5-mavzu: angliya va fransiyada klassik (mumtoz) maktabning shakllanishi reja
Fransiyada klassik iqtisodiy maktabning vujudga kelishi. P.Buagilberning iqtisodiy qarashlari
Download 38.62 Kb.
|
5-mavzu. (1)
- Bu sahifa navigatsiya:
- Per Buagilber
- Fransiyaning tola tavsifi », «Fransiya togrisida varaka », «Boyliklar tabiati togrisida traktat
- Boylik, pul va olponlarning tabiati togrisida mulohaza
3. Fransiyada klassik iqtisodiy maktabning vujudga kelishi. P.Buagilberning iqtisodiy qarashlari
Agar Angliyada klassik iqtisodiy g'oyalarning boshlanishi V.Petti nomi bilan bog'liq bo'lsa, Fransiyada P.Buagilber bilan boshlanadi, bu g'oyalar Angliyada Rikardo bilan intihosiga etgan bo'lsa, Fransiyada Sismondi bilan yakunlanadi. Fransiyadagi ijtimoiy-iqtisodiy muhit Angliyanikidan keskin farq qilar edi. Fransiyada feodal munosabatlar hali ham kuchli bo'lib, qirollar («qirol - quyosh - Lyudovik XIV») va uning atrofidagilar tomonidan qattiq himoya qilingan. Kolber tomonidan olib borilgan siyosat mamlakat iqtisodiyotining umumiy rivojiga olib kelmadi. U sanoatni, moliyani taraqqiy ettirish tarafdori edi, ammo bu ish qishloq xo'jaligining ziyoniga o'tkazildi, feodal munosabatlar to'la saqlab turildi (eslang, Angliya burjua inqilobi XVII asrda bo'lib o'tdi, vaholanki Fransiyada bu inqilob XVIII asr oxirida ro'y berdi), bu esa iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishga to'siq edi. Manufakturalar paydo bo'ldi, ammo rivoj topmadi.Sex tizimi saqlangan bo'lib, rivojga to'siq edi. Yer masalasi to'la hal etilmadi, «Senorsiz er yo'q» tamoyili saqlandi, mayda er egaligi, dehqonlarning turli soliq va yig'imlarga mahkum etilganligi ularni bu tizimda erni yaxshilash va ishlab chiqarishni rivojlantirishga rag'batlantirmas edi, vaholanki aholining 3/4 qismi dehqonlar bo'lib, ular bu sohada tushkunlikda edi. Shu sababli bu sohada islohotlar o'tkazish zarur bo'lgan, ammo unga shu davrdagi tizim halaqit berardi. Ichki bozor tor bo'lib, kapitalistik tadbirkorlikning o'sishiga yo'l bermasdi. Bu sinf asosiy soliq to'lovchi sinf edi, dvoryanlar va dindorlar umuman soliq to'lamagan, shahar burjuaziyasi hali nisbatan kam sonli, soliqlardan ustalik bilan bosh tortar edi. Yana bir muhim to'siq - bu urushlar edi. Fransiya olib borgan urushlar tufayli mablag'larning asosiy qismi shu urushlarga sarflanardi. Qirol saroyidagi bazmi jamshidlar ham davlat xazinasiga katta ziyon keltirar edi. Demak, Fransiyada XVII asrning ikkinchi yarmida feodal munosabatlar o'zining cho'qqisiga chiqqan edi (Angliya bilan solishtiring), vaholanki Angliyada burjua inqilobi bo'lib, kapitalistik munosabatlar tez shakllana boshladi. Fransiyada yuqori tabaqa barcha erning egasiga aylandi, dehqonlar shaxsan ozod bo'lsalar ham, feodal majburiyatlar nihoyatda ko'p edi. Xo'jalikdagi kapitalistik uklad nihoyatda sekin rivojlandi, ichki bozor xiyla tor edi, xalq xo'jaligida natural xo'jalik asosiy bo'lib, sanoat rivoji past bo'lgan. Faqat zeb-ziynat buyumlari va parfyumeriya mahsulotlari tayyorlash bo'yichagina Fransiya Evropada yuqori o'rinda edi. Ana shunday sharoit Fransiyaning XVII asr oxiri - XVIII asr boshidagi sosial-iqtisodiy ahvoli klassik iqtisodiyotning Fransiyadagi asoschilaridan biri bo'lgan Per Buagilber (1646-1714) ning iqtisodiy qarashlariga katta ta'sir ko'rsatdi. Per Lepezan - iqtisodchining asl familiyasi bo'lib, de Buagilber - bu oila er pomestesining nomi edi. Lekin tarixda Per Buagilber nomi saqlanib qoldi. Per Lepezan de Buagilber dvoryan normand oilasidan chiqqan, u yaxshi ma'lumot olgach, adabiyot bilan shug'ullandi, keyinchalik Ruan okrugida oilaviy kasb-hunar sudya (hakam) lavozimini egalladi; dehqonlar ishini olib bordi; o'z ko'zi bilan ularning nochor ahvoliga guvoh bo'ldi; u bu lavozimni umri oxirigacha saqlab qoldi va katta o'g'liga topshirdi; o'zini «qishloq xo'jaligining advokati - himoyachisi» deb atadi. Olimning tadqiqot predmetini qisqacha qilib jamoat boyligi konsepsiyasidan iborat deyish mumkin. Bu boylik pulning fizik massasi bilan emas, balki turli-tuman foydali boylik va buyumlardan, masalan, non, vino, go'sht, kiyim-kechak va boshqalardan iboratdir. Xatto erga va pulga egalikning o'zi boylikni ta'minlaydi. Agar er ishlanmasa, pul esa hayot uchun zarur ashyolar (masalan, oziq-ovqat va kiyim-kechak) aralashtirilmasa bunday «boylik» egasi qashshoqlikka mahkum etiladi. Shu sababli jamiyatda pulni ko'paytirish emas, balki ishlab chiqarishni o'stirish masalasi iqtisodiy fanning asosiy vazifasi hisoblanishi kerak. Olimning tadqiqot uslubiga quyidagilar xos: erkin raqobat sharoitida iqtisodiyotda avtomatik mo''tadillik mavjud bo'ladi; tovarlar va xizmatlar qiymati (qimmati) ni belgilashda xarajatlar qoidasiga amal qilinadi; milliy iqtisodiyot manfaatlari uchun shaxsiy manfaatning jamoat manfaatlaridan ustunligi tan olinadi; xo'jalik hayotida pulning mustaqil va ahamiyatli roliga etarli baho berilmaydi va boshqalar. Buagilber sanoat va savdoni kamsitish yo'li bilan qishloq xo'jaligining roli ataylab mutlaqlashtirgan. Adam Smitdan ancha oldin shaxsiy manfaat (egoizm)ning jamiyat uchun ahamiyatini ko'ra bildi. 1691 yilda u Fransiyani og'ir iqtisodiy ahvoldan chiqarish tizimini taklif etdi. Dastlabki fikrlari bo'yicha turli islohotlar o'tkazib (ular burjua-demokratik xarakterga ega bo'lishi kerak edi), 1707 yilda esa uning g'oyalari etilib, quyidagi uch qismdan tarkib topdi: Soliq tizimini o'tkazish. Soliq tizimining dehqonlar mehnatidan manfaatdorlik tamoyiliga asoslanishi, undan tashqari soliq barchaga tegishli bo'lishi kerak edi. Ichki savdoni har xil cheklashlardan ozod qilish (ichki savdo erkinligi); bu chora ichki bozorni kengaytirish, mehnat taqsimotining o'sishini ta'minlash, tovar-pul muomalasini kuchaytirishi kerak edi; Donning erkin sotilishiga yo'l berish, donga tabiiy baho ta'sirini cheklamaslik. Gap shundaki, mamlakatda donga sun'iy ravishda baho belgilangan bo'lib, ishlab chiqarish harajatlari qoplanmas edi, don etishtirish o'smay qo'ygan edi. Buagilberning fikricha, iqtisodiyot erkin raqobat sharoitida rivojlanishi va tovarlar bozorida «haqiqiy qiymat»ga ega bo'lishi kerak edi. U davlat bu sohada dehqonlarga homiylik qilishi zarur, deb hisobladi. Bu islohotlar mamlakat va xalq farovonligini oshirish va xo'jalikni rivojlantirishning boshlang'ich shartlari bo'lishi kerak edi. Buagilber o'z g'oyasini reklama qilish maqsadida bu islohot bu oyda qirolga kerak bo'lgan summani etkazib beradi, degan fikrni tarqatdi. Vazirlar esa ikki soat davomida kerakli qator qonunlarni tayyorlashi mumkin va xo'jalik «xuddi hamirturushdagi kabi» tez o'sadi, deydi u. U o'z takliflari bilan bir necha bor murojaat qildi. Ammo uning bu harakatlari zoe ketdi. U o'z g'oyalarini kitoblarda bayon etdi va bu kitoblarni nashr ettirdi. Uning asosiy iqtisodiy asarlari «Fransiyaning to'la tavsifi», «Fransiya to'g'risida varaka», «Boyliklar tabiati to'g'risida traktat» va boshqalardir. Uning ayrim asarlari, masalan, 1707 y. 2 jildda chiqarilgan «Fransiya ayblari» kitobi ta'qiqlangan. Ularda Fransiyaning shu davrdagi og'ir iqtisodiy ahvoli to'la yoritib berilgan, ayniqsa qishloq xo'jaligining orqada qolish sabablari to'g'ri berilgan. Xalq xo'jaligi orqada qolishining bosh sababi - olib borilayotgan iqtisodiy siyosatning, Kolber (moliya boshlig'i) va boshqalarning merkantilistik qarashlari fosh etilgan. U faqat sanoat rivojini bir tomonlama qo'llab-quvvatlashga qarshi chiqdi. Qishloq xo'jaligi manfaatlarini himoya qildi, don eksportini cheklashga qarshi chiqdi, soliq tizimini isloh qilish tarafdori bo'ldi, u ezilgan xalq ommasining ahvolini yaxshilash tarafdori edi (V.Petti bilan solishtiring). Olib borilayotgan iqtisodiy siyosat xo'jalik hayotining tabiiy rivojiga teskari edi. Buagilber aytadiki, avvalgi davrdagi to'kin-sochinlikni qaytarish uchun mo''jiza qilish shart emas, tabiat ustidan bo'layotgan doimiy zo'ravonlikka chek qo'yish etarlidir. Olimning fikricha, shunday soliq va iqtisodiy siyosat tadbirlari kerakki, ular tabiatga qarama-qarshi bo'lmasligi kerak. Bu g'oya shundan iboratki, unga ko'ra iqtisodiyotda shunday qonunlar borki, ularni bemalol, jazosiz buzish mumkin emas (ekologiyada ham shunday). Shunga mos ravishda u tabiatning talablari nimadan iborat ekanligini ochib berishga uringan, ob'ektiv qonuniyatlarni o'rganishga kirishib, ilmiy tahlil qilish yo'li sari yirik qadam tashlagan. Ammo shu bilan bir vaqtda u xo'jalikdagi hodisalarni tabiiy va tabiiy bo'lmaganlarga ajratib, avvalgisini himoya qildi va keyingisini qoraladi. Buagilber o'zi taklif etgan siyosatni amalda isbotlovchi nazariyani yaratishga intildi. Uning iqtisodiy qarashlari ko'p jihatdan V.Pettiga o'xshab, mamlakatning iqtisodiy o'sishi nima bilan bog'liq degan savolga javob topish edi. Buagilberni ko'proq va asosan Fransiya iqtisodining turg'unlik holati va uning orqaga ketishi sabablari qiziqtirardi. Bundan u umuman nazariy masalalar, masalan, xalq xo'jaligida qanday qonuniyatlar harakat qiladi va uning rivojini ta'minlaydi, degan masalaga o'tdi. Buagilber bu muammoga javob berishda bosh e'tiborni «optimal baho paydo bo'lishi» masalasiga qaratdi. Uningcha iqtisodiy barqarorlik va taraqqiyotning eng muhim sharti proporsional va normal baholar hisoblanadi. Xo'sh, bu baholar nimadan iborat? Avvalo, bu baholar o'rtacha har bir sohadagi ishlab chiqarish harajatlarini qoplashga yordam berishi va ma'lum kirim, sof foyda keltirishi kerak. Aks holda ishlab chiqarish bo'lmaydi, undan so'ng, bu shunday baholarki, unda tovarlarni realizasiya qilish jarayoni bekamu-ko'st davom etishi va barqaror iste'mol talabi qondirilishi kerak. Va nihoyat, bu shunday baholarki, pullarning «o'z o'rni bo'lib», ular to'lov oborotini bajarishi va odamlar ustidan hukmronlik, zo'ravonlik qila olmasligi zarur. Xalq xo'jaligi proporsionalligi ifodalangan baholar qonunini, aslida esa qiymat qonunini tushunish yangi va ilg'or g'oya edi. Olimning asosiy asarlari shu g'oyalar bilan bog'liq. Iqtisodiyotda «optimal baholar»ni qanday ta'minlash mumkin? Buagilberning fikricha, baholarning bunday strukturasi raqobat erkinligi sharoitida stixiyali ravishda tarkib topadi. Erkin raqobat sharoitining buzilishi Fransiyada donga maksimal baholarning qo'yilganligidir, deydi u. Uningcha, donga erkin baholar belgilansa, baholar birmuncha oshadi, bu dehqonlarning daromadini oshiradi va ularning sanoat tovarlariga talabini ko'taradi, oqibatda bu mahsulotlarni ishlab chiqarish ortadi va hokazo. Bunday zanjirli reaksiyalar bir vaqtning o'zida «proporsional baholar» o'rnatilishiga va xo'jalikning ravnaqiga olib keladi. Demak, Buagilber iqtisodiy erkinlik tarafdori edi va talabga qarshi chiqmaslikni taklif etadi. Shu bilan birga, u davlatning iqtisodiy funksiyasini inkor etmadi: bu o'sha davr uchun, real hayotni tushungan amaliyotchi olim uchun tabiiy edi. Uningcha, davlat to'g'ri soliq tizimi orqali mamlakatda iste'mol va talabni yuqori darajada ta'minlashi mumkin. Agar iste'mol sarflari oqimi pasaysa, tovarlarni sotish va ishlab chiqarish keskin kamayadi. Agar kambag'allar ko'proq ishlab topsalar, soliqlarga kam sarf qilsalar, ular o'z daromadlarini tez sarflashga moyildirlar. Boylar esa, aksincha, o'z daromadlarini saqlashda va demak, mahsulotni sotishda qiyinchilik tug'dirishiga olib keladi. Buagilberning bu mulohazalari iqtisodiy ta'limotlarning keyingi yuz yillikdagi rivojiga katta ta'sir etdi. Jamiyat boyligi va iqtisodiy o'sish bo'yicha prinsipial jihatdan ikki xil qarash mavjud. Birinchisi bo'yicha ishlab chiqarishning o'sishi jamg'arish hajmi (ya'ni jamg'arma va kapital qo'yilmalar)ga bog'liq. Bunda to'lovlarga talab avtomatik ravishda (stixiyali) amalga oshadi. Bu konsepsiyaga ko'ra, ortiqcha ishlab chiqarish inqirozlari bo'lishi inkor etiladi. Ikkinchi pozisiya bo'yicha iste'mol talabi ishlab chiqarishning yuqori sur'atlarda o'sishini qo'llaydigan omil sifatida qaraladi. Buagilber ma'lum ma'noda mana shu pozisiya tarafdori edi va u qonuniy ravishda iqtisodiy inqirozlar muammosini keltirib chiqargan. Buagilber inqiroz hodisasini xo'jalikning ichki qonuniyatlari bilan emas, balki yomon davlat siyosati bilan bog'laydi. Uningcha, yaxshi siyosat olib borish yo'li bilan talab kamomadini hal etish va inqirozlarni chetlab o'tish mumkin. Bu masala juda murakkab bo'lib, Seyga tegishli (buni keyin qarab chiqamiz) «bozorlar qonuni»ga asos bo'lgan deyish mumkin, ya'ni erkin mahsulotlar almashuvi tizimida mahsulotlarning ortiqcha ishlab chiqarilishi mumkin emas (inqirozlar bo'lmaydi). Aksincha, Shumpeterning fikricha, Buagilber iste'mol talabining etarli emasligi va jamg'arma ortiqchaligi sababli, o'sha davrdagi tizim uchun inqiroz xavfi bo'lib, tizim barqarorligiga shubha bildirgan, ya'ni Sey qonunini oldindan tanqid qilgan. Buagilber o'zining «Boylik, pul va o'lponlarning tabiati to'g'risida mulohaza» asarida iqtisodiy inqiroz davrida nima ro'y berishini yorqin va obrazli ifodalab beradi, uningcha, odamlar faqat etishmovchilikdangina emas, ortiqcha boylikdan ham o'lishi mumkin ekan. Tasavvur qilingki, deydi u, 10-12 odam bir-biridan ajratilib, zanjirband qilingan. Birida oziq-ovqat ko'p, ammo boshqa hech narsa yo'q; ikkinchisida esa kiyim-kechak serob, uchinchisida ichimliklar ko'p va hokazo, ammo ular bu mahsulotlarni almasha olmaydilar. Zanjirlar bu oddiy insonlarga tushunarsiz inqirozlarni keltirib chiqaruvchi iqtisodiy kuchlardir. Buagilber insoniyat tarixida XX asrda bir necha bor ro'y bergan yirik iqtisodiy inqirozlarni oldindan ko'ra bilgandek (ma'lumki, ishsizlik va qashshoqlik sharoitida sutlar dengizga to'kilgan, ekin maydonlariga o't qo'yilganligi aniq). Merkantilistlardan farqli ravishda u boylikning manbai almashuv sohasi emas, balki ishlab chiqarish degan edi. Almashuvni esa ishlab chiqarish rivojining sharti sifatidagina qaraydi. Buagilber V.Pettidan holi, mustaqil ravishda qiymatning mehnat nazariyasiga asos soldi, u bozor bahosi va «haqiqiy baho»ni farqlagan, «haqiqiy baho mehnat sarfi bilan belgilanadi», degan. U haqiqiy baho deganda, ishlab chiqarishning turli tarmoqlari o'rtasida mehnat taqsimotining to'g'ri proporsiyasini tushungan. Shunday proporsional taqsimotning zaruriy shart-sharoiti sifatida ishlab chiqaruvchilar orasidagi erkin raqobat yotadi. V.Pettidan farqli ravishda (qiymatni pul shaklida ifodalashni taklif etgan) Buagilber qiymatning pul shaklini qat'iy ravishda inkor etgan, shunday zaruratga ehtiyoj yo'q degan. Agar V.Pettining diqqat markazida pullar v boshqa tovarlar o'rtasidagi almashuv munosabatlari turgan bo'lsa, Buagilberning e'tibori tovarlarning tovarga bevosita munosabati, ya'ni tovarlarning to'g'ridan-to'g'ri almashuviga qaratilgan edi. Buagilber uchun shu narsa xarakterli ediki, u pulga keskin qarshi bo'lgan, pulda barcha yovuzlik va ofatlarning manbai mujassamlangan, tovarlarning «haqiqiy baho» asosida almashuvi buzilishining sababi ham shunda deydi u. U oltin va kumushni buyuk yovuzlik deb baholaydi, pulga qarshi mutaassiblik (fanatizm) bilan kurashadi. Pulning yagona yaxshi tomoni shundaki, u almashuvni osonlashtiradi. Oltin va kumush o'rnini qog'oz pul bemalol qoplaydi. Ko'rinib turibdiki, olim pulning barcha funksiyalarini tushunib etmaydi. Pul umumiy ekvivalent bo'lib, uning rolida qiymatga ega bo'lgan tovarlargina xizmat qilishi mumkin. Shu sababli uningcha, tovar ishlab chiqarilishini saqlagan holda, pulni yo'q qilish kerak. Shu erda u iqtisodiy munosabatlarning ikki shakli o'rtasidagi chambarchas aloqani tushunmadi, uning bir shaklini (tovar) saqlab, ikkinchi (pul) shaklini yo'q qilmoqchi edi. Olim tovar ishlab chiqarishning asl maqsadi faqat iste'molni qondirishda deb xato o'ylagan (iste'mol va almashuv uchun). Demak, Buagilberning eng buyuk xizmati shundaki, u qiymatni sarflangan ish vaqtiga tenglashtirdi. Lekin u tovar ishlab chiqarishning qulay tomonini saqlagan holda uning salbiy tomonlarini tugatishni orzu qiladi. Agar Pettining iqtisodiy ta'limotida almashuv qiymati asosiy bo'lsa, Buagilberda iste'mol qiymati bosh rolni o'ynadi. Aslida ularni bir-biridan ajratib bo'lmaydi. Buagilber qarashlaridagi cheklanganlik (faqat dehqonlarni himoya qilishi, sanoat va savdoni etarlicha baholamasligi), bizningcha tarixan bo'lib, Fransiya kapitalizmi rivojining xususiyatlaridan kelib chiqadi, nazariy jihatdan orqaga qarash bor. Agar Angliyada sanoat, savdo va hatto qishloq xo'jaligida kapitalistik munosabatlar to'la g'alaba qozongan bo'lsa, uning iqtisodiyoti mehnat taqsimoti, raqobat, kapital va ishchi kuchlarining faolligi bilan xarakterlanar edi; Fransiyada esa bu munosabatlar endi shakllana boshlagan edi, xolos. Download 38.62 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling