3. Yangilangan konstitutsiyaning hayotga tatbiq etilishi. Yangi tahrirdagi konstitutsiyaning qabul qilinishi


Yangilangan konstitutsiyaning hayotga tatbiq etilishi


Download 30.42 Kb.
bet2/3
Sana06.11.2023
Hajmi30.42 Kb.
#1750058
1   2   3
3. Yangilangan konstitutsiyaning hayotga tatbiq etilishi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya “Inson – jamiyat – davlat” paradigmasiga asoslangani, unda barcha aholi toifalarining, hatto jinoyat sodir etgan shaxslar huquq va manfaatlari aks etgani bilan oʻta muhim ahamiyatga ega. Muhim yangiliklardan biri Oʻzbekiston – huquqiy davlat sifatida belgilanayotganidir. Jumladan, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash davlatning oliy maqsadi, deya eʼlon qilinar ekan, unda inson huquqlariga oid normalar 3 barobardan ortiqqa oshmoqda.
Inson huquq va erkinliklari qonunlarimiz, har bir vazirlik va idora faoliyati mazmuniga aylanishi qatʼiy talab sifatida belgilanyaptiki, bu hol davlat organlari hamda mansabdor shaxslarning faqat va faqat fuqarolar manfaatlarini koʻzlab faoliyat koʻrsatishiga asos boʻladi.
Qonunlardagi ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga hal boʻlishi shart va zarur. Bunga koʻra, qonunchilikdagi inson va davlat oʻrtasida munosabatlarni tartibga soluvchi noaniqliklar, turli tushunmovchiliklar bartaraf etiladi, fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiliklari oldi olinadi.
Konstitutsiyada davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qoʻllaniladigan huquqiy taʼsir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli boʻlishi kerakligi mustahkamlanmoqda. Qonunchilikda belgilanmagan majburiyat hech kimning zimmasiga oʻz roziligisiz yuklatilishi mumkin emasligi qayd etilyaptiki, ushbu norma odamlar hayotini yanada yengillashtiradi.
Hujjat loyihasida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Oʻzbekistondan tashqariga majburiy chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berib yuborilishi mumkin emasligi belgilanmoqdaBu norma fuqarolarimizning doimiy ravishda davlat himoyasida ekaniga ishonchini mustahkamlashga, oʻz yurtidan chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berilishi kabi holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Inson huquq va erkinliklari kafolatlari sezilarli darajada kuchaytirilmoqda. Xususan, oʻlim jazosi taqiqlanmoqda. Oʻlim jazosi taqiqlanishi konstitutsiyaviy darajada belgilanishi insonni hayotdan hatto davlat ham mahrum etishga haqli emasligini kafolatlaydi.
Yashash huquqi har bir insonning ajralmas va tabiiy huquqidir. Oʻzbekistonda 2008-yildan barcha jinoyatlar uchun oʻlim jazosi bekor qilingan. Bu Konstitutsiyada emas, jinoyat qonunchiligida oʻz aksini topgan edi. Oʻlim jazosi taqiqlanishi konstitutsiyaviy darajada belgilanishi bilan davlatimiz bu oʻta jiddiy masalada hech qachon ortga qaytmasligini, insonparvarlik gʻoyalariga sodiqligini butun dunyoga namoyon qiladi.
Bugungi kunda 106 davlatda oʻlim jazosi barcha jinoyatlar uchun bekor qilingan. Ayrim davlatlar oʻz tajribasida oʻlim jazosini qonunlar bilan bekor qilsa-da, Konstitutsiyasida boʻlmagani bois, uni jazo sifatida qayta tiklash holatlari ham kuzatilgan.
Oʻzbekistonning Konstitutsiyaga kiritilayotgan qatʼiy pozitsiyasi mamlakatimizda inson hayoti va qadri yuqori darajada himoya qilinishini yana bir bor tasdiqlaydi. Bundan tashqari, hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga yoki qamoqqa olinishi, ushlab turilishi, qamoqda saqlanishi yoki uning ozodligi boshqacha tarzda cheklanishi mumkin emasligi, hibsga yoki qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga faqat sudning qaroriga koʻra yoʻl qoʻyilishi belgilanyapti. Yaʼni shaxs erkinligini cheklash bilan bogʻliq har qanday harakat faqatgina sud qarori asosida amalga oshirilishi shart. Ushbu qoida tergov organlari tomonidan insonlarni noqonuniy hibsga olish, asossiz qamoqqa olish va saqlashga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgandir. Bu orqali xalqaro eʼtirof etilgan “Xabeas korpus” institutining qoʻllanish koʻlami yanada kengayadi.
Yangi norma sud-tergov jarayonlarida huquqni muhofaza qiluvchi organlarni noqonuniy harakatlardan tiyib turishga, shaxs asossiz hibsga olinishi holatlarini bartaraf etishga, tergov davomida inson ozodligini cheklash bilan bogʻliq xatolarga yoʻl qoʻyilmasligiga xizmat qiladi. Pirovardida jinoyat ishi yurituvida inson qadr-qimmati, shaxsiy hayoti daxlsizligi, qonunga va sudga ishonchi, emin-erkin harakat qilish huquqi mustahkam kafolatlanadi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada: “Shaxs sudning qarorisiz qirq sakkiz soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emas. Shaxs ushlab turilgan paytdan eʼtiboran qirq sakkiz soat oʻtguniga qadar sudga ushlab turishning qonuniyligi va asosliligi toʻgʻrisidagi masala hal qilish uchun olib borilishi kerak. Agar ushlab turishning qonuniyligi va asosliligi sudda isbotlanmasa, shaxs darhol ozod qilinishi kerak”, degan norma belgilanmoqda. Bu qoida, birinchi navbatda, shaxsni asossiz va muddatsiz hibsga olishga yoʻl qoʻymaslik talabini taʼminlaydi.
Qamoq ehtiyot chorasining sudlar tomonidan qoʻllanilishi amaliyotiga kelsak, 2022-yilda tergov organlaridan sudlarga kelib tushgan jami 24 ming 118 iltimosnomadan 23 ming 503 tasi qanoatlantirilgan, 485 tasi rad etilgan, yaʼni 485 shaxsga nisbatan asossiz ravishda qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilishining oldi olingan.
Mazkur normaning Konstitutsiyada mustahkamlanishi shaxsning erkin harakatlanishga boʻlgan huquqining qatʼiy kafolati boʻladi va shaxs ushlab turilgan paytdan eʼtiboran qirq sakkiz soat oʻtguniga qadar sudga ushlab turishning qonuniyligi va asosliligi toʻgʻrisidagi masalani hal qilish uchun olib borish kerakligini qatʼiy belgilaydi, agar sud tomonidan shaxsni hibsga olish yoki unga nisbatan boshqacha turdagi ozodlikni cheklashga oid qaror qabul qilinmasa, shaxs darhol ozod qilinishi zarurligini anglatadi. Eng muhimi, ushbu norma insonning fundamental huquqlari sud orqali himoya qilinishi va shaxs erkinligi hamda daxlsizlik huquqining konstitutsiyaviy kafolati sifatida xizmat qiladi.
Bundan tashqari, yangi tahrirdagi Konstitutsiya sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini fuqarolarni jazolovchi yondashuvdan inson huquqlarini hurmat qiluvchi va himoyalovchi, poymol qilingan huquqlarni tiklovchi, ragʻbatlantiruvchi yondashuvga oʻzgartirmoqda.
Shaxsni birinchi marta ushlash chogʻida unga tushunarli tilda huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shartligi, ayblanuvchi va sudlanuvchilarga oʻziga qarshi koʻrsatma bermaslik (xalqaro eʼtirof etilgan “Miranda qoidasi”), sukut saqlash huquqi berilmoqda.
Aynan protsessual ushlash vaqtida inson ogʻir ruhiy holatga tushadi va huquqiy yordamga muhtoj boʻladi. Chunki u bunday ogʻir vaziyatda jinoyatda aybdor yoki aybsizligini isbotlash majburiyati oʻziga emas, aksincha, toʻliq tergov organlariga yuklatilganini anglay olmaydi. Tergov organlari tomonidan kimdir qoʻlga olinganida, u nima uchun ushlangani aytilmasligidan shikoyatlar koʻp. Natijada fuqarolar huquqlari qoʻlga olingan vaqtning oʻzidayoq xavf ostida qoladi. Afsuski, fuqarolar oʻz huquqlarini yaxshi bilmagani va hech kim ularga buni aniq va batafsil tushuntirmagani uchun tergov jarayonida qonunga zid holatlar kuzatiladi. Bu salbiy holatlarning oldini olish maqsadida rivojlangan davlatlar Konstitutsiya va qonunlarida aks etgan “Miranda qoidasi” Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga ham kiritilmoqda.
“Miranda qoidasi”ga binoan, ushlangan shaxs sukut saqlash, soʻroq jarayonida advokati ishtirokini talab qilish va boshqa huquqlarga egaligi sodda tilda shaxsga ilk soniyalardayoq tushuntiriladi. Yaʼni yangi tahrirdagi Konstitutsiyada jinoiy taʼqibga olingan shaxslarni davlat organlari hamda mansabdor shaxslar oʻzboshimchaligidan himoyalashning deyarli barcha usullari aks etmoqda.
Har kimning yozishmalari, telefon orqali soʻzlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanish huquqiga egaligi belgilanmoqda. Bunday huquqlarning cheklanishiga yoki uy-joyda tintuv oʻtkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yoʻl qoʻyilishi mustahkamlanmoqda.
Har kim oʻz huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqliligi belgilanyapti. Ushbu qoidaning mazmun-mohiyati shundaki, fuqarolar oʻz buzilgan huquq va erkinliklarini, oʻzgalar huquqlarini buzmagan holda, mustaqil himoya qilish huquqiga ega. Yagona shart – fuqarolar tomonidan oʻzini himoya qilishda qoʻllaniladigan usullar yoki choralarning qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boʻlishi.
Konstitutsiyaviy huquq va erkinliklar doirasi kengaymoqda. Har kimga buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash uchun uning ishi qonunda belgilangan muddatlarda vakolatli, mustaqil hamda xolis sud tomonidan koʻrib chiqilishi huquqi kafolatlanyapti.
Xulosa
Shu bilan birga, birinchi marotaba har kim Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib boʻlingan boʻlsa, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etishga haqli ekani belgilanib, inson huquqlarini himoya qilish borasida mutlaqo yangicha yondashuv – xalqaro huquqiy institutlarga murojaat qilish imkoniyati yaratilmoqda. Bu fuqarolarning huquq va erkinliklari himoyasi nafaqat milliy qonunchilikda belgilangan normalar, balki xalqaro huquq asosida ham himoyalanishini taʼminlaydi.
Konstitutsiyada har kim oʻz shaxsiga doir maʼlumotlarning himoya qilinishi huquqiga, shuningdek, notoʻgʻri maʼlumotlar tuzatilishini, oʻzi toʻgʻrisida qonunga xilof yoʻl bilan toʻplangan yoki huquqiy asoslarga ega boʻlmay qolgan maʼlumotlar yoʻq qilinishini talab qilish huquqiga ega ekani mustahkamlanmoqda.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada aholimiz kutayotgan yangiliklardan yana biri – xususiy mulk daxlsizligi, mulkdorlar huquq va qonuniy manfaatlar himoyasi kuchaytirilayotgani. Mamlakatimizda barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan himoya qilinishi qatʼiy belgilanib, davlat qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini taʼminlashi boʻyicha qoida mustahkamlanmoqda. Mazkur norma iqtisodiyotga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya jalb etishni ragʻbatlantirish, investorlar ishonchini oshirish, tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni taʼminlaydi.
Konstitutsiyada ilk marotaba yer xususiy mulk boʻlishi mumkinligi nazarda tutilmoqda. Ushbu norma haqiqiy inqilobiy yangiliklardan biri sifatida mulkchilik munosabatlaridagi boʻshliqni toʻldirdi. Shu bilan birga, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning hamda u koʻrgan zararning oʻrni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi taʼminlanishi belgilanyapti.

Download 30.42 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling