Nutqning aniqligi. Aniqlik ham nutqning kommunikativ sifatini ta’minlovchi shartlardan biridir. Nutqning aniqligi deyilganda, ifodalanayotgan fikrga, voqelikka soʽz va terminlarning muvofiq kelishi tushuniladi. Agar nutq aniq boʻlmasa, soʽzlovchining fikri tinglovchiga toʻla yetib bormaydi, natijada fikr chala tushuniladi, kishilar oʻrtasidagi normal munosabat va muloqot yo‘qoladi. Tabiat va jamiyatdagi narsa-hodisalar hamda voqeiylik bilan ularning nutqdagi in’ikosi oʻrtasidagi aynan muvofiqlik nutqning aniqligini ta’minlaydi. Demak, nutqning aniqligi soʻzning tildagi ma’nosiga tamomila muvofiq tarzda qoʻllanishi, soʻzning voqelikdagi oʻzi ifodalayotgan narsa-hodisa bilan qat’iy mosligi asosida yuzaga keladigan kommunikativ sifat ekan.
Nutqdagi tushunchani ifodalash uchun soʻzni oʻz o‘rnida qoʻllay olmaslik esa nutq aniqligiga putur yetkazadi. Aniqlikni buzuvchi holatlarga, asosan, quyidagilar sabab boʻladi:
a) sinonimlarni noto‘gʻri qoʻllash: fuqaro, shaxs, subyekt, inson soʻzlarining o‘rnini almashtirib boʻlmaydi;
b) paronimlarni noto‘gʻri qoʻllash: tizim-tuzum, isloh-istiloh, istiqlol-istiqbol, diplomat-diplomant;
v) soʽz tartibining o‘rnini almashtirib qoʻllash: Oʻqituvchi semiz portfelli kishi edi. Oʻqituvchi portfelli semiz kishi edi. (Birinchi gapda oʻqituvchining portfeli, ikkinchi gapda uning oʽzi semiz ekanligi anglashiladi).
Do'stlaringiz bilan baham: |