3-mavzu: mantiq. Jamiyat va inson falsafasi. Reja
Download 186.52 Kb.
|
3-Mavzu
- Bu sahifa navigatsiya:
- E.Dyurkgeym (
- Madaniyat” tushunchasi
- 1. Bidava. 2. Xidara
Marksizm. K.Marks (1818-1883) va F.Engels (1820-1895) jamiyatni o‘z-o‘zidan rivojlanadigan, iqtisodiy rivojlanishning bir bosqichidagi barcha mamlakatlar uchun umumiy bo‘lgan o‘ta murakkab tizim sifatida tavsiflaydi. Jamiyatning ziddiyatli birlikni tashkil etadigan barcha tarkibiy qismlari moddiy ishlab chiqarish munosabatlari bilan belgilanadi. Mazkur munosabatlar majmui bazisni, ya’ni jamiyatning iqtisodiy negizini tashkil etadi. Shu asosda jamiyatning o‘ziga xos ijtimoiy munosabatlar amal qiladigan muayyan-tarixiy tipi shakllanadi. Jamiyatning umumiy iqtisodiy asosda shakllanadigan va «alohida, o‘ziga xos xususiyat»ga ega bo‘lgan tipini Marks ijtimoiy-iqtisodiy formatsiya deb belgilaydi. Ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyalarning o‘zgarishiga Marks pirovard natijada ishlab chiqarish kuchlari va ishlab chiqarish munosabatlarining dialektikasi bilan belgilanadigan qonuniy, tabiiy-tarixiy jarayon sifatida qaraydi.
G.Spenser (1820-1903) jamiyatga individlar birlashmasi sifatida yondashadi. Uning fikricha, mazkur individlarning rivojlanishidagi farqlar jamiyat evolyusiyasining dastlabki shartlari hisoblanadi. Jumladan, ibtidoiy qabilalar rivojlanishda oqsaganini Spenser ularning qobiliyatlari rivojlanish darajasining pastligi bilan tushuntiradi. Eng moslashuvchan jamiyatlarning yashash uchun kurashini ijtimoiy taraqqiyotning asosiy qonuni deb hisoblaydi. U iqlim, tabiiy sharoitning ijtimoiy jarayonlarga ta’sirini o‘rgangan. Spenser yaratgan ta’limotni keyinchalik sotsiologiyadagi geografik oqimlarning vakillari rivojlantirgan. E.Dyurkgeym (1858-1917), jamiyatni tushunishni qadriyatlar tizimi bilan bog‘lagan, faqat shu yo‘l bilan tarixni uning o‘ziga xos xususiyatiga muvofiq tarzda o‘rganish mumkin, deb hisoblagan. E.Dyurkgeym ham qadriyatlarni jamiyat tuzilishini belgilovchi muhim omil deb bilgan. Jamiyat tuzilmasini o‘rganishga nisbatan u strukturaviy funksionalizm nuqtai nazaridan yondashgan. Jamiyat borliqning alohida sohasi bo‘lib, u o‘z qonunlariga muvofiq rivojlanadi. Noijtimoiy xususiyatga ega bo‘lgan omillar jamiyat hayotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishga qodir emas. Jamiyat tuzilmasiga Dyurkgeym o‘zaro ta’sirga kirishadigan va bir-birini vujudga keltiradigan ijtimoiy dalillar majmui sifatida qaraydi. Ijtimoiy dalillar sababini ongdan emas, balki bundan oldingi ijtimoiy dalillardan qidirish lozim. Ijtimoiy tuzilma dalillarning ikki guruhidan tarkib topadi: birinchidan, u moddiy va ma’naviy qadriyatlarni, ikkinchidan, ijtimoiy jamoalarni o‘z ichiga oladi. Ijtimoiy jamoalarni tahlil qilar ekan, Dyurkgeym oila, kasbiy guruh kabi jamoalarni, shuningdek mehnat taqsimotiga muvofiq vujudga keladigan, ijtimoiy birlik (axloq, din)ni ifoda etadigan ijtimoiy institutlarni farqlaydi. Ijtimoiy jarayonda sababiyat ijtimoiy muhitning yuqorida zikr etilgan elementlarining u yoki bu hodisani vujudga keltiradigan o‘zaro ta’siridir. Sivilizatsiya so’zi lotincha sivilis - fuqarolikka, davlatga, shaharga taalluqli ma’nolarini anglatuvchi o’zakdan kelib chiqqan. U "silvaticus", ya’ni lotinchadan tarjima qilganda qo’pol, yovvoyi so’ziga qarshi ma’noda qo’llanilgan. Sivilizatsiya tushunchasi “madaniyat” tushunchasi bilan uzviy bog’liq ravishda paydo bo’lgan. Dastlab madaniyat va sivilizatsiya tushunchalari sinonim sifatida qo’llanilgan, ammo bora-bora bu ikki atama o’rtasida farq paydo bo’ldi. Masalan, nemis faylasufi I.Kant bu tushunchalar o’rtasidagi yaqinlik va tafovut mavjudligini ko’rsatib o’tgan edi. Ko’pchilik faylasuflar “sivilizatsiya” deganda jamiyatning moddiy-texnika yutuqlarini, “madaniyat” deganda esa faqat uning ma’naviy qadriyatlarini tushunishgan. XX asr boshlariga kelib, nemis faylasufi O.Shpengler “Yevropa quyoshining so’nishi” asarida madaniyat va sivilizatsiya tushunchalarini bir-biriga qarama-qarshi qo’ydi. Uning fikricha, sivilizatsiya madaniyatning eng yuqori bosqichi bo’lib, undan keyin esa madaniyat asta-sekin inqirozga yuz o’giradi. Nemis faylasufi sivilizatsiya deganda texnik- mexanik jarayonlar majmuini nazarda tutgan. Madaniyatning paydo bo’lishi insoniyatning yovvoyilikdan keyingi davri bilan bog’liq bo’lsa, sivilizatsiya - tarixiy jarayon, ijtimoiy hodisadir. Sivilizatsiyaning rivojlanishi jamiyatni yuksaltirishga olib keladi, natijada bu jamiyat fuqarolar erkinligini ta’minlash imkoniyatini yaratadi. Sivilizatsiyali hayot insonni madaniyatli qiladi va uning har tomonlama kamol topishi uchun shart-sharoit yaratadi. Sivilizatsiya kategoriyasining serqirraligi va ko’p serma’noligi tufayli unga aniq ta’rif berish mushkul. “Sivilizatsiya” ning yuzdan ortiq ta’riflari mavjud bo’lib, har bir o’ziga xos ta’rifida ijtimoiy hayotning ma’lum tomonlari, jihatlariga alohida urg’u beriladiki, bu umuman sivilizatsiyaning ijtimoiy hodisa sifatidagi mohiyatini to’laroq anglab etishga xizmat qiladi. Sivilizatsiya tushunchasining tarixiy-falsafiy mohiyati – tarixiy jarayonning birligi va ushbu jarayon davomida insoniyatning moddiy-texnik hamda ma’naviy yutuqlarning majmui. Sivilizatsiya umumjahon tarixiy jarayonining ijtimoiylikning ma’lum darajasiga erishish bilan bog’liq bosqichini ham anglatadi. Sivilizatsiyaning yana bir ma’nosi - madaniyatning zamon va makonda chegaralangan tarixiy tipi (Misr sivilizatsiyasi, Mesopotamiya sivilizatsiyasi va b.). Sivilizatsiya madaniyatso’zining sinonimi sifatida, ko’pincha moddiy madaniyat ma’nosida ham qo’llaniladi. Shveytsariyalik tarixchi J.Starobinskiyning fikricha, sivilizatsiya tushunchasini ilk bor fransuz iqtisodchisi Viktor Riketi Mirabo (1715-1789 yy) o’zining “Qonunlar do’sti” asarida qo’llagan. 1767 yilda u shotlandiyalik ma’rifatparvar Adam Fergyusson (1723-1816) asarida paydo bo’ldi. O’shanda ushbu atama madaniy taraqqiyotning umumiy darajasini anglatgan. Sivilizatsiya ma’rifatsiz xalqlarga, qorong’u feodalizm davri va o’rta asrlarga qarama-qarshi qo’yilgan. A.Fergyusson ibtidoiy jamiyat tarixini davrlashtirish mezoni sifatida “madaniyatning o’zlashtirish darajasini” ilgari surdi: yovvoyilik, varvarlik, sivilizatsiya. Keyinchalik shved olimi S.Nilson bu davrlashtirishni bir oz to’g’irladi va to’ldirdi: yovvoyilik, nomadizm (yunon. nomados – ko’chib yuruvchi, ko’chmanchilik), dehqonchilik va sivilizatsiya. Ma’rifatparvarlik davridagi ensiklopediyalarda sivilizatsiya tushunchasi taraqqiyot konsepsiyasi bilan uyg’unlashib ketdi. Fransuz faylasuf ma’rifatparvarlari aql va adolatga asoslangan jamiyatni sivilizatsiyalashgan jamiyat deb bilganlar. Sivilizatsiya tushunchasiga turlicha mazmun berish davom etdi va XVIII asrdan “sivilizatsiya” tushunchasi tarixchilar lug’atidan mustahkam o’rin oldi. Shu davrdan sivilizatsiyaning turli nazariyalari shakllana boshladi. XIX asr boshlaridayoq sivilizatsiyalar to’g’risida ko’plikda fikr yuritila boshlandi, bu esa xalqlar sivilizatsion taraqqiyotining rang-barangligini tan olishni anglatardi. O’z asarlarida tarixning yo’nalishi, shuningdek tarixiy jarayonda yagonalik va rang-baranglikning o’zaro nisbati muammolarini ayniqsa to’la qamrab olgan dastlabki tadqiqotchilardan biri italyan faylasufi Jambatissta Viko (1668-1744) o’zining “Millatlar umumiy tabiati haqidagi yangi fan asoslari” deb nomlangan risolasida jahon tarixining barcha xalqlar uchun yagona bo’lgan tarixiy aylanma harakat sifatidagi dunyoviy konsepsiyasini ilgari surgan. Viko fikriga ko’ra, barcha xalqlar o’z rivojlanishida bir xil bosqichlardan o’tadi: ibtidoiy varvarlik (“xudolar asri”)dan feodalizm (“qahramonlar asri”) orqali demokratik respublika yoki konstitutsiyaviy monarxiya (“sivilizatsiya asri”) sari harakatlanadi. Har bir tsikl mazkur jamiyatning umumiy inqirozi va parchalanishi bilan tugaydi. Tsikl yakunlangach, rivojlanish jarayoni yangilanadi va ayni shu bosqichlardan, lekin yuqoriroq darajada o’tadi. Vikoning g’oyalari madaniyatlar va sivilizatsiyalarning rivojlanishida tsikllilik nazariyalari (Danilyevskiy, Shpengler, Toynbi)ga asos bo’lgan. 1877 yilda amerikalik tarixchi va etnograf L.Morgan (1818-1881 yy) o’zining “Qadimgi jamiyat” kitobida sivilizatsiya atamasini yagona madaniy-tarixiy jarayonning ma’lum darajasini belgilash uchun qo’llashni taklif etdi. Morgan sistemasida ham ibtidoiy jamiyat taraqqiyoti yovvoyilik, varvarlik va sivilizatsiya bosqichlaridan iborat, ammo u yovvoyilik va varvarlik davrlarining har birini, xo’jalik va moddiy madaniyat taraqqiyotining belgilariga ko’ra quyi, o’rta va yuqori bosqichlarga bo’ladi. Ushbu davrlashtirishda ishlab chiqarish kuchlari rivojining darajasi mezon bo’lib xizmat qiladi. Nemis faylasufi va tarixchisi Osvald Shpengler (1880-1936 yy) ning fikricha, “sivilizatsiya” har qanday madaniyat taraqqiyotining muayyan tugal bosqichini bildiradi. Sivilizatsiyani bunday davr tanazzuli sifatida tushunish madaniyatning bir butunligi va tabiiyligiga ziddir. O.Shpengler “Yevropa quyoshning so’nishi” asarida G’arbiy Yevropa tarixiga xos evropotsentrizm, panlogizm, istorizm, to’g’ri chiziqli progressizm printsiplarini tanqid qildi va madaniy - tarixiy jarayonning aylanma harakati nazariyasini yaratdi. Bu nazariya sivilizatsiyaning tsiklli rivojlanishi, ya’ni takrorlanib turishi haqidagi konsepsiyaga olib keldi. Shpengler ijtimoiy taraqqiyotning bir chiziqli yevroposentristik sxemasiga tanqidiy yondashgan. U insoniyat tarixida sakkiz madaniyat: Misr, Hind, Bobil, Xitoy, Yunon-rim, Sharq, G’arbiy Yevropa va Mayya madaniyatlarini farqlagan. Shpengler fikriga ko’ra, har bir madaniy organizm ma’lum hayot muddati (taxminan ming yil) mobaynida mavjud bo’ladi, shundan so’ng u sivilizatsiyaga aylanadi va halok bo’ladi. Har bir madaniyat o’z teran mazmuniga ega bo’ladi va tarixiy jarayonda bir xil ahamiyat kasb etadi. XX asrning 70-yillaridan boshlab ilmiy-texnika taraqqiyoti industrial jamiyatni butunlay o’zgacha sifatlarga ega postindustrial jamiyatga aylanishi haqidagi g’oyalar ishlab chiqila boshlandi. Ushbu nazariyaning asoschilaridan biri amerikalik sotsiolog D.Bellning fikricha tarix jamiyatda texnika taraqqiyotining darajasiga bog’liq holda rivojlanadi. U jamiyat taraqqiyotining uch bosqichini ajratib ko’rsatadi: industriyagacha, industrial va postindustrial. Yana bir amerikalik sotsiolog A.Toffler o’zining “Uchinchi to’lqin” (1980) asarida birinchi to’lqin sifatida qishloq xo’jaligi tsivvilizatsiyasini, ikkinchi to’lqin sifatida industrial sivilizatsiyani ko’rsatadi. XX asr oxiridan boshlangan uchinchi to’lqinningn nomini olimlar turlicha nom bilan atashmoqda: kosmik yoki elektron era, texnotron jamiyat. Toffler informatsion jamiyat atamasini qo’llamagan bo’lsa-da, uning asari chop etilgach, ushbu so’z mashhur bo’lib ketdi. Amerikalik tadqiqotchi J.Nesbitt esa o’z asarlaridan birida postindustrial jamiyatni informatsion jamiyat deb atadi. Garvard universiteti qoshidagi Strategik tadqiqotlar institutining direktori S.Xantington 1996 yilda chop etilgan shov-shuvli “Sivilizatsiyalar to’qnashuvi” asarida sivilizatsion taraqqiyotning pessimistik nazariyasini keltiradi. Ushbu asarda insoniyatning kelajagini sivilizatsiyalar qarama-qarshiligi belgilab beradi degan fikr ilgari surilgan. Xantington diniy omil asos qilib olingan quyidagi sivilizatsiyalar ro’yxatini keltiradi: g’arbiy, pravoslav, islom, xitoy, hind, afrika (so’roq ostida), Lotin Amerikasi. Bu o’rinda g’arb sivilizatsiyasi katolik-protestant dunyo sifatida qaralgan. “Madaniyat” tushunchasi turli tillarda turli so’zlar, jumladan ingliz tilida “culture”, rus tilida «kultura» so’zlari bilan ataladi. O’zbek tilidagi «madaniyat» so’zi arab tilidagi «madina», ya’ni shahar so’zidan kirib kelgan bo’lib, «shaharga xos», «shaharga oid» degan lug’aviy ma’noni ifodalaydi. G’arbiy mamlakatlarda keng ishlatiladigan «kultura» so’zi asli lotincha so’z bo’lib, qadimgi Rimda dehqonchilikka oid «ishlov berish», «parvarish qilish» degan ma’noni bildirgan. Tuproqqa ishlov berish – qishloq madaniyati – dehqonchilik madaniyati bilan bog’liq tushunchadir. Sharq faylasuf olimlarining asarlarida madaniyat tushunchasi va madaniy taraqqiyotning aniq ilmiy talqinlarini hamda chegaralarini ko’ramiz. XIV asrda yashagan arab faylasuf olimi Ibn Xaldunning madaniyat bosqichlariga oid ilmiy tahlili diqqatga sazovordir. Uningcha, insoniyat dastlab yovvoyilik holatida bo’ladi. Keyin u tabiiy olamdan ajralib chiqadi va ijtimoiylik kasb etadi. Ibn Xaldunning ko’rsatishicha, insoniyat jamiyati doimo o’zgarib borib, taraqqiyot jarayonida ikki bosqichni bosib o’tadi: 1. Bidava. 2. Xidara. Bu ikkala bosqich “insonlar yashashi uchun qanday vositalar topishi”ga ko’ra, bir–biridan farq qiladi. Birinchi – bidava bosqichida odamlar asosan, dehqonchilik va chorvachilik bilash shug’ullanadi. Ikkinchi – xidara bosqichida yuqoridagi mashg’ulot turlariga hunarmandchilik, savdo, fan va san’at qo’shiladi. Har ikkala bosqich bir hudud doirasida bo’lishi mumkin.5 Ibn Xaldunning fikricha, shaharda yo’q, kundalik ehtiyojni qondiradigan hayot tarzi – dehqonchilik va chorvachilik ibtidoiy hayotni, hashamatli hayot kechirish va shuning uchun harakat qilish, dabdabali hayot kechirish uchun intilish, shaharlar barpo qilish sivilizatsiyani keltirib chiqardi.6 XVIII –XIX asrlarda evropaliklar “kultura” so’zini ma’naviy–ruhiy ma’noda ishlata boshlaganlar. Bu so’z insoniy sifatlarning mukammalligini anglatadigan bo’ldi. Vaqtlar o’tishi bilan “madaniyat” tushunchasining hajmi kengayib, ta’rifi va tavsifi ko’payib borgan. Amerikalik madaniyatshunos olimlar A. Kreber va K. Klakxonning 1952 yildagi ma’lumotlariga ko’ra, madaniyat tushunchasiga berilgan ta’rif 164 ta bo’lgan, so’nggi adabiyotlarda esa madaniyatning ta’rifi 500 dan ortiq7 deb ta’kidlanadi. “Madaniyat” tushunchasini ta’riflash uchun juda ko’p iboralar ishlatiladi. Jumladan, qatorida “insoniyatning yashash tarzi”, “insonning jamiyatdagi to’laqonli faoliyati”, «inson o’zining yashashi uchun yaratgan muhit», «yaxlit ijtimoiy organizm», “insoniyat yaratgan moddiy va ma’naviy qadriyatlar majmui”, “ikkilamchi, ya’ni sun’iy tabiat”, “insonning ijodiy faoliyati mahsuli”, “jamiyatning ma’naviy holati”, “shartli belgilar yig’indisi”, “me’yor va andozalar majmui” va hokazo. Madaniyatga berilgan ta’riflar orasida mashhur ingliz etnografi, antropologiyaning asoschilaridan biri Eduard Taylor (1832–1917) ta’rifi eng mukammal deb hisoblanadi. Uningcha, madaniyat – insonning axloqi, kuch–qudrati, baxt–saodati taraqqiy etishiga bir vaqtning o’zida ko’maklashish maqsadida alohida shaxsning va butun jamiyatning yuksak darajada tashkil qilinishi yo’li bilan insoniyatning kamol topishidir8. E.B. Taylorning mazkur ta’rifi mukammal bo’lsa ham, bugungi kunda madaniyatning yangi qirralari kashf qilinmoqda. Shu bois E. Taylorning madaniyatga bergan ta’rifi mohiyatini saqlagan holda, quyidagicha ta’rif berish mumkin: Madaniyat – inson jamiyat a’zosi sifatida o’zlashtirgan bilimlarni, inonch–e’tiqodlarni, san’atni, axloq va qonunlarni, urf–odatlarni, shuningdek, uning boshqa qobiliyati va ko’nikmalarini o’z ichiga olgan majmuadir. G’arbiy Evropada madaniyat tushunchasi XVIII asrning oxiridan e’tiboran yuqoridagi ta’rifday mazmun kasb etdi. Ammo bu tushuncha faqat XX asrga kelib ijtimoiy va gumanitar fanlar tizimidan mustahkam o’rin oldi. Kishilik jamiyatining beqiyos ko’lamga ega bo’lgan, doimiy ravishda o’zgarib boruvchi ma’lumotlarni tartibga solishga yordam beradigan, umumlashtiruvchi tushunchalarni ifodalashga bo’lgan ehtiyoji madaniyat tushunchasining keng tarqalishiga sabab bo’ldi. Qadimgi Rimda «madaniyat» tushunchasi bora–bora «hayotni ma’naviy jihatdan yanada yaxshilash va takomillashtirishga qaratilgan g’amxo’rlik» degan ma’noda ishlatila boshlagan edi. Ma’lumotlarga ko’ra, mashhur Rim faylasufi, Tsitseron ham «ruhiy madaniyat» terminini ishlatgan. Evropa xalqlarida esa XVIII asrning oxirlarigacha «madaniyat» termini aqliy, axloqiy tushunchalar bilan bir qatorda ishlatilgan. Ko’rinib turibdiki, «madaniyat» tushunchasi turli tushunchalarni ifodalashiga qaramay, qadimdan hozirgi kungacha o’z mohiyatini o’zgartirmagan9. Download 186.52 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling