4. Madaniy-tarixiy relyativizm. Aksiologiyaning bu yo’nalishi asoschisi Vilgelm Diltey bo’lgan. Uning ta’limoti zamirida aksiologik plyuralizm g’oyasi yotadi. Aksiologik plyuralizm deganda Deltey tarixiy metod yordamida farqlanuvchi va tahlil qilinuvchi teng huquqli qadriyatlar tizimlarining ko’p sonliligini tushungan. Mohiyat e’tibori bilan bu yondashuv real madaniy-tarixiy kontekstni mavhumlashtirib, qadriyatlarning birdan-bir to’g’ri, mutlaq konsepsiyasini yaratish yo’lidagi urinishlarni tanqid tig’i ostiga olgan.
5. Qadriyatlarning sotsiologik konsepsiyasi. Bu konsepsiyaning asoschisi qadriyatlar tushunchasini sotsiologiyaga kiritgan va undan ijtimoiy harakat va ijtimoiy bilimni talqin qilish uchun foydalangan Maks Veberdir. Veber fikriga ko’ra, qadriyat – ijtimoiy sub’ekt uchun muayyan ahamiyatga ega bo’lgan me’yor.
Keyinchalik Veberning bu yondashuvini amerikalik sotsiolog Uilyam Tomas va polyak sotsiologi Florian Znanetskiy rivojlantirdi. Bu olimlar qadriyatlarni ularning ijtimoiy ahamiyati nuqtai nazaridangina emas, balki ijtimoiy mo’ljallar orqali ham tavsiflay boshladilar. Ularning fikriga ko’ra, tavsiflash mumkin bo’lgan mazmunga va muayyan ijtimoiy guruh a’zolari uchun ahamiyatga ega bo’lgan har qanday predmet qadriyat hisoblanadi. Mo’ljallar esa guruh a’zolarining qadriyatga bo’lgan sub’ektiv munosabatini anglatadi.
Hozirgi zamon falsafiy va sotsiologik adabiyotlarida ham qadriyatlarning tabiati va mohiyatini tushunishga nisbatan yagona yondashuv mavjud emas. Ayrim tadqiqotchilar qadriyatga insonning ma’lum bir ehtiyojini qondirishga yoki unga muayyan foyda keltirishga qodir bo’lgan predmet sifatida; ayrimlar – ideal, me’yor sifatida; yana bir guruh olimlar – biron-bir narsaning inson yoki ijtimoiy guruh uchun ahamiyati sifatida yondashadilar. Zikr etilgan yondashuvlarning har biri mavjud bo’lish huquqiga ega, chunki ularning barchasi qadriyatlarning muayyan jihatini aks ettiradi; ularga bir-birini istisno etuvchi yondashuvlar sifatida emas, balki bir-birini to’ldiruvchi yondashuvlar sifatida qarash kerak. Mazkur yondashuvlar sintezi hozirgi zamon qadriyatlar umumiy nazariyasini tashkil etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |