4-mavzu: Avstriya (Gabusburglar) XVII asrning ikkinchi yarmi-xx asr boshida Reja
Download 22.92 Kb.
|
Avstra
- Bu sahifa navigatsiya:
- ETTI YILLIK URUSH.
- Ma’rifatli absolyutizm” siyosati.
2.Avstriya merosi uchun kurash.
Avstriyadagi hukmron Gabsburglar sulolasidan bo’lgan imperatorning o’g’li yo’qligi va taxt vorisi uchun erkaklar liniyasi bo’yicha voris yo’qligi Gabsburglar sulolasining tugatilish xavfini keltirib chiqargan edi. Shuning uchun taxtga imperator Karl o’limidan keyin uning qizi Mariya Tereziyani o’tqazish uchun taxt vorisi to’g’risidagi qadimdan kelayotgan qonunni o’zgartirishga qaror qilindi. 1713 yilda Karl Pragmatik sanktsiya chiqarib, unda taxtga xotin-qizlar liniyasi bo’yicha ham vorislikni joriy qildi hamda Gabsburglar sulolasi mulklarini bo’linmas va meros bo’lib o’tishini e’lon qildi. Yevropa davlatlari Pragmatik sanktsiyani e’tirof qildilar. Lekin 1740 yilda imperator vafot etib, taxtga 23 yoshli Mariya Tereziya o’tirgach, o’zlarining oldindan olgan majburiyatlariga qaramasdan Fransiya, Prussiya, Bavariya, Ispaniya, Savoyya hukmdorlari unga qarshi chiqdilar. Bavariya kurfyursti esa Avstriya taxtiga da’vogar bo’lib chiqdi. Prussiya imperiyaning eng boy va rivojlangan qismi bo’lgan Sileziyani egallab, “Avstriya merosi uchun urush”ni boshladi (1740-1748). Mamlakatga g’arb tomondan Karl Albert Bavarskiy o’z qo’shinlari bilan bostirib kirdi, Gabsburglarning dushmanlari Bavarskiyni Karl VIII nomi bilan Chexiya qiroli va Rim imperatori qilib sayladilar ( 1742-1745). Ana Shunday qaltis vaziyatda Avstriyani halokatdan Vengriya qutqarib qoldi. Imperatritsaning iltimosini hisobga olgan vengrlar unga o’n minglagan saralangan askar va zarur pul mablag’larini etkazib berdilar. Mariya Tereziya tez orada bavariyaliklarni mag’lubiyatga uchratdi, Chexiyada o’z hokimyatini qayta tikladi va eri Frants Ferdinandga Rim imperatori unvonini qaytarib olib berdi. Lekin Sileziya Fridrix II (Prussiya) qo’lida qoldi. Axen sulhi bo’yicha (1748) Mariya Tereziya Parma va Piatsentsani ham berishga majbur bo’ldi, lekin Pragmatik sanktsiyani Yevropa davlatlari tomonidan tan olinishiga erishdi. ETTI YILLIK URUSH. Avstriya merosi uchun bo’lgan urushdan keyin Prussiya Yevropadagi buyuk davlatga aylandi. Shundan keyin Fridrix II juda katta agressiv rejalarni ishlab chiqdi. U Saksoniya va Chexiyani bosib olishni, sharqda Polshaning bir qismini o’z hududiga qo’shib olishni, Polshaga qaram bo’lgan Kurlandiya gertsogligiga o’z qarindoshi shahzoda Genrix Gogentsollernni o’tqazishni maqsad qilib qo’ygan edi. Bular o’z navbatida Avstriya manfaatlariga va uning ittifoqchisi bo’lgan Rossiyaning manfaatlariga xavf solar edi. Rossiya davlati Polsha va Kurlandiyani o’z ta’siri ostida saqlashga intilardi. Mariya Tereziya Sileziyani boy berilishiga rozi emas edi. U Avstriyaga qarshi ittifoq tuzishga harakat qildi. 1756 yilda Avstriya bilan Fransiya o’rtasida Versal ittifoqchilik bitimi tuzildi va bu bilan ikki davlat o’rtasidagi ikki asrlik dushmanlikga barham berildi. Angliya bunga javoban Prussiya bilan Vestminster ittifoqchilik bitimini tuzib, urushga diplomatik jihatdan tayyorgarlik ko’rishni oxiriga etkazdi. Mustamlakalar uchun ingliz-fransuz kurashining keskinlashishi va pruss agressiyasining Avstriya, Fransiya va Rossiya manfaatlari bilan to’qnashishi 1756-1763 yillardagi Etti yillik urushga olib keldi. Etti yillik urush (1756-1763) Sileziya uchun urush kabi boshlandi. Buyuk Fridrix dushmanlaridan o’zib ketishga harakat qilib, Avstriyaga hujum boshladi va bu bilan xalqaro munosabatlarda me’yor sifatida “preventiv (cheklangan, ajratilgan) urush”ni qaror toptirdi. Lekin u yanglishgan edi. Prussiyaning o’zi urush maydoniga aylandi. Uning poytaxti ikki marta – dastlab ruslar va avstriyaliklar tomonidan , keyin vengrlar tomonidan bosib olindi. Prussiyani batamom tor-mor qilinishidan Rossiyaning to’satdan urushdan chiqishi qutqarib qoldi. Malika Yelizaveta vafotidan keyin Rossiya taxtiga gertsog Golshteynskiy Pyotr III nomi bilan o’tirgach, u Fridrix II ga qarshi urushni to’xtatdi va Rossiya imperiyasi manfaatlariga to’g’ri kelmasa ham Daniyaga qarshi Prussiya bilan ittifoq tuzdi. 1762 yilda Prussiya Avstriya va Fransiya bilan sulh tuzdi. Davlatlarning Yevropadagi chegaralari o’zgarishsiz qoldi. Lekin Angliya okean ortida Fransiyaning eng boy mustamlakalarini bosib oldi va eng yirik mustamlakachi davlatga aylandi. Etti yillik urushda Mariya Tereziya Sileziyani qaytarib ololmadi. Lekin Fridrix II ham o’z bosqinchilik maqsadlarini amalga oshira olmadi, bunga Rossiyaning g’alabalari halaqit berdi. Rossiyaning Avstriya va Fransiya bilan bo’lgan ittifoqi tarqalib ketdi. Pyotr III vafotidan keyin taxtga o’tirgan YEkaterina II Daniyaga qarshi Prussiya bilan tuzilgan bitimni bekor qildi, lekin Prussiya bilan yaqinlashish siyosatini davom ettirdi. Urush yakuni Germaniyada Prussiya bilan Avstriyani deyarli bir-biriga teng davlatga aylantirdi. “Ma’rifatli absolyutizm” siyosati. Mariya Tereziya va uning o’g’li Iosif II “Ma’rifatli absolyutizm” ruhidagi islohotlarni amalga oshirishga harakat qildilar. Islohotlar asosan Avstriya-chexiyadagi merosiy mulklarda o’tkazildi. Islohotlar katta mablag’larni talab qilardi, davlat xazinasi esa bo’shab qolgan edi. Eng avvalo harbiy va ma’muriy-moliyaviy sohalarda katta o’zgarishlar qilindi. Yo’llanma xizmat o’rniga markazlashgan rekrutlik asosidagi umrbod harbiy xizmat joriy qilindi, Vena harbiy akademiyasi tashkil etildi. Tabaqaviy tashkilotlar davlat hokimyatining ijroiya organlari bilan almashtirildi, soliq ishi ham davlat qo’liga o’tdi. Mariya Tereziya hisobga olish va nazoratning markazlashgan tizimini joriy qildi, u mamlakat tarixida birinchi marta er mulklarni va aholini ro’yxatga olishni amalga oshirdi, dvoryanlar va ruhoniylarning soliq imtiyozlarini bekor qildi. Bir qator farmonlar asosida qaram dehqonlarning ahvoli ancha engillashtirildi, barshchina haftasiga avvalgi 5-6 kundan 3 kungacha kamaytirildi, pomeshchiklarning qaram dehqonlar ustidan sud hokimyati cheklab qo’yildi. Imperatritsa 1776 yilda o’rta asrlarga xos bo’lgan qiynoqqa solishni taqiqlab qo’ydi va jazo sifatida o’lim jazosini qo’llashni cheklab qo’ydi, jinoiy huquqni tartibga soldi. Xalq ta’limiga va puxta o’ylangan maktablar tizimiga asos solgan maktab islohoti katta ijobiy ahamiyatga ega bo’ldi. Hisob, o’qish va yozishga o’rgatadigan qishloq maktablari, shahar maktablari, qishloq o’qituvchilarini tayyorlovchi maktablar va universitetlar tashkil etilib, ularda dunyoviy va tabiiy-ilmiy fanlar diniy fanlardan ustun qo’yilardi. Iosif II davrida (1780-1790) yanada keskinroq, ba’zan puxta o’ylanmagan islohotlar amalga oshirildi.Avstriya-chexiya viloyatlarining, Shuningdek Galitsiyaning dehqonlari ozod qilindi. Iosif II krepostnoylik huquqini bekor qildi, dehqonlarni shaxsan ozod qildi, lekin ularning majburiyatlari saqlanib qoldi. Diniy bag’rikenglik to’g’risidagi demokratik tamoyillarning e’lon qilinishi ko’p millatli imperiyaning katta qismida ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy rivojlanish uchun muhim ahamiyatga ega bo’ldi. “Tolerantlik (diniy bag’rikenglik) to’g’risidagi patent” sharqiy-grek (pravoslav) va protestantlik cherkovlarining kamsitilishini bekor qildi, protestantlarga o’z dinlariga erkin e’tiqod qilishlariga, jamoatchilik va davlat ishlari bilan Shug’ullanishga, maktablar va cherkovlar qurishga ruxsat berdi. Rim-katolik cherkovi o’zining ko’pgina huquq va imtiyozlaridan, Shu jumladan papa bullalarini imperator ruxsatisiz e’lon qilish huquqidan maxrum bo’ldi. Iosif “foydali faoliyat” bilan Shug’ullanmaydigan, ya’ni kasallarni davolash, bolalarni o’qitish va Shunga o’xshash ishlar bilan Shug’ullanmaydigan diniy orden va monastirlarni tarqatib yubordi. Hatto Venaga kelib diniy islohotlarni bekor qilish yoki ularni yumshatishni iltimos qilgan Rim papasining safari ham natijasiz tugadi. “Ma’rifatli absolyutizm”ning namunaviy modelini yaratishga ahd qilgan Iosif II nafaqat ayrim shaxslarning, balki tabaqalar va hatto butun-butun xalqlar manfaatlari bilan hisoblashmasdan harakat qilardi. U xalq uchun va xalq manfaatlari uchun harakat qilayapman deb ishonardi. Lekin Shu bilan birga u bu ishlarni xalq ishtirokisiz ham amalga oshirib bo’ladi, ya’ni “hammasi xalq uchun, lekin uning ishtirokisiz” degan tamoyilga amal qilardi. Iosif II bu quroq imperiyada boshqaruvni qattiq markazlashtirish va bir xillikga erishish uchun nemis tilini yagona rasmiy til (ish yuritsh tili) deb e’lon qildi, imperiyada yashovchi boshqa xalqlarning tillari ikkinchi darajali deb hisoblandi. Bu esa mazlum xalqlarning qattiq noroziligiga sabab bo’ldi hamda milliy adabiyot va madaniyatning rivojlanishi uchun qudratli harakatni yuzaga keltirdi. Ko’pgina slavyan xalqlarida bu harakat “milliy tiklanish” harakati nomi bilan tarixga kirdi. Boshqaruvning despotik uslublari Belgiyada va Vengriyada oshkora noroziliklarni keltirib chiqardi. Iosif Gabsburgning “Ma’rifatli absolyutizm” siyosati hal qilib bo’lmaydigan masalani - eski, o’z umrini yashab bo’lgan feodal-tabaqaviy iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy tizimlarni Yangi burjuaziya davri talab-ehtiyojlariga moslashtirish yo’li bilan feodalizmni qutqarish masalasini hal etolmadi. 1784 yilda Transilvaniyada 30 mingga yaqin qaram dehqonlar ishtirok etgan feodallarga qarshi isyon ham bundan darak berardi. Download 22.92 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling