O‘smir va o‘spirinlar bilan bilish jarayonlarini korreksiya qilish yuzasidan o‘tkaziladigan mashqlar:
«Tasavvur qilmang» mashqi.
Maqsad: Shaxsda ixtiyoriy diqqat va xayol jarayonlarini rivojlantirish va korreksiya qilish.
O‘tkazish tartibi:
Ishtirokchilarga xayollariga keltirmasliklari lozim bo‘lgan narsalar sanab o‘tiladi. Ularga quyidagicha ko‘rsatma beriladi.
Ko‘rsatma: Men hozir aytadigan narsani tasavvur qilmang. Aytilgan narsani hayoliga keltirgan ishtirokchi qo‘l ko‘tarib bildirishlarini iltimos qilamiz. Aytilgan narsalarni tasavvur qilmasdan, diqqatini ushlab turolgan ishtirokchi g‘olib hisoblanadi.
Topshiriq:
- Tasavvur qilmang, qizil shapka kiygan cho‘loq maymunni.
- Tasavvur qilmang, yam-yashil katta eman daraxtini.
- Tasavvur qilmang, tomi qizil ikki derazali uyni.
- Tasavvur qilmang, mazali muzqaymoqni.
O‘yin muhokamasi: Ishtirokchilar bilan o‘yin vaqtidagi holatlar muhokama qilinadi.
«Domino» mashqi.
Maqsad: O‘smir va o‘spirinlarda xotira jarayonini rivojlantirish, mantiqiy xotirani o‘stirishdan iborat.
Kerakli jihozlar: rasmli kartochkalar.
O‘tkazish tartibi:
Ishtirokchilar stol atrofida o‘tiradilar. Orqasi bilan o‘girib qo‘yilgan kartochkalardan birini birinchi ishtirokchi ochadi va kartochkada tasvirlangan rasmlar yordamida hikoya tuzadi. Keyingi ishtirokchi boshqa istalgan kartochkani ochadi va unda tasvirlangan rasmlar ishtirokida birinchi ishtirokchi boshlagan hikoyani davom ettiradi va x. O‘yin oxirida barcha kartochkalar hikoyaga qo‘shilgach, barcha kartochkalar o‘girib qo‘yiladi va ishtirokchilarga rasmlar qanday ketma-ketlikda turganini eslash taklif etiladi.
Mashq o‘tkazilishidan avval trener mashqning kechish tartibini tushuntirib beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |