun qoldirgan pand-nasihatlari, badiiy va ilmiy asarlari avloddan avlodga o‘tib kelmaganida edi, insoniyat bunday taraqqiyotga erishmagan bo‘lardi. Shu nuqtai nazardan, har birimizdan ajdodlarimiz merosi va vasiyatlariga sodiq qolib, ularning ko‘rsatmalariga amal qilgan holda turmush kechirishimiz va mehnat qilish talab etiladi. Ota-ona, oilaga bo‘lgan sadoqatimizni ota-onalarimizning og‘irini yengil qilish, turish- turmushidan xabar olib turish, shirin so‘z bilan ularning ko‘ngillarini ovlash, ezgu ishlarimiz bilan ularning haqlariga duoi salomlar yetkazish orqali namoyon qilishimiz mumkin. Darhaqiqat, kishi biror ezgu ishni amalga oshirsa, birovning dardiga malham bo‘lsa, el-yurtning tinchligi, osoyishtaligi, farovon turmushi uchun qayg‘ursa, xalqimiz “otasiga rahmat”, “oq sut berib oqqan onasiga rahmat” deb duoga qo‘l ochadi. Har qanday ota va ona uchun farzandi orqasidan rahmat eshitish eng kata baxtdir. Farzandlarni kiyintirish, yedirib ichirish, tarbiyalash, ilmu ma’rifatli qilish, ularga mehr berish kabilar orqali har bir ota o‘z oilasi va farzandlari oldidagi burchini ado etgan va ularga nisbatan sadoqatini namoyon etgan bo‘ladi. Burch – ma’naviy sohada yuksak mas’uliyat, lafzi halollik, va’daga vafo qilishni, huquqiy sohada qonun hujjatlari, shartnoma, xizmat bo‘yicha yuklangan majburiyatni anglatuvchi tushuncha. Burch – inson ma’naviyatining tarkibiy qismi, ma’naviyat falsafasining fundamental kategoriyalaridan biri hisoblanadi. Bu tushuncha shaxsning zimmasiga qo‘yilgan talablarga nisbatan mas’uliyati va majburiyatini bajarish ma’naviy zaruratga aylanishini ifodalaydi. Ma’naviy qadriyat – burchning manbai inson bo‘lib, uning mazmunmohiyati jamiyatga, ijtimoiy tuzilmalarga halol xizmat qilish munosabatida namoyon bo‘ladi. Burch kategoriyasi mas’uliyat, o‘zlikni anglash, vijdon, xulq kabi tushunchalar bilan bog‘liq holda yuzaga chiqadi. Chunki burch insonning ma’naviy qiyofasini tavsiflovchi voqelikdir. Burch ijtimoiyindividual xususiyat va subyektiv jihatlarga ega. Avvalo, u mas’uliyat, majburiyat kabi umuminsoniy qadriyatlarga tayanadi. Har bir kishining oila, ota-ona, Vatan, xalq oldidagi umumiy burchi bilan bir qatorda, burchning individual darajasi ham mavjud. Burch muayyan shaxsga xos va’daga vafo, o‘z so‘zida turish, obro‘-e’tibor va sha’nini saqlash, halollik kabi xislatlarda yaqqol namoyon bo‘ladi. Shu bois burch va halollik bir-birini taqozo etadi. Ma’lumki, burchning ijtimoiy-siyosiy va huquqiy asoslari Konstitutsiya va qonunlarda o‘z aksini topgan. Uning iqtisodiy asoslarini turli shartnomalarda yaqqol ko‘rish mumkin. Burch erkin, anglangan holda tanlab olingan taqdirdagina ma’naviy-axloqiy kategoriya sifatida amal qiladi. Burchning negizlaridan biri iymon-e’tiqod bo‘lib, bunday sifatga ega bo‘lgan inson uni teran anglaydi, unga sadoqatli bo‘lishga intiladi. Inson ma’naviyatida burchning alohida ahamiyati ichki ishlar idoralari xodimlari faoliyatida dolzarblik kasb etadi. Burch vijdon, e’tiqod, mas’uliyat kabi tushunchalar bilan mustahkam bog‘liq. Shu bois xodim o‘z xizmat vazifasiga vijdonan, o‘ta mas’uliyat bilan yondashishi talab etiladi. Umuman, xodimning xizmat faoliyati va har bir xatti-harakati zamirida burchga, qasamyodga, el-yurtga sadoqat yotishi uning martabasini ziyoda qiladi va xalq ishonchini qozonishga olib keladi. Burchning insonlik burchi, fuqarolik burchi, otalik burchi, onalik burchi, farzandlik burchi singari barcha davrlar uchun umumiy bo‘lgan tushunchalari ham, jurnalistlik burchi, shifokorlik burchi, olimlik burchi, ichki ishlar idoralari xodimlari burchi kabi kasblar doirasidagi tushunchalari ham mavjud. Burchning muhim jihatlaridan yana biri uning ma’lum vaqt mobaynida va jamiyatda o‘ziga xos tarzda namoyon bo‘lish xususiyatiga ega ekanidir. Chunonchi, bir tuzum yo jamiyatda ijobiy hisoblangan burch talablari boshqasi uchun salbiy ma’no kasb etishi mumkin. Harbiylashgan va o‘ta mafkuraviylashgan jamiyatlarda esa burch omma hamda shaxs hayotida fojiaviy tus olishi ham mumkin. Ustalik bilan yo‘lga qo‘yilgan targ‘ibot natijasida bunday jamiyat a’zolarining ko‘pchiligi oqni qora, qorani oq deb qabul qiladi. Bu umumbashariy va milliy qadriyatlarni oyoqosti qilgan shafqatsiz totalitar tuzumlar mafkurasi va amaliyotida yaqqol namoyon bo‘lganligini hozirgi keksa avlod yaxshi biladi. Tarixda o‘z burchiga sadoqatli bo‘lgan kishilar taqdiri og‘ir kechganiga ko‘plab misollar keltirish mumkin. Masalan, Furqat mustamlakachilar mafkurasiga xizmat qilganida hayoti rohat-farog‘atda kechishi mumkin edi. Lekin u Vatan va xalq oldidagi burchiga sodiq qolib, muhojirlikning og‘ir qismatiga duchor bo‘ldi, Vatanda yiroqda vafot etdi. Ba’zan burch tufayli kishilar sevgisidan, hatto aka-ukasi, opa-singlisi yoki farzandidan kechishga ham majbur bo‘ladi. Konstitutsiyamizda qonunlarga rioya etish, boshqa kishilarning huquq va erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish, xalqimizning tarixiy, madaniy va ma’naviy merosini avaylab-asrash, tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, qonun bilan belgilangan soliqlar va mahalliy yig‘imlarni to‘lash, Vatanni himoya qilish har bir fuqaroning burchi ekani qayd etilgan. O‘z burchiga sodiqlik har bir kishining axloq-odobi, ma’naviy qiyofasini ifodalasa, so‘zining ustidan chiqmaydigan, o‘z burchini bajarmagan kishilar xalq orasida hurmat topmaydi. Burch o‘z-o‘zidan shakllanmaydi, u tarbiya jarayonida kamol topadi. Shu ma’noda, o‘z burchini yaxshi anglaydigan, o‘ziga talabchan, ishi, bilimi va kuch-quvvatiga ishonadigan, o‘z qadr-qimmatini saqlay oladigan barkamol avlodni tarbiyalab voyaga yetkazish bugungi kunning eng muhim vazifasidir. Burch bajarilishi lozim va talab etiladigan vazifa, ya’ni majburiyat. Shaxsning ota-onasi, farzandlari, yoru do‘stlari, ustoz-murabbiylari, Vatani, xalqi va kasbi oldidagi burchlari mavjud. Biroq ushbu burchlarni hamma ham birdek to‘liq ado etavermaydi. Shuning uchun ham jamiyatda insonlar o‘rtasidagi turli munosabatlarda muammolar paydo bo‘ladi, insonlarning haq-huquqlari buziladi, huquqbuzarliklar va jinoyatlar sodir etiladi. Konstitutsiyamizning 52-moddasida O‘zbekistonning har bir fuqarosi zimmasiga Vatanni himoya qilishdek muqaddas konstitutsiyaviy burch yuklatilgan. Xalq va mamlakat rahbariyati ishonch bildirgan kishilar, shu jumladan ichki ishlar idoralari xodimlari ham, o‘z vazifalarini puxta va halol bajarsalar, Vatan va halq osoyishtaligi ta’minlanib, barqaror taraqqiyot davom etadi. Buning uchun barchamizdan vijdonimiz uyg‘oq bo‘lishi kerak. Chunki bugun islohotning qay darajada amalga oshishi nafaqat rahbarlarning dunyoqarashiga, balki ularning halol va pok, tadbirkor va tashabbuskor bo‘lishiga bog‘liqdir. Download 0.55 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling